FITRAT VA G‘AFUR G‘ULOM

Ana’naviylik har bir milliy adabiyot rivojining tamal toshlaridan biri. Yigirmanchi asr o‘zbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan G‘afur G‘ulom, Oybek singari ijodkorlarning yirik abadiy siymolar sifatida shakllanishida Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lponlarning ham ta’siri salmoqli bo‘lgan.

bdurauf Fitratning ko‘pqirrali ijodiga xos rang-barang yo‘nalishlarni keyingi avlod vakillari badiiy ijodda, binobarin kim she’riyatda, kim nasrda, kim dramaturgiyada, kim esa adabiyotshunoslik ilmida rivojlantirdi. Fitrat yaxlit va ozod Turon, Turkiston g‘oyasini ilgari surgan, yuksak pardalarda kuylagan bo‘lsa, Hamid Olimjon O‘zbekiston timsolida ona-Vatanni ulug‘ladi.

Fitratning qizi Sevara Karomatillaxo‘jaeva o‘z xotiralarida yozishicha, o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida ular Toshkentda yashaganda, «uylaridan mehmon arimagan. Eng ko‘p keladiganlardan biri G‘afur G‘ulom edi. «Otam u kishini hurmat qilar, quvnoqligi va gapga chechanligini yoqtirardi. G‘afur G‘ulom hovlimizni shu qadar yoqtirib qolgan ediki, keyinchalik Arpapoya ko‘chasida bino etgan uyini biznikidan nusxa ko‘chirib qurgan edi».

Fitrat domla betakror tadbirkorligi, donishmandligi bilan G‘afur G‘ulomning «Hasan Kayfiy» hikoyasi bosh qahramoniga protatip vazifasini o‘tagan deya komil ishonch bilan ayta olamiz. Bu asar o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida, ya’ni G‘afur G‘ulom hayotining xotiralar yozishga moyil davrida  yaratilgan. Fitrat, qolaversa, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon singari adiblarni yaqindan bilgan G‘afur G‘ulom davr taqozosiga ko‘ra, ular haqida to‘rt satr xotira bitishdan ham mahrum bo‘lganidan iztirob chekkani ehtimoldan xoli emas. Ana shu armon undovi bilan qisman hajviy, qisman hayotiy, qisman afsonaviy «Hasan Kayfiy» hikoyasini yaratgan bo‘lishi ehtimol. Xoja Hofiz bayti tilidan tushmaydigan, «O‘z aqli va mehnatiga sig‘inadigan», «Kuniga bitta tanga topguncha ishlaydigan», «Undan u yog‘iga malikaning poshnasi uzilgan bo‘lsa ham yamamaydigan» Hasan Kayfiy tadbirkorligi, o‘ta qanoatli, zehni g‘oyat o‘tkir bo‘lgani bois, hatto podshoning xos navkari etib tayinlanadi.

Sevara Karomatillaxo‘jaeva xotiralariga ko‘ra: Fitrat domla «ko‘pni ko‘rgan, ko‘p narsani uqqan, hayot qozonida obdon qaynab, zuvalasi pishgan odam edi. U kishi hadeganda umidsizlikka tushmas, har qanday qiyin sharoitda ham o‘zini yo‘qotmas, undan qutilish yo‘llarini izlar edi».

Sog‘inch bilan yo‘g‘rilgan bu shohona bayt mazmunini G‘afur G‘ulom quyidagicha nasriy bayon qiladi: «Kemamiz sinib, daryo o‘rtasida qolganlarmiz, e yoqimli shamol, tezroq esib bizga qirg‘oqqa chiqishimizga yordam ber. Koshki o‘sha oshnolarimizni qaytadan ko‘rolsak».

G‘afur G‘ulom forsiy she’riyat namoyandalari merosiga qayta-qayta murojaat qiladi. Shayx Sa’diy, Mirzo Bedil kabi shoirlar ijodini asliyatda takror-takror o‘qigani shubhasiz. Mirzo Bedil asarlarini umr bo‘yi qo‘lidan qo‘ymagani «Sog‘inish» she’ridagi quyidagi satrlarda o‘z ifodasini topgan:

Tong otar chog‘ida juda sog‘inib,

Bedil o‘qir edim, chiqdi oftob.

«Abdurauf Fitrat hech qachon daholik da’vosida bo‘lmagan, hech vaqt daholikni o‘ylamagan, deb yozadi Ibrohim Haqqul biroq u haqiqiy daholarga xos buyuk shaxsiyat sohibi, yuksak iste’dod egasi edi. Undagi ishchanlik, ilm va ijodning bir qancha tarmoqlarida favqulodda zehniyat va did bilan faoliyat ko‘rsatish, mutafakkirlik kamdan-kam daholarga nasib aylagan fazilatlardir. Fitrat Sharq adabiyotining chinakam bilimdoni, benazir tadqiqotchisi bo‘lgan. Zero, u dinni, tasavvufni, Sharq xalqlari tarixi, falsafasi, musiqasi va badiiy ijodini havas qilarli miqyosda egallagan. Bir so‘z bilan aytganda, mumtoz adabiyotni o‘rganmoq uchun zarur sanalgan iqtidor va zukkolik Fitrat domlada mavjud bo‘lgan».

