SIZ KUTAYOTGAN AYYOM

Ertaga yurtimiz bo‘ylab kitob bayrami boshlanadi. Ma’naviyat va ma’rifat ayyomi bo‘lmish ushbu bayram dastur bo‘yicha uch kun davom etishi mo‘ljallangan.
Ilmu ma’rifatga oshno insonlar orasida “Eng yaxshi sovg‘a — kitob” degan naql yuradi. Bayram munosabati bilan joylarda tashkil etiladigan kitob yarmarkalari ziyo istagan qalblar uchun mana shunday ajoyib imkoniyatdir.

Aytish joizki, bugun mamlakatimizda “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” degan ezgu g‘oya umummilliy harakatga asos bo‘ldi. Ta’lim muassasalarida kitob targ‘ibotiga qaratilgan tadbirlar, xususan, ilm va ijod ahli vakillari bilan uchrashuv-muloqotlar o‘tkazish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Umuman, yoshlarning mutolaa madaniyatini oshirishga qaratilgan ezgu chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Yurtimizda bugungi kunda kitob do‘konlar soni 197 taga yetdi. Ayni paytda poytaxtimizda eng katta kitob do‘konini ishga tushirish uchun sa’y-harakat boshlangan. Unda 150 mingdan ortiq nomdagi kitob bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Respublikamizdagi 110 ta nashriyot tomonidan har yili uch ming nomdan ziyod turli asarlar chop etiladi. Ularning umumiy adadi 45 millionni tashkil etmoqda. 
28-30 may kunlari respublikamizning barcha hududlarida ushbu bayram tadbirlari doirasida ijodiy uchrashuvlar, mushoiralar, suhbatlar, mumtoz asarlar asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, ko‘rgazmalar, sovrinli intellektual o‘yin va viktorinalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
«Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» shiori ostidagi kitob bayrami 28 may kuni poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida soat 10 da boshlanadi. Unda respublikadagi yuzga yaqin nashriyot, matbaa korxonalari va kitob savdosi tashkilotlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etadi. Poytaxt aholisi va mehmonlar Matbuot va axborot agentligi tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari hamda sohada faoliyat yuritayotgan yetakchi nashriyotlar ko‘rgazmalarini tomosha qiladilar.
29 may kuni kitoblarning mazmun-mundarijasini boyitish, matbaa sifatini yaxshilash yuzasidan mualliflar, taniqli olim, yozuvchi va shoirlar, kitob grafikasi bo‘yicha rassomlar, munaqqidlar va sohaning boshqa mutaxassislari ishtirokida ilmiy-amaliy konferentsiya o‘tkaziladi.
Bayramning uchinchi kunida “Yilning eng yaxshi kitobi” ko‘rik-tanlovi e’lon qilinadi. Eng, muhimi, kitobxonlikni shakllantirish, sara asarlarni targ‘ib qilish uch kunlik tadbir bilan yakun topmaydi. Kitobxonlik – ma’naviy ehtiyoj. Inson hech bir ehtiyojidan kecholmagani kabi tafakkur durdonalaridan ham ayro tushishi mumkin emas…
 

Xolifa AHMADJONOV

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =