INTERNET VIDEOKONTENTI:MUAMMO VA YECHIMLAR

Internet – reallikning ko‘zgudagi aksi, raqamli in’ikosi. U ijtimoiy hayotga yangicha shakl va mazmun bag‘ishladi. Davlat boshqaruvi, ishlab chiqarish, ijod, ta’lim, muloqot singari hodisalar qatorida OAV tizimi ham virtual kenglikdan joy oldi. Ular alohida axborot vositalaridan tarkib topgan ko‘p tarmoqli mexanizm emas, balki tipologik jihatdan qorishiq, uyg‘un mediatuzilmalar sifatida qayta shakllandi. Avval matbuot nashrlaridan boshlangan jarayon keyinchalik radio va televideniyeni ham qamrab oldi.

Ayni vaqtda milliy axborot makonida barcha ommaviy axborot vositalari o‘z veb-saytiga ega bo‘lib, bu resurslardan kontent tarqatishning qo‘shimcha kanali sifatida foydalanmoqda. Shuningdek, faqat veb-kenglikda faoliyat olib boruvchi elektron matbuot nashrlari auditoriyasi ham kengayib bormoqda. Global tarmoq foydalanuvchilariga moslashtirilgan internet-radiokanallar shakllanmoqda. An’anaviy televideniyega muqobil va raqobatchi tuzilma internet-telekanallar OAVning virtual makonga ko‘chish jarayo­nida yakuniy nuqta bo‘lishi kutilmoqda.

Mazkur vaziyatda internet-jurnalistika, veb-dizayn va dasturlash sohalariga ixtisoslashgan yuqori malakali kadrlar taqchilligi sezilayapti. Bu borada asosiy mas’uliyat oliy ta’lim muassasalari zimmasiga tushadi. Shuningdek, jurnalistika ta’limi jarayonida OAV tiplariga ko‘ra ixtisoslashuv bilan bir qatorda virtual makonda ishlab biladigan, universal kadrlarni tayyorlashga ham e’tibor qaratish lozim.

2013 yil may oyida O‘zbekiston hududida internet-foydalanuvchilar soni (mobil Internet foydalanuvchilari bilan birgalikda) 10 milliondan oshdi. Bu mamlakat aholisining 1/3 qismi bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Demak, kelgusida tashkil etilishi kutilayotgan internet-telekanallar mediamahsulotiga qiziquvchi auditoriyani barpo etish borasida muammoga duch kelinmaydi.

Internet-telekanallar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yana bir to‘siq moliyalashtirish bilan bog‘liq. Shu jihatdan on-line telekanalni tashkil etishda dastlab g‘alati vaziyat vujudga kelishi mumkin. Reklama beruvchilar ishonchini qozonish, kapital jalb qilish uchun resursning ko‘p sonli auditoriyasini asos qilib olish eng samarali usuldir. Biroq bu auditoriyani yig‘ish, saytni “aylantirish” uchun, avvalo, mablag‘ kerak. Bunday vaziyatda dastlabki sarmoya qayerdan topiladi? Boshlang‘ich kapitalsiz ham on-line telekanal faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkinmi? Ha, mumkin. Buning uchun mediaresurs kontentini dastlab videoxostinglar orqali tarqatish va shu orqali doimiy auditoriyani qamrab olish maqsadga muvofiqdir.

Uznet miqyosida tele ham­da videotranslyatsiyalar borasidagi muammolardan yana biri www.mtrk.uz saytining milliy professional televizion kontent tarqatish borasida yagona vakillik resursi ekani bilan bog‘liq. Albatta, O‘zMTRK tarkibidagi telekanallarning umumiy manbaga birlashtirilganligi ko‘p jihatdan ijobiy holat. Jumladan, barcha markaziy teleradiokanallar mazmun-mundarijasi bilan yagona veb-saytda tanishish imkoniyati foydalanuvchilar uchun ancha qulay. Bu vaziyatda teledasturlarni on-line rejimida tomosha qilish yoki videoarxiv materiallarini ko‘zdan kechirish uchun turli resurslarga murojaat qilish shart emas. Biroq mazkur vaziyatda teleradiokanallar ijodiy faoliyatiga oid kamchiliklar yaqqol seziladi. Kontent va uslubning o‘xshashligi, raqobat munosabatlari shakllanmagani singari muammolar shular sirasiga kiradi.

Mazkur sharoitda, eng avvalo, veb-sayt “tashrif qog‘ozi”ga aylanib qolmasligi lozim. Buning uchun esa uni virtual kenglik qonuniyatlariga rioya qilgan holda yuritish, ushbu jarayonga professional veb-dizayner, IT-mutaxassislar, internet-jurnalistlarni jalb qilish darkor.

Uznet videokontentida keng tarqalgan yana bir muammo mualliflik huquqi bilan bog‘liq. Bu ayniqsa, videoxosting hamda kollektor saytlarda keng tarqalgan va quyidagi ko‘rinishlari uchraydi:

Âtelevizion efirdan yozib olingan, boshqa veb-resurslardan yuklab olingan veb-videoning joylashtirilishi;

Âsaytga joylashtirilgan videomateriallarga resurs logotipining qo‘yilishi;

Âvideofayllarni yuklab olish imkoniyatining mavjudligi.

Umuman olganda, mualliflik huquqi masalasi internet miqyosida dolzarb muammolardan biri bo‘lib, huqu­qiy jihatdan uning maqbul yechimini topish ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. O‘zbekiston sharoitida global tarmoq, telekommunikatsiyalar taraqqiyoti va faoliyatining prinsiplariga oid qator qonun hujjatlari qabul qilingan, biroq internet-translyatsiyalarning aynan ijodiy aspektlari milliy qonunchilikda e’tibordan chetda qolmoqda. Shunga ko‘ra, internetda taqdim etilgan mualliflik videokontenti O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 20 iyulda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunidagi audiovizual asarlarga bag‘ishlangan bandlar or­qali tartibga solinadi. Biroq Qonunning 15-moddasida bunday tipdagi asarlarga berilgan ta’rif veb-videoning barcha jihatlarini qamrab olmagani seziladi:

“Audiovizual asar mualliflari (hammualliflari) quyidagilardan iboratdir:

Âsahnalashtiruvchi rejissyor;

Âssenariy muallifi;

Âmuayyan audiovizual asar uchun maxsus yaratilgan matnli yoki matnsiz musiqa asari;

Âsahnalashtiruvchi operator;

Âsahnalashtiruvchi rassom…”

Bu mezonlar jamoaviy ijodiy faoliyatga asoslangan televizion hamda kinokontentga mos bo‘lib, veb-videoning ayrim ko‘rinishlarinigina qamrab oladi. Videoxostinglarga joylashtiriladigan mualliflik materiallarini huquqiy jihatdan tartibga solish masalasi ochiqligicha qolmoqda. Shuningdek, UTube, Mover hamda MyTube portallaridan video yuklab olish xizmati ham mualliflik huquqi jihatidan muammolidir. Ammo UTube mazkur holatda yuqorida nomi keltirilgan Qonunning 26-moddasini asos qilib, o‘z faoliyatini yuklab olingan materiallarni ta’lim-tarbiya jarayonida ko‘rgazmali vosita sifatida qo‘llash imko­niyati bilan izohlashi mumkin. Shuningdek, MyTubedagi barcha videomateriallarni portal logotipi bilan belgilash mualliflik huquqining ham buzilishi, ham muhofazalanishi sifatida baholanishi ahamiyatlidir. Ya’ni portalni bu o‘rinda ma’lum ma’noda turdosh huquq sub’­yekti sifatida o‘z huquqini himoyalayotgan sanash mumkin. Biroq kontentda mualliflik huqu­qiga zid keluvchi jihatlarning mavjudligi resursni muammoli vaziyatga solib qo‘yadi.

Xullas, Uznet videokontenti qisqa vaqt mobaynida shiddatli tadrijiy taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tib, bugungi kunda unda televizion va videokontent rang-barangligini kuzatish mumkin. YAqin besh yilda mavjud muammolar o‘z yechimini topishi kutilmoqda. Bu borada esa internet audiovizual kontentining huquqiy kafolatlarini yaratish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

 

Gulnoza NAJMIDDINOVA,

O‘zMU jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =