UMIDBAXSH ADABIYOT EHTIYOJI

(Yozuvchi Ulug‘bek HAMDAM bilan suhbat)

— Ulug‘bek aka, muhtaram Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” deb nomlangan risolasida milliy adabiyotimiz oldida turgan vazifalar haqida so‘z boradi. Bilamizki, adabiyot tarbiya vositasi — u inson ruhiyatini tozalab turadi. Bugungi kunda badiiy adabiyot, ayniqsa, yaratilayotgan asarlar xususida qanday fikrlar bildirasiz? Kitobxonlar qanday asarlarga ko‘proq qiziqayapti? Bu yoqda sarguzasht, oldi-qochdi voqealar bayonidan iborat kitoblar ham ko‘payib boryapti…

— Avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, yaxshi asarlar kam bo‘lsa-da, yaratilyapti. Faqat ularni ko‘ra oladigan, xasu xashaklar orasidan ilg‘aydigan nigohlarimiz haqida ko‘proq qayg‘urishimiz kerak. Agar shunday nigohlarimiz bor bo‘lsa, demak, siz aytayotgan targ‘ibot masalalar haqida gaplashsak bo‘ladi. Yo‘qsa, gulni alafdan ajratolmay qiynalamiz. Bunday deyotganimning sababi, ba’zida tuppa tuzuk munaqqidlarimiz tanlagan, tahlil qilib kitobxonlarga tavsiya etgan ayrim asarlarni (agar ularni asar deb atash mumkin bo‘lsa!) o‘qib yoqa ushlamoqdan o‘zingni tutolmaysan, kishi. Chinakam adabiyot, avvalo, dunyoga botiniy nigoh bilan qarash degani. Botiniy nigohi bor odam esa juda-juda mulohazakor bo‘ladi. U bugun(dunyo)ni qanchalik o‘ylasa, erta (oxirat) haqida ham shunchalik tashvish chekadi.  Bunday odamdan yomonlik chiqmaydi. U birovning joniga qasd qilmaydi. Bir marta hidlash uchun yashnab turgan gulni uzib chetga uloqtirmaydi. Dunyoga, dunyoviylikka mukkasidan ketib, o‘tkinchi hoyu havaslarga iymonini sotmaydi. Aksincha, inson degan nomga munosib ravishda yashashga intiladi, o‘ziga ravo ko‘rganni o‘zgaga ham tilaydi, umri boricha, qo‘lidan kelgancha hammaga ko‘mak bermakka shoshadi. Shu ma’noda chinakam adabiyot odamga insoniylikdan saboq berguvchi juda katta ma’naviy kuchdir! Shu bois ham davlatimiz rahbari adabiyotga, xususan, kelajakka e’tiborimizni qaratganda shularni nazarda tutgan. Dunyoda bir-biridan tamomila olisda, ko‘rinishidan bir-biriga mutlaqo aloqasi yo‘q shakllarda yuz beradigan ko‘pdan ko‘p va xilma xil voqea-hodisalarning zamiridagi uzviylikni ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rishga, anglashga imkon yaratadigan sehrli ko‘zgudir haqiqiy adabiyot! Ammo bu adabiyot har doim ham qog‘ozga tushib, kitobga aylanavermaydi, u ko‘pincha yuraklarimizda yashaydi. Matnga aylangan adabiyot bu asl, botinimizdagi adabiyotning bir uchquni, xolos. Yuragimizda bo‘ladimi yo kitoblarga darj etiladimi, qat’i nazar, haqiqiy adabiyot insonni NAFS deb atalgan botqoqdan qutqarib, uni yuksak  ideallarga xizmat qildiradi. Chinakam adabiyot ikki dunyo o‘rtasidagi KO‘PRIK bo‘la oladi, bo‘lishi kerak. Bunday adabiyot odamdagi noqisliklarni pasaytirib, uning insonlik qanotini parvozlarga shaylaydi, yuksaltiradi. Bas, shunday ekan, men bugun nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda yaxshi adabiyotning targ‘iboti qancha ko‘p bo‘lsa, uning moddiy-ma’naviy foydasi ham shuncha yaxshi bo‘ladi, deb ishonaman.

Kitobxonlar o‘zlariga yaqin mavzulardagi asarlarga ko‘proq qiziqishadi. Masalan, jamiyat bugungi kunda qanday muammolar bilan yashayotgan esa, o‘sha masalalar maroqli va yuksak badiiyat bilan aks ettirilgan asarlar o‘quvchilarda eng ko‘p qiziqish uyg‘otadi, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, o‘z olamiga g‘arq bo‘lgan, shoir aytmoqchi, torgina hovuzni butun bir dunyo deb bilgan o‘quvchilar guruhi ham bor. Ular xuddi shunday sub’ektiv olamda yashab ijod qiladigan shoir yo yozuvchi asarlarining muxlisi bo‘lishadi, odatda.  E’tibor qilsangiz, zamonamizda talay odamlar o‘zi bilan o‘zi o‘ralashib qolganini anglaysiz. Xuddi shunday, o‘z chorbog‘ini butun bir olamga teng deydigan ijodkorlar ham topiladi. Ular, ko‘pincha, o‘z qobig‘idan tashqari chiqa olmay, eng yomoni, bunga harakat ham qilmay, o‘z sub’ektivizmi botqog‘i ichra xonish qilayotgan sho‘rlik qushga o‘xshaydi. Aslida, ijodkorning o‘z ichki dunyosiga sayohat qilishi, u yerdagini tashqariga – qog‘ozga, o‘quvchilarga olib chiqishi san’atning mohiyatiga uyg‘un xatti-harakat. Lekin, hamma gap shundaki, ma’naviy-ruhiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan past saviyadagi ijodkorning ko‘ngil dunyosi biqiq va maishiy hududdan iborat bo‘lib qolganda, uning qalamidan chiqqan she’r ham, qissayu roman ham o‘zga ko‘ngil va ongga ta’sir etmaydi.

Endi “sarguzasht, oldi-qochdi voqealar bayonidan iborat kitoblar ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otayotgani” masalasiga kelsak, bu hol shu kecha-kunduzda dunyoda hukm surayotgan “ommaviy madaniyat” kayfiyatidan kelib chiqadigan yengil hayot tarziga qiziqish va intilish bilan belgilansa, ajabmas. Fikrlash, bu — aslida, juda katta mehnat qilish degani.  Biz ana shunday mehnatdan qochayotganga o‘xshaymiz. Natijada qalb va tafakkur dangasa bo‘lib, o‘rniga badan bilan bog‘liq istaklarimiz hakalak otmoqda. Siz aytayotgan sarguzasht va oldi-qochdi adabiyotga qiziqishning tub ildizi, adashmasam, shu yerda. Ammo bu dardning ham shifosi bor, u ham bo‘lsa, jiddiy adabiyotga, shu jumladan, mumtoz adabiyotimiz namunalariga tizimli e’tibor qaratib, ularni maktab, kollej va litseylardanoq o‘quvchilar qalbi va ongiga malham yanglig‘ quyishda. Chunki bunday adabiyot millatning botiniy qiyofasini belgilab beradigan asosiy ustunlardan biridir! Bir xalq o‘z botiniy qiyofasini qo‘rimas ekan, u moddiy jihatdan qanchalik boy-badavlat yashagani bilan globalizm ta’siri ostida sekin-asta yon-atrofdagi o‘z “men”ini tanigan, uni himoya qilgan xalqlar qatiga singib ketishi hech gapmas. Adabiyot va ma’naviyat shuning uchun ham bugun suv bilan havodek zarur!

— Bilamizki, adabiyot bu odob-axloq fanidir. Lekin uning bu xususiyatini ikkinchi darajali, deb qaraydiganlar, badiiyat, san’at birlamchi, pand-nasihat so‘z san’ati namunasining mohiyatini belgilamaydi, deguvchilar ham bor. Sizning  bu masalaga munosabatingiz qanday?

