OTA KASBIN SHARAFLAB

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish faqat konstitutsion burchni o‘tash emas, balki tom ma’noda shon-sharafli ishga aylandi. Harbiylik mamlakatimiz yoshlarining orzuli kasblaridan biri bo‘lib qoldi. Zamondoshimiz Serjant Anvar Ishnazarov ham otasi izidan borib, harbiylik kasbini tanladi. Bu mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etib kelayotgani uchun yaqinda Vatanimiz mustaqilligining yigirma uch yilligi munosabati bilan fidoyi harbiy xizmatchilar qatorida «Sodiq xizmatlari uchun» medaliga munosib topildi.

Anvar bolaligidan tirishqoq, mehnatkash edi. U kamtarligi va ko‘ngli ochiqligi tufayli har qanday davrada hurmat topardi. Shu boisdan o‘rtoqlari ham ko‘p edi. Ayniqsa, yoshligidan sportga mehr qo‘ydi. Alpqomatli yigit bayramlarda kurash tushib, tosh ko‘tarib, faxrli o‘rinlarni egallar va mahallasi sharafini munosib himoya qilardi. Maktabni namunali tugatgan Anvar ham bolalik orzusi, ham ota kasbini davom ettirish uchun ilk mustaqil qadamni tashladi, ya’ni muddatli harbiy xizmatga otlandi. Mudofaa ishlari boshqarmasida bo‘lib o‘tgan so‘nggi sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘g‘lon chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda yigitlik burchini o‘tashga kirishdi.

Kunlar ketidan oylar o‘tib, Anvarning xizmat muddati ham nihoyasiga yaqinlashib qoldi. Bu vaqt oralig‘ida u ham ma’nan, ham jismonan toblandi, chiniqdi. Ota-onasi bir necha bor uning komandirlaridan rahmat eshitishdi. Muddatli harbiy xizmati yakunlanishiga yaqin Anvar ota-onasiga o‘z qarorini, ya’ni xizmatini shartnoma bo‘yicha davom ettirishga ahd qilganini va hayotini sharafli kasb bilan bog‘lamoqchiligini aytdi. Bu qarorni ota-onasi quvonch bilan qabul qilishib, uni qo‘llab-quvvatlashdi, ayniqsa, Baxtiyor akaning xursand­chiligining cheki yo‘q edi. Ikki farzandi uning izidan borib, ota kasbini tanlashdi. Mana shunga ham to‘qqiz yildan ziyod vaqt o‘tibdi.

Serjant Anvar Ishnazarov ayni paytda harbiy qismda agregatlarni ta’mirlash sexi katta texnigi vazifasida xizmat qilyapti.

– Kasbim faxrim, – deydi u. – Vazifam puxta bilim va tajribani talab qiladi. Shu bois mashg‘ulotlarda malakali ofitser va serjantlardan yanada ko‘p bilim va tajribani egallashga harakat qilyapman. Serjantlar tayyorlash maktabida o‘qib, bilimimni oshirganim vazifamni bajarishimda katta yordam beryapti.

Serjant Anvar Ishnazarov jangovar shaylikda erishgan yutug‘i va vazifasini bajarishda ko‘rsatgan fidoyiligi uchun bir necha marta yuqori qo‘mondonlikning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. U sportda ham ulkan yutuqlarga erishib kelyapti.

Harbiy qismda kim bilan gaplashmaylik ularning barchasi serjant Anvar Ishnazarov haqida iliq fikrlarni aytib, kichik komandirni bunday yuksak davlat mukofotiga har tomonlama loyiq ekanini ta’kidlashdi.

Anvarning eng yaqin safdoshi va do‘sti kichik serjant Chori Shoimov u haqida fikr bildirar ekan, bir gapni alohida ta’kidladi «Serjant Anvar Ishnazarov nafaqat safdoshim, balki yaqin maslakdoshim va ustozimdir. Vazifamiz bo‘yicha u bilan hamisha bahslashaman, zirhli texnikani ta’mirlash paytida ikkalamizning fikrimiz bir xil chiqmasa, darhol o‘rtamizda bahs boshlanib ketadi. Bu bilim va tajribamiz yanada oshishida katta yordam beradi, albatta. Uning bir xislatini – har qanday vaziyatda ham do‘stiga yordam qo‘lini cho‘zishini juda qadrlayman. Bunday inson va safdosh bilan yurt tinchligini yanada mas’uliyat bilan himoya qilasan, kishi».

– Men komandirlik qilayotgan sexda yuqori va ko‘p yillik tajribaga ega harbiy xizmatchilar faoliyat yuritishadi, – deydi agregatlarni ta’mirlash sexi boshlig‘i katta leytenant Abdulatif Yusupov. – Ularning har biri o‘z vazifalarini mukammal bilishadi. Serjant Anvar Ishnazarov o‘zining tirishqoqligi, mehnatdan qochmasligi va yuksak insoniy fazilatlari bilan jamoamizda hurmat topgan. Shu bois u tomonidan ta’mirlanayotgan agregatlarning sifati yuqori. Eng asosiysi, u bajarayotgan ishiga kuchli mehr qo‘ygan, o‘qib, izlanishdan charchamaydi.

Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlangan serjant Anvar Ishnazarov yanada ruhlanib, bundan keyin ham yurt tinch­­ligi va obodligiga munosib hissa qo‘shib, yangidan-yangi marralarni zabt etadi. Ishonchimiz komilki, o‘sib kelayotgan yoshlar orasidan unga havas qilib, izidan borishga chog‘langanlar ham u kabi yurtimizning mard va shijoatli farzandi bo‘lib voyaga yetishadi.

 

Ahror OCHILOV,

katta leytenant

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + nineteen =