UNUTILMAS LAHZALAR

Yangi yil bolajonlarning g‘aroyibotlarga to‘la bayrami. Shuning uchun ham uni orziqib kutishadi. Ertaknamo Qorboboning tashrifi, yam-yashil archa atrofidagi shodon o‘yin-kulgular, har kimga o‘zi orzu qilgandek sovg‘alarning ulashilishi bayram shukuhini chandon oshiradi. Hatto kattalar ham bunday zavqdan bebahra qolishmaydi.

YAqinda Samar­qand viloyati XTMFMT va TE bo‘limi tasarrufidagi 63-maxsus maktab-internatida bo‘lgan bayram ham ana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tganiga guvoh bo‘ldik. Unda maktab tarbiyalanuvchilari bilan bir qatorda ko‘plab homiy tashkilot vakillari  ishtirok etdilar.

 

Bu kun bolalarning yodida yil bo‘yi saqlansa, ajab emas. Chunki saxiy insonlarning sovg‘alari – issiq ki­yim-bosh, sport anjomlari va, albatta bayram uchun tayyorlangan maxsus shirinliklar bolalarning quvonchiga quvonch qo‘shdi.

O‘z navbatida, o‘quvchilar turli ko‘rgazmali va badiiy chiqishlari bilan barchani  xushnud etdilar. Ayniqsa, maktabda tashkil etilgan “Kamalak” ansambli ishtirokchilarining ashula va raqslari hamda yengil atletika va badiiy gimnastika to‘garagi qatnashchilarining chiqishlari mehmonlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Umumxalq bayramlari turli ko‘rik tanlovlar bu yerda  ko‘p nishonlanadi. Ularni tashkil etish endilikda oqdaryo­liklarning qalb amri, xayrli ishlaridan biriga aylangan.

Darhaqiqat, davlatimiz tomonidan istiqlolning ilk kunlaridanoq mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilib, ularning bilim va dam olishlari uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratib kelinayotir. Xususan, mazkur mehribonlik uylarining tarbiya­lanuvchilari ham ana o‘sha islohotlarning hayotbaxsh samarasidan bahramand bo‘lishmoqda. Qishki ta’til vaqtida bolakaylarning so‘lim oromgohlarda hordiq chiqarishlariga tuman hokimligi bosh-qosh bo‘layotir. Shuningdek, bolajonlarning jonu diliga aylangan turli adabiy uchrashuvlar, san’at va she’riyat kechalari muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Yangi yil arafasida ular yangi ta’mirlangan barcha qulayliklarga ega binoda bayram tantanasini o‘tkazishdi. Ayni paytda 300 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi va yotoqxona, muhtasham sport zali, kasb-hunar sirlarini o‘rgatishga ixtisoslashgan ustaxona va zamonaviy oshxonalar ular xizmatida.

Maktabda 49 nafar o‘qituvchi va 54 nafar tarbiya­chi bolalarga ta’lim-tarbiya berish  bilan bir qatorda, muassasada chinakam oila muhitini yaratishga harakat qi­lish­moqda. Ana shunday fidoyi insonlardan biri, maktab-internat direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha muovini Zilola Fozilova bilan suhbatlashdik.

– Bizning maktabimizga 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan aqli zaif hamda kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan bolalar qabul qilinadi. Ma’lumki, nogiron bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos murakkabliklari bor. Har bir tarbiyalanuvchiga alohida e’tibor, g‘amxo‘rlik zarur. Bu esa o‘qituvchilar va tarbiya­chilardan katta sabot va matonat talab qiladi. Lekin shuni ta’kidlash joizki, tarbiyalanuvchilar orasida iqtidorlilari ham anchagina. Ayni damda maktabimizda bolalar o‘qish bilan bir qatorda turli to‘garaklar orqali o‘z imkoniyatlarini namoyon etishmoqda. Jumladan, rassomlik, tikuvchilik, hunarmandlik, yengil atletika va badiiy gimnastika to‘garaklari ish olib bormoqda. Ayniqsa, tikuvchilik, rasm to‘garaklarida bolalarning qiziqishi ko‘proq namoyon bo‘lmoqda. Masalan, Ochilov Eldor, Hasanova Ruxshona kabi tarbiyalanuvchilar chizgan rasm­larni ko‘rib qoyil qolasiz. Nazarimda, ular chinakam iqtidor egalari. Shu bilan bir qatorda, tikuvchilikda ustozining har bir o‘gitini qunt bilan o‘rganayotgan Zulxumor Botirova, Dinara Niyozqulova va Shoira Ergashevaning ishini ko‘rib kelajagi porloq ekaniga amin bo‘lasan kishi. Shuningdek, “Kamalak” bolalar ansambli ham ularning yaqin hamkoriga aylangan. Bu guruh bolalari viloyat miqyosida o‘tkazilgan turli ko‘rik tanlovlarda salmoqli natijalarga erishib kelayotir.

– Maktabimizda tahsil olayotgan o‘quvchilar orasida iqtidorlilari juda ko‘p –  deydi rassomlik to‘garagi rahbari Shohsanam Murodqosimova. – Shulardan biri 9-sinf o‘quvchisi Quvonchbek Norqulovdir. U barcha ishlariga, chizayotgan rasmlariga ijodiy yondashishga harakat qiladi. Rasm chizishda ham mavzularga jiddiy e’tibor berishi kishi diqqatini tortadi. Tabiat manzaralarini mahorat bilan tasvirlashi uning haqiqatda iqtidorli ekanidan dalolat beradi. Quvonchbekning chizgan suratlariga qarab, unga havas qilib ortidan ergashayotgan o‘quvchilar ham ko‘p. Odatda ijodkor ahli, xususan, rasm chizishga mehr qo‘yganlar hayotdagi boshqalar ko‘ra olmaydigan jarayonlarni, tabiatning eng nozik xislatlarini ilg‘ab olishga muyassar bo‘ladilar. Bu esa o‘z navbatida Vatanga, tabiatga bo‘lgan muhabbatni, yurtiga sadoqatni, xalqiga, oilasiga nisbatan kuchli mehr-oqibatli bo‘lish kabi umuminsoniy hisoblangan barcha ezgu qadriyatlarni yoshlarimiz ongiga va qalbiga jo bo‘lishida asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bizning o‘quvchilarimiz orasida ham ana shunday insonlarning yetishib chiqishi barchamizga faxr tuyg‘usini bag‘ishlaydi.

Bu maskanda tarbiyalanuvchilar 9-sinfgacha o‘qitilib, so‘ng maxsus kollejlarga yo‘naltiriladi. U yerda o‘z qiziqqan kasbini tanlab, mohir usta bo‘lib yetishadi. Zero, mana shunday o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan, uni o‘z maqsadlari orqali oldindan ko‘ra oladigan o‘tkir zehn­li, zukko va iqtidorli yoshlar ertamiz egalaridir.

Yangi yilni katta umid va yorug‘ kelajakka ishonch bilan kutib olgan  Oqdaryodagi 63-maxsus maktab-internat jamoasi faoliyatida ana shunday shukuhli, quvonchli kunlar ko‘payishiga tilakdoshmiz.

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 4 =