— Bilasizmi, ijodkor hayoti mobaynida siz sanagan bosqichlarni bosib o‘tar, to‘g‘rirog‘i, bosib o‘tishi kerak ekan. Tanqid uchun o‘zgadan misol qidirib nima qildim, mana, mening o‘zim, talabalik yillarimda adabiyot his va idrok mahsuli, nimaiki, qalbimiz va badanimiz tomonidan his qilinib, aqlimiz bilan idrok qilindimi, bas, shularning bari chinakam adabiyotning mahsulidir, degan maksimalistcha qarashda yurar edim. Ijodkor haqiqatgo‘y bo‘lishi shart, u insonga nimaiki aloqador esa, borini boricha aks ettirishga mahkum deb bilardim. Talay qoralamalarim shu yo‘sin bunyod ham bo‘ldi. Vaqtlar o‘tib esa qarashlarim tahrirga uchradi. Albatta, ijodkorning har qanday vaziyatda ham o‘zgarmaydigan haqiqatlari bo‘ladi, bo‘lishi kerak. U bunday haqiqatdan hech qachon yuz o‘girmasligi lozim, bu fikrimni bugun ham, ertaga ham yoqlashimga ishonaman. Lekin vaqti-soati kelib adashganini anglab yetsayu qaysarlik qilib buni tan olmasa, bu endi, yumshoq qilib aytganda, sira yaxshi emas. Qolaversa, haqiqatning ham o‘z ahli bo‘ladi. Ahliga aytilmagan har qanday to‘g‘ri va yaxshi gapning zarari bo‘lsa bo‘ladiki, foydasi yo‘q. Demak, har bir gap o‘z ahliga aytilsagina kutilgan natijani beradi. Bundan ham muhimroq gap shuki, adabiyot inson (o‘quvchi) nigohini yuksak va pok nuqtalarga qaratmog‘i juda-juda zarur ekan! (“Botqoqlarga botsa-da jismim Qorachig‘da yashaydi osmon!” deydi shoir). Ayniqsa, bugun — globalizm davrida! “Ommaviy madaniyat” kuchayib, inson turli madaniyatlar va qarashlar buhronida yo‘lini yo‘qotayozgan pallada!

Yaqinda bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Millatimiz, adabiyotimiz, ma’naviyatimiz uchun katta xizmat qilgan zabardast shoirimiz bilan uchrashuvga talabalarning aksariyati, bilasizmi, kimning to‘plamini bag‘irlariga bosib kelishdi? Zamonamizning “Men sevaman, Sen sevasanmi?” deb yozg‘uchi qo‘shiqchi nazmbozining! Mana, siz aytayotgan o‘quvchi saviyasiga bitta misol! Yo‘q, men hamma yoshlarimizni yoppasiga ayblamoqchi emasman. Aybdor bor bo‘lsa, u ham o‘zimiz. Chunki ularga haqiqiy, baland adabiyotdan saboq berolmagan bo‘lib chiqayapmiz. Maktab, kollej, litsey, oliy o‘quv yurtlarida imkon topib (adabiyotga ajratilayotgan dars soatlari murg‘ak ong va yurakni to‘g‘ri tarbiya qilish uchun kifoyami?) o‘quvchilar qalbiga yetarlicha kira olmagan bo‘layapmiz. Natijada, ular o‘z yoshlariga ko‘ra oson hazm qilinuvchi, dastlabki ikki qatoridan qolgan hamma misralari nima bilan tugashi ayon so‘zlar yig‘indisini she’r deb qabul qilishmoqda. O‘quvchini tarbiyalash uchun esa adabiyotning nima ekanligini avvalo o‘zi yaxshi anglab olgan hamda baland saviyada dars berishdan boshqa tashvishi yo‘q mutaxassis-o‘qituvchilar “armiya”si zarurligini yodda tutmog‘imiz kerak. Demak, jiddiy va katta adabiyot bu jamiyatning bitta bo‘g‘ini uddalaydigan oson ish bo‘lmay, hammamizning bir yoqadan bosh chiqarib, doimo bahamjihat mehnat qilishimiz natijasida qo‘lga kiritiladigan bebaho ma’naviy boylik ekan.

— Internetga munosabatingiz qanday? Bu yozuvchining imkoniyatlarini kengaytirayaptimi yoki vaqtini o‘g‘irlayaptimi? Internetning kitobxonlikka ta’siri ham bor gap…

— Yaqinda internet haqida gapira turib, bir tanishim oddiy pichoqni tashbeh sifatida qo‘lladi va bu menga juda ma’qul keldi. Uning aytishicha, pichoqni inson osh pishirish uchun ham, birovni jarohatlash yoki hayotiga zomin bo‘lish uchun ham ishlatishi mumkin ekan. Internet ham taxminan shunday qurol. Demak, internetdan siz qaysi maqsadda foydalanayapsiz, hamma gap ana shunda. Internet — taraqqiyot mahsuli. Undan va uning kabi mahsullardan voz kechilmaydi. Ixtiyorimizda nima qoladi? Unga va uning kabi tamaddun tug‘ib berayotgan boshqa texnik vositalarga qaratilgan munosabatimizni insonning sha’niga munosib maqomga ko‘tarish qoladi. Demak, internetga qaysi maqsadda yondashsak, u ham bizga shu tarzda javob berar ekan. Lekin ongi yetarlicha shakllanmagan yoshlarimizning internetga bo‘lgan munosabatlarini doimiy nazorat qilib borish shart deb bilaman. O‘g‘il-qizlarimiz qaysi saytlarga kirayapti, kimlar bilan muloqotda bo‘layapti va u yerda bir kunda yoki bir haftada necha soat vaqt o‘tkazayapti, degan savollarga aniq, ijobiy javobimiz bo‘lishi zarur. Umuman olganda esa, dunyo miqyosida internetning insonni hayvoniyligiga yog‘ quyadigan, fahsh, buzg‘unchilik, qo‘poruvchilik, terrorga gij-gijlaydigan imkonlarini butunlay va uzil-kesil chegaralash ustida jiddiy qarorlar oladigan vaqt kelmadimikan?..

Men internetga, asosan, ma’lumot olish, xabar va pochta o‘qish uchun kiraman. Bu ish uchun menga odatda, uch-to‘rt daqiqadan yarim soatgacha vaqt kifoya qiladi. Mabodo, uzoqroq qolib ketsam, asosiy hayotim tepadayu mening o‘zim yerto‘lada qamalib kolgandek his qilaman o‘zimni. Unutmasligimiz kerakki, internet bu haqiqiy hayotning bitta jilvasi, xolos. Ko‘p kuzatganman, real hayotda muvaffaqiyatsizlikka uchragan odamlar, odatda, virtual olamdan tasalli, ovunchoq izlab qoladi. Shundanmi, internetga konkret ish yuzasidan kirmay, uning bepoyon bo‘shliqlarida shunchaki vaqt o‘tkazib yurgan kishilarga ko‘zim tushsa yo ular haqida eshitsam, negadir ularning hayotlarida muammo bormikan, degan o‘yga boraman. Albatta, kasb-kori internet bilan muntazam ishlashni taqozo qiladigan mutaxassislar bundan mustasno. Alqissa, internetga to‘g‘ri maqsad va ezgu niyat bilan munosabatda bo‘linsa, u dastyorga aylanadi. Yo‘qsa, insonni turli balolarga giriftor etishi ham bor gap.

— Bugun adabiyot tabiatida qanday o‘zgarishlarni, yangilanishlarni kuzatish mumkin? Shu ma’noda “Na’matak” asaringizga to‘xtalsangiz.

— Adabiyot yangilanayotir. U vaqti-vaqti bilan libosini o‘zgartirib turadi, ya’ni  yangi to‘n kiyib oladi. Bu narsa, ayniqsa, keyingi vaqtlarda bo‘rtib ko‘rina boshladi. Bugun yostiqdek romanlarni o‘qish nihoyatda mushkul. Qisqalik, lo‘ndalik, obrazlilik bugungi adabiyotning asosiy atributlaridan. Chunki vaqtning unumi qolmagan. Texnika va axborot asrlari inson uchun vaqt deb atalgan ne’mat barakasini uchirib yubordi. Bunga amin bo‘lish uchun, ana, biron haftaga qishloqqa, odamlar kamroq yashaydigan ovloqqa borib vaqtni kuzating. Birdaniga u imillay boshlaganiga guvoh bo‘lasiz. Lekin gavjum shaharga qaytib kelganingizda hammasi o‘zgaradi – yillaringiz oylardek, oylaringiz haftalar kabi, haftalaringiz kunlar singari o‘tayotganini payqab qolasiz. Nega? Chunki bu yerda harakat ko‘p va tig‘iz. Atrofingizda ko‘pqavatli uylar, avtolar, odamlar… Va ular ko‘z o‘ngingizda tinimsiz harakatlanib turadi. G‘oyalar, qarashlar, kayfiyatlar ham shunday. Natijada vaqtni his qilishimiz o‘zgarib, inson qisqa fursat ichida ko‘proq narsaga erishish payiga tushib qoladi. Shaharliklarning shoshqaloq bo‘lib qolishi shundan. U yog‘ini surishtirsangiz, dunyoning o‘zi sekin-asta ulkan bir shaharga aylanib borayapti. Men mana “Na’matak” deb atalgan kichik eksperimetal asar yozdim. Va uni shartli ravishda roman deb atadim. Bunda ana o‘sha  ixtiyorimizda tobora kamayib borayotgan VAQT tushunchasidan kelib chiqib, roman mazmunini bitta hikoya hajmiga qamashga harakat qildim. Bu bir tajriba, xolos. Undan kattasiga da’voim yo‘q. Albatta, asarga qarashlar har xil bo‘ldi, bo‘layapti. Buni men tabiiy qabul qilaman. Faqat tomonlar bu asar o‘yin yoki havas tarzida tug‘ilmaganligini, uning aynan shunday kichik hajmda yozilganligining, yuqorida bayon etilganidek, juda salmoqli asos — sababi borligini bir bor mushohada qilib ko‘rsalar, bas. U yog‘ini so‘rasangiz, mutolaadan so‘ng xotirangizda hikoyaning yukicha mazmun qoldirmagan yostiqdek romandan, romanning yukidek mazmun qoldirgan jimitdek hikoyani chandon afzal ko‘raman.

Darvoqe, adabiyotdagi o‘yin masalasiga kelsak. Ko‘pchilik zamondosh ijodkorlar shaklga shu darajada ruju qo‘yishdiki, natijada ko‘p hollarda alam bilan mazmunning oqsayotganini kuzatishga to‘g‘ri kelmoqda. Adabiyot inson dardidan, adolat va haqiqatdan uzoqlashar va shaklbozlikni o‘zining bosh a’moliga aylantirar, san’at asosini boshqotirmadan iborat deb bilar  ekan, u sariq chaqaga ham arzimaydi. Adabiyotni ko‘ngilxushlik darajasiga tushirmaslik kerak. Haqiqiy adabiyot, bu — inson ruhi aks etguvchi ilohiy ko‘zgudir!

— Ayrimlar xoslar uchun yozaman deb aytsa, ba’zilar xalq uchun ijod qilaman deydi. Siz-chi?

— Ba’zan uchrashuvlarda turfa yo‘nalishdagi shoirlar she’r o‘qib qoladi. Yashirib nima qildim, odatda, xalqona yo‘nalishdagilarni zal ahli ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi, murakkabroq yo‘nalish shoirlarini esa, odatda, uch-to‘rt kishi ma’qullaganining guvohi bo‘lamiz. Meni esa har doim bitta narsa o‘ylantirib kelgan: ijodda shunday bir darajaga erishsangki, unda seni hamma – omma ham, xos ham birdek tushunsa. Bu aytishgagina oson. Hatto chinakamiga xalqona yo‘lda o‘quvchiga ma’qul bo‘ladigan to‘rt qator she’r aytish ham g‘oyat mushkul ish. Bir necha vaqt muqaddam yaqin do‘stim tavsiyasiga ko‘ra professor Suyima G‘anieva tarjimasi va tahriri ostida chop etilgan “Kalila va Dimna” asarini qayta o‘qib chiqdim. Qayta deganimning sababi, bir vaqtlar, maktab paytimda asar bilan ilk bor tanishgan edim. Bilasizmi, do‘stimdan juda-juda minnatdor bo‘lib ketdim. Axir, mana-ku, men ijodda orzu qilgan o‘sha daraja! Yetti yoshdan yetmish yoshgacha manzur bo‘ladigan uslub! Qahramonlari asosan darrandayu parranda, hasharotu odamiyzod bo‘lgan ushbu asarning syujeti bolalarga qanchalik zavqli bo‘lsa, syujet zimnidagi ma’nolar tafakkur yurituvchilar uchun shunchalar maroqli. Unda aks etgan bir-biridan qiziq voqealar xalq e’tiborini qancha tortsa, voqealardan kelib chiqadigan xulosalar, qissadan hissalar xos kishilar diqqatiga shuncha munosib. Bir vaqtning o‘zida ham ko‘pchilik, ham ozchilik didiga uyg‘un so‘z aytishning uddasidan chiqolmaganim uchun ham men hozirgacha alohida-alohida aytib keldim. Chunonchi, “Yolg‘izlik” degan qissamni yozganimda men yozuvchi sifatida aytadigan hamma asosiy gapimni aytib bo‘ldim, deb o‘ylaganman. Lekin keyinroq sinchiklab nazar solsam, u asar ko‘proq xoslar uchun bitilgan ekan. Ko‘nglim to‘lmadi va uni ko‘pchilikka tushuntirish uchun naq uchta roman yozdim: “Muvozanat”, “Isyon va itoat” va “Sabo va Samandar” aslida ana o‘sha “Yolg‘izlik”ning o‘ziga xos tarjimalari, sharhi hisoblanadi. Ayrim hikoyalarda va ayniqsa, 2013 yilda yozilgan “Na’matak” kichik romandagina orzuimga qisman erishdim. Lekin katta hajmdagi asarda buni uddalay olganim yo‘q hali. Yaqinda yakunlagan “Yo‘l va yo‘lovchi” deb nomlangan romanimni o‘quvchi sifatida o‘qib ko‘rsam, yana ko‘pgina o‘rinlarda “Yolg‘izlik”ning ruhiga tushib qolganimni angladim va ko‘nglim biroz cho‘qdi. Ko‘rib turganingizdek, men hali izlanishda ekanman. Hali orzuimdagi asar oldinda ekan. Yetib boramanmi unga yo‘qmi, buni bilmadim, bilganim va, ehtimol,  muhimi shuki, men undan esayotgan bo‘yni tuydim.

— Shu o‘rinda tanqidchiligimiz haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsangiz. Bugungi o‘zbek tanqidi chinakamiga voqea bo‘layotgan asarlarni to‘g‘ri topib, ularga to‘g‘ri tashhis qo‘ya olyaptimi?

— O‘zbek adabiy tanqidi, uning bugungi saviyasi, kelajakdagi taqdiri adabiyot jonkuyarlarini ayniqsa, bugun jiddiy o‘ylatmoqda, qaerdadir sevintirsa, qaerdadir tashvishga solmoqda. Istagimiz — o‘zbek adabiy tanqidi yuksalsin! Adabiy jarayondan ortda qolmasin, aksincha, bayroqni qo‘lga olgan holda old safga o‘tib yursin. Chunki adabiy jarayon avvalida emas, ortida yurgan adabiy tanqid, bu – asl tanqid emas, balki ana shu jarayonning ayanchli soyasidir. Ustoz munaqqid, professor U.Normatov bir maqolasida“Insoniyat hali ulkan iste’dodlar xizmatini munosib qadrlash darajasiga ko‘tarilgani yo‘q”, deb aytadiki, bu dardli hayqiriqning bir uchi kelib tanqidga qadaladi. Shunda beixtiyor xayolga amerikalik mashhur skripkachi Joshua Bell keladi. 2009 yilda  quyidagicha bir eksperiment o‘tkaziladi: jahonga mashhur, bir kun oldin “Boston Simfonik Xoll”da bergan kontsertining bilet narxi 100-120 dollar bo‘lgan skripkachi oddiy kiyim kiygan holda metro bekatiga tushib keladi va tik turgan ko‘yi 3,5 mln. dollar turadigan qimmatbaho skripkasida dunyolarga dong‘i ketgan musiqalarini chala boshlaydi. Shunda, bilasizmi, nima hol ro‘y beradi: achinarli, ammo bugungi zamonaviy dunyo va zamondosh insonning asl yuzini ochib tashlaydigan, ularda yashirin fojiani shundoq ko‘z o‘ngimizda namoyon etadigan voqea sodir bo‘ladi. Skripkachi 45 daqiqa mobaynida musiqa chaladi, lekin uni hech kim tanimaydi, tanimagani mayli, shu vaqt davomida 6 kishigina xiyol to‘xtab musiqaga quloq tutgandek bo‘ladi, ammo soatlariga qarab olgach, yana shitob bilan yo‘llarida davom etadi, atigi 20 kishi pul beradi, mashhur skripkachi bor-yo‘g‘i 32 dollar pul yig‘adi. Eng qizig‘i shuki, musiqani astoydil eshitaman degan sanoqlilarning bari bolalar bo‘ladi. Qissadan hissa — bunga o‘xshash ne-ne mo‘’jizalarni har kuni, har on nazardan soqit qilib, ularda g‘ofil holda yashayotgan ekanmiz?” degan savolni qo‘yishadi klip ijodkorlari.

