Dala-o‘quv mashg‘ulotlari:

KUCH MAHORAT VA HAMJIHATLIKDA

Shu kunlarda o‘tkazilayotgan dala-o‘quv mashg‘ulotlari yurt himoyachilarining yuksak harbiy mahoratga, mustahkam irodaga, o‘z Vataniga sadoqatli posbon bo‘lib, yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlash joizki, dala-o‘quv mashg‘ulotlari ularning bilim va ko‘nikmalarini, mahorat va tajribalarini oshirmoqda. Iroda va matonatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazishayotir. Bu esa bugungi professional armiya­mizni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Chunki professionallik tezkorlik va mukammallikni talab etadi. Bunday malakaga ega bo‘lish uchun harbiy kishi ko‘plab tajribalar va o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tagan bo‘lishi lozim.

 

… Dala-o‘quv maydoni. Harbiy xizmatchilarning mashg‘ulotlarni yuksak saviyada o‘tkazishlari va tayyorgarlik ko‘rishlari uchun bu yerda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yetib kelgan vaqtimizda leytenant O‘ktam Hamidov yetakchiligidagi guruh shaxsiy tarkibi navbatdagi mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan. Ularga vzvod komandiri kapitan Ma’ruf Ahmedov tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berganidan keyin harbiy xizmatchilar qurol-aslaha va safar qoplarini yelkalariga osib, berilgan yo‘nalish bo‘yicha harakatlana  boshlashdi. Harbiy xizmatchilar bugungi mashg‘ulotda yuqori natijani qayd etishni va qo‘yilgan jangovar vazifani muvaffaqiyatli ado etishni maqsad qilgan.

Guruh shaxsiy tarkibi yulg‘unlar bilan qoplangan hudud ichkarisiga qarab yo‘l oldi. Bir ozdan so‘ng qulay joy tanlanib, mudofaa chizig‘i tashkil etildi. Guruh komandiri yana bir bor qo‘yilgan jangovar topshiriqni yetkazib, harbiy xizmatchilarning vazifalarini belgilab berdi.

Ular hudud bo‘ylab yoyilib ketdilar. Guruh komandiri barchani yanada hushyor va sergak bo‘lishga chaqirib, merganlar – shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, oddiy askarlar Nozim Safarov va Faxriddin Meliqulovlarni, o‘rinbosari, kichik serjant Sherzod Boboxonov boshchiligida hududni nazorat qilishga topshiriq berdi. Mazkur kuzatuv guruhi o‘ta hushyorlik bilan harakat qilib, joy sharoitidan kelib chiqqan holda niqoblanishga jiddiy e’tibor berib, hudud tomon yaqinlasha boshladilar.

Harbiylarimizning bunday topshiriqlarni sidqidildan bajarishlariga e’tiborni qaratdik. Chunki harbiylar orasida eskidan mashq og‘ir kechsa, jangda yengil bo‘ladi, degan naql mavjud.

Bu paytda guruh komandiri leytenant O‘.Hamidov qolgan harbiy xizmatchilar bilan «shartli dushman» aniqlanganda qanday harakat qilish va kim qaysi vazifani bajarishini belgilab berdi. Shundan keyin amaliy mashg‘ulotlarga kirishildi. Bunda harbiy xizmatchilarning vazifalariga ko‘ra harakatlari, aloqa vositasidan to‘g‘ri foydalanish, harbiy topografiya, qulay pozitsiyani egallash, niqoblanish kabilarni yana bir bor eslab, qayta-qayta mashq qilishdi.

– Harakatlanish davomida bajarayotgan taktik mashq­lar orqali nafaqat bilim va malakamiz, balki jipslikda, hamjihatlikda bir-birini tushungan holda guruh tarkibida vazifani bajarish bo‘yicha ham tajribamiz yanada shakllanmoqda, – deydi kichik serjant Azamat Tursunov. – Ma’lumki, qish faslida cho‘l va tog‘li hududda vazifani bajarishning o‘ziga xos murakkabliklari bor. Buni yaxshi anglagan harbiy xizmatchilar mashqlar mobaynida mahoratlarini oshirishga intilishyapti. Albatta, hamjihatlik bor yerda samara ham bo‘ladi. Bu bugungi o‘quv mashg‘ulotlarimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Guruhimiz oldiga qo‘yilgan jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishayotir.

Bu orada kuzatuv guruhi belgilangan hududni tekshirib, qaytib keldi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra guruh nazoratidagi hududda osoyishtalik hukmron. Shundan so‘ng, shaxsiy tarkib oldinga, yanada olg‘a intildi. Ular yo‘l davomida turli taktik mashqlarni bajarib, o‘zgargan sharoitga mos mahorat va ko‘nikmalarini shakllantirdi.

– Leytenant O‘ktam Hamidovning jamoasi vzvoddagi eng ilg‘or guruhlardan biri, – deydi kapitan M.Ahmedov. – Guruh komandirining bilimdonligi va tajribasi ularni ilg‘orlar safiga olib chiqqan bo‘lsa, qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarning uyushqoqligi va mahorati har qanday vazifani yuksak saviyada bajarishlari uchun muhim omil bo‘lmoqda. Bugungi dala-o‘quv mashg‘ulotini o‘tkazish mobaynida ham guruh shaxsiy tarkibining bir-birini tushungan holda, jipslik bilan harakat qilishi topshiriqning muvaffaqiyatli bajarilishini ta’minladi.

O‘quv mashg‘ulotini kuzatar ekanmiz, ofitser bo‘ladimi yoki askar o‘z vazifasini mukammal ado etishga intilayotganining guvohi bo‘ldik. Bunday mas’uliyat bilan yondashayotgan Vatan qo‘riqchilariga boqib, sar­hadlarimiz ishonchli qo‘llarda ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik.

 

Ahror OCHILOV,

katta leytenant

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − ten =