KAMERA JILVALARI

Qo‘lingizga fotoapparat berib, istagan oniy lahzani suratga ol, deyishsa neni tarixga muhrlardingiz? Albatta, bu qalbingizda o‘chmas iz qoldirgan, betakror yoki og‘riqli hislar uyg‘otgan daqiqalar, dunyoqarashi­ngizni kengaytirgan, hayot haqiqatini anglashga sabab bo‘lgan onlar bo‘lishi turgan gap. Ammo bu holatlarni “tutib” olish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun sizda sohir qalb, biroz “injiqlik” tuprog‘ida qorilgan san’atkorga xos tabiat, teran zehn bo‘lmog‘i zarur.

Yangi yil arafasida ana shunday fazilat egalaridan bir guruhining ijod namunalari namoyishi boshlandi. Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolarining Toshkent fotosuratlar uyida namoyish etilayotgan bu hisobot ko‘rgazmasi ikki hafta davom etadi. “Vatan mavzusida fotoinsho” mavzuidagi mazkur ko‘rgazmada o‘ttiz nafar muallifning turfa janrdagi fotoasarlari o‘rin oldi.

Professional darajada olingan bo‘lsa, har bir fotosurat o‘zida qandaydir ma’no-mazmunni mujassam etadi. Rasmlar oldida bir zum to‘xtab, ularni sinchiklab “uqiy” olsangiz, fotografning fikrini anglaganday bo‘lasiz. O‘z-o‘zidan suratdagi kayfiyat, tuyg‘ular sizga ham “yuqa” boshlaydi. Ulardan inson umrining mohiyati, atrofingizdagi borliqning siz ilg‘amagan, hatto mavjudligini ham bilmagan qirralarini kashf qilasiz. Suratlarda ona Vatanimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tariximizning tirik timsollarini, xalqimizga xos o‘lmas an’anayu fazilatlar, yurtdoshlarimizning samimiy ichki dunyosi aks­ etgan. Bu bilan yonimizdagi oddiygina quruvchi asl kelajak bunyodkori ekanini his qilasiz, dilingizda ona yurt­ga nisbatan mehr jo‘sh uradi.

Abdug‘ani Juma, Hamdam Shorahmedov, Sergey Karandayev, Stanislav Kanaki, Viktor An, Vladimir Jirnov, Zafar Qo‘ziqulov, Viktorika Bots, Rahmon Islomov, Vitaliy Myasnikov, Iskandar Sodiq-zoda singari fotograflar ishlari janr, tasvir usullari jihatidan bir-biridan farq qilsa-da, har biri yuksak estetik did, yillar davomida sayqallangan mahorat samarasi. Bu galgi ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri unga qo‘yilajak suratlarni ma’lum bir hakamlar hay’ati emas, balki ijodkorlarning o‘zlari tanlashgan. Bu nafaqat ijodiy erkinlik, balki ularning o‘z uslubini boricha tomoshabinga yetkazish uchun imkon berdi.

Mashhur bir fotosuratchi “Agar olgan kadringiz yaxshi chiqmagan bo‘lsa, siz unga yetarli darajada yaqin bo‘lmagansiz”, degan ekan. U bu so‘zlari bilan ob’yektgacha bo‘lgan masofani emas, oladigan tasvirga ruhan yaqinlikni nazarda tutgan bo‘lsa ne ajab. Mana shunday tafakkur va ruhiyatning majoziy aksini tuyishni istasangiz, Toshkent fotosuratlar uyiga tashrif buyuring.

 

Mohira OTABOYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − 1 =