ADABIYOT DARSI

Erta bahor quyoshi hovlimiz devorini paypaslaydi. Quyosh paypaslagan devor yonida oftobro‘yada eski po‘stagini ostiga tashlab, quyoshni miriqib ichayotgan bobom sarxush chay­qaladi.Ko‘zini yumgancha onda – sonda nimanidir xirgoyi qiladi.

Men esa hovlimiz oldidagi katta hovuzdan chelaklab suv tashiyman. Bugun yakshanba. Onam kir yuvadi. O‘choqqa qo‘yilgan katta qozonning tezroq to‘lishini istayman.

Ertaga maktabimizga “komissiya” keladi. Adabiyot darsini tekshiradi. Adabiyot muallimimiz shoira Zulfiyaning ikkita she’rini yodlab, hayoti va ijodini o‘qib kelishimizni tayinlagan.

Qozonni to‘ldiramanu, chelak das­tasi ezib yuborgan barmoqlarimni ishqalagancha darsxonamga yuguraman. Sumkamdan shosha-pisha Adabiyot kitobimni olaman. Avval uni entikib hidlayman. Adabiyot kitobining qandaydir shirin hidi bor. Uni varaqlayman. Shoira Zulfiyani topaman. Ichimda o‘qiy boshlayman:

“Zulfiya (Isroilova) 1915 yil, 1 mart­da Toshkent shahrida tug‘ilgan…”

Yana xayolga berilaman: Toshkent qanaqa shahar ekan? Juda ham chiroyli bo‘lsa kerak. Qaniydi hozir o‘sha shaharda bo‘lib qolsam… Bobomning: “Halima, yugur hovuzdan suv olib kel!”, degan ovozi meni shirin xayollar ichidan olib chiqadi. Bolalik qilib, bobomga achchiq qilaman:

– Nima, bu uyda mendan boshqa hech kim yo‘qmi?! Ertaga darsda Zulfiya Isroilovaning ijodi haqida o‘qib borishim kerak.

Bobom sergak tortadi:

– Qaysi Zulfiyani?

Donishmand bobomni mot qilgim keladi:

– Shoira Zulfiyani-da, nima adabiyotda yana boshqa Zulfiya bormi?!

Bobom shirin jilmayadi:

– Shunday demaysanmi?! Men bu shoirani ko‘rganman, juda xushfe’l, xushsurat ayol.

Hayajonlanib ketaman. Endi bobomga suykalaman:

– Qayerda ko‘rgansiz bobo?

– Buxoroda bo‘lgan bir anjumanda.

– She’rlarini ham eshitganmisiz?

– Eshitganman…

Bobom shu damda ko‘zimga juda katta odam bo‘lib ko‘rinadi. Faxrlanib ketaman. Yugurib borib, hovuzdan suv olib kelaman. So‘ng yana adabiyot kitobiga sho‘ng‘iyman. Shoiraning hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlarni obdan o‘rgangach, uning ikkita uzun she’rini yodlashga kirishaman:

Ona qalbi oyoqqa tursa,

O‘g‘lim sira bo‘lmaydi urush!

Birinchi she’rni yodlab bo‘lgach, o‘shaning ta’sirida yana xayolga tolaman. Ko‘z oldimda sirli manzaralar qad roslaydi…

Zulfiyaning ikkinchi she’ri:

Go‘zal tuproq uzra yoyildi oqshom…

Baland ovozda she’rni yoddan o‘qiyman. Harchand urinmayin, oxirigacha yodlay olmayman. Kitobdan bosh ko‘tarmay o‘tirganimni ko‘rgan onamning menga rahmi keladi:

– Uxla qizim, erta tongda uyg‘otaman. O‘shanda she’ringni birpasda o‘rganib olasan.

– Xo‘p, – deyman-u ravoqda turgan dadamning qo‘l chirog‘ini sezdirmay olib, ko‘rpaning ostida qo‘l chiroq bilan yana o‘qiy boshlayman.

Onam so‘zida turib, meni erta tong­da uyg‘otadi. Shosha-pisha yuz-qo‘limni yuvib, qiyg‘os gullagan bodom daraxtining ostiga boraman. Va baland ovozda she’rni takrorlayman. Kichkina ariqchada oqayotgan suvlar qiqirlab ustimdan kuladi. Bitta-bitta to‘kilayotgan bodom gullari ovozimni olqishlaydi.

Oxirgi marta takrorlab, uni yod olganimga ishonch hosil qilgach, uyga kirib, apil-tapil nonushtaga o‘tiraman. So‘ng orziqib, ajib orzularga to‘lgan yuragimni kaftimga olib, maktab tomon shoshaman.

Maktab uyimizdan ancha olisda joylashgan. Kichik jonimga qamalgan hislar yo‘l bo‘yi potirlaydi. Turli-tuman darvozalar qo‘lini soyabon qilib menga qaraydi. Gullashga kirishgan o‘rik daraxt­lari shoira Zulfiyani mendan oldin tanishini pisanda qilgandek mag‘rur tikiladi.

Va nihoyat adabiyot xonasi sanalgan sinfimga kirib kelaman. Negadir barcha sinfdoshlarim jiddiy tortishgan. Ularning dilidagi hayajonu qo‘rquvni sezaman. Birinchi dars – kimyoni tezroq o‘tishini istayman. Sinf xonamizga qator qilib osib qo‘yilgan shoiru yozuvchilar surati ichidan go‘zal shoir Hamid Olimjon yonidagi shoira Zulfiyaning rasmiga uzoq qarayman. U bir qo‘lini iyagiga tirab, jilmaygancha menga boqadi. U bilan xayolan suhbat quraman:

– Shoira bo‘lmoqchiman, shoira bo‘lish qiyinmi?

– Astoydil intilsang, niyatingga yetasan.

– Qanday qilib, katta shoira bo‘lgansiz?

– Shoir bo‘lish uchun mashaqqatdan qo‘rqmaslik kerak. Eng avvalo, ruhing baquvvat bo‘lsin!

– Ruh nima u?

Kimyo muallimining mushti partam ustiga gursillab tushadi. CHo‘chib tushaman. U menga qarab:

– Rux nimaligini sendan so‘rayapman? Qani, doskaga chiq, ruhning xossalari haqida gipirib ber!

Shunda xayol ichidagi suhbat tilimga ko‘chganini anglayman. Doskaga chiqib, bilganimcha sayrayman. Qolganiga birinchi partada o‘tiradigan sinfdoshim Muso kaftiga yozib ruxning formulasini bilintirmay menga ko‘rsatadi.

Kimyo darsi tugashiga chalingan qo‘ng‘iroqdan ozodlikning ovozi keladi. Hayajonim ko‘piradi. Ikkinchi soat – adabiyot darsi.Sinfdoshlarim qisqa tanaffus paytida yod olgan she’rlarini qiroat bilan bir-birlariga aytishadi. Butun sinf xonasi Shoira Zulfiya she’rlariga to‘ladi.

Va nihoyat sinf jurnalini ko‘tarib juda ham kelishgan adabiyot muallimasi va uning ortidan to‘rt-besh nafar ayol va erkaklar kirib kelishadi. Ular oxirgi qatorga o‘rnashib o‘tirishadi. Sinf xonasi suv quygandek sokin. Onda-sonda sinfdoshlarimning hayajonda, allaqanday qo‘rquvda olayotgan nafasi eshitiladi, xolos. Muallimamiz yo‘qlama qilgach, darsni boshlaydi: Bugun shoira Zulfiyaning hayoti va ijodini o‘tamiz, deydi. U ikki kun avval ta­yinlaganidek, barchamiz o‘zimizni dars­ga tayyordek tutamiz. Va hammamiz bilishimizni ko‘rsatish uchun baravar qo‘l ko‘taramiz. Yomon o‘qiydiganlarning qo‘llari titraydi.

Muallima mendan ko‘p narsa so‘raydi. Burro-burro javob beraman. So‘ng esa birin-ketin ikki she’rni yod o‘qiy boshlayman. Shu payt sinfning ochiq derazasidan ikki qaldirg‘och adashib uchib kirib keladi. Bolalik bilan xayrlashishni istamayotgan sinfdoshlarim “komissiya”ning borligini ham unutib, qiy-chuv ko‘tarishadi. Muallimimiz esa ularni tinchlantirib, jilmayadi:

– Qaranglar, o‘quvchilar, shoira Zulfiyaning she’rlarini qaldirg‘ochlar ham yaxshi ko‘rishar ekan.

Men shoira Zulfiya bilan ilk bor mana shunday tanishgan edim.

Oradan yillar o‘tdi. Adabiyot va she’r sehri meni butunlay asir etib boraverdi. Orzu qilgan shahrim Toshkentga ham keldim. Va Toshkent Davlat universiteti hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Talabalik chog‘larimda shoira Zulfiyani ko‘rgim, u bilan suhbatlashgim kelardi. Biroq bu istagim ro‘yobga chiqmaydigandek tuyulardi o‘zimga.

Ikki yilga viloyatda ishlab taqdir taqozosi bilan yana Toshkentga qaytdim. Kunlarning birida shoira Muhtarama Ulug‘ova yo‘limdan chiqib:

– Sizni Zulfiya opa so‘roqlayaptilar, – dedi.

Hu-uv o‘sha istagim kattalashdi. Muhtarama opaning ortidan boryapmanu dilimdagi hayajonning to‘lqini ko‘zimga keladi.

Zulfiya opa xonadoniga kirib kelganimizda juda ko‘p shoiralar suhbat qurib o‘tirishardi. Ular orasida Zulfiya opa issiq yulduzi va ma’sum tabassumi bilan ajralib turardi. Opa men bilan ko‘rishib peshonamdan o‘pib qo‘ydi. Qaysidir bir she’rimdan to‘rt qator aytdi.

O‘sha paytda ko‘nglim osmon bilan qovushdi. Va negadir sinfimiz xonasidagi Zulfiya opaning suratini, adabiyot darsini va she’r tinglashga kelgan qaldirg‘ochlarni esladim. Opaning mehr to‘la nigohi, ma’sum tabassumi hanuz o‘zgarmagandi. Yillar to‘fonida bunday tozalikni qanday asradi ekan, degan xayol kechdi dilimdan. Hayotdagi Zulfiya opa bilan tanishuvim juda shirin kechdi. Shoiraning o‘sha holatini qandaydir ilohiy qo‘l yuragim devoriga chizib qo‘ydi. Umrimning yomg‘irli, qorli, izg‘irinli kunlari o‘sha suratga boqib taskin topaman, isinaman.

O‘sha kuni Zulfiya opa men bilan xayrlasha turib, uy telefoni raqamini berdi. Ba’zan tortinib-tortinib qo‘ng‘iroq qilardim. Gohida yuragim talpinib tursa-da, bezovta qilgim kelmasdi…

Bugun esa…

Qo‘ng‘iroq qilaman olis samoga,

Yulduzlar entikib, jilmaygan mahal.

Sog‘inchni xirgoyi qilgan jon bilan

Kimnidir qo‘msayman, bo‘laman mahtal.

Hayot kitobini varaqlaydi she’r,

Va tong qadamini ko‘chirar dilga.

Ko‘kning nafasida, oy tuyg‘usida –

Yuragim aylanar ichikkan gulga.

Afsonalar qaytar xayol yurtidan,

Fasllar qa’ridan sizilar vola.

Har bahor Zulfiya opaga o‘xshab,

Juda ham chiroyli kuladi lola.

Sog‘inchning kaftiga to‘kilar ko‘nglim,

O‘rikning qirmizi gullari misol.

Bog‘lar dimog‘iga hidlatib ketar,

Shoiraning xushbo‘y yodini shamol.

Sezaman shu chog‘da olti tomondan

Mehrmi, sehrmi, nedir yelyapti.

Xarxasha qiladi injiq yuragim:

Zulfiya opani ko‘rgim kelyapti…

Ilohiy bir ovoz kelar samodan:

Vatanga boq, deydi sog‘insang uni.

Va quyoshga ko‘rsat tomosha qilsin,

Yurak devoringni har kuni.

Zulfiya jilmayib boqar samodan,

Men o‘zbekman degan har bitta jonga.

Mehru oqibati, ko‘rki bilan ham

U juda o‘xshardi O‘zbekistonga.

 

Halima AHMEDOVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three − two =