BAXSHILI EL – BOTIR EL

Baxshilar bashariyat kuychisi, ajdodlar merosini asrlar osha boyituvchi, o‘zbek xalq og‘zaki ijodining chinakam xazinabonlari, tug‘ma sozanda, badihago‘ylik san’atining yorqin yulduzlari deya e’tirof etilishlari bejiz emas. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li va Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Po‘lkan va Islom shoir, Umar baxshi va Qodir baxshilarning izdoshi bo‘lgan Qahhor baxshi Rahimovning umr bekatlarida betakror kechinmalar “Hurriyat” muxlislarini ham befarq qoldirmasligi shubhasiz!

Baxshichilik san’atining peshqadam vakili, go‘zal O‘zbekistonimizning buguni va ertasini, sha’ni-shukuhini avj pardalarda tarannum etayotgan qahramonimiz, bugungi kunda O‘zbekiston baxshilarining sardori hamdir.

 

Qahhorbaxshi 1957-yil Qashqadaryo viloyatining, Deh­qonobod tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq baxshisi. Nufuzli YUNESKO tashkiloti o‘tkazgan xalqaro ko‘rik-tanlov  sovrindori, Markaziy Osiyo baxshi shoirlar, oqin va jirovlar ko‘rik-tanlovining bir necha bor g‘olibi. Qahhor baxshining “Yodgor”, “Qo‘ng‘irot”, “Ahmad Yassaviy” dostonlari, “Mangulik javohirlari” terma va she’riy to‘plami nashr etilgan.

 

BOLALIGIM-PODSHOLIGIM

– Men Qodirbaxshi Rahimov xonadonida dunyoga kelganman. Onamning aytishlaricha, ro‘zg‘or ishlari bilan andarmon bo‘lganlarida, beshikda yig‘lagan paytlarim otam do‘mbirasini chalib meni ovutarkanlar.  To‘rt yoshga yetganimda, otam tog‘amiz Rajab shoirga aytib do‘mbira yasatib, keltirib berganlar. O‘sha do‘mbira bilan to  o‘smir yoshimgacha katta-kichik davralarda termalar kuylab yurganman. Hozir ham o‘sha do‘mbirani otamdan xotira sifatida asrab olib qo‘yganman. Otam aytardilar: “- O‘g‘lim do‘mbirani shunchaki qo‘lga olib bo‘lmaydi, ulug‘ aziz-avliyolarga sig‘inib, ustozlar haqqiga duolar qilib keyin do‘mbirani ushlash kerak. Ana shunda do‘mbira senga osmon darvozasining kalitini beradi”.

Shu o‘rinda bolaligimda ongimga o‘zining oltin muhrini bosib ketgan bir voqyeani aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Bilasizki, Dehqonobod tumani kengliklar, adirlar qirlardan iborat hudud. Yetti-sakkiz yoshlik paytimda qo‘zichoqlardan xabar olish uchun dashtga chiqsam, mendan ellik metrlar narida bir oppoq soqolli nuroniy bobo do‘mbira chalib, huzurbaxsh bir ovozda kuylayapti. YAqinlashib borganim sayin ichimdagi qo‘rquv yo‘qolib, o‘z-o‘zimdan ko‘nglim nurlanib bordim. Ohang sehridan mast bo‘lib, nuroniy otaxonning qarshisiga qanday borib qolganimni o‘zim ham bilmayman. Ko‘zimni ochganimda atrofimda hech kim yo‘q edi. Tushimmi yo o‘ngimmi, deb hayron bo‘lganman. Buni onamga aytganimda, o‘sha paytda bu haqda hech kimga aytmasligimni tayinlaganlar. Hali hanuz o‘sha nuroniy boboni tushlarimda ko‘rib chiqaman. 

Yaratganning qudratini yanada teranroq his qilaman desang, tog‘larga chiq deganlaridek, aslida ham, badihago‘y baxshining ruhoniyati, ma’naviy olami, muqaddas qadamjolardan kuch-quvvat oladi, yuksaladi.

             

YOSHLIK-BEBOSHLIK

– Yoshlikni mashoyixlar bekorga inson umrining bahoriga qiyoslashmas  ekanlar. Men ham hayotimning bu davrida, dong‘i butun markaziy Osiyoni tutgan Qodirbaxshining zurriyodi-dilbandi bo‘lib, bu faslning anvoyi iforlaridan, mushk-anbarlaridan baxtiyor, tamoman baxt-iqbol nash’asining toza suvlaridan qonib-qonib yurganimda da’fatan osmon boshimga qulab tushgan. Kutilmaganda bog‘imdagi chamanzorimni Abdulla Qodiriy ta’biri bilan aytganda bir mahluq kelib payhon qilgan, charaqlab turgan quyoshimni qora bulut ilkis kelib to‘sganki… padaribuzrukvorimdan ayrilib qolganmiz.      

O‘sha mash’um kun tongda otam to‘yga otlanayotganda Norxol momomiz tush ko‘rganlar. Ko‘rgan tushlaridan qo‘rqib otamni to‘yga bormaslikka harchand undasalar ham ko‘ndirolmaganlar. Otam to‘ydan qaytayotganda avtohalokatga uchrab 49 yoshida halok bo‘lganlar. Shu mud­hish voqyeadan bir hafta oldin qishlog‘imizda bo‘lgan bir yig‘inda xuddi xayrlashganday qilib – Meni yo‘qlaydi ellarim, bukchayib borar bellarim, Qo‘l bilan topgan pullarim, Jigar kunimni bilmadim… deb terma aytdilar. Hamma hayron bo‘lib qoldi, Qodirbaxshi nega bunday aytdi deb. Yana bir hodisa bo‘lgan, Surxondaryoga to‘yga borayotganimizda Shodmonbaxshi bilan men mashinaning orqasida, oldida otam Qodirbaxshi  ancha yo‘lgacha jim, xayol surib bordilar-da, bir mahal aytdilar: –  Endi mening 60 yilligimni o‘zlaringiz o‘tkazasizlar-da, – deb. Biz deyarli baravar, nega unday deysiz, dedik. Otam esa begim o‘tsa bekcham bor, yurt egasiz qolmaydi, norim o‘lsa norcham bor, yukim yerda qolmaydi, dedilar. Biz hayron bo‘lib yoqamizni ushladik… Donishmand otam tez orada chin dunyo­ga ketarini bilganmikin, deyman o‘ylab-o‘ylab.

Hayot esa o‘z yo‘lida, o‘z shamollari bilan davom etaverdi. Qodirbaxshi kuylagan so‘zlar saltanatining shogirdlari tilida, muxlislari dilida  kundan-kunga, yildan-yilga qimmati, hikmati,  oshib boraveradi.

 

YETUKLIK BEKATI

Yeldek uchib ketayotgan vaqt, umrning tez sur’atlar bilan ilgarilab borishi, insonning yoshini ulg‘aytirishi bilan birga, tuyg‘ularini, qarashlarini ham charxlab, tarashlab boradi. Hayot, yashash haqidagi kechagi xulosalaringni, bugun boshqacharoq fikrlaysan, mulohaza qilasan.

Bugungi yoshlarga qarab turib havasim keladi. Qanday dorilomon, jannat zamonda, qanday farovon Vatanda yashayapmiz… Iste’dod uchun, ijod uchun, o‘zingni, o‘zligingni namoyon qilmog‘ing uchun barcha imkoniyatlar, sharoitlar yaratilgan Vatanda umr guzaronlikdan ham ortiqroq baxt bormi insonga?! Dunyo maydonlarida O‘zbekning mad­hiyasi yangrayapti, O‘zbekistonning bayrog‘i hilpirayapti, ko‘rib, kuzatib turib yuraging hapriqib ketadi! Bizning yurtimizni dunyo taniyapti, dunyo tan olayapti. Beixtiyor tilingga so‘z quyilib keladi:

 

Istiqloldan kuylay quvnoq ohangda,

Ko‘p o‘zgarish bo‘ldi har bir sohangda,

Qancha zamon o‘tsa hamki jahonda,

Bizning davrimizday davron bo‘lmagan…

 

Vatanni gullatgan halqimga balli,

Dunyoga tanitgan ta’limga balli,

Samarqand yulduzi bilimga balli,

Biz topgan yulduzga gumon bo‘lmagan!

 

Qahhorbaxshi aytar terma dostonni,

Dilida ardoqlab O‘zbekistonni

Jannat deb ardoqlar cho‘lu-bo‘stonni,

Jahonda bundayin doston bo‘lmagan!

Bizning davrimizday davron bo‘lmagan!

               

Ozoda BEKMURODOVA

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 1 =