Xuddi shunday, bugungi o‘zbek adabiyotida ham yuqoridagi holni yodga soladigan voqealar anchadan beri bor. Qarshisida to‘xtab tafakkur qiladigan asarlar oz bo‘lsa-da yaratildi, yaratilayotir. Lekin o‘quvchi metrodagi odamlar kabi beparvo, bee’tibor. Hatto adabiy tanqid ham deyarli shunday ahvolda, ba’zan esa yanada ayanchli hollarga tushib turadi u: asosiy e’tiborni chinakam san’at asarlariga qaratish o‘rniga, ko‘pincha,  o‘rtamiyona qoralamalar bilan andarmon bo‘lib umrini o‘tkazmoqda. Munaqqid yozgan maqolasini o‘zidan uzoqroq umr ko‘rishini istasa, o‘lmaydigan adabiy durdonalar haqida ko‘proq bosh qotirib, xo‘proq yozishi kerak bo‘ladi.

— Shiddat bilan o‘zgarib, turlanib borayotgan dunyoda ijodkorning zimmasiga tushayotgan eng muhim vazifa, sizningcha, nimadan iborat?

— Umiddan, uni odamlarga bag‘ishlashdan.  Umiddan, ishonchdan boshqa nima bor o‘zi bu olamda? O‘shani ham yo‘q desak… Adabiyot orqali, badiiy so‘z vositasida o‘sha hayot osilib turgan rishtani ham kessak, nima qoladi o‘zi?.. Bitta yoki bir qancha g‘amgin she’rning yo‘rig‘i boshqa. Lekin ijodkor tushkunlikni targ‘ib qilsa-chi? Hayotga muhabbatni emas, o‘limga muhabbatni kuylab tursa-chi?.. Uning butun ijodi shunday kayfiyatlar mahsulidan iborat bo‘lsa-chi?.. U holda jim turish jinoyat qilish bilan barobar emasmi?.. Albatta, hech kimga “sen bunday yozma!” deya buyruq berib bo‘lmaydi. Har bir ijodkor qalbi buyurganini yozadi. Faqat jamiyat ichra tushkun kayfiyat urug‘ini sepmasin, qora ruhni targ‘ib qilmasin, buzg‘unchilikni tashviq etmasin, deya istak bildirishga haqqimiz bordir, axir! Tani buzuq bo‘lgan bor, ongi buzuq bo‘lgan bor. Ko‘pincha, keyingisi chunon xavflidir. Chunki birinchi holda zarar asosan insonning o‘ziga va nisbatan ozchilikka, ikkinchisida esa aksariyat holda atrofdagilarga va ko‘pchilikka keladi. Zulmatga xizmat qiladigan asarlar o‘quvchi ongini buzuvchi asarlardir. Bugungi zamondosh uchun yorug‘ asarlar suv bilan havodek zarur. Insoniyatning iymonu e’tiqoddan mahrum qismi shundog‘am umidsizlik degan botqoqqa cho‘kib borayapti. Shunday bir paytda bashar ahliga bir qatim nur ilinish ijodkorlarning muqaddas burchi emasmi!?.

— Ba’zan bugun “qoladigan asarlar kam yozilayapti”, degandek yozg‘iriqlarni eshitib qolamiz. Nahotki, shunday bo‘lsa?

— Biz ko‘pincha “tayyor” asarlarni o‘qishga moyil bo‘lamiz. Va “tayyor” qarashlarga suyanib, ustiga ustak, xuddi Amerika kashf qilgan kabi asarni maqtay ketamiz. Hech kim bilmasa, sezmasa, o‘sha fikrlarni o‘zimizniki ham qilib olamiz. Chunki ustozimiz Tal’at Solihov aytganidek: “bizning tafakkurimiz dangasa”. Fikr yuritishdan qochamiz, unga bo‘ynimiz yor bermaydi. Xuddi do‘konlardan yarimtayyor mahsulotlarni olib, uyga kelib, elektrisitgichda apil-tapil ilitib og‘zimizga solayotganimiz kabi ijtimoiy-ma’naviy intilishlarimiz bobida ham o‘sha tayyor qarashlarga tobemiz: bizgacha aytilgan mulohazalar qoliplari doirasidan chiqib ketolmaymiz. Kundaligimga qachonlardir shunday fikrni qoralab qo‘ygan ekanman: “Biz qoliplarga ko‘ra yashaymiz. Har doim, har bir harakatimiz qoliplarga rioyadir. Aslida, tabiatimiz va vijdon amrimizga quloq osish bizni ruhiy iztiroblardan saqlar edi. Lekin biz “odamlar nima deydi?”, deb o‘zimizni yana qoliplar ichiga yashiramiz. Hayot ham shunga yarasha jazolaydi — biz qoliplar ichra ko‘rinmay ketamiz”. Hozirda, badiiy asarlarni baholashda, hatto ular o‘tmish merosiga oid bo‘lsa-da, asosan, bizgacha aytilgan tayyor qarashlarni dastak qilib kun ko‘rayotgan chalaolimlar urchib ketgan. Aslida, boshqalarni fikrlarini o‘qib-o‘rganishning yonida ularga qul bo‘lib qolmay, asarni go‘yoki endi yozilgandek mutolaa qilish va u haqida o‘z mulohazalarimizni aytishimiz kerakmasmi? Boshqa tomondan esa, ulug‘ asarlar faqat o‘tmishda yozilgan degan g‘ayriilmiy, g‘ayrimantiqiy qarashdan voz kechish kerak. Inson, agar u olim bo‘lsa ham, o‘z davri bilan, uning muammolari bilan yashamas, ularni his qilmas ekan, shu davrning ko‘zgudagi aksi bo‘lib yaratilgan asarlari haqida keskin fikr bildirishdan o‘zini tiygani ma’qul.

— “Sharq yulduzi” jurnali yoshlarni Vatanimiz tarixi va umuminsoniy qadriyatlari ruhida tarbiyalash yo‘lida xizmat qilmoqda. Bunda bosh muharrir sifatida sizning ham hissangiz bor, albatta. Jurnalning keyingi ijodiy rejalari haqida ham to‘xtalsangiz…

— “Sharq yulduzi” jurnali respublikamiz adabiy jarayonini ko‘zgu yanglig‘ aks ettirishni o‘ziga maqsad qilib olgan. Hozirgacha ushbu maqsaddan og‘ishmay faoliyat olib borishga harakat qilayapmiz. Umid qilamanki, jurnalimiz bundan keyin ham ana o‘sha jarayonni kuzatish va muntazam yoritib borishdan aslo tolmaydi. Jarayon bugun yanada qiziqarli tus olayapti. Chunki bugun odamlarimizning dunyoqarashlari, atrofga munosabatlari ayni o‘zgarayotgan, yangilanayotgan pallada yashayapmiz. Jumladan, mazkur o‘zgarish adabiyotda, ayniqsa, yoshlar ijodida ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Tahririyatimiz jamoasi bilan birgalikda hozirgi adabiy jarayonda manaman deya ko‘zga tashlangan har qanday janrdagi yaxshi asarlarni imkon qadar ko‘proq e’lon qilishni niyat qilib olganmiz.

 

Adiba UMIROVA gurunglashdi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =