YAXSHI QO‘SHIQ NONDEK AZIZ, GULDEK MUATTAR

Tinch-osoyishta hayotimizga she’r, kuy-qo‘shiqlar yarashadi. San’at va adabiyot hamisha xalqimiz tomonidan ardoqlangan. San’atkor yoqimli ashulalari bilan qalblarga sohir tuyg‘ularni olib kirsa, barcha zamonlarda shoirlar o‘z she’rlari bilan insonlar didi, ma’naviyatining o‘sishiga xizmat qilgan. Bugungi tinch-farovon hayotimizdan ilhom olib, ko‘ngillarga yaxshi kayfiyat ulashayotgan qo‘shiqchilarimiz bisyor.      

Xushovoz xonanda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulhay Karimov ana shunday san’atkorlardan.

 Yaxshi san’at asarini yaratish uchun uzoq vaqt astoydil mehnat qilish kerak. Ulug‘ hofizlar – Yunus Rajabiy, Ma’murjon Uzoqov, Tavakkal Qodirov va yana bir qancha shirali ovoz sohiblari bunga amal qilishgan. Shuning uchun ham ular yaratgan kuy-qo‘shiqlarning his-hayajonlari mutlaqo o‘ziga xos, – deydi biz bilan suhbatda sevimli xonandamiz.

 – Abdulhay aka, kim yetadi – ularning darajasiga – kim yo‘q, bilmadim-u, ammo san’at dargohiga kirib kelayotgan yoshlarimiz o‘z uslublari va yo‘nalishlarini topa olishi uchun ko‘maklashmoq kerak. Men bo‘lajak san’atkorlarning qo‘lida doim musiqa asbobi bilan birga Navoiy, Fuzuliy hazratlarining devonlarini ko‘rishni istardim. Siz-chi?..

– Yurtimizning barcha shahar, tumanlarida zamon talablariga mos musiqa maktablari bor. Bu qutlug‘ dargohlarda ustoz san’atkorlar yoshlarga saboq berib, ularni san’at ilmi sirlari va ijrochilik yo‘llaridan xabardor qilishmoqda. Bu ezgu maqsadlarga yetishishimizda muhim omil bo‘ladi. Klassik durdonalardan estetik zavq olib, o‘zimizdagi kamchiliklar va izlanishlarimizga javob topsak bo‘ladi. Lekin ularga to‘liq o‘xshashga intilish, ya’ni nusxa ko‘chirishning hojati yo‘q. Odamlar taqlidchidan ko‘ra, o‘ziga ishongan, o‘z ijro usuliga ega qo‘shiqchini qadrlaydi. San’atkor qancha haqgo‘y, samimiy, ma’rifatli va ma’naviyatli bo‘lsa, qo‘shiqlari ham shuncha muvaffaqiyatli chiqadi. Qo‘shiq – inson tafakkurining timsoli.

Musiqa san’ati haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmay, tezroq nom qozonish istagida yurgan xonandalarni ko‘rganimda, “Bahor qaytmaydi” videofilmidagi Alimardon To‘rayev yodimga tushadi. Atrofdagilarni nazar-pisand qilmaslik, dimog‘dorlik va yulduzlik illati har qanday iste’dodni ham so‘ndirar ekan. Taassufki, bugun oramizda shu asar qahramoni singari faqat to‘y, bayramlarda ashula aytishga intilib, muxlislar olqishini olayotgan hamkasblarimiz ham yo‘q emas. Ular aytayotgan qo‘shiqlar yurakka zig‘ircha ta’sir qilmaydi. Ayniqsa, keyingi paytda oddiy suhbatdan farq qilmaydigan bag‘ishlovlar ko‘payib ketayapti.  Qolaversa, o‘zi o‘zbek bo‘la turib, tilimizdagi so‘zlarni buzib aytish hollari ham uchrab turibdi. Shinavandalar ularning disklarini «yangilik» deb sotib olishyapti. Bu yangilik emas, aksincha, didsizlik. Birgina “Hurriyat” gazetasining o‘zida san’atga oid “Yurakka dard yetmay”, “Klip qanday bo‘lishi kerak?”, “Millionning million-million zarari” va boshqa bir qancha dolzarb maqolalar berildi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarganlar kelgusida yuksak didli tomoshabinlar talabiga mos keladigan kuy-qo‘shiqlar yaratishiga ishonaman.

O‘zimga kelsak, bir qo‘shiqni qiyomiga yetkazish uchun qanchalab kechalarni bedor o‘tkazaman. Mashrab, Muqimiy, Furqat, Habibiy, Chustiy kabi ijodkorlardan tashqari, zamondoshlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Anvar Obidjon singari shoirlarning kitoblariga qayta-qayta murojaat qilaman. Biror she’r yoqib qolsa, shoir bilan maslahatlashaman.

– Tarbiyaning vositalari ko‘p. Inson tarbiyasida musiqa san’atining o‘rni  muhim. Bu borada fikringiz qanday?

– Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonida musiqaning inson tuyg‘ulariga ta’siri hayajonli manzarada tasvirlangan. Dilorom chang chalganda va chang kuyiga monand ashula aytganida, Bahrom kuchli hissiyot natijasida yoqasini chok qilib, butun vujudini uning ohangiga qaratadi. Besh yuz yildan oshibdiki, bu romantik xayollar inson qalbiga zavq ulashish bilan birga estetik tuyg‘ularini ham tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda. Sermazmun kuy-qo‘shiqlar orqali qalblarga nafislik, latiflik, o‘zbekona sharm-hayo, andisha tuyg‘ulari kiradi. Sozanda Abduhoshim Ismoilovning sozidan taralgan sadolarni, Ikromjon Bo‘ronov va aka-uka Vahobovlarning ovozini tinglab, rohat olaman. Ayniqsa, ona-yurt, muhabbat, baxt mavzusida aytilayotgan qo‘shiqlarning farovon hayotimizda tutgan o‘rnini co‘z bilan ifodalashim qiyin. To‘g‘ri, biz har doim dilbandlarimizga bolaligidan rostgo‘y, halol va madaniyatli bo‘lishini uqtirib kelamiz. Buni nazokatli so‘zlar va serjilo ohanglar orqali yetkazishning ta’siri yanada kuchli. Ko‘pincha, odamlarning quvonchli kunlarida xizmatda bo‘lganimda, xonadon egalari mehmonlarga dastavval, «To‘y bola» qo‘shig‘ini aytib berishimni so‘rashadi. Aslida bu ashulada o‘zbegimning beshik yoki sunnat to‘yiga yasatilgan toychoq yetaklab kelishi emas, bolakay yog‘och xivichdan toycha yasab o‘ynashi, ziyraklik bobida bobosini mot qilishi tarannum etilgan.

YAqinda Rossiyaning markaziy telekanalidagi intellektual ko‘rsatuvlarning birida bilimdonlarga: jahonda yagona mamlakat bor. To‘yda yuzlab odamlarga bepul ovqat tarqatadi. Yana kelgan mehmonning izzat-hurmatini jo­yiga qo‘yib, boshiga do‘ppi, egniga to‘n kiydirib yuboradi. Bu qaysi millat, deb savol berildi. O‘yin qatnashchilari so‘zga og‘iz juftlamay turib, zaldan “Bu – o‘zbeklar” degan ovoz baralla yangradi. Ha, so‘ritoklar, ayvonida qaldirg‘ochlar in qurgan jannatmonand o‘lka va unda yashayotgan xalq boshqa yana qayda bor? Bir marta donini yegan chumchuqlar ham Makkadan qaytib keladi. Bir paytlar milliy iftixor bilan “Toshkent Osiyoda yagona” degan qo‘shiq yozgandim. Menimcha, dunyo xalqlari bizdan o‘rganadigan ijobiy xislatlar, yuksak insoniy fazilatlar ko‘p.  

– San’atimizdan-chi?

– Bugun o‘zbek musiqa san’ati milliy madaniyatimiz bilan birga millatlar o‘rtasidagi o‘zaro ijodiy hamkorlik natijasida tobora bo­yib bormoqda. Buni estrada  xonandalarimizning chiqishlarida ham kuzatamiz. Biroq xalqimizning ruhiga begona navozishlarga ergashib, o‘z­likni unutib qo‘ymaslik kerak. Chunki bizda teran aql-zakovat bilan yaratilgan katta san’at maktabi mavjud. Binobarin, xalqaro musiqa festivallarida shashmaqom, katta ashulalarimiz yuksak darajada baholanmoqda. Folklor yo‘nalishidagi san’at asarlarimiz ham uzoq asr­lik tarixga ega. Jahon sahnalarida o‘zligimizni milliy liboslari, zebigardonlari, durrachayu tillaqoshlari va o‘zbekona raqslari bilan tarannum etayotgan raqqosalarimizga tasannolar aytgim keladi. Bundan o‘zini, o‘zligini unutib qo‘yib, beo‘xshov xatti-harakatlari bilan san’atimizni yerga urayotganlar ibrat olsa qaniydi!

– Cahna madaniyati, mas’uliyati va zalvorini qanday his qilasiz?

– San’atimizga ishqi tushib, chipta sotib olganlar konsertimizdan ko‘tarinki kayfiyatda chiqishi kerak. Chunki sahnadagi mavqyeimizga qarab, odamlar hurmat-ehtirom ko‘rsatadi. Shuning uchun sahnaga jiddiy tayyorgarliksiz, mensimasdan chiqib bo‘lmaydi. Bunga boshqalarning ham jiddiy e’tibor berishini istayman. Axir, qo‘shig‘imizning har naqarotida odamlardan hadeb olqish co‘rayverish uyat. Yurtimizning shahar va qishloqlarida tez-tez ijodiy safarlarda bo‘laman. Ba’zan bizni tinglab turgan muxlislardan ayrimlari o‘zlarini tiyolmay davraga otilib chiqadi. Qayta-qayta suratga tushib, xayolimizni chalg‘itadi. Ba’zida shunday shovqin-suronlar ichida qanday qo‘shiq aytayotganimni ham bilmay qolaman. San’atga oshuftalik yaxshi, biroz sabr qilinsa, hatto dastxat olishning ham mavridi keladi! Sahna madaniyatiga faqat soha vakillari emas, oddiy tomoshabinlar ham amal qilsalar yaxshi bo‘lardi.

– Bugun yurtimizda xususiy ovoz yozish studiyalari ko‘payib borayapti. Xilma-xil ovozlarni tarbiyalash uchun nima qilish kerak?

– Ovoz tarbiyasi hamisha dolzarb masala bo‘lib kelgan. Buning yechimi har bir san’atkorning o‘z qo‘lida. Agar u ovozini doim tarbiyalab, boyitib borsa, o‘ziga xos ijod yo‘nalishiga ega bo‘ladi. Bugungi zamonaviy texnika vositalari yordamida buning uddasidan chiqayotganlar ham yo‘q emas. Mayli, ular san’atning xohlagan janrida xirom aylasin, lekin o‘z ovozi bo‘lsin. Zotan, qushlarning ham bir-biriga o‘xshamagan navosi bor. Davlatimiz tomonidan san’at ahliga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda o‘zimizning yangi ijodiy qirralarimizni ochishimiz kerak.  Siqilib turgan odam ham qo‘shiqlarimizni tinglab, shod-xurram bo‘lsin. Aslida san’atning asl maqsadi ham, insonlarga estetik zavq ulashish va ma’naviy dunyosini boyitish.   

– Dunyodagi mashhur san’atkorlardan biri Muslim Magamayev so‘nggi intervyularining birida: “Men bugun san’atni emas, sahnani butkul tark etdim. Avval qozongan shuhratimni tushirib qo‘ymaslik uchun ham shunday qildim. Ehtimol, endi chekka qishloqlardagi musiqa maktablarining birida oddiy muallim bo‘lib ishga kirarman… Nima bo‘lgan taqdirda ham, bolam qatori yoshlar bilan bir sahnada obro‘-e’tibor talashib, yoshimga nomunosib qiliqlar bilan kuylashni o‘zimga munosibmas deb bilaman”, degandi. San’atkorning bunday keskin va haqqoniy to‘xtamga kelishi oson bo‘lmagan…

– Yoshlikda odam sevgi-muhabbatni yonib kuylar ekan. Yoshi o‘tgan sayin esa hayot, iymon, e’tiqod haqida o‘ylay boshlaydi. Keyingi yozgan qo‘shiqlarimda mana shunday ezgu tuyg‘ular ustuvor. Ochig‘i, menga ham yor ko‘zini dengizga qiyoslab, qirg‘oq bo‘ylarida klipga tushish erish tuyuladi. Har kim o‘z hurmati, qadri va hayotdagi o‘rnini qay darajadadir bo‘lsa ham bilgani yaxshi. Lekin har bir san’atkorning eshitadigan o‘z avlodi bo‘ladi. Qo‘lga sozni olishga hali kuchimiz yetar ekan, o‘sha muxlislar uchun ham kuylamog‘imiz shart.

  Adiba UMIROVA gurunglashdi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + two =