INTELLEKTUAL MULK — DAXLSIZ

Ijodkorning qalb qo‘ri bilan yozgan asari, qo‘shig‘i, suratga olgan kinosi uning mulkidir. Tafakkur mevasi bo‘lgan ijod mahsulini hech kim o‘zlashtirib olishga yoki undan ruxsatsiz foydalanishga haqi yo‘q. Uning mualliflik huquqi qonun bilan himoya qilinadi. Afsuski, gohida kimningdir bilim va iste’dodi, mashaqqatli mehnati evaziga qilgan ixtirosi, yozgan asari, bitgan kuy-qo‘shig‘i yoki chizgan suratining boshqalar tomonidan o‘zlashtirib olingani haqidagi xunuk xabarlarni eshitib qolamiz.

Yaqinda shunga o‘xshash holatning guvohi bo‘ldim. Tajribali, qalamkash o‘qituvchilardan biri bir necha yil oldin nashr etilgan o‘quv qo‘llanmasini ko‘rsatib qoldi. 
— Ushbu kitobim yaqinda qayta nashrdan chiqdi, — dedi ma’yuslik bilan, — faqat mening emas, butunlay boshqa muallif nomidan…
— Qanaqasiga, nahotki, bu haqda o‘sha soxta muallif yoki tegishli joylarga murojaat qilmadingiz? — deya so‘raganimda, tanishim bunday qilolmasligini, chunki o‘sha plagiator o‘zining yaqin dugonasi ekanini aytdi.
Aslida bu holatning ajablanarli joyi yo‘q. Ilm-fan, san’at, adabiyot — benihoya keng maydon, unda har qanday hodisa ro‘y berishi mumkin. Masalan, san’atning o‘zini olaylik, bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash «asar»larni ko‘rganda ko‘nglingizda ishtiboh uyg‘onmaydimi? Adabiyotda-chi? Uyalmay-netmay, birovlarning asarlaridan butun-butun boblarni ko‘chirib olib, «o‘ziniki» sifatida e’lon qilib yuborayotgan «olim»chalar yo‘q deysizmi? Chamamda, bu borada vijdon otliq ulug‘ hakamning o‘zigagina bor mas’uliyatni yuklash yetarli emas. Axir, hamma ham vijdonga qarab ish qilmas ekan-da.
Tarix ham bu kabi voqealarga ko‘p guvoh bo‘lgan. Shuning uchun ham mualliflik huquqi uzoq o‘tmishga ega. Olimlar uning vujudga kelishi borasida turli taxminlarni ilgari suradi. Aksariyati mualliflik huquqining paydo bo‘lishini kitobning vujudga kelishi bilan bog‘laydi. Dunyo davlatlari qonunchiligida birinchi marta mualliflik huquqi haqidagi qonun 1709 yilda Angliyada qabul qilingan. Unga ko‘ra, asardan ruxsatsiz foydalanish huquqbuzarlik deb e’lon qilindi. 1787 yilda qabul qilingan AQSh konstitutsiyasida intellektual mulk himoyasiga bag‘ishlangan alohida normalar bor. Bunga asosan, 1790 yilda Kongress xaritalar, sxemalar, kitoblar himoyasi to‘g‘risida federal qonunni qabul qildi. Frantsiyada esa 1791-1793 yillarda qabul qilingan Dekretlarda mualliflik asarlari “mulkning eng muqaddas turi” sifatida tan olindi va qonun bilan mustahkamlandi. Keyinchalik davlatlarning bir-biri bilan aloqalari rivojlanib boravergach, mualliflik huquqi nafaqat bir davlat hududida, balki xalqaro miqyosda himoya qilinishi zamon talabiga aylandi. 1886 yilda qabul qilingan “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Bern konventsiyasi, 1952 yilda qabul qilingan “Mualliflik huquqi to‘g‘risida”gi Butunjahon konventsiyasi, 1962 yil 10-26 oktyabrda Rimda qabul qilingan “Fonogramma ishlab chiqaruvchilar, ijrochi artistlar, fonogramma yaratuvchilar va teleradioeshittirish tashkilotlari manfaatlarini himoya qilish haqida”gi xalqaro Konventsiya, 1971 yil 29 oktyabrda Jenevada imzolangan “Fonogrammalarni qonunsiz ko‘chiruvchilardan himoya qilish xaqida”gi Konventsiya, 1979 yil 13 dekabrda Madridda qabul qilingan “Bir davlatdan ikkinchi davlatga o‘tkaziladigan mualliflik haqlariga ikki tomonlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik haqida”gi Konventsiyalar va shu kabi xalqaro shartnomalar ijod va ilm ahli huquqlarini himoya qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida ham mualliflik huquqi davlat tomonidan himoya qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, shuningdek, mamlakatimizning 2005 yil 19 aprelda dunyodagi tarixiy shartnomalardan biri bo‘lgan “Adabiy va badiiy asarlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi Bern konventsiyasiga qo‘shilishi munosabati bilan yangi tahrirda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni bu borada ijodkorlar va ilm ahlining mustahkam qalqonidir.
Yurtimizda milliy intellektual mulk tizimini rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. Buni Prezidentimizning 2011 yil 24 maydagi “O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi” qarori qabul qilingani ham tasdiqlaydi. Mazkur qaror intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoyalashni ta’minlashga hamda innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnika ishlanmalarini mamlakatimiz iqtisodiyoti sohalariga keng joriy etishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari tasdiqlagan “Respublikamiz hududiga kontrafakt tovarlarning noqonuniy kirib kelishi va aylanmasining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar”ni bajarish maqsadida va “Respublikamiz hududida intellektual mulk ob’ektlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar va vakolatli davlat organlari bilan birgalikda monitoring o‘tkazish grafigi”ga muvofiq Agentlik xodimlari har yili respublikamizning barcha hududlarida monitoring o‘tkazadi. Mamlakatimizda intellektual mulk himoyasi qonunan mustahkamlangan va ijod mahsullarining o‘g‘irlanishi yoki ruxsatsiz foydalanilishiga qarshi keskin choralar ko‘rilishi belgilab qo‘yilganiga qaramasdan, mualliflik huquqini buzish holatlari yuz bermoqda. Xususan, internet elektron shakldagi ijod mahsullarining o‘g‘irlanishida katta maydon bo‘lmoqda. Shuning uchun ham bugungi kunda mualliflik huquqi ob’ektlarining huquqiy muhofazasi nafaqat bir davlat hududida, balki dunyo miqyosida himoya qilinadi. Aqliy mehnat o‘g‘rilari ustidan kamtarin ijodkorlar da’vo qilmas ekan, plagiatorlar safi kengayib, oqibatda adabiyot, san’at, fan soxtaliklarga to‘lib boraveradi. Shunday ekan, har birimiz intellektual mulk himoyasi uchun kurashishni burch deb bilmog‘imiz kerak.

Shohsanam KOMILOVA,
O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 2 =