JURNALIST SIYOSATCHI…MI?

Globallashuv jarayonida mamlakatlar, mintaqa, hudud va xalqaro tashkilotlar manfaatlari doirasi tobora kengayib borayotgan bir paytda axborot olish, undan to‘g‘ri va samarali foydalanish mas’uliyati ham kun sayin ortib bormoqda. Mafkura poligonlarining xurujlari yadro poligonlariga nisbatan tobora kuchayib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, masalaning naqadar dolzarbligi yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

 Shu nuqtai nazardan qaraganda jahondagi ayrim matbuot nashrlari, tele va radio kanallar, ayniqsa, internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan ba’zi bir axborot mahsulotlari inson ongi va qalbini zabt etishga, buzg‘unchilik, zo‘ravonlik, diniy ekstremizm va terrorizm g‘oyalarini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgani, buning ortida esa faqat manfaat turganligi yorqin ko‘rinadi. Shubhasizki, o‘sha matbuot nashrlari, tele va radiokanallar hamda internet saytlarini qulflab qo‘yib bo‘l­maydi. Birdan-bir yo‘l odamlar ongida axborot olish va undan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirishdan iborat. Buning uchun esa huquqiy targ‘ibotni izchil va muntazam ravishda olib borish talab etiladi. To‘g‘ri, bugun odamlarning axborotga bo‘lgan qiziqishiyu tashnaligini besh-o‘n yil avvalgi davr bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Chunki biz axborot asrida yashayapmiz. Hayotimizni bu muhim manbasiz tasavvur qilolmaymiz. Demak, eng muhimi, manbani to‘g‘ri tanlash va undan kerakli joyda oqilona foydalanish kerak. Ammo turli g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan manbalar ham borki, ularning asl niyatini fosh etish asosan ommaviy axborot vositalari xodimlari, ya’ni jurnalistlar zimmasiga yuklanadi. Chunki «…siyosat haqida gapirganda siyosatchi, iqtisodiyot haqida iqtisodchi bo‘lib fikr yuritishni, ma’naviyat va ma’rifat haqida ma’rifatchi, hayotiy-falsafiy muammolar xususida faylasuf bo‘lib bahs­ga kirishishni – mana shunday yuksak qobiliyat va mahoratga ega bo‘lishni hayotning o‘zi jurnalistlarimiz oldiga eng muhim vazifa qilib qo‘ymoqda». Davlatimiz rahbarining biz jurnalistlarga qarata aytgan bu fikr­lari naqadar to‘g‘ri ekanini dunyoda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlaru bo‘hronlar okeanida suzayotgan kasb­doshlarimiz ijodiy faoliyatida ko‘rib turibmiz. Mana shunday jarayonda jurnalist hayot haqiqatini bo‘y-basti bilan vijdonan ifoda etishi lozim. Bu nihoyatda og‘ir, ammo, sharafli vazifadir. Bu jurnalistdan nafaqat chuqur bilim va katta hayotiy tajribayu mahorat, balki fidoyilik, qat’iyligu jasoratni ham talab etadi. Ana shunday xislatlarga ega bo‘lgan jurnalistgina vatanparvar bo‘ladi, o‘z mamlakati mustaqilligining abadiyligi uchun kurashadi. Uning kelajagini yorqin tasavvur eta oladi.

Millati, xalqi va ayniqsa, yosh avlodning ongiyu qalbini yovuz kuchlar ta’siridan asrash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalashdek olijanob ishga munosib hissa qo‘shishni o‘zining muqaddas burchi deb biladi. Bu ulug‘vor vazifa siyosiy ahamiyatga molik ekanini chin dildan his eta oladi. Bunday jurnalist o‘z vatani va o‘z xalqining obro‘-e’tibori, uning tinchligi, ezgu maqsadlariyu milliy manfaatlari uchun hech narsadan qaytmaydi. Bugungi zamon, bugungi hayot mafkura maydonida xuddi shunday dovyurak jurnalistlarning yuksak aql-idrok, yuksak ma’naviyat, matonat va jasorat bilan qalam tebratishlarini taqozo etmoqda. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, bugungi jurnalist uchun «fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda».

Jahon ommaviy axborot vositalarini kuzatar ekanmiz, katta salohiyatga ega jurnalistlar ko‘payib borayotganini, ular o‘zimizda ham shakllanayotganini ko‘rishimiz mumkin. Aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosat xalqimiz hayoti, uning buyuk bunyodkorlik ishlari, orzu-o‘ylariyu ezgu maqsadlarga erishishida beqiyos ahamiyat kasb etayotganini jurnalistlarimiz hozirjavoblik bilan haqqoniy yoritishga harakat qilmoqdalar. Bu eng avvalo, jurnalistning o‘z so‘ziga ega bo‘lishini, chet tillardan birini mukammal bilishini taqozo etadi. Ochig‘ini aytganda, bu borada hali ko‘p ishlashimiz, dunyoviy tajriba va mahorat sirlarini qunt bilan o‘rganishimiz kerak. Bu bizda siyosiy yetuk va shu mavzuda pishiq maqolalar yozadigan jurnalistlar yo‘q degani emas, albatta.

Taassufki, xalqimizning dilidagini tiliga olib chiqayotgan jasoratli jurnalistlar materiallarini chop etishga jur’at etolmaydigan matbuot nashrlari ham yo‘q emas. Ularda hamon mustaqillik, tashabbus, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish va jonkuyarlik yetishmayapti, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2005 yil 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida mamlakatimiz va chet el jurnalistlari hamda diplomatik korpus vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida NTV telekompaniyasi muxbiri A.Ivliyev bilan qilgan mana bu savol-javobidagi teran fikrlarini yana bir bor eslasak sohaning tub mohiyatini anglagan bo‘lamiz.

«Islom Karimov: Siz hozir mana shu minbarga chiqib, nima uchun butun dunyoga noto‘g‘ri axborot tarqatayotganingiz sababini aytib, buning uchun javob bera olasizmi? A.Ivliyev: Janob Prezident, shaxsan men butun telekanalning ishi uchun javob bermayman.

Islom Karimov: Ana, ko‘rdingizmi, javob berolmaysiz. Lekin, men bu yerda o‘tirgan har bir muxbir, avvalo, o‘z telekompaniyasining vakili va u o‘z kompaniyasi uchun mas’ul, deb o‘ylayman.

A.Ivliyev: Men siyosatchi emasman, men – jurnalistman, men o‘z ishimni bajaryapman.

Islom Karimov: Meni kechirasizu agar shunday deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Keling, shu mavzuda biroz bahslashaylik, bu foydali. Jurnalist siyosatchi emas, deb hisoblash mumkinmi? Shaxsan men bunga qo‘shilmayman. Aytingchi, sizningcha, siyosatchilar nimaga asoslanib xulosa chiqaradi? Takror aytaman, siyosatchilar kimlar? Siyosatchilar o‘zlariga taqdim etilgan ma’lumotlarni, jumladan, ommaviy axborot vositalarining ma’lumotlarini umumlashtirib, shu asosda ish olib boradigan odamlar, tushunyapsizmi? Ular hamma vaqt ham bevosita joylarga borib, vaziyatni baholay olmaydi. Ularda bunday imkoniyat yo‘q».

Mana, davlatimiz rahbarining iymon-e’tiqodli, vijdoni pok, el-yurt manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ya oladigan, izlanuvchan, topqir va qat’iyatli, muxtasar qilib aytganda, o‘z ijodi bilan minglab odamlar qalbidan munosib joy olgan jurnalistlarga bo‘lgan yuksak ishonchi, ilmiy jihatdan asoslangan siyosiy bahosi. Albatta, barcha soha vakili bilan birday bahslasha oladigan jurnalist bo‘lish oson emas. Buning uchun o‘qish va o‘rganishdan aslo to‘xtamaslik, tinimsiz izlanish, mahorat sirlarini qunt bilan egallash, zamon talablariga javob bera oladigan, haqiqat misol egilsa ham sinmaydigan bo‘lish lozim. Ana shunday fazilatlarga ega bo‘lgan jurnalistgina siyosatchi darajasiga ko‘tarilishi mumkin. Demak, biz jurnalist­lar shunday yashashimiz va ishlashimiz kerakki, vaqti kelib bir kun bundan faqat baraka topaylik. 

Nuriddin OCHILOV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =