O‘LIMLARNI QOLDIRIB DOG‘DA

(OTAM VA IKKINCHI JAHON URUSHI)

Kemtik ko‘ngillarday zoru notavon, o‘ksik va kemtik nonlar. Intizor, nigoron kemtik nonlar.

450 mingdan ko‘p, bedarak ketganlar bilan 500 mingdan ziyod o‘zbek farzandlarining onaizorlari “Rizqu nasibang sog‘-omon qaytarib kelsin bolam” deya tishlatib qo‘ygan kemtik nonlari. Bular 500 ming yaxlit, og‘ir va uzluksiz bongga aylanib Yer yuzini qoplaydi. Cheksiz-chegarasiz, moviy va g‘uborli kengliklar uzra, Yevropada qolgan son-sanoqsiz qabrlar, shaharlaru notinch o‘lkalar ustida og‘ir-og‘ir yangrab, olamni larzaga solib urushni la’natlaydi.

 Odam Ato bilan Momo Havo bolalarini, kelar avlodlarni kechmish baloyu qazolardan, hushyor va bedor bo‘lmasa agar boshiga tushishi mumkin bo‘lgan mislsiz ofatlardan ogoh etadi. Bu armonli raqamlar kattayib, kengaya borib avvaliga 20 million, keyin 30 million, so‘ngra esa 40 million muttasil chinqiriqqa — Yer kurrasi shaklini olgan ulkan bahaybat bongga aylanadi.

Urushda qurbon bo‘lganlar soni sobiq mustabid tuzum davrida rasman 20 million deb tan olingan edi. Undan so‘ng ovrupolik nufuzli tarixchilar qurbonlar soni 30 million kishidan ko‘proq bo‘lgan deb isbotlaganday bo‘ldi. Yaqindagina, 2015 yilning 27 yanvar kuni — Osventsim kontslageri mahbuslari ozod etilishining 70 yillik sanasi munosabati bilan e’lon qilingan xabarnomada qurbonlar soni 40 milliondan iborat ekanligi uzil-kesil e’tirof etildi.

Urush boshlangunga qadar O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan. Shundan 1,5 million kishi bevosita jangu jadallarda, harbu zarblarda ishtirok etgan. Urush ortidagi ahvol ham frontdagidan kam emasdi. Shuncha farzandlarini o‘t-olov changaliga topshirib, yana qancha zavod-korxonalar, ming-minglab ko‘chirilgan oilalaru yetim- yesirlarga boshpana bergan, mehru shafqatini darig‘ tutmay, o‘zi yemay shularga yedirgan, oti, moli, choponigacha frontga jo‘natgan xalqning ham Reyxstag devorlariyu Ikkinchi jahon urushi jasoratnomasida nomi bor bo‘y-basti bilan yozilishiga to‘la-to‘kis haqi bor.

Bir qardosh shoir “Urushda dushmanga otilgan har o‘n o‘qning to‘qqiztasi bizda ishlab chiqarilgan edi” deb yozibdi. Ehtimol, bor gapdir. O‘zbek tandiridagi hamma nonini, uyining to‘ri bilan qalb qo‘rini, mehru muruvvatiyu yurak-bag‘rini baxsh etdi.

Urushni la’natlarkan, o‘sha Osventsim qamoqxonasining tirik qolgan oz sonli sobiq mahbuslaridan biri, to‘qson yetti yoshli keksa qariya og‘ir tashvish-xavotir bilan shunday so‘zlarni aytdi: “Biz bu mudhish o‘tmish farzandlarimizning kelajagiga aylanishini istamaymiz!..”

40 million uzluksiz va muttasil yangrab turgan nom. 40 million bong.

Har yili 9 may arafasi, 9 may kuni Yer yuzini 40 million lola qoplaydi, 40 million qirmiz lola.

Osmonu falaklar uzra janglarda halok bo‘lgan askarlarning bedor-bezovta ruhlariyu o‘chmas, mahzun nomlari yanglig‘ sokin-sokin, og‘ir-og‘ir qanotlar qoqib turnalar uchadi. 40 million oq, oppoq turna.

40 million lolaning 500 mingi o‘zbekning bolasidir, o‘zbek bolalari.

40 million turnaning 500 mingi o‘zbek bolalaridir, o‘zbekning bolalari.

