MAHALLA — HAYOT MAKTABI

Yaqinda qishloqda yashaydigan qarindoshlarimizdan bir ito‘yqildi. Ixcham, ortiqcha xarajatlarsiz va dabdabalarsiz o‘tgan to‘y shunaqa fayzli, chiroyli ko‘rindiki, uzun-uzun «avtokarvon»larsiz, tovushi quloqni qomatga keltirib «etti mahallaga eshitiladigan» musiqalarsiz ham shunday ajoyib to‘y qilsa bo‘lar ekan-ku, deya o‘yladim.

 Avvallari unchalik e’tibor bermagan ekanman, to‘y mahalla-ko‘y, ko‘pni ko‘rgan kayvoni otaxonu onaxonlar, sahardan kelib to‘y sohibidan: «Bizga nima xizmat?» deya qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib so‘raydigan oqibatli qo‘shniyu mahalladoshlar bilan go‘zal o‘tar ekan. Oqsoqollar boshidan-oxirigacha turib, to‘yni boshqarishdi.

— Hoy, o‘g‘lim, oftobani ol, mehmonlarning qo‘liga suv quy!

— Ukajon, siz mehmonlarning otiga qarang!

— Bolam, oshpazga borib ayt, oshni suzaversin!

Ishonchim komilki, bu kabi manzara har bir o‘zbekka tanish. Har bir qishloq, mahallalarimizda to‘yu ma’rakalar mana shunday uyushqoqlik, ahillik bilan o‘tkaziladi.

Yunusobod tumanidagi “Posira” mahallasida yashayman. Biz yashaydigan ko‘p qavatli uyda yoshi oltmishlardan oshgan bir ayol bor. Mahallada yig‘in bormi, hashar bormi, doim odamlarni uyushqoqlikka da’vat etib yelib-yuguradi. Uning bunday jonkuyarligi kimlargadir yoqmas, ammo yon-atrofimiz obodligi u kabi fidoyi keksalarimiz tufayli, desam xato bo‘lmaydi. Bu ayol Rizvongul Nemonovadir. U kishi mahalla fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya raisi vazifasida xizmat qiladi.

O‘zim yashaydigan mahalla nomi, tarixi haqida qiziqqanim uchun bir kuni  Rizvongul opa bilan bu haqda suhbatlashib qoldim. U kishi bu borada yana ham aniqroq ma’lumotlarni mahalla raisidan olishim mumkinligini aytdi. Shu bahonada “Posira” mahalla idorasiga bordim. Mahalla raisi Abror aka Zokirov ish joyida ekan.

— Aytishlaricha, “Posira” — shahar chekkasi, shahar chetidagi hudud, qo‘rg‘on degan ma’nolarni anglatadi, — deya gap boshladi rais. — E’tibor bersangiz, mahallamiz hududi haqiqatan shaharning chekkasida joylashgan. Bir yoni “Obod” mahallasi bilan, bir tomoni Mirzo Ulug‘bek tumanining “Yalang‘och ota” dahasi bilan, buyog‘i esa Qibray tumani bilan chegaradosh. Bugungi kunda mahallada o‘ndan ortiq millat vakillari ahil va inoq yashab kelmoqda. Har bir insonning tash­qi  ko‘rinishi turlicha bo‘lganidek, ularning fe’l-atvori ham bir-biridan farq qiladi. Aynan shu turfa xarakter va salohiyat egalarining milliy qadriyatlarini hurmat qilgan holda, bir joyga jamlash uchun ham mahalla juda zarur. Ayniqsa, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘satish mahalla faollarining birinchi vazifasidir.

Fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini hisoblangan mahallaga davlatimiz tomonidan katta imkoniyatlar berilgan. Oilaning tinchligi, farzandlar tarbiyasi bevosita mahalla bilan chambarchas bog‘liq. Mahalla ahil bo‘lsa, jamiyatda tinchlik bardavom bo‘ladi. Bu borada «Posira» mahallasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

— Biz tez-tez yoshlarimiz bilan uchrashib, ularni qiziqtirgan savollariga javob qaytarishga harakat qilayapmiz, — deydi mahalla raisining diniy-ma’rifiy, ma’naviy-axloq masalalari bo‘yicha maslahatchisi Munisa Jabborova. — Ular nimalarga qiziqadi, atrofda kechayotgan jarayonlarga munosabatini tahlil qilamiz. Hozirgi yoshlarimizning dunyoqarashi mutlaqo boshqacha, albatta. Ba’zan ularni tushunib yetish ham oson kechmaydi. Ayniqsa, o‘quv yurtlari bitiruvchilarining kelajak hayotda o‘z o‘rnini mustahkam egallashiga jiddiy e’tibor berayapmiz. O‘tgan yili 33 nafar yigit-qiz kasb-hunar kollejlarini tugatdi. Shulardan 26 nafariga ishga joylashishi uchun ko‘maklashdik. Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimanki, mahallada o‘smir  qizlar bilan alohida ish olib borayapmiz. Ular bilan uchrashuvlarda yonimda albatta psixolog bo‘ladi. Mahalla hududida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey hamda ikkita maktab bor. Ana shu o‘quv dargohlari o‘quvchilari bilan mahalla vakillari tez-tez uchrashib turadilar. Ushbu ta’lim maskanlari bilan birgalikda “Erta turmushga chiqishning salbiy oqibatlari”, “Sog‘lom avloddan — sog‘lom kelajak sari” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazilyapti. Bundan tashqari, mazkur litsey va Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 98-maktabda “Oras­ta qizlar” nomli to‘garak tashkil etdik. To‘garak a’zolari bizdan juda mamnun bo‘lishdi. Sababi, bu yerda ular bichish-tikishni o‘rganib hunarli bo‘libgina qolmay, oila qurishga, mustaqil hayotga tayyorlanadi. Harakatlarimiz samarasi o‘laroq, to‘garak a’zolari soni ham tobora oshib bormoqda. Ota-onalarning o‘zlari farzandini yetaklab kelishadi.

 Mahallada bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga katta e’tibor qaratilayotir. Ayniqsa, sport to‘garaklariga qiziqish ancha yuqori. Jumladan, futbol, shaxmat, taekvondo bo‘yicha sportchilarning yutuqlari salmoqli bo‘layotir.  Hududda homiylar ko‘magida zamonaviy futbol maydonchasi ham qurilib, foydalanishga topshirildi.

Inson ma’naviyatini shakl­lantirish bolalikdan boshlansa, bunda eng muhim hayotiy omil — ta’lim-tarbiya hisoblanadi. Ta’lim-tarbiya esa oiladan, mahalladan boshlanadi. Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi jamiyatimiz mustahkamligi, mamlakatimiz barqarorligi yo‘lidagi izlanishlar natijasidir. Buning isbotini ushbu mahallada yetishib chiqayotgan iqtidorli yoshlar misolida ko‘rish mumkin. Ana shunday  yoshlardan biri Gul­asal Otaqulovadir. Gulasal 10 yoshidan taekvondo bilan shug‘ullanadi. U  2008 yilda Osiyo chempionatida 2-o‘rinni olgan. Keyinchalik muaytayda o‘zini sinab ko‘rdi. Ushbu sport turi bo‘yicha u yanada baland marralarni zabt eta oldi. 2009 yilda muaytay bo‘yicha respublika chempionatida 1-o‘rinni egalladi. Shundan so‘ng ustozlari boksda ham o‘zingni sinab ko‘rasanmi, deganlarida Gulasal ikkilanmasdan bu taklifni qabul qiladi. Adashmagan ekan, bu sport turida ham u muvaffaqiyatga erishdi. Xususan, xalqaro turnirda g‘olib bo‘ldi. O‘zbekiston qizlar terma jamoasiga jalb etildi.

Mahallada unib-o‘sayotgan har bir yoshning mukammal bilim olishini ta’minlash bilan birga ularni har xil zararli odatlardan, yot g‘oyalardan himoya qilishni davr taqozo etmoqda. Bu boroda «Posira» mahallasi voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish profilaktika inspektorlari tomonidan muntazam ish olib borilayotir.

Profilaktika inspektori, kapitan Dilmuhammad Umarovning aytishicha,  mahallada voyaga yetmaganlar o‘rtasida doimiy nazorat osti tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Tegishli davlat organlarining qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan mahalla hududida joylashgan ta’lim muassasalarida «Davomat», «O‘smir», «Biz giyohvand­likka qarshimiz», «Odam savdosi — davr muammosi» tadbirlari tez-tez o‘tkazilmoqda. Shuningdek, turli axborot xurujlari, diniy eks­tremizm, missionerlik harakatlaridan farzand­lari­mizni asrash bo‘yicha soha mutaxassislari ishtirokida tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Mana shunday farahbaxsh va osoyishta hayotning o‘zi biz uchun eng ulug‘ ne’mat ekanini teranroq anglab yetasan kishi. Barcha mahallalar namunali oilalar, odob-axloqli, solih va soliha, fikri teran, bilimli yoshlar, el koriga yaraydigan insonlar ko‘paysa jamiyatimiz tinchligi yanada mus­tahkamlanadi. O‘zbekistonimizning porloq kelajagi, yanada gullab-yashnashi, obod va ko‘rkam, fayzli xonadonlarning ko‘payishi, yoshlarni  barkamol qilib tarbiyalash, mahalladoshlar bilan erta tongni xotirjam, tabassum bilan qarshi olish o‘zimizga bog‘liq ekanini unutmaylik.

 

Bekmurod ABDURAIMOV,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + two =