OLAM YANGI SINOVLAR QARSHISIDA

Dunyo ahli nihoyasiga yetgan 2014 yilda turli ziddiyatlar, ixtiloflarga ko‘p bora duchor bo‘ldi. Ukraina mojarosi, o‘zini «Iroq va Shom islom davlati» deb e’lon qilgan terrorchi guruhga qarshi kurash, Ebola epidemiyasi, Afg‘oniston muammosi va yana boshqa ko‘plab oxiri ko‘rinmayotgan masalalar shular jumlasidan edi. Xo‘sh, insoniyat yangi yilda Yer yuzidagi bu kabi qaynoq muammolarni qanday yechmoqchi? 

Kuzatuvchilar fikricha, 2015 yilda ham Ukraina mavzusi Yevropaning eng qat­tiq “bosh og‘ri­g‘i” bo‘ladi.

Ma’lumki, Ukrainadagi mojarolar mamlakatni parchalanish va moliyaviy defolt holatiga olib keldi. Juda katta sa’y-harakatlar samarasi o‘la­roq, ukrain qo‘shinlari va ayirmachi­lar o‘rtasidagi janjalni to‘xtatish uchun qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, Minsk ahdnomasiga erishildi.

Afsuski, Ukraina parlamenti mamlakatning harbiy bloklarga qo‘shilmaslik maqomini bekor qilish haqidagi qonunni ma’qullashi ortidan Yevropadagi geosiyosiy kurash yana avjlandi. Buning ta­shab­bus­korlari Ukrainaning

NATOga a’zo bo‘lib kirishi uchun eshiklarni lang ochishga erishmoqchi bo‘lganlardir. Bunga javoban Rossiya prezidenti mamlakatining yangi harbiy doktrinasini imzoladi. Doktrina matni bilan tanishgan ekspertlar fikricha, ushbu hujjatda Rossiya uchun eng asosiy harbiy xavflar sifatida NATO harbiy xarajatlarining oshib borayotgani va ayrim mintaqalardagi, xususan, Ukrainadagi beqarorlik qayd etilgan.

Aftidan, Ukraina uchun pin­hona kurash olib borayotgan tomonlar yaqin orada bir-biriga yon bermaydigan ko‘rinadi. Eng yomoni, manfaatlar kurashi, son-sanoqsiz o‘zaro sanksiyalar oddiy odamlar hayotini og‘irlashtirmoqda, xolos. Mutaxassislar fikricha, sanksiyabozlik siyosati shu tarzda davom etaversa, dunyoni moliyaviy inqirozning yangi to‘lqini chulg‘ab olishi mumkin.

Ta’kidlash kerakki, Obama prezident etib saylanganida Rossiya bilan aloqalarni yangilashga qaror qilgandi. Biroq bugungi kunda Qrim voqyeasi tufayli Moskva bilan munosabatlar “sovuq urush” davridagidan ham yomonlashdi.

Iroq va Shomda “islomiy davlat” guruhiga qarshi jiddiy zarba berilganiga qaramay, u hamon dunyo jamoatchiligiga katta tahdid solmoqda. 2014 yil yanvarida o‘zini Iroq va Shom islomiy davlati deb atagan qurolli jangarilar guruhi Iroqning Falluja shahrini ishg‘ol qilganida AQSH prezidenti Barak Obama ularni Al-Qoida terror guruhiga solishtirib, ikkinchi darajali tahdid guruhi sifatida tasnifladi va ularga ko‘p ham e’tibor qaratishni o‘ziga ep ko‘rmadi.

Oradan olti oy o‘tib, ISHID Iroqning poytaxt Bag‘doddan keyingi ikkinchi yirik shahri Mosulni qo‘lga oldi va shu kungacha ham bu shahar hamon ular nazoratida qolmoqda.

Mosul ishg‘olidan uch oy o‘tib, Obama “ayovsiz shaf­qatsizlikda misli ko‘rilmagan bu terrorchilarni zararsizlantirish”ga ahd qildi va ular qo‘yib berilsa, AQSHga ham tahdid solishidan ogohlantirdi.

ISHIDning favqulodda kuch yig‘ishi, kuzatuvchilar fikricha, Obamaning Suriyadagi qonli fuqarolar urushiga nisbatan yondashuvini yanada murakkablashtirmay qolmadi.

Bir tomondan terrorchi guruhga qarshi kurash, ikkinchi tomondan jangarilar jihod e’lon qilgan Bashar Asad hukumati bilan hamkorlik qilmaslik kabi o‘ta nozik vazifani bir paytning o‘zida ado qilish majburiyati, Vashingtonni Suriya strategiyasi yuzasidan jiddiy xavotirga solib qo‘ydi.

Berilayotgan havo zarbalariga qaramay, Iroq va Suriyada in qurib olgan terrorchilarni jilovlash imkoni bo‘lmayapti. Jahon hamjamiyatida terrorchilikka qarshi kurash borasida yakdillikning yo‘qligi, bu illatga nisbatan qo‘shstandart­lar siyosatining qo‘llanilishi sayyoramizni tobora jaholat qa’riga tortishga xizmat qilyapti, xolos.

Jahon jamoatchiligining YAqin Sharqdagi Falastin-Isroil mojarosidagi tomonlarni murosaga keltirish uchun olib borilgan jiddiy urinishlari ham natijasiz tugadi.

Yarim asrdan ziyodroq vaqt davomida Isroil Falastin muammosi o‘nlab xalqaro anjumanlarda muhokama qilindi, bunga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar tashkil etildi.

Mana shunday bir sharoitda Falastin ma’muriyati BMT Xavfsizlik Kengashiga maxsus rezolyutsiya loyihasini yo‘lladi. Unda Isroil bilan tinchlik muzokaralarini bir yoqli qilishga bir yil yakuniy muhlat berish, 2017 yilgacha Isroildan Falastin yerlarini butunlay tark etish so‘raladi. Isroil nazarida bu taklif oraga ko‘proq sovuqchilik olib kiradi.

Falastin davlati taqdiri bir yilda hal bo‘lishi kerak, deyiladi Falastin nomidan Iordaniya taqdim etgan rezolyu­siyada. Hujjat ma’­qul­lanishi uchun BMT Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan to‘qqiztasi rozi bo‘lishi kerak. Biroq kengashning beshta doimiy a’zosidan biri AQSH veto huquqidan foydalanishi mumkin.

Hozirdanoq Yevropa davlatlari Falastin mustaqilligini tan olish istagida ekanini bayon qilyapti. Xususan, Shvetsiya Falastin davlati mustaqilligini tan oladigan ilk Yevropa mamlakati bo‘lishi mumkin. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Stefan Leven parlamentda ma’lum qildi.

“Isroil va Falastin mojarosi faqatgina xalqaro huquq normalariga muvofiq tinch muzokaralar asosida hal qilinmog‘i kerak”, – dedi Leven.

Fransiya Senati (parlament yuqori palatasi) mamlakat hukumatini Falastin davlatini tan olishga da’vat etuvchi rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi. Bundan avvalroq, Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos AQSH va G‘arbiy Yevropaning ayrim mamlakatlari sababli muxtoriyat o‘z mustaqilligi xalqaro miqyosda tan olinmayotganini ma’lum qilgan edi. 2015 yili YAqin Sharqqa oid aniq strategiyaning qaror topilishi kutilyapti. Faqat xalqaro yakdillikgina tarixi eng uzoq mojaroning barham topishiga imkon beradi.

Xalqaro sahnadagi eng quvonchli voqyealardan biri bu AQSH-Kuba munosabatlarining yaxshilanishi bo‘ldi.

– Ellik yil davomida davlatni ajratib qo‘yish samara bermadi. Siyosatda yangi yondashuv zarur, – dedi AQSH rahbari Barak Obama. U bir necha o‘n yillik tanaffusdan so‘ng Qo‘shma Shtatlar bilan Kuba o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni yaxshilanishiga qaratilgan muzokaralar boshlanganini e’lon qildi. Prezident bu o‘zgarishlar ikki davlat munosabatlarida “yangi davr ochishi”ni bashorat qildi.

“Vashington o‘n yillar davomida AQSH manfaatlarini “jadallashtirolmagan eskirgan usul”dan voz kechadi”, dedi Barak Obama Oq uyda qilgan chiqishida.

Prezident bu o‘zgarishlar ikki davlat munosabatlarida “yangi davr ochishi”, jumladan, Gavanada AQSH elchixonasi ish boshlashi hamda ko‘p yillik savdo embargosi olib tashlanishi haqida xabar berdi.

Ma’lumki, 1959 yilda orolda sodir bo‘lgan inqilob va Fidel Kastroning hokimiyatga kelishi ortidan AQSH bilan Kuba o‘rtasidagi aloqa uzilgan edi.

Oq uy bayonotida aytilishicha, “yangi davr”dagi ikki tomonlama munosabatlar yanvar oyidan boshlanadigan “oliy darajali tashriflarni” o‘z ichiga oladi. AQSHning rasmiy delegatsiyasi migratsiya masalalarini muhokama qilish uchun Gavanaga keladi.

AQSH Davlat kotibi Jon Kerri “60 yil orasida Kubaga safar qilayotgan birinchi davlat kotibi bo‘lishi” kutil­yapti.

Oq uyning rasmiy vakili Josh Eshton Obamaning Kubaga tashrifi amalga oshishini ham e’tibordan soqit qilmadi.

Rasmiy Vashingtonga ko‘ra, AQSH fuqarolarining Kubaga sayohatlarida ham yengillik bo‘ladi. Orolda qarindoshlari bor amerikaliklar, Kuba bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan olimlar va mutaxassislarga ruxsat beriladi.

Dunyoda o‘z salohiyatini ko‘z-ko‘zlab turgan Eronda ham yadroviy dastur bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarda kichik bo‘lsa-da ilgari siljish bor. Tehronda atom bombasi yaratish harakatini to‘xtatish va bu davlatga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishga qaratilgan xalqaro muzokaralar joriy yilda yakuniga yetmadi. Ekspertlar fikricha, kelishuv ham “katta oltilik”, ham Eron uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, 2015 yilda ham unga erishish oson bo‘lmaydi.

Eron va u bilan muzokara qilayotgan olti davlat – AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Germaniya – 2014 yil davomida muzokaralarni ikki marta uzaytirishga majbur bo‘ldi.

AQSH Davlat kotibi Jon Kerri yangi muhlat belgilanganini jiddiy siljish borligi bilan izohlaydi.

Birlashgan Millatlar Tash­kiloti nomidan olti davlat Eron hukumati bilan yadroviy dastur ustida tortishmoqda. Islom Respublikasidan uran boyitish darajasini oshirib bormaslik, qo‘shimcha texnik jihozlarni o‘rnatmaslik so‘ralgan. Ekspertlar fikricha, agar Eron rahbarlari istasa ikki oy ichida atom bombasi yasashi mumkin.

Biroq tomonlarning asta-sekin bir-biriga yon berayotgani yangi strategiya yangi yilda ish berishi mumkinligini anglatadi.

Bugun dunyoda vaziyat tez o‘zgarib, global va mintaqaviy miqyosda keskinlik hamda geosiyosiy qarama-qarshiliklar davom etayotgani, terrorizm, ekstremizm va radikalizm tahdidining tobora kengayib borayotgani Markaziy Osiyo hududiga bevosita yoki bilvosita ta’sir etishi mumkin. Ayniqsa, Afg‘onistonda NATO harbiy ope­ratsiya­larining rasman yakunlanishi, Iroq va Suriyadagi radikal guruhlarning bevosita Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan ta’siri, mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuvi mintaqa davlatlaridan o‘za­ro hamkorlikni yanada mus­tahkamlashni taqozo etadi. AYSAF tinchlikparvar kuchlarining Af­g‘onistondan olib chiqib ketilishi ushbu mamlakat bilan chegaradosh va yaqin qo‘shni davlatlar uchun jiddiy sinov bo‘lishi va mintaqa xavfsizligi hamda barqarorligiga tahdidlar yuzaga kelishi ehtimoldan yiroq emas. Bunday tahdidlarni o‘z vaqtida oldini olish, har qanday shakl va ko‘rinishdagi terrorizm va ekstremizm g‘oyasini qabul qilmaslik muhitini yaratish, ularning paydo bo‘lishi va tarqalishining sabablarini aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni davom ettirish zarurligi yuqori darajali muzokaralarda tez-tez tilga olinayotgani bejiz emas, albatta.

Xullas, xalqaro hamjamiyat oldida dunyodagi umumiy tinchlikka erishish, katta va kichik mojarolarga chek qo‘­yish, terrorchilik, ekstremizm va turli tahdidlarga qarshi kurashish yo‘lida yangi strategiya ishlab chiqish va uni hayotga qo‘llay bilishdek ulkan vazifalar turibdi.

 

A.SAYBNAZAROV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =