QO‘NG‘IROG‘I JARANGDOR KARVONLILAR

Nurobod tumanida Qizilkarvon degan joy bor. Bu joyning odamlarini sodda desak, ularning haqi ketadi, afandisifat desak bizniki. Mana masalan, Abduvali bova, desangiz, o‘zimizga xos xislatlarning barchasi unda topiladi: mehmondo‘st, ochiqko‘ngil, samimiy, o‘z ishiga puxta va… biroz quv ham. Yana biri Shodmonqul bova.

 

Ikkovlon qishloq bozorida dallollik qilar, deyarli tengqur edilar. Abduvali bova qay payt bormasin, molbozorda Shodmonqulga ko‘zi tusharmish-u, raqibiga hech indamasmish. Ha endi, kasbdosh bo‘lgandan ke­yin raqobat ham bo‘lgan-da. Vali bova tong borsayam – Shodmonqul, shom borsayam – Shodmonqul bo‘lavergach, “senimi, qarab tur” debdiyu, payshanba bozorga o‘tar kechasi ayoliga tayinlabdi:

– Kampir, uxlab qolmay, o‘nlarda uyg‘ot!

Momo hayron: choli tushmagurga nima bo‘ldi, kunning qizili botmasi yotyapti, tag‘in uyg‘ot emish, lekin baribir cholining aytgani aytgan. Kechki o‘nda uyg‘otibdi. Choy-poy ichaman, eshagimni soz­layman, deguncha o‘n bir bo‘libdi. Bu mahal kim ham bozorga borardi? Vali bova g‘izillab yetib borsa, molbozorning o‘rtasida bir “qora” do‘ppa­yib yotganmish. It-pit emasmikan, deb tosh otib ko‘ribdi. Qimirlab qo‘yarmish-u, hech siljimasmish. Ishqilib jin-pin emasmikan, deya pichirlab duo o‘qib, boriboq tayog‘i bilan turtsa, boyagi qora tilga kiribdi:

– Enangni emgur, Vali, keldingma?

– Shodmonqul…

Ana shunaqa. Qizilkarvonliklar orasida o‘ta soddasi ham, o‘ta quv bo‘lgani ham, soddalik va quvlik bir jismda jamlangani ham bor. Samarqandda, Toshkentda tahsil olayotgan, chet elda o‘qigan, xorijda malaka oshirib kelgan yoshlar soni tevarakdagi bosh­qa qishloqlardagidan ko‘proq ham, ehtimol. Masalan, rahmatli Mahmarayim ota va Nortosh onaning to‘qqiz nafar farzandidan uchovi qiz, oltovi o‘g‘il desak ishonasiz, shundaymi? O‘g‘illarining to‘rtovi jurnalist, desak-chi? Bilsangiz, ular “Ma’rifat”­li, o‘z “Huquq va burch”ini biladigan, tegsa “Turkiston”ga nafim tegsin, deb yeng shimargan, nozir o‘g‘illar. To‘rtovlonning qo‘l bilan ushlasa-tutsa bo‘ladigan buyumlari uzoq yo‘lga chiqqan karvonning bironta tuyasiga og‘irlik qilmasligi mumkin, ammo ularning shu kunga qadar tafakkuriga yig‘ilgan ijod mahsullari o‘nlab tuyani cho‘kkalatadi.

Hasan va Husan NISHONOVlar:

– Otam ko‘ngli ochiq sodda odam edi. Kattayu kichikka birinchi bo‘lib salom berardi. 1979 yil buyragi operatsiya qilingach, ishlolmadi: uyda kirib-chiqib yurardi. Bu ikkalamizning maktabga chiqish davrimizga to‘g‘ri kelgan. U faqat biz bilan shug‘ullanar, fanlarni sodda usullar bilan tushuntirardi. O‘zlari hech joyda o‘qimagan bo‘lsa-da, aytar so‘zi bama’ni edi. “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon” dostonlarini ohangga solardi. Endi o‘ylasak, bu dostonlar o‘shandayoq ko‘nglimizda adabiyotga iliqliq, uyg‘otib qo‘ygan ekan.

Shunday kunlarning birida Hasan she’r yozdi. Aslida, uni she’r ham deb bo‘lmaydi: to‘qqiz yashar bolakayning havasi, o‘qitishga uyalar darajada edi-da!

– Ikkinchi sinfdalik paytim, yurib-yurib nimadir yozgim keldi. Bu holatni haligacha tushunolmayman. Menimcha, otamning dostonlari, she’rlari o‘z ta’sirini o‘t­kaza boshlagandi. She’rni uchib borayotgan samolyotga qara-­a-ab­ turib yozganim esimda…

O‘sha kezlari Mahmarayim ota xonadoniga o‘nga yaqin gazeta-jurnal kelar edi: “Fan va turmush”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “G‘uncha”, “Gulxan”, (hozirgi) “Tong yulduzi”…

– Bizning ham she’rlarimiz chiqarmikan, degan bolalarcha entikish bilan ularni bitta qo‘ymay o‘qirdik. Birinchi she’rimiz 1986 yil aprelda “Nurobod” gazetasida chop etildi. Aslida-ku, ular qog‘ozda qolib ketsa ham birov bilmasdi. Nimayam bo‘lib, maktabimiz yetakchisi Muhabbat Norqobilova o‘qib qoldi. Bizdagi adabiyotga moyillikni ko‘rib, ijod namunalarimizni tahririyatga eltib berdi. Bunday ishonch bizga eng ulug‘ rag‘bat, turtki edi. Yozishda davom etdik. To‘xtamadik.

Ko‘p o‘tmay, “Tong yulduzi” gazetasi tanlov e’lon qildi (1989 yil). Bu tanlov galma-gal turli viloyatlarda uyushtirilardi. Navbat Samar­qand viloyatiga yetganda, ikkalamiz ham qatnashdik.

– Hasan she’rlari bilan, men “Maqtanchoqlik oqibati” hikoyam bilan.

Natijalarni o‘ziyam zo‘r ishtiyoq, sabrsizlik bilan kutdik. Ismlarimizni g‘oliblar ro‘yxatida o‘qib quvonib ketdik…

1993 yil. Onamiz to‘satdan insult bo‘lib qoldi. Bu payt­da institut talabasi edik. Oilaviy qiyinchiliklar Yusuf va Nurali ukalarimizning o‘qish imkoniyatini cheklab qo‘ygandi. Qanday bo‘lmasin, ishlashimiz kerakligini tushundik. Nizomiy nomidagi pedagogika institutining (hozir pedagogika universiteti) uchinchi-to‘rtinchi kursida o‘qib yurgan paytimiz kurs­dosh do‘stimiz turtkisi bilan “Ko‘zgu” tahririyatiga bordik.

– Avvaliga men, keyin Husan ishga joylashdik.

O‘qishni tamomlagach, o‘zimizga bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan turli sabablar bilan uyga qaytishimizga to‘g‘ri keldi. Avvaliga maktabga ish so‘rab bordik, taqsimlanib bo‘lingan ekan. Bir muddat dehqonchilik bilan shug‘ullanib yurdik. Lalmi yerga no‘xat ekardik. Ishonsangiz, o‘sha yili besh tonna no‘xat, ikki tonna arpa, yana shuncha bug‘doy hosili oldik. Sotdik. Toshkentga kelish, ijodni davom ettirish uchun ham sharoit tug‘ildi. Ochig‘i, yana kimdir biz kabi ish izlagan bo‘lsa, poyabzaliga to‘zim bersin. Axiyri, Abduvali Qutbiddin jonimizga ora kirdi. U bizni “Sinfdosh” jurnaliga tavsiya etdi. Afsuski, faqat bittamizga o‘rin bor edi. Ish borasida shu yerda yo‘llarimiz ayro tushdi.

– Hasandan ko‘nglim to‘lgach, “Ma’rifat” gazetasiga ish so‘rab bordim (ochig‘i, bungacha bosh urmagan eshigim qolmovdi). 416-xonaga boshlashdi. Xullas, muharrir o‘rinbosari huzuriga kirdim. U kishi abituriyentlar haqida maqola yozib kelishimni aytdi. Topshiriqni bajargach, maqolam songa qo‘yildi. Shundan so‘ng muharrir oldida biroz jur’at bilan ish so‘rash imkoni paydo bo‘ldi. Qabuliga kirdim (sal oldinroq “Hurriyat” gazetasida “Adabiyotmi, literatura?” nomli maqolam chop etilgandi). Muharrir matbuotda aynan qanday chiqishlar qilganim bilan qiziqqach, shu maqolani aytdim. Qarangki, Halim aka (bosh muharrir) uni o‘qigan ekan. Shu maqolam “Ma’rifat” gazetasiga ishga qabul qilinishim uchun asos bo‘ldi. Bu orada Hasan huquqiy sohaga qiziqib, shu yo‘nalishdagi nashr­larda faoliyatini davom ettirdi.

Sherali NISHONOV:

– Qishloqqa borsam, biz bir paytlar o‘ynab o‘sgan ko‘chalardan hozir ham dilim yayrab o‘taman. O‘sha kezlari zabardast ko‘ringan soqolli bobolar, mushtipar momolarning aksariyati bugun hayot emasligi, o‘smir yoshida bo‘lgan akalar, opalarning bugun neva­rali ekani, demak, hayot daryosi shiddat bilan oqib borayotgani ko‘nglimdan o‘tadi. Biz qo‘y boqqan dalalarda bugun yangi hovli-joylar qurilgan. Jonajon uyga yetganimda, tandir boshida turgan onamning qorli-yomg‘irli kunlarda ham farzandlari uchun bir zum, bir soniya tinim bilmagani xayolimdan o‘tadi. Ayniqsa, xamir qoriyotganda onamga “buyurtma” berib, shakli sakkizlik kulchalarni tandirdan uzilgan zahoti suvga botirib-botirib yeganlarim zavqini tu­yib, jilmayib qo‘yaman. Biror joyda tandirdan non uzilayotganini ko‘rsam yoki non hidini sezsam, onam dardga chalinib, to‘shakda yotgan kezlarda, yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilar davrdagi voqyealar ko‘z o‘ngimdan o‘tadi. Opamning non yopishlari, xamir me’yorida qorilmaganidanmi, tandirdan uzilar chog‘da ikki-uchta nonning qizarmay tushib qolganidan xijolat bo‘lganlari bir tomonu, opam turmushga chiqqach, biz aka-ukalarning navbatma-navbat xamir qorishimiz, o‘n to‘rt yoshli singlimning bo‘yi yetib-yetmay, tandirda non yopganlari bir tomon bo‘lardi.

Hayot tashvishlari bilan birga qalbimizdagi orzular ham bo‘y cho‘zib borardi. Uchinchi sinfgacha uchuvchi bo‘lishni istaganman. Otam “sen do‘xtir bo‘lishing kerak”, derdi. Olti aka-uka emasmizmi, bir-birimizga laqab tanqab, bolalarcha sho‘xliklarni ham o‘rniga qo‘yardik. Gap shundaki, akalarim uchuvchi bo‘lmoqchiligimni eshitib, meni “lyotchik” deb chaqiradigan bo‘lishdi. Nimanidir talashib yo kelishmay qolganimizda akam “lyotchik” demay, “lu-chu-chu” deb mazax qilardi. Tabiiyki, bu xitob menga yoqmasdi. Shu-shu uchuvchi bo‘lish orzuimdan voz kechganman.

Oltinchi sinfdalik paytimda tuman markazidagi kitob do‘konidan “O‘tkan kunlar” romanini sotib olganim shundoqqina ko‘z o‘ngimda. Uyga kela solib asarni o‘qib chiqdim. Otabekning “Dushanba kun kechasi” devorni teshmoqchi bo‘lgan dushmanlari bilan yakkama-yakka olishgan tasvirlarini o‘qiyotganimda xuddi o‘sha yerda men ham borday, o‘zim ham ishtirok etganday bo‘lganman. O‘shanda Otabekning qo‘li shikastlanadi. Men ham roman ta’sirida bir necha kun “hech narsa qilmadimi”, degan xayolda o‘sha og‘riqni his qilib, qo‘limga qarab-qarab yurganman.

Keyinroq Toshkentda o‘qiyotgan akalarim “Ko‘zgu” degan gazetaga ishga kirishdi. Ular har gal qishloqqa bir to‘plam gazeta olib kelishardi. Gazetalarni qo‘ni-qo‘shnilarimiz bilan birga qiziqib o‘qirdik. Shu yillari menda ham jurnalistikaga havas uyg‘ongan bo‘lsa kerak. Birinchi maqolamni qanday yozganimni yaxshi eslayman: Husan akam uni deyarli qayta yozib, “Savdogar” gazetasida chop ettirgan. Maqola futbol haqida edi…

Elmurod NISHONOV:

– Oilada kenja farzandman. Ismim sinfdosh, ham­qishloq va qarindoshlarim uchun O‘lmas. Kursdoshlarim, hamkasblarim, ustozlarim uchun esa Elmurod. Aslida, egizak tug‘ilganmiz. Sherigim (singlim) go‘daklikda olamdan o‘tgach, bunisining umri uzoq bo‘lsin, ko‘p yashasin degan yaxshi niyatda O‘lmas, deb ketishgan.

