FOZIL INSON FAZILATLARI

O‘zbekiston san’at arbobi Mahkam Muhammedov O‘zbekiston televideniesida juda uzoq yillar davomida ishlagan taniqli rejissyorlardan biri hisoblanadi. U televidenie oltin fondidan joy olgan «Azizaxon» nomli televizion film, «Ko‘ngil ko‘chalari», «Mehrobdan chayon» singari ilk teleseriallarni tomoshabinlarga tuhfa qilgan. Chingiz Aytmatovning «Oq kema», O‘zbekiston xalq yozuvchisi Rahmat Fayziyning «Hazrati inson» nomli asarlarini sahnalashtirgan.

Akademik shoir G‘afur G‘ulomning «Taqdirni qo‘l bilan yaratar odam, g‘oyibdan kelajak baxt bir afsona», degan yoniq satrlari bor. Mahkam aka maktabda o‘qib yurgan paytlarida bu shoir she’rlarini ikki soatgacha to‘xtovsiz yoddan o‘qirdi. Kunlardan bir kuni u Toshkentga, shoir nomiga maktub yo‘llaydi. Unda o‘zining san’atga, adabiyotga qiziqishini, shu sohada ta’lim olish eng oliy orzusi ekanini yozadi.
G‘afur G‘ulom olis bir qishloqda o‘qiyotgan maktab o‘quvchisining xatini bee’tibor qoldirmadi. Ana shu e’tibor uning taqdirini belgilab berdi. Mahkam Muhammedov Toshkentga kelib, institut talabasi bo‘ldi.
Har bir kasbning o‘z sir-asrori, boshqalar his qila olmaydigan nozik tomonlari bor. Bu ayniqsa ijodiy faoliyat bilan bog‘liq sohalarda ko‘zga yaqqol tashlanadi. Umuman olganda, to‘rtta odamning boshini qovushtirishning o‘zi bo‘lmaydi. Asardagi rollarga mos keladigan qirq-ellik nafar aktyorni tanlash, ularni bir jamoaga to‘plash, har birining qalbiga yo‘l topish, elga manzur bo‘ladigan, ma’naviyatimizga xizmat qiladigan asarlar yaratish — gapirishga oson. Buning uchun insonda avvalo ulkan qalb, chuqur bilim, keng tafakkur, asosiysi, o‘z kasbiga mehr va sadoqat kerak. Mahkam akani ana shunday fidoiy kishilardan biri desak, aslo xato qilmaymiz.
Inson umri hech qachon bir tekis, ravon kechmagan. Ayniqsa, armonlar o‘rnini qoplash, ozgina bo‘lsa ham taskin topishning o‘zi bo‘lmaydi. Mahkam aka Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan otasining qabrini 42 yildan so‘ng qidirib topish va xokini yurtiga keltirib dafn etishdek savobli ishni uddaladi. Bu ish tufayli uning katta bir armoni ushalib, ko‘ngli taskin topdi.
Har bir inson nimadir bir narsaga qiziqadi. Kimdir tanga yig‘adi, kimdir shaxmatga yoki futbolga qiziqadi. Birovlar esa qandaydir buyumlar yoki boylik yig‘ishga o‘ch. Albatta, biz bu o‘rinda ularning qanchalik foyda-zarari haqida gapirmoqchi emasmiz.
Ammo mutolaaga, ya’ni kitobga mehr qo‘ygan odam hayotda hech qachon afsus qilmaydi. Ayniqsa, ijodkor uchun bu narsa suv bilan havodek zarur. Mahkam aka Muhammedov ham esini taniganidan buyon kitoblar bilan oshno. Ulug‘ yoshga yetgan ayni kunlarda ham u kishining qo‘lidan kitob yoki gazeta tushmaydi. Shaxsiy kutubxonasidagi kitoblar to‘rt xonali uyning ikkita xonasini egallagan.
«Har kimning fe’li o‘ziga ma’lum», degan gap bor. Sakson yoshida ham qomatini tik tutib, yigitlardek qadam tashlash, hayotga chanqoqlik bilan nazar solish, doim shogirdlari davrasida tengqurlardek muloqotda bo‘lish ko‘ngil yoshligi, bag‘ri kengligining in’ikosi. Darhaqiqat, insonning qalbi havas va mehr-oqibat gullari bilan to‘la bo‘lsa, yoshiga yosh qo‘shilsa ham qarimas ekan.
Mahkam aka bugun tabarruk yoshda bo‘lsa ham, uning har bir daqiqasi hisob-kitobli. Televideniega borib, yosh rejissyorlarga mahorat darsidan saboq bersa, «O‘zbekkino»ga borib, yangi film premerasi yuzasidan o‘z mulohazalarini bildiradi. Qolaversa, teatr rejissyorlari ham undan ish tajribalarini o‘rganadi. Mahkam aka shu o‘rtada vaqt topib, institut talabalariga kasb sirlaridan ta’lim berib keladi.
Fozil inson fazilatlari uning istarali chehrasida, ibratli hayot yo‘llarida namoyon bo‘ladi. Mahkam Muhammedov hayotining mag‘zi — oilaparvarlik, farzandlariga mehribon ota, nevara va evaralarga suyukli bobo, do‘stlarga sodiq bo‘lish. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining professori, O‘zbekiston san’at arbobi, ustoz ijodkor, yangi-yangi ijodiy rejalardan qo‘li bo‘shamayotgan atoqli rejissyor Mahkam Muhammedovning fazilatlari haqidagi bu fikrlar daryodan tomchi.

G‘ayrat RAHMATULLAYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =