EZGU NIYATLAR AMALIYOTGA

Tikuvchilikka Dildoraning mehri yoshligidan tushgan. Ha, demay maktab hayoti ham orqada qoladi. Yo o‘qishga kirishi yoki hunar etagidan tutishi kerak, deb o‘ylardi u o‘zicha. O‘ziga qolsa jon deb tikuvchilik kursiga borgan bo‘lardi. Buning uchun tuman markaziga qatnashi kerak. Masofa anchagina olis. Qishlog‘idagi yagona tikuvchi Mehriniso opa esa hamqishloqlarining buyurtmasidan ortmaydi.

Buni qarangki, chin dildan xohlasang niyating yo‘ldosh bo‘lar ekan. Bir kuni qishloqqa yoshlarga tikuvchilik sirlarini o‘rgatadigan o‘quv markazi mutaxassislarining o‘zi kelibdi deng. Buni eshitgan Dildora birinchi tala bgorlardan bo‘lib chiqdi. Endi u sevgan kasbining egasi bo‘lishi aniq. Saboq jarayonlari tezlashtirilgan bo‘lsa-da Dildora barcha sir-asrorlarni tezda o‘zlashtirib oldi.

  Siz, ko‘chma o‘quv markazlari ham bo‘larkan-da, dersiz. Ha, adashmadingiz shunday o‘quv-markazi Navoiy viloyatida bor.

  “Navoiy” Biznes inkubator mas’uliyati cheklangan jamiyati yoshlarni shu tariqa turli kasbga o‘rgatib, o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishda katta yordam berib kelmoqda.

 Bevosita jamiyat haqida to‘xtaladigan bo‘lsa, u 2004 yili nodavlat notijorat tashkilot sifatida o‘z ishini boshladi. Muassasaning asosiy maqsadi yosh tadbirkorlarga texnika va texnologiyalarning yangi turlarini, menejmentning ilg‘or usullarini ishlab chiqarishga tadbiq etishda ko‘maklashishdan iborat. Tashkilot viloyatdagi yosh tadbirkorlarga, uslubiy va axborot yordamini ko‘rsatish yuzasidan ham qator tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, ishbilarmonlarga boshlang‘ich ishning tashkiliy-texnik jihatlarini tashkil qilish va rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish uchun sharoit yaratish hamda eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosa oladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etayapti.

 – Bizning asosiy yo‘nalishlarimizdan biri bu qisqa o‘quv kurslarini tashkil etishdir – deydi jamiyat rahbari Ahror Murtazayev. – Bu kurslarda yoshlarni qiziqishini inobatga olgan holda turli kasblarga yo‘naltirib, o‘qitamiz. Shu bilan birga tadbirkorlikka moyilligi bor o‘quvchilarni tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitib, imkon qadar tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘­mak beramiz. Faoliyatimizni boshlaganimizga o‘n yildan oshdi. Shu yillar mobaynida bizning kurslarda o‘z malakasini oshirgan yuzga yaqin yurtdoshlarimiz o‘z kelajagini mustahkam belgilab oldi. Bevosita raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2013 yil davomida biznes inkubator tomonidan qariyb 347 ta yigit-qizlar o‘qitilib, qayta kasbga yo‘naltirdi. Bu ko‘rsatkichni o‘quv yo‘nalishlari bo‘yicha tahlil qilsak, kompyuter savodxonligida 160 ta, kasbga o‘rgatish (tikuvchilik) da 135 ta, buxgalteriya yo‘nalishida 15 ta, oshpazlik yo‘nalishida 15 ta va boshqa yo‘nalishda esa 22 ta o‘quvchi qayta o‘qitildi. O‘quvchilarga darslar davomida, tadbirkorlik sub’­yektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, biznes rejani tuzish, xususiy tadbirkorlik bilan oilaviy korxonaning farqlari borasida malakali murabbiylar tomonidan bilim berildi. O‘quv kurslari yakunida har bir tumanda ko‘rgazmali chiqishlar namo­yish etilib, kurslarni tugatgan barcha tinglovchilarga sertifikat topshirildi.

 «Navoiy» biznes inkubator har yili Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi bilan hamkorlikda “Diplom bilan biznesga” loyihasini amalga oshirib kelayotir. Loyihadan ko‘zlangan maqsad viloyatdagi oliy va o‘rta maxsus ta’limi muassasalari bitiruvchilarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb qilish, biznes rejalarni tayyorlashga amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat. 2012 yilda loyiha doirasida 115 nafar ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘z biznes loyihalari bilan ishtirok etishdi. Shundan 53 nafar yoshlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun tijorat banklari tomonidan 44 million 400 ming so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada viloyatda qo‘shimcha 70 dan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. 2013 yilda esa 80 nafar kollej talabalari saralab olinib o‘qitildi. Ikki kunlik seminar-trening yakunida ishtirokchilar o‘z biznes rejalarining taqdimotini o‘tkazishdi. Eng yaxshi biznes loyiha egalariga tijorat banklari tomonidan kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar berildi.

 – Albatta tadbirkor bo‘lishning ozmi-ko‘pmi o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. 2011 yili yaxshi niyatlar bilan ishbilarmonlikka qo‘l urdik – dedi, “ADA serves Navoiy” poligrafiya korxonasi rahbari Sabur Ergashev. – Ish boshida tajriba yetishmasligi ancha bilindi. Ayrim muammolarga duch keldik. Keyin mana shu biznes jamiyati haqida eshitib ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘y­dik. “Navoiy” Biznes inkubator ko‘magi tufayli huquqiy bilimlarimni ancha mustahkamlab oldim. Ayni damda ish ko‘lamini kengaytirish va ishchilar sonini oshirishni ham rejalashtirib turibmiz.

 Shuni alohida ta’kidlash joizki, “Navoiy” biznes inkubator tashkiloti, davlat grant tanlovlarida ham o‘z loyihalari bilan faol qatnashib kelayotir. Jumladan, 2012 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan “Ayollar va yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, uzoq tumanlar va qishloq hududlarida ularning kasbiy ta’limini yaxshilash” nomli loyihasiga 15 million so‘m grant mablag‘i ajratilgan edi. Ushbu mablag‘lar hisobidan viloyatning chekka tumanlari Nurota, Konimex va Xatirchida 90 nafar qiz va ayollarga amaliy ko‘mak berildi. Grant mablag‘lari hisobidan uch komplekt kompyuter jamlamasi, tikuv mashinalari va shu kabi bir qator muhim buyumlar sotib olindi. Bu ishlarni uzviy davomi sifatida 2014 yilda ham mazkur fond tomonidan e’lon qilgan tanlovda tashkilot o‘z loyihasini taqdim etdi. Loyiha 14 million so‘m miqdoridagi davlat grantiga ega bo‘ldi. Bu jamiyat maqsad-muddaolarini yoshlar orasida kengroq yoyishda ko‘mak bo‘layotir.

 Mazkur loyiha doirasida Nurota tuman hokimligi va Mahalla xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda “Istiqlol” va “Dehibaland” mahallalarida jami 49 nafar yosh xotin-qizlar, Konimex tumanidagi “Yangi obod” QFY, “Oxunboboyev” va “M.Muratov”, “Shurkul” MFYda 53 nafar, Xatirchi tumanidagi “Navro‘z” mahallasidan 30 nafar ayollar va yoshlarga zamonaviy tikuv mashinalarida bichish-tikishga o‘rgatildi. Bundan tashqari har bir tinglovchiga 50 soatlik kompyuter savodxonligi bo‘yicha bepul darslar o‘tildi.

 – Uy yumushlardan ortib, oilamizga foydasi tegadigan biror-bir ish qilsam degan o‘yda yurardim, – deydi Nurota tumani Dehibaland mahallasida istiqomat qiluvchi Zamira Ro‘ziyeva. – Ushbu markaz tomonidan qishlog‘imizda tashkil etilgan o‘quv kurslarini eshitib borishga ahd qildim. “Navoiy” biznes inkubatorning ayollarga turli hunarlar o‘quvini tashkil qilgani hayotimizga yangicha ruh olib kirdi. Ko‘plab hamqishloq xotin-qizlar bilan birga zamonaviy tikuvchilik kasbini egalladik. YAqinda yangi zamonaviy tikuv mashinasini xarid qildim. O‘z oilaviy biznesimni boshlash arafasidaman. Bu borada menga moliya muassasasi – banklar ham yordam berishga tayyor.

 Qisqa qilib aytganda bugun jamiyat tomonidan qilinayotgan ezgu ishlarga balli, deysiz. Chunki bir insonni kasbga o‘rgatish, uning jamiyatda o‘z o‘rnini topishda ko‘maklashish katta savob amallar sirasidandir.

 Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + seventeen =