QAYDA BOR BUNDAY MAKON?!

Bu diyorning fayzi bo‘lakcha. Bu o‘lkaning odamlari o‘zgacha. Bu yurtning tuprog‘ida zar unadi. Musaffo osmonida qaldirg‘ochlar chax-chax urib, hur va ozod parvoz qiladi. Xalqi bunyodkor, mehnatkash, mehr-oqibatli, insof-diyonatli, yaratish, yashnatish ishqi bilan yonib yashab, dunyoga dovrug‘ solgan ajdodlariga munosib vorislar bo‘lishga intiladi. Keksalari duogo‘y, yoshlarining qadamidan o‘t chaqnaydi, g‘ayrat-shijoati ichiga sig‘maydi, bilimi va iqtidori, yuksak intellektual salohiyati, jismoniy kuch-quvvati bilan jahonga bo‘ylashadi. Bu elda har bir inson baxtiyor va farovon umrguzaronlik qiladi. Bu davlat qisqa muddat ichida shunaqa ulkan marralarni zabt etdiki, olam ahli uning yutuqlaridan lolu hayron, hayratu havasda…

 To‘g‘ri angladingiz, chindan ham, yuqoridagi ta’rifu tavsiflar bizning jonajon Vatanimiz – o‘zligini topgan, “mana, man” deya ko‘kragini g‘oz qilib butun dunyoga o‘zini namoyon etayotgan O‘zbekistonga xos. Ha, O‘z­bekis­ton bugun o‘z oldiga qo‘y­gan ulkan strategik maqsad – eng rivojlangan, ilg‘or va demokratik davlat barpo etish sari taraqqiyotning oydin yo‘lidan dadil odimlamoqda. Buni mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan barqaror sur’atlarda rivojlanayotganida, aholi turmush farovonligining izchil va muntazam ravishda oshib borayotganida, shahar va qishloqlarimiz kun sayin chiroy ochib, obod bo‘lib, yangi qiyofa kasb etayotganida, eng muhimi, tizimli ravishda davom ettirilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Asosiysi, odamlarimizning ruhiyati va dunyoqarashi, hayotga, o‘z mehnatining natijasiga munosabati, jahonda va yon-atrofda sodir bo‘layotgan voqyea-hodisalar, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi tubdan o‘zgarmoqda. Fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi, burch va mas’uliyatni ang­lash tuyg‘usi kuchayib bormoqda.

Albatta, keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli va katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari, demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati, ozod va obod Vatan qurishga qaratilgan, yurtimizning qiyofasi va hayotimizning ma’no-mazmunini butunlay o‘zgartirib yuborgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlar va hayotning o‘zi, haqiqatan ham, biz qabul qilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘l ekanini yaqqol tasdiqladi. Bunday salmoqli yutuqlar shu zaminda yashayotgan, millati, dini va e’tiqodidan qati nazar, barcha insonlarning azmu shijoati, ularning o‘z kelajagiga bo‘lgan mustahkam ishonchi, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, millatlararo totuvlikni saqlash yo‘lidagi fidokorona sa’y-harakatlarining totli mevasidir.

Bugun Mustaqillik atalmish totli ne’mat tufayli o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqini qo‘lga kiritdik. Istiqlol bizga milliy qadriyatlarimizni, qadimiy merosimizni, ma’naviy boyligimizni, eng go‘zal, betakror, hech bir xalqnikiga o‘xshamaydigan urf-odat, an’ana va udumlarimizni, bir so‘z bilan aytganda, o‘zligimizni qaytardi. Ana shulardan biri shubhasiz, uzoq yillar og‘ir qatag‘onlardan omon chiqqan milliy ayyomimiz – Nav­ro‘zdir.

Atrof-javonibga boqing. Shu kunlarda tabiat uyg‘onib, yon tevaragimizda ajib manzaralar barq urgan. Fasli navbahorning muattar havosidan bahra olayotgan qalblarimizga ham o‘zgacha tarovat, iliqlik yugurmoqda. Qarang, o‘lkamizda yana yangilanish, yasharish fasli boshlandi. Nav­ro‘zi olam tashrif buyurdi. Shukrkim, chorak asrdan buyon ko‘p ming yillik qadriyatlarimiz, milliy qiyofamiz, oliyjanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo‘lgan bu go‘zal ayyomni hech qanday hadik va qo‘rquvlarsiz, tazyiq va ta’qiqlarsiz juda katta shodiyonalar bilan, o‘zimiz xohlagandek tarzda nishonlab kelyapmiz.

YAqin o‘tmishga bir nazar solaylik. Axir, necha asrlar sinovidan o‘tgan bu ayyom XX asr­ning 80-yillarida ham sobiq tuzum tomonidan eskilik sar­qiti, diniy bayram sifatida qoralanib, Navro‘zni bayram sifatida nishonlash ta’qiq ostida ediku? Hatto Navro‘zni Navbahor bayramiga almashtirish kerak, qabilidagi takliflar olg‘a surilib, mart oyining uchinchi yakshanbasida xotira kunini nishonlash qonunlashtirib qo‘yilgani kechagidek yodimizda turibdi.

Mazkur noma’qulchilikka Mustaqillik arafasida, hali sobiq ittifoq hukmron bir paytda davlatimiz rahbari tomonidan madaniy-ma’rifiy, umuman, ma’naviy hayotimizda tub burilish yasagan muhim bir tarixiy hujjat tamomila barham berdi. Bu – Prezidentimizning 1990 yil 3 maydagi Farmoni asosida 21 mart – yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami va dam olish kuni, deb e’lon qilinganligi bo‘ldi. Navro‘z haqidagi mazkur Farmon bu kunni erkin, umumxalq bayrami sifatida nishonlash imkonini yaratdi. Navro‘z bayrami tiklanishi bilan qadimiy urf-odatlarimiz, bebaho qadriyatlarimiz, an’ana va marosimlarimiz qayta jonlandi.

Mana endi yangi kun va yangi fasl debochasi, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lmish Navro‘z ayyomini yurtimizdagi barcha millat va elat vakillari katta xursandchilik, shodu xurramlik ila umumxalq bayrami sifatida tantana qilib kelmoqda. E’tirof etish joiz, istiqlol yillarida Navro‘zi olamning qadri va ahamiyati yildan yilga ortib, bugungi zamon an’analari bilan boyib bormoqda. Endilikda Navro‘z biz uchun ezgulik, hurlik, ozodlik, istiqlol timsoli, inson qalbida bunyodkor, yorug‘ orzu-umidlar kurtak ochadigan, biz kimlarning avlodi ekanimizni, qanday ulug‘ allomalar vorislari ekanimizni dunyo ahliga yaqqol namoyon etadigan ayyom, yosh avlodni milliy an’ana va qadriyatlarimiz ruhida tar­biya­lovchi, farzandlarimiz qalbida xalqimizga xos mehr-oqibat, xayr-saxovat, ahillik va hamjihatlik fazilatlarini uyg‘otuvchi beqiyos ma’naviy ko‘zguga aylandi.

Fuqarolarimiz orasida ham bu kun bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan yuksak insoniylik va chinakam ma’nodagi odamiylik xislatlari shakllangani esa, Navro‘zning bugungi hayotimizda naqadar muhim o‘rin tutishidan dalolatdir. Bayram kunlari bir biriga mehr-oqibat ko‘rsatish, qariyalar, nogironlar, yolg‘izlar va bemorlar holidan xabar olish, sumalak, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, halim kabi bahoriy taomlar bilan yo‘qlash, xayriya, saxovat tadbirlarini o‘tkazish, hashar uyushtirish, otchopar, ko‘pkari, kurash singari xalq o‘yinlari, sayillar uyushtirish, Vatanni, bahorni, ona zaminni ulug‘lovchi laparlar kuylash ana shular jumlasidandir.

E’tiborga molik jihati, bu ayyomda turli kelishmovchiliklar, adovat va gina-kuduratlar unutilib, ko‘ngillarda do‘stona munosabatlar, hamjihatlik, ezgulik, mehr-shafqat kurtaklari nish uradi. Bobodehqon eng oliy niyatlar, umid va ishonch, yangi orzu-istaklar ila yerga baraka urug‘ini qadaydi. Zero, bu buyuk ajdodlarimizdan biri Beruniyning bundan ming yil avval yozgan “Hindiston” nomli asaridagi “har bir xalqning udum va an’analari o‘sha xalq­ning yuz yillar davomida shakllangan turmush tarzining ifodasi” ekanidan dalolatdir.

Chindan ham, biz uchun eng qadimiy, asl milliy, har qanday siyosatdan xoli, uzoq o‘tmishdan qadriyatlarimizning chinakam timsoli bo‘lib kelayotgan xosiyatli ayyom – Navro‘zi olamning umuminsoniy sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan hissasi ulkan va beqiyosdir. Shu bois Navro‘z umumjahon bayrami sifatida tan olindi. 2009 yilda YUNESKO tomonidan Navro‘z insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa, 2010 yildan boshlab bu bayramni “Xalqaro Navro‘z kuni”, deb tan oldi. Muxtasar aytganda, yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z falsafasi xalqimizga mansub odamiylik, mehr-oqibat, muruvvat va himmat kabi yuksak xususiyatlardan oziqlanib kelgani, ajdodlarimiz asrlar davomida qanday buyuk umuminsoniy g‘oya­lardan bahramand bo‘lib, ma’naviy kamol topganining yana bir tasdig‘idir, desak, mubolag‘a emas.

Fasli navbahorda tabiatning uyg‘onishi, borliqning ko‘z ochishiga uyg‘un tarzda kishi o‘zini qayta tug‘ilgandek his etib, qalblar poklanadi, ruh tiniqlashib, butun vujudda ezgu sa’y-harakatlar jo‘sh uradi. Buning tasdig‘i Navro‘z eshik qoqayotgan ayni kunlarda barcha kentu qishloqlarimiz, vohayu vodiylarimizda ajib ko‘tarinkilik ila davom etayotgan tantanalar, xalq sa­yillari, tansiq bahoriy taomlar tayyorlab, ularni o‘z yaqinlari, yoru do‘stlari, mahalla-ko‘y bilan baham ko‘rayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning shodu xurramligida, o‘tkazilayotgan umumxalq hasharlarida yaqqol aks etmoqda.

Ayniqsa, “Keksalarni e’zoz­lash yili”da Navro‘zi olam baxsh etayotgan ko‘tarinkilik o‘zgacha. Yurtimizning eng chekka ovullaridan tortib, qishlog‘u kentlarimizgacha bu ayyom munosib yutuqlar bilan qarshi olindi. Qayoqqa qaramang, bahoriy yumushlar, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari avjida. Quvonarli tomoni, ko‘ngillardan boshlangan obodlik xonadonlarimiz, turmush tarzimizda ham tobora teranroq aks etmoqda.

Biz erishayotgan ulkan muvaf­faqiyatlar – barqaror rivojlanib borayotgan iqti­sodiyotga asoslangan, rivojlangan demokratik davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklarini so‘zda emas, amalda oliy qadriyat darajasiga ko‘tarish, jahon miqyosida obro‘-e’tibor qozon­gan jamiyat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz baroridan kelayotgani esa, ayni muddaodir. Bularning bari aniq maqsad bilan, izchil olib borilayotgan, chuqur o‘ylangan islohotlarni hayotga joriy etish va ma’naviy turmushimizni yuksaltirishga yo‘naltirilgan oqilona va uzoqni ko‘zlovchi siyosatning amaliy ifodasidir.

Eng muhimi esa, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikning barqarorligi, O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning qo‘lni qo‘lga berib, ahil va totuv yashayotgani, buyuk marralar sari hamjihatlikda qadam tashlayotganidir. Jahondagi ba’zi davlatlarni kuzating-a?! Butun umri urushlaru tahlikalar ostida o‘tayotgan xalqlar kammi? Turli taloto‘plar, g‘avg‘olarga to‘la ayrim davlatlarda yashayotgan odamlarning eng katta orzusi – o‘z uyida tinchgina yashash ekani ayrimlarga balki erish tuyular?! Ammo bugungi kuni xotirjamlikda o‘tganiga shukr qilib yashaydigan, ertasi haqida biror tasavvuri bo‘lmagan minglab insonlarning borligi achchiq haqiqat. Shunday ekan, ozod Vatanimizda xotirjam o‘tayotgan umrimizning nechog‘li qadrli ekanini dildan his qilib, mana shu osoyishta kunlarimizni, tiniq osmonimizni, tinchligimiz, barqarorligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylamog‘imiz, himoya qilmog‘imiz hammamiz uchun ham qarz, ham farz, ham mas’uliyat, ham burch emasmi?!

Zotan, hozirgi davrda bizning xalqaro munosabatlardagi faol tashqi siyosatimizning asosi – O‘zbekistonning milliy manfaatlaridir. Ana shu manfaatlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida har qanday davlat bilan o‘zaro teng huquqli va tinchlikparvar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kuchaytirish pirovard maqsadimizdir. O‘zbekiston ichki va tashqi siyo­satida doimo tinchlik tarafdori bo‘lib kelgan va turli xil nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida qator e’tiborga molik tashabbuslarni dunyoning nufuzli minbarlaridan turib e’lon qilgan. Ana shu tinchlikparvar siyo­sat bundan buyon ham izchil davom etaveradi. Zero, osuda elga bayramlar yarashadi. Yurtimizda hukm surayotgan barqaror tinchlik, bunyodkorlik, yaratish va yashnatish zavqi bois ko‘nglimizga bayramlar sig‘adi. Binobarin, mamlakatimizning ravnaqi, elimiz osoyishtaligi-yu, istiqbolimizning nurafshon bo‘lishi har birimizga bog‘liq. Faqat atrofimizda sodir bo‘layotgan voqyealarga befarq bo‘lmay, har qanday vaziyatga sinchkov munosabatda yashash fuqarolik burchimizdir. O‘z uyimiz, mahallamiz, shahrimiz yoki qishlog‘imiz, umuman, butun diyorimizning tinchligi o‘z qo‘limizda. Demak, kindik qonimiz tomgan zaminni ko‘z qorachig‘iday asrashga, hamisha ogoh bo‘lishga, ezgulikka, dunyo­ni bilishga, o‘zligimizni asrashga, qolaversa, Inson degan ulug‘ nomga munosib yashashga intilishimiz zarur. Bu porloq ertamiz uchun, far­zand­larimiz kamoli uchun ham kerak.

Shuning uchun ham nuroniy otaxonlarimizu kayvoni onaxonlarimiz har gal duoga qo‘l ochganlarida tinchlik bo‘lsin, el-yurtimizni yomon ko‘zlardan, badniyat kimsalardan asrasin, deya yuzlariga fotiha tortadilar. Keksalarimiz yoshlarga hamisha tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetish, asrab-avaylash lozimligini uqtiradilar. Bir o‘ylab ko‘raylik, ana shu osoyishtalik o‘lkamizda hukmron bo‘lgani uchun ham bayramlarni ko‘tarinki kayfiyatda, shodu xurramlikda nishonlayapmizku, axir.

Bayram shodiyonalari doirasida ayni Navro‘z faslida inson o‘zini tabiatning ajralmas, uzviy bir qismi sifatida his etishini ifoda qiladigan, atrof-muhitni, ona zaminni e’zozlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi va bu jarayon davom ettirilmoqda. Shuningdek, joylarda bo‘lib o‘tayotgan tantanalarda hamda ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan materiallarda Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyati teran aks etmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimiz uchun sevimli bayramga aylangan Navro‘zning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan ahillik va totuvlik, mehru saxovat, yoshi ulug‘ insonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq tadbirlar ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda o‘tkazilayotgan hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida aholining barcha qatlamlari hamjihatlik bilan ishtirok etmoqda.

Haqiqatan ham, har yili Nav­ro‘zdan Navro‘zgacha bo‘lgan muddat oralig‘ida hayotimiz sifati, mamlakatimiz qiyo­fasi qanday o‘zgarib borayot­gani, qanday yutuq va nati­jalarga erishganimiz, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida qanday sur’at­lar bilan rivojlanib bora­yotganimiz nafaqat o‘zimizga, balki butun dunyo hamjamiyatiga ayon. Ana shu zalvorli odim­larimiz va salmoqli muvaffaqiyatlarimiz bizni yangi-yangi marralar sari undayveradi. Bu yilgi Navro‘zi olam ham diyorimizga yanada katta yutuqlar, tinchlik-omonlik, qut-baraka, rizq-ro‘z, munavvar kunlarni olib kelgani rost bo‘lsin.

G‘urur va iftixor qilaylik, faxrlanaylik, boshimizni baland tutaylik, shunday farovon, o‘tmishi ham, kelajagi ham buyuk yurtda yashayotganimizdan!

Qani ayting, aziz zamondosh, kimda bor bunday makon – jannatmonand, hur O‘zbekis­ton!

 

Shuhrat DEHQONOV,

“Oltin qalam” II Milliy mukofoti xalqaro tanlovi g‘olibi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 4 =