ILMNI ULUG‘LAGAN ZOT

Mustaqilligimiz tufayli ayni kunda Vatanimiz hududida tug‘ilib voyaga yetgan, ulug‘ alloma maqomiga ko‘tarilib, jahon ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning diniy-falsafiy va ilmiy merosidan bahramand bo‘lyapmiz. Ularning ser­qirra ilmiy faoliyati ma’naviyatimiz, qadriyatlarimizni boyitgan bebaho xazina, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda Yurtboshimiz Islom Karimovning 2014 yil 28 noyabrda Termiz shahriga Amir Temur ordenini topshirishga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida g‘uru­rimiz­ni oshiradigan quyidagi so‘zlarini keltirishni joiz topdik: «Haqi­qatan ham, bu tabarruk diyor­dan yetishib chiqqan buyuk alloma Hakim Termiziy, dunyodagi eng ishonchli oltita hadis to‘p­lamlaridan birini yaratgan mashhur muhaddis Abu Iso Termiziy, teran mazmunli asarlari bilan Sharqda nom qozongan Adib Sobir Termiziy, islom falsafasi rivojiga munosib hissa qo‘sh­gan Abu Bakr Varroq Termiziy kabi mumtoz zotlar nainki xalqimiz, balki butun musulmon olamining faxru iftixori hisoblanadi».

YUqorida nomlari zikr etilgan ulug‘ insonlardan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn al-Hasan ibn Bashir ibn Horun al-Hakim at-Termiziy bobomizni Alisher Navoiy hazratlari shariat va tariqatda «mashoyixi kibor» («ulug‘ shayx»), tasavvuf ilmida «durri yatim» («yagona dur») deya ta’riflaganlari bejiz emas.

Alloma o‘z risolalarida, chunonchi, «Bayon ul-kasb»da muhaddis, «Kitob al-furuq»da hofiz, «Ilm al-avliyo»da zohid, «Adab an-nafs»da imom, «Tahsil nazoir al-Qur’on»da al-muazzin unvonlari borligini aytib o‘tadi.

Al Hakim at-Termiziy yana «shayxlar sayyidi» nisbasi bilan ham atalib, el orasida «hakim» unvonida tanilgan. U o‘zining «Tahsil nazoir al-Qur’on» asarida «hakim» kalimasini quyidagicha izohlaydi: «Hakim ilm­ning ichki tomonini tushunuvchi demakdir». Qolaversa, Farididdin Attor «hakim ul-avliyo» («avliyolar donishmandi»), Bahouddin Naqsh­band «qudvat ul-avliyo» («valiylar mayog‘i»), Shayx Ruknuddin Simnoniy esa «bidoyat ul avliyo, nihoyat ul-anbiyo» («avliyolarning boshlanishi, payg‘ambarlarning oxiri») deya Hakim Termiziyga ta’rif berganlar.

Allomaning ilmiy merosi g‘oyatda katta. Xususan, amerikalik sharqshunos olim N.Xer Hakim at-Termiziyning 55 ta asari nomi va ular saqlanadigan joylar haqida ma’lumotni keltiradi. Chunonchi, bobomiz asarlari dunyoning eng nufuzli kutubxonalari, jumladan, London, Anqara, Leypsig, Berlin, Parij, Istambul, Qohira, Bursa kutubxonalari fondlaridan joy olgan. Ushbu asarlarning nashri va tadqiqoti borasida chet ellarda salkam bir yarim asrdan buyon ancha ishlar qilingan. Istiqlol yillarida mamlakatimizda olimning «Badv ash-sha’n Abu Abdulloh», «Manozil ul ibod min al-iboda», «Navodir al- usul» risolalari nashr etildi.

Allomaning diniy-ma’naviy merosi insonlar tar­biya­sida katta o‘rin tutadi. Ular diniy mavzuda fikr yuritish bilan kifoyalanmay, balki dunyoviy ilm sohasida ham o‘z e’tirofini topgan. Bu zot asarlarining bosh g‘oyasi nafsga jihod, kibru havoga qarshi kurash, insonni qadrlash, kamtarlik, xokisorlik kabi yuksak ezgu amallarni qamrab oladi. Alloma bundan o‘n asr ilgarida turgani holda, barcha ezguliklarga faqat ilm-ma’rifat orqaligina erishish mumkinligiga alohida urg‘u beradiki, bu fikr hech qachon o‘zining qadr-qimmati va dolzarbligini yo‘qotmaydi.

U ilm haqida so‘zlar ekan, bu masalaga tasavvuf tariqati nuqtai nazaridan yondashadi. Jumladan, «Kitob al-huquq» asarida: «Alloh taolo eng avvalo, ilmni yaratgan. Ilmdan esa donishmand­lik (hikmat)ni vujudga keltirgan. Donishmandlikdan bo‘lsa adolat (adl)ni va haq (haqiqat)ni paydo qilgan», deb yozadi. Shuning­dek, olim o‘zining «Masoil at-ta’bir» asarida ilm haqidagi fikrlarini rivojlantirib, shunday deydi: «Kimki bilimning saxovatidan bahra olishga sazovor bo‘lsa, u Allohga yaqin kishidir, Ilm tan­hodikda do‘st, zero ilm tanholikda odamlarga hamisha sherikdir. U har qanday sharoitda yo‘lchi yulduz, do‘stlar davrasida bezak, bilim jannatga eltuvchi rahnamodir», deydi.

Aytish kerakki, Hakim at-Termiziy dunyo dinlari tarixi bilan ham juda yaxshi tanish bo‘lgan. Alloma islom dinini odamlar ongiga chuqur singdirish maqsadida buddaviylik ta’limoti va buddaviylikka oid adabiyotlarni puxta o‘rgangan. Shuningdek, u qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy kabi qadimgi hind manbalari bilan ham yaqindan tanish bo‘lgan. Manbalarda ta’kidlanishicha, «Solnoma» asari qadimgi hind mualliflarining asarlariga tayanib yaratilgan. So‘fiylik va buddaviylik o‘rtasidagi bog‘liqlikni aksariyat tarixchi va ko‘pgina mamlakatlarning yirik sharq­shunos olimlar ham e’tirof etadilar. Bu an’ana keyinchalik olim shogird­laridan biri Abu Bakr Muhammad ibn Umar al Varroq at-Termiziy tomonidan davom ettirilgan. Hakim at-Termiziy asos sol­gan hakimiya tariqati Movarounnahr hududidagi islom tafakkuri tarixida so‘fiylikning dast­labki oqimlaridan biri hisoblanadi.

Istiqlol yillarida mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan al Hakim at-Termiziy maqbarasi majmuasini tubdan ta’mirlash va obod qilish borasida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Endilikda bu joy yurt­doshlarimiz va xorijdan kelayotgan ziyoratchilar uchun qutlug‘, ko‘rkam va aziz qadamjolardan biriga aylandi.

Alloma asarlari orasida «Navro‘znoma» va «Solnoma» kabi risolalari ham bor.

 

 Abdumajid AZIMOV tayyorladi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =