YOGURT FOYDALIMI YOKI…

Yogurtni nafaqat bolalar, balki kattalar ham xush ko‘radi. Ammo uning foyda yoki zarari hammaga ham ma’lum emas. 
Aksariyat insonlar sut mahsulotlarini muntazam iste’mol qilish, jumladan, yogurt inson organizmiga ijobiy ta’sir qiladi, deya ishonadilar.

Madrid universiteti olimlari bu faqatgina taxmin ekanini isbotlashdi. Ular o‘tkazgan tadqiqotda 4 ming nafar inson ishtirok etdi. Unda yogurtni muntazam iste’mol qilish va sog‘lom turmush tarzi o‘rtasidagi bog‘liqlik tadqiq etildi. Qatnashchilarning 3-4 yillik turmush tarzi kuzatildi. Natijada, yogurtdan muntazam foydalanish jismoniy va ruhiy salomatlikka hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Ya’ni yogurtni xush ko‘ruvchilarning yashash tarzi uni kam iste’mol qiluvchilarnikidan umuman farq qilmasligi ma’lum bo‘ldi. 

KITOBXONLAR SAFI KAMAYMOQDA
Kitobxonlik ko‘rsatkichi yildan yilga pasayib ketayotgani dunyo ahlini tashvishga solmoqda. Xususan, Ukrainada o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, ayni paytda aholining 22 foizigina kitob o‘qir ekan.
Holbuki, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 27 foizni tashkil etgan. Kitob o‘qishga moyillik asosan katta yoshlilarga tegishli. Bolalar va yoshlar ham nisbatan ko‘proq o‘qiydi, ammo 45 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan, hayotini kitobsiz tasavvur qilolmaydigan kishilar soni 7,2 foizga kamaygan. 25-45 yoshlilar soni esa 6,8 foizga qisqargan. 12-24 yoshlilar hech so‘zsiz elektron kitoblarga qiziqadi.
Internet hamda elektron kitoblar ommalashuviga qaramay, mamlakat ahli an’anaviy bosma kitoblarni afzal bilishardi. Ammo keyingi yillarda turli sabablar bilan bundaylar safi keskin qisqardi.

VYELOSIPEDNING YANGICHA MUQOBILI
Aprel oyida bo‘lib o‘tgan Milan dizayn haftaligida namoyish etilgan yangi loyihalardan biri qatnashchilarning e’tiborini tortdi.
Vena shahrida istoqomat qiluvchi, asli dnepropetrovsklik Mariya Koroleva, bolgariyalik Atanas Jelev, germaniyalik Martin Xutts barchamiz uchun yaxshi tanish bo‘lgan velosipedni deyarli qaytadan kashf qilishdi. Ularning ixtirosi — yangi velosiped ramasi — nafaqat o‘zgacha dizaynga ega, balki amaliy jihatdan ham ancha puxta ishlangan.
— Bolaligimdan velosiped ishqiboziman, — deydi Mariya Koroleva, — Otam olib bergan birinchi ikki oyoqli velosiped yaxshi esimda. Ulg‘ayib borganim sari velosipedlar ham men bilan birga o‘zgarib bordi. Yevropaga ko‘chib kelganimda esa velosiped men uchun asosiy transport vositasiga aylandi.
Dizaynerning aytishicha, bugun Yevropada velosiped faqat kambag‘allar yoki talabalar emas, balki tadbirkorlar va hatto yuqori tabaqa vakillari orasida ham ommalashmoqda.
Mariyada yangi velosiped ramasini yaratish g‘oyasi Venadagi amaliy san’at universitetida tahsil olayotgan paytida tug‘ilgan edi. O‘shanda unga yog‘och konstruktsiyali uyning loyihasini yaratish topshirilgan edi. Ish jarayonida Mariya yog‘ochdan xuddi shunday velosiped yaratish haqida o‘ylab qoldi. Axir, bu bilan transport vositasining yengil va chiroyli bo‘lishini ta’minlash mumkin edi-da. Shu tariqa, yengilligi tufayli “Aero” nomini olgan velosiped yaratildi.
— Yog‘och bilan ishlash qiziqarli, — tushuntiradi Koroleva. — Alyuminiy yoki po‘latga nisbatan undan unumliroq foydalanish mumkin. Tabiatan pishiq va mustahkam tuzilishga ega bo‘lgan yog‘och qatlamlari orasiga kompozitsion materiallar to‘g‘ri kiritilganida u butkul kutilmagan xususiyatlarni namoyon qilishi mumkin, shu bilan birga, o‘zining ixcham va estetik ko‘rinishini yo‘qotmaydi.
Natijalar kutilganday bo‘ldi: yog‘och ramalar mustahkam konstruktsiyasini saqlab qolgan holda elastiklikni ham namoyon qilmoqda.
Xullas, Milan dizayn haftaligida mazkur ixtiro ancha-muncha maqtovlarga sazovor bo‘ldi. Endilikda Tailand, Tokio, Parij ko‘rgazmalarida mazkur velosipedning namoyish etilishi kutilmoqda. Biroq uni keng miqyosda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hozircha rejalashtirilgani yo‘q. Sababi, velosipedning har bir nusxasini yaratish mashaqqatli qo‘l mehnatini talab qiladi, bu jarayon bir oydan ortiq vaqtni olishi mumkin. Ixtirochilar bu muammoni yaqin kelajakda hal qilishga va’da berishib, uni Yevropa va Osiyo bozorlarida sotishni mo‘ljallashmoqda.

Internet materiallari asosida

X. FAYZIYEVA, M. QAYUMOVA tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − thirteen =