ISLOHOTLAR SAMARASI

So‘nggi yillar mobaynida mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash orqali uning jamiyat hayotidagi rolini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi. Sud-huquq sohasidagi islohotlar jarayonida jinoiy, fuqarolik, xo‘jalik va ma’muriy ishlar bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirishni ta’minlovchi zamonaviy talablarga har tomonlama javob beradigan yetuk qonunchilik bazasi yaratildi. 2001 yil 29 avgustda «Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi natijasida prokuratura organlari va sudlar faoliyatiga oid huquqiy yangilik amalga kiritildi. Jumladan, prokurorlarning sudlar qarorlari ijrosini to‘xtatib turish vakolati bekor qilindi. Shuningdek, ilgari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilib kelingan qamoqqa olishga sanksiya berish va sudgacha bo‘lgan jarayonda amnistiya aktini qo‘llash masalalari sudlarga yuklatilib, prokuror vakolatlari qisqartirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 2 avgustda qabul qilgan «Sud tizimi xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, sudya­larning ish haqi o‘rtacha ikki barobar oshirildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarni optimallashtirish, sudlarning fao­liyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, yuridik ta’lim va yuridik kadrlarni tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari ko‘zda tutildi. Bundan tashqari, 2012 yil 10 dekabrdagi Respublika Vazirlar Mahkamasining «Sudlar fao­liya­tiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq sudlar faoliyatida kompyuterlashtirish darajasini va komp­yuter texnikasidan foydalanish samaradorligini oshirish, ular faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish vazifasi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2012 yil 7 dekabrdagi «Prokuratura or­ganlari xodimlari safidan sudyalik lavozimiga kadrlar zaxirasini shakllantirish to‘g‘­risida»gi buyruqning chiqarilishi esa huquqiy davlatni shakllantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida muhim omil bo‘ldi. Ya’ni prokuratura organlari xodimlari safidan sudyalik lavozimiga tavsiya qilib borish mazkur organlarning oldiga qo‘yilgan g‘oyat muhim vazifalar qatoriga kiritilishi belgilandi. Sudya­lik lavozimiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlarida xizmat qilayotgan tajribali, chuqur bilimga, zarur amaliy tajribaga ega xodimlar orasidan tanlanishi qayd etilgan. Sudyalik lavozimiga nomzodlarning zaxirasi ro‘yxatiga yuqori malakali, katta hayotiy tajribaga, benuqson obro‘-e’tiborga, oliy yuridik ma’lumotga, prokuratura va Departament organlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan, o‘ttiz yoshdan kichik bo‘lmagan va ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi xulosasiga ko‘ra, ijobiy tavsiflangan xodimlar kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2004 yil 11 maydagi «Sudlarda jinoyat ishlari ko‘rilishida prokuror ishtirokining samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish to‘g‘­risida»gi buyrug‘ining chiqarilishi ham sohadagi muhim islohotlar samaradorligi uchun xizmat qiladi.

2012 yil 18 sentyabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni kuchga kirishi bilan ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish masalalari ham endi bevosita prokuror tomonidan emas, balki uning sud jarayoni qatnashchi­laridan biri tariqasidagi ishtirokida hal etiladigan bo‘ldi.

 

Sadoqat ABDIRAHMONOVA,

Olmazor tuman prokurori yordamchisi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + sixteen =