O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida shoh asar «Qutadg‘u bilig»ning Namangan nusxasi topilishida Fitrat alohida jonbozlik ko‘rsatish bilan kifoyalanmasdan, bu asarga oid qimmatli fikrlarni bayon etgan. Fitrat «Farhod va Shirin» dostoni haqida» risolasida Nizomiyning «Xisravu Shirin» dostoni bilan Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonini qiyoslaydi. «Fors shoiri Umar Hayyom», «Bedil» singari risolalarida esa mashhur ruboiynavislarga oid qimmatli fikrlarini bayon etadi. G‘afur G‘ulom ham qirqinchi yillarda Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonining dastlabki nasriy bayonini yaratadi.

Fitrat bilan G‘afur G‘ulom fe’l-atvoriga xos uyg‘unlikni ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Har ikkilasi ham o‘smirlik yillaridan e’tiboran sarguzashttalab bo‘lishgan. Fitrat otasining qarshiligiga qaramay mashaqqatli Turkiya safarini boshdan kechirgan bo‘lsa, G‘afur G‘ulom «Shum bola» qissasida e’tirof qilishicha, «Ko‘kterak, Eshonbozor, Qoplonbek, Sharobxona kabi shahri azimlarda… qilmagan ishi qolmagan».

G‘afur G‘ulom «Shum bola» qissasining, takyaxonada kechgan voqealar bayon etilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, yakuniy bobida bir necha mahalliy nashavandlar qatorida sarrof hindi timsolini yaratgan. Sarrof hind puldor bo‘lgani holda nashavandlar bilan takyaxonani boshpana qilgani, avvaliga, biroz ajablantiradi. Lekin mahoratli bo‘lgani bois qissanavis-muallifga o‘quvchida ortiqcha e’tiroz paydo bo‘lmaydi — sarrof hindini tabiiy qabul qiladi:

«Sarrof hindi mening sevganlarimdan bittasi edi. U kelganda, ayniqsa, mening oyog‘im olti, qo‘lim sakkizta bo‘lib xizmat qilar edim. Bunga sabab ikki narsa edi: birinchidan, u Hindistonning ajoyib-g‘aroyibotlaridan hikoya qilar edi. Chunonchi, marvarid ko‘chalarda sochilib yotadi. Hind bolalari ko‘ngalagiga marvarid, yoqut solib yotadi, non daraxtda pishadi, odamlari besh yuz yoshga kirganda mo‘ylovi chiqadi. Hammasidan shunisi qiziqki, eru xotin yalang‘och yuradi. Qish bo‘lmaydi, qo‘y tekin, ona-bolali fil to‘rt tanga va hokazo, va hokazo».

Sarrof hindi timsoli yuzaga kelishida ham Fitratning Hindistonga safari  alohida ahamiyat kasb etgan. Fitrat Hindiston safari taassurotlarini o‘z farzandlariga ham qiziqarli tarzda so‘zlab berganini Sevara Karomatillaxo‘jaeva maroq bilan eslaydi:

«Yana bir kuni otam Hindistonga borgani va u yerda ajoyib-ajoyib voqealarni boshdan kechirganini gapirib bergan. Bir gal yonida bor pulini yo‘qotib qo‘yibdi. Nima qilmoq kerak? Qaytib ketishga yo‘lkirani qaerdan topsa bo‘ladi. Shunda yana topqirligi qo‘l kelibdi: bozorboshida o‘tirib, sartaroshlik qilibdi. O‘n-o‘n besh kun deganda keraklicha pul ishlab topibdi».

Binobarin, Hindiston safari bilan bog‘liq g‘aroyib sarguzashtlarni Fitrat Domla xonadonida tez-tez mehmon bo‘ladigan G‘afur G‘ulom ham bir necha marta eshitgani, bu esa o‘z navbatida, «Shum bola» qissasida sarrof hindi timsoli yaratilishiga turtki bo‘lgani ehtimoldan holi emas.

G‘afur G‘ulomning alloma shoir bo‘lib yetishishida Abdurauf Fitrat bilan Abdulhamid Cho‘lponning ta’siri ham katta bo‘lgan. Abdulla Qodiriy romanlari, shuningdek, Abdulhamid Cho‘lpon she’riyati juda mashhur bo‘lgan o‘tgan asrning yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarida G‘afur G‘ulom shoir sifatida shakllangandan kelib chiqqanda, bu ikki ustoz adib asarlari ham bo‘lajak akademik shoir uchun o‘ziga xos ijod maktabini o‘taganiga ishonch hosil qilamiz. Cho‘lponning:

Haqorat dilni og‘ritmas,

tubanlik mangu tinmasmi,

Kishanlar parchalanmasmi,

qilichlar endi sinmasmi?!

da’vatiga javoban G‘afur G‘ulom «Sen yetim emassan» she’rida xitob qiladi:

Manglayda porlagan

Toleing — quyosh

Butun yer yuzini

Qilur munavvar.

Haqorat yemrilur,

Zulm yanchilur,

Jahonda bo‘lurmiz

Ozod, muzaffar!

Xullas, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi siymolar ijodining nafaqat G‘afur G‘ulom avlodiga, butun milliy adabiyotimiz ravnaqiga ta’siri teran ilmiy ishlar uchun asos bo‘ladigan keng qamrovli mavzu sifatida alohida e’tiborga molik.

 

Abduhamid PARDAYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + 2 =