Menga tuyular goh: botir o‘g‘lonlar —

Janglarda jonini fidolar etgan,

Aslo o‘lgan emas — jang maydonidan

Oppoq turnalarga aylanib ketgan.

Ba’zi davlatlarning “Osventsim mahbuslarini biz ozod qildik, bizning jangchilarimiz ozod etdi” degan da’volariga qarama-qarshi o‘laroq, Rossiya Mudofaa vazirligi nihoyat yaqindagina, 70 yil deganda shu paytgacha qulfda saqlangan maxfiy raqamlarni e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Buni qarangki, insoniyat tarixidagi eng qabih va g‘ayriinsoniy o‘lim korxonasi tutqunlarini ozod etishda shu paytgacha uqtirib kelingan, faqat birgina millatga mansub jangchilar emas, sobiq sho‘ro respublikalarining hamma vakillari, jumladan, yuzlab o‘zbek millatidagi, o‘zbekistonlik jangchilar ham mardlik va matonat bilan hissa qo‘shgani nihoyat ma’lum etildi. Bu inkor etib bo‘lmas dalil va raqamlar millatma-millat, nomma-nom katta-katta harflar-yozuvlarda xalqaro telekanal orqali butun olam ahliga namoyish qilindi.

500 ming uzluksiz, to‘xtovsiz yangrab turgan bong. Xotira bongi, ogohlik bongi.

500 ming bag‘ri qon, bag‘ri dog‘ qirmiz lola.

Bu ma’yus-muztar lolalar til chiqarsa agar — o‘zbekcha gapirgan bo‘lardi.

Har yili 9 may arafasida shu 500 ming dardli-iztirobli tavallodan o‘n bir bong alohida ajralib chiqib, o‘n bir oq turnaga aylanadi-da, sokin-sokin parvoz etib, bobomning qishlog‘i, bizning Hisor tog‘lari bag‘ridagi qishlog‘imizga yondosh yam-yashil Sho‘ratepaga kelib qo‘nadi. O‘n bir bong tog‘u toshlar, dara va qoyalarga urilib, zoru nolon aks sado beradi. Soylar, so‘qmoqlardan o‘tib, bog‘u bog‘chalar uzra, loyshuvoq tomlar bilan toshtaloq devorlar osha sassiz-sadosiz, kuysiz-navosiz intizor hovlilarga tushadi. Tungi yellar misol, tonggi nasimlar yanglig‘ o‘choq-tandirlar atrofini, tuproq supalarni aylanib, ostona, eshiklarga zor-zor bosh uradi-da yana uzuq-yuluq bonglarga aylanib havoga ko‘tariladi. Havoda sokin-sokin o‘n bir oq, havorang turnaga evrilib, og‘ir-og‘ir qanot qoqqancha Xotira va mangulikday cheksiz moviy osmonu falaklar qa’riga singib ketadi.

Urush boshlanganda mo‘’jazgina Kundajuvoz qishlog‘ida qirq oiladan ko‘proq xonadon yashagan. O‘zbekistondan frontga safarbar etilgan 1,5 million navqiron yigitlarning o‘n besh nafari xuddi shu qishloqdan. O‘n beshidan o‘n bittasi qaytib kelmagan. Halok bo‘lgan yo bedarak ketgan.

O‘n gulidan bir guli ochilmagan, mo‘ylovlari endigina sabza urayotgan gulday-gulday yigitlar. Hammasi yoru qarindosh: birovi amak, birovi tog‘a, yana birovi urug‘dosh. Shu qishloqning burgut, lochinlari. Qishloq atrofini o‘rab turgan baland qoyalar, osmono‘par cho‘qqilar ko‘p. Mamasayid bobomning eski zamonlardan yodgor ko‘hna tomsupasidan turib xayolan tevarakdagi o‘n bir cho‘qqini sanayman. O‘n bir burgutidan ayrilgan o‘n bir cho‘qqi. Burgutlari qaytmagan o‘n bir burgutsiz cho‘qqi! Bir juft cho‘qqi qo‘shaloq, bir-biriga egiz-yondosh o‘sgan. Ko‘yi Dushox deyiladi. Ikki shoxli tog‘ degani. Urushda juvonmarg bo‘lgan egizak aka-ukalar Abdullo, Jumaqullarning qo‘shaloq cho‘qqisi.

