YUZLAR UYATDAN EMAS, KULGIDAN QIZARSIN

Kulgi deganda ko‘pchilikning yuziga tabassum yuguradi. Lekin birgina latifago‘ylik bilan kulgisevarlarga ma’naviy huzur bag‘ishlash uchun san’atkorga qancha kuch-quvvat, bilim kerakligi hech kimning xayoliga kelmaydi. Qiziqchilik san’atini yuqori darajaga ko‘targan katta san’atkorlarga havas qilib, o‘zi ham bayram va shodiyonalarda ichakuzdi hangomalari bilan kulgi shinavandalarining umriga umr qo‘shib kelayotgan qiziqchi Avaz Oxunning muxlislari ko‘payib bormoqda. Sababi, u hazil-mutoyibalari bilan insonning qalb manzaralari, ruhiy holatlari, axloqiy va falsafiy qarashlarini ochishga harakat qiladi. 

– Kulgi yurak osmonidagi xudbinlik, lanjlik va dangasalik bulutlarini haydaydi. Buyuk tibbiyot allomasi Abu Ali Ibn Sino aytganlaridek, nafas yo‘llarini ochib, tomirlarda qon aylanishini yaxshilaydi. Bu yurak zarbi bilan ham bog‘liq. Yuzlar uyatdan emas, xushchaqchaqlikdan qizarib turishini istayman, – deydi biz bilan suhbatda qahramonimiz.

– Hozir qiziqchilar ko‘p. Ammo nega haqiqiy so‘z ustalari kam…

– Ochig‘ini aytganda, ke­yingi paytda tor maishiy, o‘tkinchi yoxud unchalik diqqatga sazovor bo‘lmagan mavzularda kulgili sahna asarlari ko‘payib borayotganidan tashvishdaman. Kuldirishni o‘zim hayotda yuz berayotgan turli xil voqyea-hodisalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalab beradigan reportaj emas, u idrok, latofat va ijod mahsuli deb bilaman. Axir, kulgi zaminida inson tafakkurini harakatga keltiruvchi ilohiy qudrat yotibdi. Ustozim, san’atshunos olim Ma’mur Umarov qiziqchilikning vazifasi faqat kuldirishdan iborat emas, u ijtimoiy hayotning ma’naviy va axloqiy muammolariga aloqador yirik masalalarni o‘rtaga tashlashi bilan qiziqarli bo‘lishini qulog‘imga quygan. Haqiqatdan ham, bu san’at turi kishilar hissiyotiga ta’sir etuvchi vosita hisoblanadi. Kuldirishdan maqsadim – zamondoshlarimiz, jamiyatimiz taraqqiyotiga bog‘liq muhim fikrlarni ilgari surishdan iborat. Gohida kitob varaqlaganda yoki tanish-bilishlardan kulgili voqyealarni eshitganimda, uni sarobmi yoki haqqoniyligini tekshirish maqsadida soha mutaxassislariga murojaat qilaman. Ular lozim topganini boshqalarga ilinaman. Chunki, hamma ham o‘zimiz kabi xatolardan xoli emas. O‘zgalarning izzat-nafsi, milliy g‘ururiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan  kulgili, ammo o‘tkir satiraga ega bo‘lgan asarlar tafakkurni boyitib, hayot mushkulotlarini oson yengishga, yanada donishmandroq bo‘lishga undaydi. Xalqimizning shunday sevimli, mazmunga boy san’atini bema’ni qiliqlar, taqlidlar, parodiyalar orqali yerga urish hollari ham uchrab turibdi. Lekin quruq gaplar vaqt o‘tishi bilan xayoldan ko‘tarilib ketadi.

– Sahna madaniyati haqida nima deysiz?

– Sahna hayot ko‘zgusi. Bunda kichik bir detaldan tortib, hamma narsa hisobga olinishi va e’tiborda turishi kerak. Bu – sahna haqiqati. Qiziqchi tomoshabinlar bilan jonli muloqotga kirishadi. Sahnada o‘zini tutishi, aytgan har bir gapi uning ma’naviyati va madaniyatini qay darajada ekanini ko‘rsatib turadi. Ayniqsa, nutqida hiylakorlik bo‘lmasligi kerak. Tomoshabin bilan yuzma-yuz, chin yurakdan gaplashish san’atkorga sharaf, shu bilan birga, katta mas’uliyat yuklaydi. Keyin kulgi ham o‘z me’yoridan ortib ketsa, oqibati  yomon bo‘ladi. Umuman, sahna birinchi navbatda, soha vakillaridan samimiy, to‘g‘ri­so‘z, zukko va halol bo‘lishni talab qiladi.    

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qib yurgan kezlarimda, yuksak badiiy so‘z ustasi Hojiboy Tojiboyevning kulgi kechasida ishtirok etgandim. O‘shanda birinchi marta katta sahnaga chiqqanimda, o‘z ustimda hali juda ko‘p ishlash kerakligini anglaganman. Xayolan o‘ylab topgan narsalardan voz kechib, uzoq yillar davomida hayotni kuzatdim. Yurtimizning ko‘plab shahar va qishloqlarida ijodiy safarlarda yurganimda, kulgiga sabab bo‘ladigan holatlar oshib-toshib yotganiga guvoh bo‘ldim. Qahramonlarimning qalb manzaralari, ruhiy holatlari, axloqiy va falsafiy qarashlarining ohorini to‘k­masdan, sheva xususiyatlarini saqlagan holda yon daftarimga qoralab bordim. Haqi­qiy kulgiga sabab bo‘ladigan voqyealarga badiiy shakl va mazmun berib, o‘zlariga yetkazishga harakat qilayapman.

– Kulgining zaminida baribir adabiyot, hajviy asarlar turmog‘i zarur.  Adabiyotimizda bugun qanday yangi hajviy asarlar yaratilayotganidan xabaringiz bor?

– O‘z millatini yaxshi ko‘rib, shodligidan quvonib, nuqson va kamchiliklaridan tashvish tortib yozilgan barcha asarlar men uchun bitmas-tuganmas ilhom manbaidir. Masalan, hazrat Navoiy bobomiz ham qiziqchilik san’atini sevib, uning rivojiga hissa qo‘shgan o‘sha davrning mashhur so‘z ustalarini asarlariga kiritgan. Hatto musavvir Kamoliddin Behzod ham tasviriy san’at asarlaridan birini shunday tasvirlaydi. Bobur Mirzo o‘g‘il ko‘rgan. O‘g‘liga Humoyun deb ism qo‘yib, tug‘ilish sharafiga shaharda katta to‘y bergan. Miniatyurada mana shu to‘y manzarasi aks etgan. Bazm bir nech kun davom etib, saroyda muzika sadolari va qiziqchilar ovozi jo‘sh urib turibdi. Kartinada faqat olti nafar san’at ahli va muzika asbobini ko‘ramiz. Demak, biz ardoqlab kelayotgan qiziqchilik san’ati hazrat Navoiy, Ulug‘bek, Bobur Mirzo yashagan davr­larda ham bo‘lgan. Oradan qancha asrlar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, bugun ham soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotganlar talaygina. Atoqli yozuvchi Abdulla Qahhor o‘z asarlarida: “Kuldi, qah-qaha urdi, iljaydi, jilmaydi, tirjaydi, burni bilan kuldi, og‘zining tanobi qochdi, kulimsiradi, tabassum qildi, zaharxanda qildi, xandon tashlab kuldi”, deb kulgi ma’nosini turli xil bo‘lishini ifodalagan. Ayniqsa, ardoqli shoir Erkin Vohidovning hajviy she’rlari, yozuvchi Anvar Obidjonning qissa va hikoyalarida o‘ziga xos shunday o‘zbekona lutf borki, bu o‘zimda yo‘q sifatlarni to‘ldirishga, jam bo‘lgan xususiyatlarni ochishga yordam beradi. Ba’zan oddiy odamlar orasida  bo‘lib ham: “Tomchi – toshni yorar”, “Yomon yaxshi bo‘lmas, xo‘tik baxshi bo‘lmas” maqollari,  “Halol odam haromni bilmas”  kabi  ko‘plab ibratli iboralarni eshitib qolaman.

YAqinda yurtimizning chekka tumanlarining birida to‘yga borgandim. Butun qishloq ahli meni hurmat bilan kutib olishdi. Hazil-mutoyibalarimdan zavqlangan onaxonlar kaftlarini duoga ochib, ijodimga baraka tiladi. Hamma balo to‘y tugagandan keyin ulfatlar yig‘inida boshlandi. Davradagilardan biri dasturxonga tortilgan spirtli ichimliklardan xursand bo‘lib gapirsa, yana birisi qistir-qistirdan bo‘shamagan raqqosayu, usta oshpazning qozonigacha “kirib chiqdi”. Gap menga kelganida, kayvonilardan biri: “Endi, Mulla aka, qadah so‘zi aytish navbati sizga yetdi. Qani, bir “erkaklarbop” anekdotlardan aytib, bizlarni xursand qilib keting”, deb turib oldi. Men ham bo‘sh kelmasdan: “Uzr, akalar, menda faqat hammabopi bor. Istasalaring aytaman, istamasalaring ham xafa bo‘lmayman”, dedim. Ochig‘i, bunday davralarda o‘zimni g‘oyat begona sezaman. Axir, hayo, uyat degan tushunchalar faqat ayollarda emas, erkaklarda ham bo‘lishi kerak. Ba’zan buni hayotdan topolmay, iztirob chekaman. Yuzdan qon qochsa ham, uyat yo‘qolmasin. 

– Kulgi milliy til va tafakkur bilan ham bevosita bog‘liq. Ayrim qiziqchilarning til bilish masalasiga kelsak, mulohaza qilishimizga arzirli  o‘rinlar ko‘p. Bu borada sizning munosabatingiz qanday?

– Agar ta’bir joiz bo‘lsa, san’atning sanoatdan farqi bor. Qiziqchilik qiliqchilik emas, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, u tafakkur mahsuli. Bu to‘g‘risida ayrimlar ma’lum tushunchaga ega emas. Shu sababli, keyingi paytda “tish-tirnoqsiz”, charx yemagan latifalar bemaza qovunning urug‘idek ko‘payib borayapti. Agar kimnidir kuldirish qo‘lidan kelmasa, unda o‘z vaqtida qo‘lidan keladigan biror ishni boshini tutgani ma’qul. Ehtimol, uning nasibasi sahnada emas, boshqa yerga qo‘shilgandir. Bu haqida san’atni faqat “shou biznes” deb yurgan ukalarimiz o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi.

Xalqimizning qiziqchilik san’atiga bo‘lgan mehri juda baland. Ko‘ngliga yaqin kuy-qo‘shiqlar, qiziq gaplarni uzoq vaqtgacha xayolida takrorlab yuradi. Insonlarga estetik zavq beradigan, aql-zakovatni charxlab turadigan chinakam satirik asarlarni ko‘paytirishimiz lozim. Buning uchun san’at dargohlaridagi miniatyura, hajv to‘garaklari haqiqiy so‘z ustalariga berilishi kerak. Agar qiziqchi hayotdagi kulgili narsalarni il­g‘ay olmasa, odamlarni kuldiraman deb o‘zi kulgili holatlarga tushib qolishi hech gap emas. Qiziqchilar tilshunoslar bilan hamkorlik qilishdan tash­qari, adabiyotimizda qanday yangi hajviy asarlar yozilayotganidan xabardor bo‘lsalar, kulgi kechalarining ta’siri yanada oshgan bo‘lar edi.

– Suhbatimiz mavzusi ham ancha jiddiylashib ketdi. Bu boradagi fikr-mulohazalarimiz hali-veri tugamaydiganga o‘xshaydi. Keling, yaxshisi, sermazmun hazil-mutoyibalar bilan “Hur­riyat” gazetasi muxlislarini xushnud etsangiz…           

            Bajonidil. Xalqimiz azaldan kishilarning  kamchiliklariga xos laqab qo‘yib chaqirishadi. Ayniqsa, bu narsa san’atkorlar orasida ko‘p uchraydi. Masalan, Yusuf qiziq, To‘ychi hofiz, Abduqodir naychi va boshqalar. Hajviyaning ideal qahramonlari ham uy­g‘urlarda Salay Chaqqon, turkmanlarda Kamina, tojiklarda Mushfiqiy, qozoqlarda Aldar ko‘sa, o‘zimizda esa Xo‘ja Nasriddin Afandi degan nomlar bilan mashhur. Nasriddin afandi obrazi necha yillardan beri yaxshilik, odamiylik kabi ijobiy xislatlarni targ‘­ib etib kelmoqda.

***

Bir nodon qozi shoir bo‘lishni havas qilib, bo‘lar-bo‘lmas gaplardan she’r to‘qibdi va uni maqtasa kerak, deb afandiga ko‘rsatibdi.

– Qalay, boplabmanmi?

Afandi she’rlarni o‘qib ko‘rib, burnini jiyiribdi:

 – Siz she’r yozmasangiz nima edi, qoziligingizni qilavermaysizmi?

– Buni olib borib otxonaga qamab qo‘y. She’rni qayerdan biladi bu, – debdi bundan g‘azabi qaynagan qozi.

Afandi bir hafta otxonada qamalib yotibdi. Bu orada qozi janoblari qanchadan-qancha she’rlar yozibdi. Bulardan biri yoqib ketibdi-da, afandini yana chaqirtiribdi.

– Qani, bularni o‘qi-chi, – debdi she’rlarni unga berib. Afandi she’rlarni o‘qib bo‘lgach, indamay o‘rnidan turib ketaveribdi.

– Qayoqqa, – debdi qozi.

– She’rlaringiz shu bo‘ladigan bo‘lsa, yana otxonaga taqsir…

***

– Boy aka, sizga nima bo‘ldi?

– Ko‘rmayapsanmi, bug‘doyim payxon bo‘lib ketdi. Bu kimning tuyasi? Urib qovurg‘asini sindiraman.

– Bunaqa yaxshi tuyani urib nima qilasiz?

– Bu seni tuyangga o‘xshaydi-a?

– Ha, bizniki.

– La’nati, menga ziyonini to‘laysan, hm…

– Boy aka, achchiqlanmang. Men borib haydab yuboraman.

– Yo‘q, sen uni daladan haydab chiqarguncha, bug‘doyimni bosib, bundan ham battarroq payhon qiladi.

– Nima qilay, axir, – debdi Aldar ko‘sa.

– Ko‘tarib olib chiq…

Adiba UMIROVA gurunglashdi

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =