MAMLAKATNING QON TOMIRLARI

Jahonning barcha rivojlangan mamlakatlarida temir yo‘l transporti yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Xususan, Yaponiya, Frantsiya, Ispaniya, Xitoy, AQSh, Angliya kabi davlatlarda yo‘lovchilarni manzillariga tez yetkazib qo‘yish bo‘yicha bu soha faqat havo tarnsportidan keyingi o‘rinda turadi. Ushbu davlatlarda soatiga 350-500 kilometr tezlikda harakatlanadigan poezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. 

Istiqlol yillarida O‘zbekistonda ham temir yo‘l transporti jadal rivojlandi. Uzunligi 700 kilometrga yaqin Navoiy — Uchquduq — Nukus, 223 kilometrli Toshguzar — Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘llari qurib bitkazildi. Bu yo‘llar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
Toshkent va Samarqand shaharlari oralig‘ida qatnayotgan «Afrosiyob» poezdlari har yili minglab yo‘lovchilar uzog‘ini yaqin qilayotir. Masalan, o‘tgan yili 180 mingdan ortiq yo‘lovchi «Afrosiyob»da o‘z manziliga yetib bordi.
Umuman olganda, sohada muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Vokzal va stantsiyalardagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilandi, xizmat ko‘rsatish zamon talablari darajasiga yetkazildi. 1994 yilda tashkil etilgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aktsiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, jadal rivojlanishlar, jumladan, yo‘llarning elektrlashtirilishi bilan bog‘liq yangiliklar haqida kompaniya bosh menejeri Sherzod Ismatullaev bizga quyidagilarni gapirib berdi.
— Ayni paytda sohamiz rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi, temir yo‘llar va lokomotivlarni elektrlashtirish jarayoni jadal sur’atlarda kechmoqda. Elektrlashtirilgan po‘lat izlar yotqizilmoqda. Bu kelgusida yuk tashish hajmini yanada oshirish va yo‘lovchilarga jahon talablariga mos ravishda xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shu kunlarda umumiy uzunligi 880 kilometrdan ziyod Maroqand — Qarshi, Qarshi —Termiz, Samarqand — Buxoro temir yo‘llari to‘liq elektrlashtirilmoqda, Angren — Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo‘l qurilishi olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat-aktsiyadorlik temir yo‘l kompaniyasining qurilish-montaj korxonalari faoliyat yuritmoqda.
Loyihaning Maroqand — Qarshi temir yo‘l uchastkasida temir beton tayanchlar o‘rnatish ishlari tugatilib, konsollar o‘rnatildi. Maroqand bekatidan to Niguz bekatigacha bo‘lgan oraliqda uzunligi 106 kilometrga yaqin kontakt tarmog‘i tarqatildi. Hozir ushbu masofada ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Qurilayotgan bu ob’ektlarda zamonaviy avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi, shuningdek, elektroenergiya sarfini hisob-kitob qilishni avtomatlashitirish tizimini (ASKUE) qo‘llash rejalashtirilgan.
Ayni paytda aloqa va signalizatsiya tizimini o‘rnatish ishlari ketmoqda. Mazkur yo‘l zamonaviy qiyofada mustaqilligimizning 24 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Aytish kerakki, 291 kilometr uzunlikdagi Maroqand — Buxoro temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish yakunlangach, Toshkentdan Buxorogacha yuqori tezlikda harakatlanadigan yana 2 ta zamonaviy elektropoezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu poezdlar Toshkent va Buxoro oralig‘idagi masofani hozirgi poezdlar kabi 7-8 soatda emas, 3,5 soatda bosib o‘tadi.
Shu kunlarda “Angren — Pop” yo‘nalishida ham bunyodkorlik ishlari qizg‘in. Kompaniyaning “1-energomontaj poezdi” energetiklari tomonidan “Angren” stantsiyasidan tonnelgacha bo‘lgan 39,5 kilometrlik hamda “Pop” stantsiyasidan tonnelning sharqiy portaligacha bo‘lgan masofasida elektrlashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Qurilish boshlanishidan shu kunga qadar energetiklar 50 kilometrlik yuqori kuchlanishli kontakt tarmoqlari havo liniyasini ham qurib bitkazdi.
Mazkur ulkan qurilishning Angren tomonida qariyb 40 kilometr masofada burg‘ulash, portlatish, tuproq ishlari to‘liq bajarilib, tonnelning g‘arbiy portaligacha po‘lat izlar yotqizildi. Shuningdek, ushbu hududda umumiy uzunligi 39,5 kilometr bo‘lgan elektrlashtirish ishlari to‘liq yakunlandi. Bu yerda 1174 ta temir hamda temir beton tayanchlari, 1058 ta konsol o‘rnatildi hamda 71 ta temir panjarali bo‘ylamalar montaj qilindi.
Mazkur uchastka yo‘llarini elektrlashtirish uchun korxonaning 250 nafar tajribali mutaxassisi, 30 dan ortiq zamonaviy maxsus texnikalar jalb etildi. Ishchi-xodimlar maxsus kiyim-bosh va shaxsiy himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan. Qolaversa, dam olishlari uchun barcha sharoitlarga ega, sanitariya va gigiena talablariga to‘liq javob beradigan 8 ta maxsus vagon ajratilgan.
Respublika mahalliylashtirish davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida kompaniya tasarrufidagi korxonalarda temir yo‘llarni elektrlashtirish uchun zarur simlar, konsollar, mustahkam temir konstruktsiyalar, tayanchlar ishlab chiqarilmoqda. Bu esa qurilish xarajatlarini kamaytirib, yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon berayapti.

Bobur MUHAMMADIYEV,
“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 3 =