Urushdan qaytganlari: Norov Narziqul, Narziqul tog‘am, amakilarim Badriddin, Muhiddin Xolovlar va mening otam Saidov Mamasaloh, harbiy daftarchasi bo‘yicha Saidov Saloh —1919 yilda tug‘ilgan, 1939 yildan harbiy xizmatga chaqirilib, G‘alabadan bir yil keyin — 1946 yilda qaytib kelgan…

Men urush boshlangan kundan o‘n yetti yil keyin, g‘alaba sanasidan o‘n uch yildan so‘ng tug‘ilgan bo‘lsam-da, maktabga, birinchi sinfga borgan chog‘larimdan boshlab, aqlimni tanigan bola paytlarimdan beri — urushdan qaytmagan va qaytgan bu aziz insonlar boshidan kechirgan, nomu yodlari, jismu joniyu yuraklarida, jarohatlari bilan yaralari, hayotiyu turmushlarida davom etgan o‘sha mudhish urush bor armonu ayriliqlari, og‘riq va iztiroblari, o‘kinch va sog‘inchlari bilan mening ham murg‘ak yuragimga jo bo‘lib, bola tasavvurim bilan aqlu idrokimga butunlay ko‘chib o‘tdi. Urush ko‘rgan odamlar urushning dog‘u alami bilan yashagan bo‘lsalar, men shu urush bilan ulg‘aydim, voyaga yetdim. Biror kun yo‘q ediki bu mavzuda biron bir gap yo suhbat eshitmagan bo‘lsam. Uyimizda, so‘rimizda biror sahar, oqshom yo tun yo‘q ediki — Oybibi momom, otam, onam, amaki yo tog‘alarim urush haqida, jangdagi voqealar, urush yillarining qiyinchiliklariyu azoblaridan, odamlarning mardligiyu nomardligi, bolalari ochlikdan o‘lgan hamqishloqlardan gurung bermagan bo‘lsalar… Bu muttasil jonli xotiralar, dardli esdaliklar davomida kunma-kun, oyma-oy va yilma-yil men ham o‘zim bilmagan holda urush qatnashchisiga, jangdagi voqealarning bevosita ishtirokchisiga aylanib borardim.

Otam urushda yetti marotaba yaralangan.

Yelkasi, bo‘yni, qo‘l va oyoqlari, tizza kosasidagi fashist o‘qlari qoldirgan bu jarohatlarning izlari — a’zoyi badanida o‘chmas bo‘lib naqshlangan urushning bu dardli-alamli gullari otamga umr bo‘yi azob berdi, iztirobga soldi. Uning oxirgi mudhish nishonasi — kichik barmoqning yarim tirnog‘icha keladigan, qirrasi terining tagidan ko‘rinib turgan, otam bog‘da beda o‘rayotgan chog‘da qadalib qattiq og‘riq bera boshlagan qo‘rg‘oshin parchasini g‘alabadan o‘n besh yil keyin, 60-yillarning boshida Nura onamiz harbiy dala gospitali usulini qo‘llab, yara joyni ham, soqol olgich olmosni ham aroq bilan yuvib, artadi-da, otamning boldiridan shartta kesib chiqarib oladi. Nura ona shishachaga solib asrab kelgan, necha marta bizlarga ko‘rsatib qayta-qayta gurungini bergan bu qo‘rg‘oshin parchasi, urush tugaganiga necha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, otamning jismu jonidan ketgisi kelmay, otam bilan, biz bilan yashayotgan Ikkinchi jahon urushining bu mash’um temir ashyoviy xotirasi 80-yillargacha onamizning jomadonida, ashqol-dashqollari orasida goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay, keyin bedarak ketgan askarday izsiz yo‘qolib qoldi…

Otamning molu dunyosi yo‘q edi. Mard, halol va mehnatkash odam edi. Xoksor, kambag‘alpesha, dardi, o‘ylovi ko‘p edi. “Urushni o‘ylaydi, — derdilar onam. — Nurani, Salomiddinni ko‘p o‘ylaydi. Dilu jigarini, ichi-suyaklarini urush tamom qilgan” derdilar. Nima uchun bunday deganlarini ulg‘ayganimizdan keyin anglab yetdik.

“Bobongning bog‘iga qaranglar. Bobongning bog‘i qarovsiz qolib ketmasin”, — derdi otam akam ikkimizga.

Vaziyat va sharoit o‘ng kelmadi, biz bog‘ga qarolmadik. Akam o‘z ro‘zg‘oriyu tashvishlari bilan, men esa shoirlikka urib ketdim.

Otamga bag‘ishlaganim, Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol!” asaridan olingan “Sizning shavkatli jarohatlaringiz uchun!..” degan so‘zlar tagsarlavha qo‘yilgan “Jarohat” nomli ilk dostonim bilan “Ota, hali tugamagan sening urushing” degan she’rim o‘n to‘qqiz yoshimda, jurnalistika fakultetining uchinchi kursida o‘qib yurgan kezlarimda yozildi. Men bu ojiz-notavon bitiklarim bilan otamning jarohatlarini biroz bo‘lsa-da kamaytiraman, she’rlarim bilan uning dardlariga malham bo‘laman, deb o‘ylagandim. Otam, albatta xursand bo‘ldi, duo qilgandan so‘ng chuqur uh tortdi-da: “Urushni yozma bolam, urushning uyi kuysin!” dedi…

Men u paytlar hech kimmas edim. 40-50 so‘m stipendiya oladigan o‘smir, talaba yigit, otam bilan onamning oltmish so‘mdan 120 so‘m oyligidan ham umidvor, keyin esa “Toshkent oqshomi”ning muxbiri sifatida 115 so‘m maosh, 50-60 so‘m qalam haqi oladigan, ijara uyda yashovchi yosh havaskor shoir — otamni nihoyatda yaxshi ko‘rardim, unga rahmim kelardi, nima qilib bo‘lsa ham — otamga yaxshilik qilgim, og‘irini yengil qilgim kelar, biroq qo‘limdan hech narsa kelmas edi. Ro‘zg‘orning butun yuki otam bilan onamning zimmasida, uyda bir etak bola-baqra — uka-singillarim, opam, akam va men esa turli shaharlarda o‘qir edik, hammamiz yeyishimiz, ichishimiz va kiyinishimiz kerak edi. Jangda otamga oson bo‘lmaganini, uning bardavom dardu alamlarini allaqachon anglab yetgandim. Hayoti, ro‘zg‘oru tirikchiligi og‘ir kechayotgani, onam bilan bab-baravar qiynalayotganini ko‘rib, qo‘limdan hech ish kelmay, buning ustiga kam-ko‘st ko‘rmasdan, beg‘am-beparvo, boyvachcha talabalarday sho‘xu shodon o‘qib yurganlarim — ba’zan rostakamiga alam qilardi.

Yillar xotiralarga, xotiralar yillarga aylanadi.

… Otamning o‘limidan o‘ttiz yil keyin, 2014 yilning bahorida Toshkentga — uyimizga kelgan onamni “Yuring, urushdan qaytmagan qarindoshlaringizni ko‘rsataman” deya Xotira maydoniga olib bordim.

Bundagi og‘ir-zalvorli sukunat, Motamsaro ona haykali, ayvonlar bilan ustunlarning jim-jit salobati, xotira zarvaraqlaridagi go‘yo tuganmasday tuyulguvchi nomlar, mangulikday tilsiz-zabonsiz Mangu olov, xiyobonning g‘ayritabiiy sokinligidan onam dastavval astoydil hayratlandilar. Urushda qurbon bo‘lgan hamqishloqlarining ismu nasabini nomma-nom, sanama-sana topib o‘qib berganimdan keyin esa o‘tirib olib yig‘ladilar. Fotiha o‘qiganlaridan so‘ng, yurtning ulug‘ zotlari haqiga ham duo qilarkan onam: “Urush bo‘lmaganida otang ham hali hayot bo‘lardi, ko‘p qiynalib, azob chekib ketdi” deya o‘ksinib qo‘ydilar.

450-500 ming nom, 450-500 ming bong.

Xotiralar yillarga, yillar xotiralarga aylanadi.

Otam umr bo‘yi urushni unutib yashashga harakat qildi. Lekin umr bo‘yi, kechasiyu kunduzi, tunu kun, shomu sahar bu mash’um azob otamni tark etmadi. Chuqur botgan mungli ko‘zlariga umrbod jo bo‘lib, sira qo‘yvorgisi kelmay, suyak-suyaklarini zirqiratib, har dam, har qadamda  muttasil ta’qib etib keldi.

Qirchillama yigitlik davrini xazon qilgan jangu muhorabalar keyin ham butun umri davomida kun bermadi. Dardmand bo‘lib, ko‘zlaridagi mung-alam yanada chuqurlashgan, rangu ro‘yi battar qorayib ketgan oltmish yoshida ham endigina jang handaqidan chiqib kelgan horg‘in, kuygan-toliqqan jangchiga o‘xshab ko‘rinardi.

