HUNAR CHASHMA ERUR…

Qachon bo‘lsayam ko‘ylaklarimizning tugmasi o‘ynoqlashib qolishi bor – hech bo‘lmasa bir marta. Qo‘yavering, tushsa tushar o‘sha tugma. Shuginani qaytib joyiga qadash ham ish bo‘ptimi? Ammo… o‘sha dam onamiz, opamiz va yo singlimiz barmog‘iga nogoh igna kirib, “voh” deb yuborganida ko‘ngildan nelar o‘tmaydi. Igna go‘yo o‘zimizga sanchilgandek seskanib ketamiz. Kun kelib bu yumush kelinchak zimmasiga tushganida o‘zni qanday tutamiz ekan – tag‘in ham etimiz jimirlab ketarmikin yoki uquving yo‘q, deya do‘q uramizmi?

 Oilaviy munosabatlar o‘zimiz kutgandan ziyodroq mas’uliyat va majburiyat talab etadiganga o‘xshaydi. Bitta tugma tegrasida butun boshli tuyg‘ular aylanayotgan bir paytda, eru xotinni bir-biriga shu qadar suyuk, aziz va mukarram etgan sababiyatni par yostiqlar yoinki ko‘rpa-to‘shaklardan axtarish joizmi? Zotan, ­Yurt­boshimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek, “…insonning eng sof va pokiza tuy­g‘ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag‘rida shakllanadi”. Bu – ayni haqiqat. Shu ma’noda inson uchun har narsaning mohiyatini anglash, odamlarning qadru qimmatini to‘g‘ri tushunish, oilaning farovon yashashini munosib tashkil etish, qisqasi, har tomonlama mukammal bo‘lish uchun ilm va hunar o‘rganish zaruriy ehtiyojlardan biridir.

Istaymizmi-yo‘qmi, oiladagi farovonlik, sog‘lom muhitning asosi ko‘p jihatdan moddiyatga borib taqaladi. Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan ishlar zamirida ham farovon turmush, farzandlarni sog‘lom muhitda kamol toptirishdek ulug‘vor maqsadlar mujassamdir. Jumladan, o‘tgan yili kamida 50 foiz ishchi-xizmatchilari xotin-qizlardan iborat kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlariga tijorat banklari tomonidan 770 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi. Buning natijasida yurtimizning turli go‘shalarida, chekka qishloqlarda go‘zallik salonlari, ta’mirlash va tikuv sexlari, maishiy texnikalarni tuzatish shoxobchalaridan iborat 150 dan ortiq xizmat ko‘rsatish kompleksi barpo etildiki, ular joylarda aholining turmush madaniyatini oshirishda katta hissa bo‘ldi.

Shuningdek, o‘z biznesini tashkil qilishga intilayotgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari yigit-qizlarga 170 milliard 700 million so‘m miqdorida kredit ajratib, ular o‘z xususiy ishini ochish imkoniga ega bo‘lganining o‘ziyoq iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yechishga imkon berdi. To‘g‘ri, bunday ko‘p xonali sonlar zamirida hayotga tatbiq etilayotgan ishlarni igna tutishga mengzab bo‘l­maydi. Bir qarashda, ushbu  mablag‘larni tadbirkorlik faoliyati uchun sarf etilyapti, deya izohlash mumkin. Aslida ham shunday. Bu kabi tashabbuslar asosida oilada sog‘­lom muhitni qaror toptirish, yetuk, barkamol avlodni voyaga yetkazishga bo‘lgan e’tibor va fido­yilikni anglash qiyin emas.

Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Sog‘lom oila” nodavlat notijorat tashkilotining bu borada faoliyati tahsinga loyiq. Mazkur jamoa o‘z faoliyatini bundan o‘n yil muqaddam boshlagan. Asosiy maqsad – xotin-qizlar va bolalar, faxriylar va nogironlar, umuman, viloyat aho­lisining reproduktiv salomatligini muhofaza qi­lish, mustahkamlash va tiklashdan iborat. Prezidentimizning “2014-2018 yillarda O‘zbe­kis­tonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori tashkilotning kelgusi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur qaror bolalarni jismoniy va ma’naviy jihatdan kamol toptirish, yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilish bilan birga, oilada ahillik, o‘zaro hurmat muhitini qaror toptirish, iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, yosh­larning qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlarga poydevor bo‘layotir. 

– Sog‘lom bola sog‘lom oilada o‘sib-ulg‘ayadi, – deydi tashkilot rahbari Lola Erniyozova. – Oilada ana shunday muhitni shakllantirishda yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish yo‘lidan bormoqdamiz. Ro‘zg‘orning o‘ziga yarasha og‘ir-yengili, pastu balandini hali to‘la his qilmagan yosh oilalarda ba’zan arzimagan vajlar bilan er-xotinning gapi qovushmay qolayotganini kuzatamiz. Aksar hollarda bu moddiy yetishmovchilik bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Aynan shunday vaziyatlarning uchramasligi, oilada tinch-totuvlik hukm surishi uchun ham tashkilotimiz o‘z faoliyati mobaynida qizlarni kasb-hunarga o‘rgatishni maqsad qilgan. Shu asnoda ular oilaviy hayotga tayyorlab boriladi.

“Sog‘lom oila” nodavlat notijorat tashkiloti 2013 yilda “Xorazm viloyati yoshlarini tadbirkorlik faoliyatiga o‘rgatish” loyihasi doirasida ish olib bordi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant mablag‘lari asosida hayotga tatbiq etildi.

O‘zining istiqbolli va maqsadli loyihalari bilan faol ish yuritayotgan “Sog‘lom oila” tashkiloti asosan yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltiradi. Qolaversa, ularni kasb-hunarga o‘rgatish barobarida oilaning aziz va muqaddas ekanini uqtirib boradi.

Xususan, loyiha doirasida qizlarni pazandachilik ko‘nikmalariga o‘rgatish uchun ikki oylik to‘rtta o‘quv kursiga 40 nafar, tikish-bichishni o‘rganish uchun 30 nafar xotin-qiz jalb etildi.

Ayni paytda tashkilot  davlat grant mablag‘lari asosida “Orasta qiz bor joyda oila sog‘lom bo‘ladi!” loyihasi ustida ish olib boryapti. Ushbu loyiha jamiyatda mustahkam, sog‘lom va farovon oilani shakllantirishda qizlarning faolligi, savodxonlik darajasi bilan birga ularning oilaviy hayotga mas’uliyatini ham oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu tashkilot viloyatda aholi salomatligini mustahkamlash va oilaning tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida “Orasta qizlar” to‘garagi faoliyatiga ko‘mak beryapti. Yoshlarni sportga jalb qilish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida Urganch, Xiva, Qo‘shko‘pir, Xonqa tumanlarida bir qator tanlovlar uyushtirildi. “Sog‘lom oila” tashkiloti faoliyati mohiyatini yaqqolroq ochib berishda ahli donishlardan biri Xurramiy aytgan quyidagi misralar aynan mos keladi:

Oltining xarj bilan  oxir bo‘lar kam,

Hunar shunday ganjki, kamaymas hech dam!

Ularning farqini aytsam agarda,

Hunar chashma erur, oltin-chi, shabnam!

Xullas, bunday tashki­lotlar hayot tarzimizga tobora singishib borgani sari, ular davlat va jamiyat o‘rtasida samarali aloqani ta’minlash, odamlarning kayfiyatini, mamlakatda kecha­yotgan o‘zgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda. Ularning ozmi-ko‘pmi olib borayotgan mehnat jarayonida Yurtboshimiz: “Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir”, deya ko‘p bor ta’kidlagan  fikrning in’ikosini ko‘ramiz.

Ha, yana bir gap. Yuqorida tugma qadash haqida gapirgandik. Bu tashkilot tarbiyalagan qizlarning chevarligiyu pazandaligini eshitib-ko‘rib, biz yigitlar xursand bo‘lmay, kim quvonsin?! Axir, ular kelajakda yaxshi uy bekasi bo‘lsa, biz ham yaxshi bek bo‘lishga harakat qilamiz-da! A, nima dedingiz?! 

 

Akmal JUMAMURODOV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + nineteen =