“JONLI KUNDALIK” YOXUD AXBOROT XURUJIGA QARSHI FIKR DEVORI

Axborot uchun kurashda birinchilik kimning, kimlarning qo‘lida? Albatta, jurnalist va OAV xodimlarining, deyishingiz mumkin. Biroq so‘nggi paytlarda fuqarolik jurnalistikasi fenomenini vujudga keltirgan yangi toifa vakillari – bloggerlarning paydo bo‘lgani masalaga boshqacha yondashuvni talab etadi. Xo‘sh, bloggerlar aslida kimlar? Ular qachon va qanday qilib axborot bozorini mahv etdilar? Professional OAVga raqobatbardosh kuchga aylangan bloggerlar qachon minglab kishilik auditoriyani o‘z atrofida to‘plashga ulgurdi?

 

“KECHA AUDITORIYA, BUGUN ESA…”

Amerikalik nazariyotchilardan biri xalqaro media muhitdagi ahvolni quyidagicha baholagan edi: “XXI asr jahon jurnalistikasi tarixiga mislsiz inqiloblar davri sifatida kiradi. Bulardan biri fuqarolik jurnalistikasining taraqqiy etishi. U kechagi auditoriyani bugungi jurnalistlarga aylantirdi”. Darhaqiqat, 1997 yil AQSHlik Jon Bargerning internetda “jonli kundalik” (“Live journal”) tutishi mass mediada yangi tarmoqqa asos solishi mumkinligini o‘shanda hech kim xayoliga ham keltirmagan edi. Bu usul qisqa muddatda butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketdi.

Blog yuritishning bu qadar ommalashuvi nima bilan bog‘liq? “Jim turolmayman” degan edi qachonlardir Tols­toy… Blog ana shunday “jim” qolmaslik, o‘z fikrlarini ifodalash, hayotiy kechinmalari bilan o‘rtoqlashish, kundalik turmushidan qiziqapli voqyealar gapirib berishni istagan minglab odamlar uchun tom ma’noda ochiq minbarga aylandi.

Blogni bejiz “jonli kundalik” deyishmagan. Ko‘pchilik yuritadigan shaxsiy kundaliklar kabi bloglarga muallif ko‘rgan kechirganlari, taassurotlari, umuman, istaganini yozadi. Biroq daftar kundalikdan farqli ravishda, blogdagi yozuvlarni muallif o‘zgalar nazaridan berkitmaydi, aksincha, o‘zgalar bilan sirlashish uchun yozadi. Shunday ekan, hayotida biror voqyea yuz berganida quvonchdan yo jahl ustida  o‘ylarini “kundalik”ka bitishga shoshgan blogger har doim ham yozganlarining bir lahzada millionlab kishilik auditoriyaga tarqab ketishini his qiladimi? Afsuski, har doim ham emas. Muammo ham shunda…

 BLOG SHAXSIY AMBITSIYALAR MAYDONIMI?

Bugungi kunda kiber olamda noto‘g‘ri axborotning ko‘payishi aynan bloglardagi asosiy xabar va ma’lumotlarning sub’yektiv qarashlardan iboratligi bilan bog‘liq.  Bloglar bugungi kunda internet olamida ommaviy axborot vositasi maqomiga da’vogarlik qilmoqda. Bunday jonli kundaliklarning doimiy o‘quvchilari soni ayrim ro‘yxatdan o‘tgan milliy sayt­larimiz auditoriyasidan-da ko‘proq. Shunday ekan, bloglarda e’lon qilingan har qanaqa fikr, qarash undan foydalanuvchilar tomonidan axborot sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinishi turgan gap. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, shaxsiy qarashlarni ifodalashga berilib ketgan ayrim bloggerlarning internetda noaniq axborotlarni tarqatishi jamoatchilikni chalg‘itishi mumkin.

 Ana shunday bloggerlardan biri “gapirganni badnom qilish san’ati” degan ta’rif bilan, matbuot anjumanlarida O‘FF matbuot xizmati xodimlaridan birini “atayin so‘z bermaslik” odati haqida yozadi. Blogda “aybdor”ning  “o‘zini amaldor va senzordek tutish”i tanqid qilinadi va “muttaham” ga chiqarilib, xorijdagi bukmekkerlik idora (totalizator) lari bilan hamkorlik o‘rnatganlikda ayb­lanadi. Bu ham mayli, blogger yana  shu tashkilotning bosh­qa bir vakilining “o‘z amalidan ajrab qolishdan qo‘r­qish”i yoki ota-onasining kelib chiqishidan uyalishi haqida yozadi. Bu kabi malomatlar orqali shaxsiy ambitsiyani ommaga oshkor qilish ommaviy me’yorlarga zid ekanligini nahotki blogger bilmasa? Ayniqsa, ushbu ma’lumotlarni u ayblagan kishilar tomonidan rad etilishi-yu, blogpostning o‘zida axborotning haqqoniyligiga birorta ham dalilning keltirmaganini hisobga oladigan bo‘lsak, gap yana o‘sha blog etikasining buzilishiga  borib taqaladi.

Buni  “UFF.Uz”, “Stadion.Uz” singari rasmiy saytlarning axborot tasmalari misolida  ko‘p kuzatish mumkin. Ushbu saytlarda faoliyat olib boradigan mikrobloglarga yoziladigan haqoratomuz iboralardan iborat izohlar, u yoki bu sportchining sha’niga yog‘dirilgan aybnomalarni o‘qib hayron qolasan kishi. Ayniqsa, bu kabi fikrlarni ko‘pincha sport muxlislari sevimli jamoalari mag‘lubiyatga uchraganda ko‘proq yozishadi. Kimdir sportchilarga achinsa, kimningdir ko‘rishga ko‘zi bo‘lmay bo‘ralab so‘kadi. Qizig‘i shundaki, bu kabi  axborotlar noxolisdir. Shunday ekan, ularning internet, ya’ni ommaviy axborot vositasida e’lon qilinishi to‘g‘rimi? Axir har qanday fikr, mulohaza, munosabat ham OAV da e’lon qilindimi, u endi axborotga aylanadi.

 HUQUQQA YONDOSH TUSHUNCHA – BURCH

YUqoridagi holatlarning takrorlanishi blogger maqomini qonuniylashtirish, uning internetdan cheksiz foydalanish, fikrni erkin ifodalash kabi qimmatli huquqlari bilan bir qatorda majburiyatlarini ham belgilab berishni taqozo etadi. Blog faoliyati axborot berish bilan bog‘liqligini hisobga oladigan bo‘lsak, uni qonuniylashtirish o‘z-o‘zidan OAV maqomini berish degan gap bo‘lardi. Xo‘sh, “jonli kundalik” OAV bo‘la oladimi?

Ko‘plab Yevropa davlatlarida bloglarga OAV maqomi o‘quvchilar soni u yoki bu ko‘rsatkichdan oshsagina beriladi. Masalan, Rossiya Federatsiyasida bu ko‘rsatkich besh ming o‘quvchi sifatida belgilangan. Germaniyada esa bloglarga allaqachon media xizmat (OAV) maqomi berilgan.

Mamlakatimizda bloglar OAV maqomida emas. Biroq bu faoliyat qonuniylashtirilgan. 2014 yil 4 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga bloggerlar bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, Qonunning 3 moddasiga ko‘ra, bloggerga quyidagicha ta’rif berilgan: 

“Internetga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs”.

Qonunning 12 moddasida esa bloggerning internetda tarqatishi ta’qiqlangan ma’lumotlar ro‘yxati ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, mavjud kons­titutsiyaviy tuzumni o‘zgartirishga da’vat etish, urush, zo‘ravonlik, terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib etish, fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazish ta’qiqlanadi. Bu o‘zgartirishlarni ayrim bloggerlar og‘rinibroq qabul qildi. Biroq blog ommaviy, ya’ni omma uchun ochiq ekan, undagi har qanday axborot uchun muallif javobgar bo‘lishi lozim. Shuningdek, bloggerlarga butunlay axborot erkinligini taqdim etish Qonunga o‘zgartirish kiritilishiga qadar ahloq qoidalari buzilib bo‘lgan edi.  Masalan, oliy ta’lim muassasalaridan biri haqi­da post joylashtirilgan blogda ta’lim muassasasi asossiz tan­qid qilinadi. Unda yozilishicha, universitet pedagoglari “bilimsiz”, “kitobga qarab leksiya o‘qishdan boshqa­sini bilmaydi”. Shunday axborotning ommaviy blogda bo‘lishi to‘g‘rimi? Bu, biz­ning­cha, kishi qadr-qimmatini toptashdan, ma’naviy qashshoqlikdan boshqa narsa emas. 

 KIM MAS’UL?…

Bloggerlarni fuqarolik jurnalistikasi vakillari deydigan bo‘lsak, jumladagi “fuqaro” so‘zi e’tiborga molik. Axir, har qanday fuqaro o‘z mamlakati oldida fuqarolik burchi tufayli vatan manfaatlarini himoya qiladigan shaxsdir. Globallashuv asrida esa har qanaqa davlat intellektual mudofaaga muxtoj. Axborot xurujining eng kuchli oqimini, shubhasiz, internetda kuzatish mumkin. Xorijlik ayrim tashkilotlar moliyalashtirayotgan o‘nlab saytlar tomonidan kuniga mamlakatimiz haqida turli uydirma va tuhmatlar onlayn muhitida e’lon qilinadi. Bu kabi aybnomalarning har biriga alohida javob yozib chiqqan taqdirda ham, ularning sanog‘iga yetish qiyin. Lekin kimdir bu ishni o‘z zimmasiga olishi kerak emasmi?

Shu o‘rinda bloglarning shunchaki vaqt o‘tkazish uchun gap yozish maydoni emas, hayot haqiqatini aks ettiradigan fikr maydoniga aylanishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bloglar mamlakat imijini yaratishda kuchli qurol bo‘lishi mumkin. Axir bugungi internetga dam olish, ko‘ngilochar maqolalar o‘qib, hordiq chiqarish uchun kirgan odamlarni rasmiy saytlarimiz emas, aksincha, qisqa, lo‘nda yozish usulini o‘zlashtirib olgan bloglar ko‘proq qiziqtiradi. Biroq ayrim bloglarda bugungi kundagi mamlakatimiz hayoti haqidagi tanqidiy fikrlarni ham o‘qishimiz mumkin.

Xorijdagi ayrim ig‘vogar saytlar  va ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mamlakatimiz va xal­qimiz turmush tarzi haqi­da ko‘plab haqoratli gaplar tinmay joylashtirilib turiladi. “O‘zbeklar vahshiy xalq, ular ikki kunlik go‘dakni beshikka belab qiynashadi”, deb yoziladi shunday saytlarning birida. Qizig‘i shundaki, bu post ijtimoiy tarmoqda ham ommalashib ketgani holda, uning ostiga qoldirilgan yuzlab mulohaza, izohlar ichidan an’analarimiz himoyasiga yozilgan bir og‘iz so‘zni ko‘rmadik. Internetda soatlab vaqtimizni o‘tkazamiz, tarmoqlarni har kuni o‘qiymiz, biroq mamlakatimiz haqida haqoratlar yozilganida vatanimiz sha’nini himoya qilolmaymiz. Nima uchun?

G‘arbda allaqachon munosabat jurnalistika degan tushuncha mavjud. Bu internetdagi kommentariy qoldirish, Like qilish kabi imkoniyatlardan munosabat bildirish, nuqtai nazarni himoya qilish maqsadida foydalanish deganidir. Bugungi informatsiya asrida bu tushunchani jamiyatimizda ham shakllantirish zaruratga aylanmoqda. Aytaylik, AQSHda bloglarga OAV maqomi hamda boshqa qo‘shimcha huquq­lar ular saylov jarayonlarini yoritishda ishtirok etishsagina beriladi. Bu bloggerlar salohiyatini davlat manfaatlariga yo‘naltirish degani. Bizda bunday cheklovlar yo‘q. Har kim istagan vaqtida blog ochish, undan istagancha foydalanish huquqiga ega. Shunday ekan, bloggerlar bu ishonchni sui­iste’mol qilmasligi, aksincha, axborot xuruji asrida mamlakatimiz manfaatlarini virtual olamda himoya qilishlarini istagan bo‘lardik.  

Zalvorli, tahliliy maqolalar professional jurnalistlar tomonidan gazeta va jurnallarda  muntazam e’lon qilinib boriladi. Biroq shu bilan birga, 8 millionlik internet auditoriyaga ega bo‘lgan mamlakatda kuchli fuqarolik jurnalistikasining bo‘lishi ham tarixiy zarurat. Shunday ekan, bloggerlarimiz faoliyatida qiziqarli “kundalik” yozuvlar bilan birga munosabat jurnalistikasini ham ko‘rgimiz keldi.

 SO‘NG SO‘Z

Qiziq, aslida monitor ortida berkinib o‘tirgan kimlarningdir, mamlakatimiz, xalqimiz sha’niga toshlar yog‘dirishiga tomoshabin bo‘lib turishimiz to‘g‘rimi? Axir biz internetda yuzlab bloggerlari, ijtimoiy tarmoqlarda minglab foydalanuvchilari bor bo‘lgan, buning uchun barcha sharoitlar yaratayotgan, zamon bilan hamnafas, dunyoviy davlatmiz. Qolaversa, internetdan foydalanish borasida hech qanday cheklov o‘rnatilmagan, bloggerlarning manfaatlari ham himoya qilinsa qilinadiki, lekin hech qachon kamsitilmagan. Mamlakat, millatning qadr qimmati baland! Uni kim tuhmat, ig‘volardan himoya qiladi? Fidoyi, vatanparvar fuqaro jurnalistlargina bu xurujlarga qarshi “fikr devori”, “mudofaa devori” bo‘lishi mumkin.

 Mohlaroyim QAYUMOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − twelve =