…Urush boshlangan kundan 74 yil keyin, g‘alaba sanasining 70 yilligi arafasida otamning harbiy daftarchasini asta varaqlayman: 1919 yilda tug‘ilgan. Ma’lumoti 7 sinf. Harbiy xizmatni 1939-1940 yillarda 256-o‘qchi polkida o‘qchi, kursant sifatida boshlagan.

Daftarchaning 18-“Janglar, jangovar harakatlar va partizanlar otryadlaridagi ishtiroki” degan bandida shunday yozuvlarni o‘qiyman:

“1941 yilning 22 iyunidan 1943 yilning 11 iyuniga qadar Ulug‘ Vatan urushida 478-o‘qchi polkida, 56-gvardiyachi o‘qchi polkida bo‘linma komandiri sifatida…”

Daftarchaning 9-beti, 21- “mukofotlari” degan bandida esa “1946 yilning 7 iyulida “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” medali, guvohnoma raqami: 0259343” degan yozuvlar bitilgan.

Menga eng alam qilgani,  larzaga solib, qonimni junbushga keltirgani daftarchaning “Urushda yarador bo‘lganlari va olgan jarohatlari” so‘zlari yozilgan 22-bandi qarshisidagi “Jarohatlari yo‘q” degan yozuv bo‘ldi. Holbuki, xuddi shu daftarchaning 12-bandi bilan 15-bandlarida 1942 yilning 1 yanvar kunida, 1943 yilning iyun oyida yarador bo‘lib, harbiy gospitallarda davolangani haqidagi ma’lumotlar ham qayd etilgan.

Men shu o‘rinda bu qaydnomalarga qarama-qarshi o‘laroq, sobiq “SSSR Mudofaa Vazirligi” degan tashkilot janglarda 30-40 million askarlar qatorida qon kechgan, o‘t-olov simirgan oddiy jangchisiga bergan harbiy daftarchasiga o‘sha g‘irrom va nomard zamonlarning harbiy to‘ralari muhrlab qo‘ygan “Jarohatlari yo‘q” degan hukmni inkor etuvchi bittagina dalil-misolni keltirib o‘tishni zarur deb hisoblayman.

1974 yili ToshDU jurnalistika fakultetining birinchi kursida o‘qib yurgan paytimda otamning maslahati bilan SSSR Mudofaa vazirligining Leningraddagi Harbiy-meditsina muzeyiga xat yozdim. Bir oydan keyin xatimizga javob keldi.

Mana o‘sha javob xatidan bir ko‘chirma: “Saidov Saloh Saidovich, 1919 yilda tug‘ilgan, 1943 yilning 11 iyunida chap oyog‘ining tizza kosasidan yaralangan, 1943 yil 16 avgustigacha gospitalda davolanishda bo‘lgan. 1943 yilning 21 avgustidan harbiy qismga qaytgan…”

1941-1942 yillar — urushning eng qiyin pallalarida 1-Ukraina frontidagi janglarda olgan jarohatlari esa daftarchaga kiritilmagan.

Bu savolga nuqul onam javob berardilar: “Hujjat-pujjat degan narsa yo‘q. Hammasini urushda yo‘qotib kelgan…”

Bedarak jangchilarday nom-nishonsiz ketgan hujjatlar.

Biroq urush jarohatlari otamning jismu jon deb atalmish ranju azob, mehnatu zahmat daftarchasida umrbod qayd etilgan edi.

Biz bu jarohatlar bilan birga o‘sib-ulg‘aydik. Shu jarohatlar bizni tarbiyaladi. Hayotu tiriklik, tinchlik-xotirjamlik degan baxtu saodatlar naqadar qimmatli, el-yurt, ota va ona degan so‘zlar nechog‘li baland va mo‘’tabar ekanligini hamisha anglab, yodda tutib yashamog‘imiz kerak. Otalarimiz biz uchun, Vatan uchun olgan jarohatlar ruhimizda, qalbimizda ogohlik va da’vat bonglariday har doim yangrab turmog‘i zarur. “Sizning shavkatli jarohatlaringiz uchun!..”

Sirojiddin SAYYID,

O‘zbekiston xalq shoiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 17 =