DO‘MBOQLAR KO‘PAYMOQDA

 

Sir emaski, bugungi kunda do‘mboqlar ancha ko‘p. Ilgari ular tomosha qovoq singari ko‘pchilikni hayratga solgan bo‘lsa, endilikda oddiy hol bo‘lib qoldi. Hozir barcha mamlakatlarda bunday odamlarni uchratish mumkin. Lekin ma’lumotlarga qaraganda, eng ko‘pi AQSHda emish.

 Amerikalik olimlar o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, fanga yaxshi ma’lum bo‘lgan FTO geni yurakning yog‘ bosish jarayonini oshirarkan. 27 yoshdan 63 yoshgacha bo‘lgan minglab odamlar bilan olib borilgan tekshiruv natijalari tadqiqotchilarning shunday xulosaga kelishiga sabab bo‘ldi. Shunisi qiziqki, faqat 1942 yildan keyin tug‘ilganlarda semizlik kuzatildi. Tug‘ilgan yili shundan qancha keyin bo‘lsa, semizlikka yo‘liqish xavfi shuncha yuqorilab borgan. 1942 yildan oldin tug‘ilganlarda esa bunday kasallik uchramagan. Xulosa shu bo‘ldiki, ikkinchi jahon urushidan keyin zamonaviy texnologiyaning rivojlanishi va jismoniy mehnatning kamayishi, shu bilan birga, yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar shu kabi semirishga sabab bo‘layotir.

Demak, nafsning jilovidan tutib, ko‘proq harakat qilmasak, holimiz tomosha qovoq singari bo‘ladi.

 

 UYQUCHI O‘G‘RI

Eshitdingizmi, hozirgi o‘g‘rilar juda uyquchi bo‘lib ketyapti emish. “Global news”ning xabar qilishicha, kanadalik Vankuver o‘z kvartirasiga kirib keladiyu divanda uxlab yotgan begona kishiga ko‘zi tushadi. Yana deng, uy egasining futbolkasini kiyib olganmish. Muttahamgina o‘g‘ri bir necha soatga bo‘lsa-da, o‘zini uy egasiman, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak-da!

Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilikka kirgan janob hech kim yo‘qligidan foydalanib, olarini olgach, bemalol ovqatlangan va hashamdorgina bu xonadonda biroz qolib, mizg‘ib olishni orzu qilganu ko‘proq uxlab qolgan. Qoyil-ye, yurak ham otning kallasidek ekan-da! Xullas, bu odamni politsiyachi kelib uy­g‘otib, olib ketgan. Xuddi shunday uyquchi o‘g‘rilardan biri 2013 yilda Qrimda ushlangan edi. O‘shanda bu kimsa ham begona xonadondan kolbasa, go‘sht va boshqa yemaklarni oladi-da, uxlab qoladi. Endi ularning bemalol uxlashlari uchun vaqtlari yetarli bo‘ladi. 

 

 80 TA TISHI BOR BOLA

Dunyoda yuz beradigan yuzlab mo‘’jizalarni eshitganmizu lekin bunaqasini… Yo tovba, shunaqasiyam bo‘larkan-da?! Yetti yashar bolada shuncha tish qayerdan paydo bo‘ldi, deysizmi?

Dastlab bolaning yuqori jag‘i gazak olib, yiringlay boshladi. Vaholanki, uning yoshida bunday hol kamdan-kam uchraydi. Mutaxassislar aynan ana shu yiring rivojlanishi oqibatida bolaning tishlari ko‘payib ketgan, degan xulosani berishdi. Hindistonning Gvalior shahrida bolaning shu tarzda paydo bo‘lgan 80 ta tishini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashdi. Operatsiyada ishtirok etgan shifokor Ankit Xasgivalaning ta’kidlashicha, agar bolaning ota-onasi vaqtida murojaat qilishmaganda, bunday tishlar to‘rt yilda 200 tadan ham oshishi mumkin ekan.

O‘tgan yilning o‘rtalarida esa Mumbayda ham xuddi shunday operatsiya o‘tkazilgan bo‘lib, unda 17 yoshli o‘spirin Ashik Gavaining 232 ta tishi olib tashlangan edi. Shifokorlarning aniqlashicha, undagi tug‘ma porok xuddi shunday tish kasalligiga sabab bo‘lgan.

 

 

BALIQNING TOSH KO‘ZI

Suv osti hayoti juda qiziqarli mo‘’jizalarga kon. Qanchalab sirlar o‘z ro‘yobini kutib yotibdi. Shulardan biri yaqinda ochildi.                   

Kanzas shtatida Gengo Tanaka va uning hamkasblari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, paleontologiyada birinchi bor ko‘zning to‘r pardasida tosh qotgan tayoqcha borligi aniqlandi. Bu hujayralar dengizda yashaydigan Acanthodes bridgeyi balig‘iga tegishli bo‘lib, olimlarning ta’kidlashicha, bunday umurtqali jonivorlar rangli ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Bu kabi baliqlar yangicha jag‘-og‘izli jonivorlar sirasiga kiradi va sho‘r hamda sayoz suvliklarda yashaydi. Tadqiqot natijalari Nature jurnalida chop etildi.

 

Internet materiallari asosida

X.Fayziyeva tayyorladi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 8 =