To‘qsoninchi yillari yangi uyga ko‘chib kelganmiz. Akamlar, opam maktabda, otam dalada bo‘lardi. Uyda onam bilan yolg‘iz qolamiz. Ular ham tinmaydi: hali non yopadi, ovqat qiladi, kir yuvadi… Men zerikaman. Hamsoyalarning men bilan o‘ynaydigan, o‘zimga tengqur bolalari yo‘q. Nima qilishim kerak? O‘zim bilan o‘zim o‘ynayman.

Bir kuni onam kerosinka, choynak, primuslarni qum bilan ishqab, yuvib tozaladi. Ozroq qarab turdim. Kerosinkaning halqa-korpusi ko‘zimga yaxshi ko‘rindi. Oldim-da, bo‘ynimga “taqdim”. Bir payt osongina kiyilgan narsa, yechishga kelganda, pand berib qolsa, deng. “Ena-a!” deb yubordim. Onam bechora qo‘rqib ketdi. U yog‘imdan aylanib ko‘rdi, bu yog‘imdan aylanib ko‘rdi – kerosinka korpusini ololmadi. Boshqa chorasi qolmadi, shekilli, axiyri uydan qaychini olib chiqdi! Bir enamga, bir qaychiga qarab battar yig‘layman. Qimirlamay tur, dedi enam (zukko ayol edi) va sochimni tagidan ola boshladi… Sodda, eng to‘g‘ri chora ham shu ekan. Keyin boshim sal “kichraydi” va men o‘n besh daqiqa avval o‘z ixtiyorim bilan “taqqan munchog‘im”dan yengilgina qutuldim.

Uyda yolg‘iz qolgan kezlarim ko‘p xayol surardim. Shunday xayollarning mahsuli bo‘lsa kerak, sigir, kuchuk, mushuk, hatto eshagimizga nom qo‘yib olgandim. Eslasam kulaman.

Ana shunday beg‘ubor kunlarning birida Hasan-Husan akalarim Toshkentdan bir das­ta kitob olib kelishdi: muqovasi qalin, semiz. Endi o‘ylasam, u ensiklopediya edi, hoshiyasi kengroq bo‘lardi. O‘sha joylariga ruchka bilan bitta qoldirmay moshinlar rasmini chizib chiqqanman. Akamlarning kitob sovg‘a qilishi, mutolaaga rag‘batlantirishi keyinchalik mening bu muqaddas boylikka bo‘lgan munosabatimni o‘zgartirgan, albatta.

Birinchi o‘qigan kitobim – “Shamshirboz” ertaklar to‘plami, keyin Mirkarim Osimning tarixiy qissalari, Xudoyberdi To‘xtaboyev romanlari, Abdulla Qodiriy, CHo‘lpon, Oybek…

Akalarim Karvonlilar (xusu­san, Hasan-Husan Karvonlilar ijodi bilan ko‘pchilik tanish) taxallusi bilan nom qozona boshladi. Shu kezlari Husan akam futbol nashr­larini to‘plardi. Ularni o‘qib, menda ham futbol jurnalistikasiga havas uy­g‘ondi. Bir-ikki marta “O‘zbekiston futboli” gazetasiga bir nimalar yozib jo‘natganman. Davlat Turdialiyev, Mirzahakim To‘xtamirzayev sharhlarini eshitib, ancha vaqt sport jurnalisti bo‘laman, deb yurdim. Biroq universitet saboqlari, qolaversa, o‘zimning ham ozroq kuzatuvlarim natijasida faqat bir sohada faoliyat olib borish bilan o‘zimni cheklab qo‘yishni istamadim. Chunki ko‘p narsaga qiziqadigan odam faqat sport haqida yozaversa, zerikib qoladi. Baxtimga “Turkiston” gazetasiga ishga kirdim-u, menga katta yo‘l ochilgandek bo‘ldi. Bu yerda xizmat qilgan ustozlarimiz ko‘magida o‘zim istagan mavzularni bemalol yoritish imkoniyatiga egaman. Sportga oid topshiriq berilsa, yayrayman. San’atga doir maqolalarni ham ishtiyoq bilan yozaman…

Xullas, jurnalist aka-ukalar nurli yo‘lga chiqqan karvon yanglig‘, o‘z ortlaridan yorug‘ izlar qoldirib kelishayotir. Bu karvonning yangi yilda borajak manzillari hali bisyor…

 

Akmal JUMAMURODOV,

“Hurriyat” muxbiri 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 13 =