“SUVSOZ”: YANGI TEXNOLOGIYALAR JORIY QILINGACH…

Ayni paytda, jahon aholisining har 10 nafaridan 4 tasi toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekadi. Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, 2025 yilga borganda sayyoramizning 5,5 milliard aholisi toza ichimlik suvi tanqisligiga uchrashi mumkin. Chunki, chuchuk suv iste’moli, isrofgarchiligi muntazam ravishda ortib bormoqda.

Yurtimizda ham ichimlik suvidan tejab-tergab foydalanish borasida qator izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, “Suvsoz” korxonasi Toshkent shahri va shahar atrofidagi tumanlar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va foydalanilgan oqava suvlarni qayta tozalash bilan shug‘ullanadi.  Sohada qanday yangiliklar bor? Qanday yangi texnologiyalar tizimga joriy qilindi? Quyida “Suvsoz” korxonasi mutasaddilariga shu kabi savollar bilan murojaat qildik.

 

– Bugungi kunda korxonamiz tarkibidagi yettita inshoot kuniga 2 million 326 ming kub metr (80 foizi “Qodiryo” va “Bo‘zsuv” inshootlarida amalga oshiriladi) suvni tozalab beradi, – dedi korxona bosh muhandisi vazifasini bajaruvchi Bahrom Mannonov biz bilan suhbatda. – Tizim suvning sifati va nazoratini o‘rganib, kimyoviy tahlillarni amalga oshiradigan asbob-uskunalar bilan to‘la-to‘kis jihozlangan. Kimyoviy-bakteriologik laboratoriyalarda mikrobiologik va kimyoviy ko‘rsatkichlar davlat standarti talablari asosida doimiy ravishda tahlil qilinadi.

Tizimdagi boshqa o‘zgarishlar haqida gapiradigan bo‘l­sak, ma’lumki, “Suvsoz” eng ko‘p elektr energiyasi iste’mol qiluvchi tashkilotlardan biri, shu nuqtai nazardan qaraganda, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qi­lish zamon talabi edi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 27 fevraldagi “Toshkent shahri suv ta’minoti tizimini takomillashtirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, uchta ichimlik suvi tozalash inshootlaridagi eskirgan nasos qurilmasi o‘rniga Yevropa Taraqqiyot va tiklanish bankining kredit mablag‘lari evaziga zamonaviy, energotejamkor nasoslar (jami 87 dona) o‘rnatildi.

Ayni kunda poytaxtdagi ko‘p qavatli uylarni ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 169 ta nasos stansiyasi ishlamoqda. Modernizatsiyalash jarayonida «Grundfos» kompaniyasining 94 dona zamonaviy energotejamkor nasos qurilmasi foydalanishga topshirildi. Mana shu yangilik tufayli yiliga 1,7 million kVt/soat yoki 159 million so‘m mablag‘ iqtisod qilinmoqda.

Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida yaqinda yana 147 dona nasos yangisiga almashtirildi. Umuman, mazkur loyiha bo‘yicha jami 239 dona yangi nasos qurilmasi o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.

 Bularning, ya’ni yuqorida sanalgan yangilanish va o‘zgarishlarning hammasi yaxshi, juda zarur, albatta. Ammo iste’molchiga qadar bo‘lgan oraliqda va undan keyingi holatlarda isrof bo‘layotgan suv muammosi ham borligini unutishga haqimiz yo‘q. Afsuski, bunday muammolar tez-tez uchrab turadi. Aslida korxona bilan iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnomada ayni holatga yo‘l qo‘ymaslik alohida qayd etilgan. Ochig‘i, ba’zi hududlarda quvurlarning eskirib qolgani ham shu kabi muammoga sabab bo‘layotganini tan olishimiz kerak. Eskirgan ichimlik va oqava suv tarmoqlarini kapital ta’mirlash, tizimdagi suv yo‘qotishlarni kamaytirishga ham alohida e’tibor qaratilayotganiga ham ana o‘sha illatga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlardan biri. Raqamlarga e’tibor bersak, oxirgi besh yilda qariyb 90 kilometr ichimlik va 25 kilometrlik oqava suv quvuri  yangilandi.

Ichimlik suvini tejash uchun endilikda suv tarmoqlaridagi ko‘zga ko‘rinmas nosozliklarni ham aniqlaydigan zamonaviy uskunalar keng qo‘llanilmoqda. Endilikda, tejamkor texnologiyalarni oqava suvni tozalash inshootlariga ham tatbiq qilish zarurati bor. “Suvsoz” korxonasi bu borada bir nechta loyihalarni amalga oshirishni allaqachon boshlab yuborgan.

 Bundan  ko‘zlangan maqsad – Toshkent shahrining oqava suv tizimini ishonchliligini oshirish va sanitariya-ekologik vaziyatni yaxshilashdir. Loyiha doirasida oqava suvlar sifatini aniqlaydigan uchta kimyoviy-bakteriologik laboratoriyaga yangi uskunalar, shuningdek, oqava suv tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish uchun zamonaviy maxsus mexanizmlar harid qilindi.

Bundan tashqari, Salor, Bo‘zsuv va Bektemir oqava suv tozalash inshootlarida modernizatsiya ishlari olib borilib, barcha eskirgan texnologik uskunalari yangilariga almashtirilmoqda. Bu borada o‘tkazilgan tender savdolarida g‘olib topilgan “CNI22&SUCRDI” (Xitoy XR) kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan. Loyiha to‘liq amalga oshsa, elektr energiyasi sarfi va ekspluatatsiya xarajatlari ancha kamayadi. Oqava suvlarni biologik tozalash jarayoni yanada mukammallashadi. Xullas, bunday chora-tadbirlar natijasida, tozalangan oqava suvlar “belgilangan me’yor tarkibi” talab darajasiga yetkaziladi.

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − eight =