HUJJATDAGI XATO

ubizni qachongacha ta’qib qiladi?

Gazetaning navbatdagi soni chiqqan kuni tahririyatga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bir maqola uchun intervyu bergan mutaxassis muallif bilan gaplashmoqchiligini aytdi. Hamkasbim go‘shakni oldi, suhbatdoshi baland ovozda noroziligini ayta boshlaganida bizlar ham beixtiyor mojarodan xabardor bo‘ldik: “Mening familiyam Ibragimova! Ibrohimova emas! Familiyamni o‘zgartirib yozishga nima haqingiz bor?!”…

IBRAGIMOVAMI YOKI IBROHIMOVA?
Xo‘sh, bu bahsda kim haq? Kim xato qildi? Familiyani imlo qoidalariga asoslanib yozgan jurnalistmi yoki hujjat bilan aynanlikni talab qilayotgan qahramonmi? 
Gazeta — hayot ko‘zgusi. U nafaqat atrofimizda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar haqida xabar beradi, balki u orqali o‘quvchilar ongiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, gazeta uchun nimani yoritish bilan birga, qanday yoritish masalasi ham juda muhim. U keng omma auditoriyasiga mo‘ljallangan ekan, hamma tushunadigan tilda, to‘g‘ri va aniqlikka asoslanishi kerak. Bu faqat gazeta ilmining talabi emas, o‘quvchining ham talabidir. Ayniqsa, imlo masalasida gazeta doim namuna vazifasini o‘tab kelgan. Biror so‘zning imlosi haqida bahs ketganida, “Gazetadan tekshirib ko‘rish kerak” yoki “Gazetada bunday yozilibdi, demak shu to‘g‘ri ekan” degan qarashning mavjudligi bor gap. Shunday ekan, yuqoridagi holatda familiyani hujjatdagiday berish xatoni qonuniylashtirish emasmi? Biroq qahramonimizni ham aybdorga chiqarib bo‘lmaydi. Axir, hujjatda uning familiyasi «Ibragimova» bo‘lsa nima qilsin?..
Afsuski, hujjat va imloning mos tushmasligi hamda shu bilan bog‘liq muammolar nafaqat tahririyat ishida, balki kundalik hayotda ham tez-tez uchraydi. Bu muammo jamiyatda qachon paydo bo‘ldi? Taassufki, kecha emas. Qarangki, ushbu masalaning ilk marta milliy matbuotimizda yoritilganiga 100 yil bo‘libdi! Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnali 1914 yil 18-sonida chop etilgan “Jaholat dardlaridan” sarlavhali maqolasi aynan shu mavzuga bag‘ishlangan edi. Muallif “Absamat”, “Obduraxmon”, “Nutfullo” (Lutfullo), “Jodugor” (Yodgor), “Patxulla”larning ismlari “hujjatlar va hukumat mahkamalarida ham shul g‘alat va masxaralik holatda” yozilishini aytib, o‘sha davrdayoq bu muammoni hal etishga chaqirgan edi.
Maqoladan olingan ushbu parcha, ayniqsa, e’tiborga molik, muallif go‘yo bugun haqida yozganday: “Ajab shulki, idorada g‘alat yozilib kelgan ismlarni to‘g‘ri yozib yuborilsa, egalari rozi bo‘lmaydur”… Bir asr o‘tibdi-yu, xatoga “sadoqat” hissi o‘zgarmabdi…

O‘LMAS UL EMASMI?

Mazkur maqolada Behbudiy o‘rtaga qo‘yadigan savol aytib o‘tganimizdek, bugun uchun ham dolzarb: «Ismimizni bilmaymiz! Nega?». O‘shanda muallif o‘zi qo‘ygan savolga kinoyaviy tarzda shunday javob bergandi: «Bizga o‘rgatmabdurlar». 
Avvallari xatolar davlat mahkamalarida asosan o‘zga millatga mansub kishilarning ishlashi bilan izohlanar edi. Bugun-chi? Nega hanuz bu muammo uchrayapti? Masalan, “h” va “x” harflari qatnashgan ism-familiyalarning aksariyati xato yozilgan holda rasmiylashtirilmoqda. Qolaversa, shunday ismlar ham borki, ularning asl imlosi allaqachon unutilib ketganday: “Bobir”, “Mashkura”, “Begzod”, “Timur”, «Nemat”…
Ism noto‘g‘ri yozilgach, tabiiyki, undan hosil bo‘ladigan familiya ham bu qusurdan xoli bo‘lmaydi. “Radjabov”, “Saparov”, “Kasimov”, “Yuldashev”, “Artikov”, “Alimov”, “Sadikov” kabi. Ajablanarlisi, o‘zining yoki bobosining (familiyadagi) nomi shu taxlit noto‘g‘ri yozilishi ularni zarracha og‘rintirmaydi, shekilli.
Xatolar shunchaki imlo bilan bog‘liq bo‘lsa mayli, ba’zida ular lug‘aviy ma’noga ham ta’sir qilishi mumkin. Mavzuni o‘rganish mobaynida bu kabi holatlarga duch keldik. Chirchiqlik shifokor O‘lmas Safarovning aytishicha, pasportida ismi “Ulmas” deb yozilgan. “Ul” — o‘g‘il degani. Qibraylik Dilobar To‘xtaoxunovaning ismi esa hujjatga ko‘ra — “Dilbara”. Bunday ism esa umuman mavjud emas.
— Pasportimda ismim ham, familiyam ham xato yozilgan, — deydi poytaxtlik tadbirkor Farruh Najmiddinov (1976 yil tug‘ilgan). — Bir emas, bir nechta xato bilan “Farux Natjmitdinov” deyilgan. Rasmiy hujjatlarni to‘ldirganda pasportdagi yozuvni aynan keltirishga to‘g‘ri keladi, shunda o‘z ism-sharifimni xato yozishga uyalaman. Aslida uni to‘g‘rilab takroran pasport olish haqida ham o‘ylaganman. Biroq bu keyinchalik rasmiy hujjatlar bilan ishlayotganda qiyinchilik tug‘diradi, degan xayolda bu qarordan voz kechganman.
Bu kabi fikrlarni yana ko‘pchilikdan eshitdik. Ayniqsa, biror ko‘chmas mulkka egalik qilganlar yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanadiganlar ism-familiyadagi bittagina harfni ham o‘zgartirishga cho‘chisharkan. Aytishlaricha, bir hujjatda ismni to‘g‘rilash boshqa hujjatlarga ham o‘zgartirish kiritishni taqozo qiladi.
— Ism-sharifdagi imloviy xatoni to‘g‘rilash qiyinchilik tug‘dirmaydi, — deydi Chilonzor tumani 1-notarial idorasi xodimi Vasila Karimova. — Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va pasportning takroran berilishini so‘rab tegishli idoralarga ariza yoziladi. Ism-familiya o‘zgartirilgandan keyingi yuritiladigan hujjatlarga esa shaxsni tasdiqlovchi hujjatning dastlabkisi va o‘zgartirilgani, shuningdek, o‘zgartirish sababi qayd etilgan ma’lumotnoma ilova qilinadi.
“Aytishga oson-da”, — dersiz. Axir, rasmiy hujjatlar haqida gap ketganda ko‘z o‘ngimizga idorama-idora yurish, sarsongarchilik, eshiklar oldida soatlab navbat kutish kabilar keladi. Qolaversa, bu yerda gap hujjat olish emas, borini to‘g‘rilash haqida ketganidan keyin, “shunisi ham bo‘laveradi” deydiganlar topiladi…

XATO HAM MEROSDIR

Chaqaloqlar ismini yozishda yo‘l qo‘yilayotgan xatolar masalasiga aniqlik kiritish maqsadida, tug‘ilganlik guvohnomalarini yozish tartibi bilan qiziqdik. Xususan, Toshkent shahar Shayxontohur tumani FHDYo bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdik. 
— Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun kelgan ota yoki boshqa vasiy shaxs chaqaloqqa qo‘yiladigan ismni arizada yozma ravishda taqdim qiladi, — deydi Shayxontohur tumani FHDYo bo‘limi 1-toifali inspektori Kamola Sodiqova. — Biz uni imlo lug‘atlaridan tekshiramiz. Agar xatolik bo‘lsa, to‘g‘ri variantni ko‘rsatib, tushuntirish ishlarini olib boramiz. Ishimizda doim lug‘atga tayanamiz.
Chindan, ish stoli ustida imlo lug‘ati va Ernst Begmatov tahriri ostida chop etilgan ismlar kitobini ko‘rdik. Xo‘sh, lug‘atlardan foydalanishsa, xatolar nima uchun kamaymayapti? Bu masalaga butkul aniqlik kiritish maqsadida FHDYo arxivini o‘rganganda, qiziq faktlarga duch keldik. Bo‘lim xodimlarining bergan ma’lumotlariga qaraganda, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga bolaning familiyasi ota-onasining pasportidan (agar boshqa familiya berilmasa) ko‘chiriladi. Bugun FHDYo bo‘limlarida ota familiyasidagi xato farzandining hujjatiga to‘g‘rilab yozilishi tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq qonunchilikka asosan, faqat ota-ona roziligi bilangina bunday o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Achinarlisi, olgan ma’lumotlarimizga qaraganda, ko‘pchilik familiyadagi xatoning tuzatilishini istamaydi. “Xato bo‘lsa ham, familiyamiz bir xil bo‘la qolsin!” deyishadi.
Arxivni o‘rganish jarayonida yana bir qiziq jihatga duch keldik. Ma’lumki, qonunchilikka asosan, bolaga ism qo‘yish ota-onaning huquqidir. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ham ism ota-ona qanday xohlasa, shunday yoziladi. Aytaylik, ismning imlo xato bilan yozilishini talab qilish ham ota-onaning huquqidir. FHDYo arxividagi hujjatlarni o‘rganish jarayonida buning ko‘plab misollariga duch keldik. Xususan, Sobirov Husniddin qizi Xadichaning ismini, FHDYo xodimlari bergan tushuntirishlarga qaramasdan, “H” harfi bilan yozilishini talab qilgan. Xususan, arizada shunday deyilgan: “Imlosi bilan tanishdim. Xato bo‘lishiga qaramasdan, “Hadicha” deb yozilishini istayman”. Buni qanday izohlash mumkin? Afsuski, bu kabi misollarga ko‘plab duch keldik, “Bobir”, “Rano”, “Timur”, “Kamilla”, “Djasmina”larning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari ota-onalarining o‘z xohishiga ko‘ra ana shunday “tarixga muhrlangan”. Sogdiana (aslida So‘g‘diyona), Ibragim (Ibrohim), Boxodir (Bahodir) kabi ismlar imlosi ham mana shunday kamsavodlik mahsulidir, desak adashmaymiz. Keyingi zamonlarda ayrim o‘zbek bolalariga qo‘yilayotgan Sabina, Rokshana, Ruslan, Neymar(!) kabi ismlar, endi boshqa masala…

O‘Z(ISM)IMIZNI HURMAT QILAYLIK

Hadislarda aytilishicha, farzandiga chiroyli, ma’noli ism qo‘yish ota-onalarning, xususan, otaning vazifasidir. O‘z davrida payg‘ambarimiz ismidan shikoyat qilib kelgan kishilarga chiroyli ism tanlab bergan ekanlar. Ota-bobolarimiz ismlarga tole yashirin ekanini his qilganlar va bolalarini go‘zal ismlar bilan ataganlar. Afsuski, bugun ayrim kishilar uchun ismning ma’nosidan ko‘ra, ma’nisiz bo‘lsa-da, uning yaltiroqligi, jarangdorligi muhim, chog‘i. 
Yaqinda ustoz jurnalistlar davrasida vatanparvarlik xususida so‘z bordi. Taniqli ijodkor Mahmud Sa’diy shunday dedi: “Vatanparvarlik balandparvoz gaplar bilan ifodalanmaydi. Yoki u g‘urur yoki yutuqlarni olqishlash ham emas!” Ustozning so‘zlaridan ta’sirlandim. Vatanparvarlik asli nima? U nimadan boshlanadi? O‘ylanib qoldim: millat ravnaqi yo‘lida kichik bir xatoni tuzatish ham vatanparvarlik emasmi? Vatanparvarlik o‘zlikni anglashdan boshlanmaydimi? O‘zlik esa, donolar aytmishki, avvalambor, ota-onang bergan noming, ismingdir…

Mohlaroyim QAYUMOVA,
«Hurriyat» muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 15 =