GULLAR XAZONGA AYLANMASIN!

Hadisda aytilishicha, kimda-kim qizlarini yaxshi tarbiyalab, iymon-e’tiqodli, odobli, hayoli qilib kamolga yetkazsa, saodatga erishar ekan. Bu hikmatning ma’nosi juda keng va teran. Buni qiz o‘stirganlar juda yaxshi biladi. Qiz bola qalbi ham, vujudi ham nozik, gul misoli bir xilqat bo‘ladi. Shu boisdir, qiz tarbiyasi uchun juda katta mukofot — ikki dunyo saodati va’da qilingan. Ushbu hikmatga hamohang tarzda xalqimiz «qizalog‘im — oq qandim» deydi. Oq qandga biror kichkina dog‘, chang-g‘ubor qo‘nsa ham darhol bilinadi, shuning uchun uni ehtiyotlab saqlaydilar… Qiz bola ham shunday, ota-ona, aka-ukalari bag‘rida «oq qanddek» avaylanadi. Uning sha’ni — ota-onaning sha’ni, oilaning sha’ni hisoblanadi.

— Qiz bola — birovning xasmi, — deyishadi. — Ishqilib, eson-omon egasiga uzataylik-da…

Afsuski, keyingi yillarda ayrim ota-onalarning bu masalada shoshma-shosharlik bilan ish tutishlari ko‘p kuzatilayotir. Bo‘yi o‘zlari barobar bo‘lgan zahoti uni tezroq kuyovga berish tadorigini ko‘rishayotir. Ana shunday holatlarni ko‘rganda beixtiyor o‘yga cho‘masan: «Nahotki, ota-onalar o‘z jigarbandlariga shunday hayotni ravo ko‘rsa! Axir, hali endi o‘n olti-o‘n yetti bahorni ko‘rib-ko‘rmagan bu g‘o‘r qizaloq, oila atalmish ulkan qo‘rg‘on bekaligiga qanday tayyor bo‘lsin? Bo‘yi yetdi degani, bu hali farzand oq-qorani tanidi, voyaga yetdi degani emas-ku! Eh-he, oldinda qancha sinovlar, bekalik, onalik mas’uliyati bor…»

Navoiy industrial-iqtisodiyot kollejida o‘tkazilgan uchrashuv-muloqot ushbu dolzarb muammoga bag‘ishlandi. Unda kollej pedagogik jamoasi, o‘quvchilar, ota-onalar, tibbiyot mutaxassislari, diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda kollejning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ismoil Safarov o‘quvchi qizlarga yaxshi ta’lim va tarbiya berish bilan birga ularning reproduktiv salomatligiga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, buning uchun esa kollej bilan diniy-ma’rifiy tashkilotlar, tibbiyot muassasalari, mahalla faollari, xotin-qizlar qo‘mitasi va ota-onalar o‘zaro hamkor va hamjihatlikda faoliyat olib borishi lozimligini ta’kidladi. Shundan so‘ng so‘z tibbiyot va diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillariga berildi.

— Ota-onalar nima qilsa, farzandlarining baxtini o‘ylab qiladi, — deydi Navoiy shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi akusher-ginekologi Roziya Xolbo‘tayeva. — Xususan, qizlarining kelajakda bir oilaning baxtli bekasi bo‘lishini istashadi. Ammo tashvishlanarlisi shundaki, erta turmushga uzatilayotgan qizlarning aksariyatida reproduktiv salomatlik va kelinlik, ayollik mas’uliyati borasidagi bilim darajalari ancha sust. Bu tabiiy, albatta. Onalar qizlariga asosan, o‘smirligidan katta hayot tarbiyasini bera boshlaydi. Oila nima, unda ayolning vazifasi nimalardan iborat, farzand qanday dunyoga keladi, uni unib-o‘stirish mas’uliyati kabi muhim hayotiy tushunchalardan saboq beradi. Bu bir kunda yoki hatto bir yilda beriladigan saboq emas. Yillar davomida o‘rgatiladigan hayot darsidir. Afsuski, mana shu «maktab»da to‘liq bilim ololmay uzatilayotgan, kechiring-u, ota-onalarning o‘z qo‘llari bilan katta hayotga «uloqtirilayotgan» qizlarimiz juda ko‘p. Ular nima qilsin? Hali o‘spirin yoshda, orzu-havaslar qalbida jo‘sh urayotgan pallada hissiyotga berilib, turmushga chiqishga rozilik berib yuborishlarini tushunsa bo‘ladi. Biroq aql-hushini yig‘ib olgan, hayotning past-balandini ko‘rgan kattalar-chi? Nahotki, bunga befarq qarab tursalar?

Reproduktiv salomatlik bu — oilada farzand dunyoga kelishi, onaning va tug‘ilajak bolaning salomatligi uchun maqbul shart-sharoitlarni yaratish degani.

To‘liq kamolga yetib ulgurmagan qizlarning barvaqt homilador bo‘lishlari ko‘pgina salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Chunki hali o‘zi o‘sish pallasidagi yosh organizm bu bilan zo‘riqadi, oqibatda esa turli kasalliklarga duchor bo‘ladi. Shuning uchun ham qizlarimiz avvalo oilada va sog‘lom muhit hukmronlik qilayotgan ta’lim-tarbiya maskanida ma’naviy-ma’rifiy bilimlar bilan mushtarak holda tibbiy-axloqiy ma’lumotga ham to‘laqonli ega bo‘lishlari va muntazam rioya etishlari lozimdir.

So‘zni Navoiy shahar 1-poliklinika terapevt shifokori Kenjagul Yusupova davom ettirdi, uning mulohazalari ham yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi. Shifokor bo‘lajak onalar — qizlarimizning o‘zlari ham sog‘lom bo‘lib, kelajakda sog‘lom zurriyodni dunyoga keltirishlari uchun nafaqat tibbiy-reproduktiv bilimlarga ega bo‘lishi, balki oddiygina kiyinish madaniyatiga ham rioya qilishi katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

— Yoshlarimiz ongi-shuuri o‘zlari ulg‘aygan oila ta’siri doirasida rivojlanadi. Xalqimiz bejiz “qush uyasida ko‘rganini qiladi” demagan. Reproduktiv salomatlikning susayishiga, xususan, xotin-qizlarning ekstrgenital (ichki a’zo) va genital kasalliklarga chalinishiga noxush ekologik va ijtimoiy omillarning mavjudligidan tashqari, qizlarning badanni siqib turuvchi, izg‘irinli kunlarda ham o‘zini ko‘z-ko‘zlash uchun yupun kiyimlar kiyishlari ham sabab bo‘ladi, — deydi K.Yusupova. — Sovuq kunlarda yengil kiyinish birinchidan, tos-chanoq suyagining rivojlanishiga salbiy ta’sir qilib, qon aylanishi va yurak ish faoliyatining buzilishiga olib keladi. Ikkinchidan, bu bilan qarama-qarshi jins vakillarining ortiqcha e’tiborini tortishga olib keladi. Bu esa qizlik, ayollik sha’niga sira to‘g‘ri kelmaydi. Tarbiyasi yaxshi qizlar, avvalo, puxta bilim egallashga intiladi, kiyinishi, xulqi-odobi o‘z o‘rnida bo‘ladi, asosiysi salomatligi mustahkam bo‘lib, kelgusida undan sog‘lom farzandlar tug‘iladi.

Shifokorning so‘zlarini quvvatlar ekan, Navoiy viloyat imom-xatibining xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Gulchehra Sobirova haqiqatdan ham, qiz bolaning jismonan sog‘lom bo‘lishi uning axloqiy sifatlariga ko‘p jihatdan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

— Bugun ayrim nodon kimsalar tomonidan «zamonaviylik» deya niqoblanayotgan ochiq-sochiq kiyinish odati farzandlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, — dedi G.Sobirova. — Avvalo, har bir ota-ona o‘g‘il-qizlarining xulqu odobiga jiddiy e’tibor qaratishlarini iltimos qilgan bo‘lardim. Uyida qanday, bilmadim-u, ammo ko‘cha-ko‘yda, ta’lim muassasalarida hech kimni nazar-pisand qilmaydigan yoshlarni ko‘rib xafa bo‘lishingni ham, achinishingni ham bilmaysan. Nima, o‘qituvchilar yoki ota-onalar bolalarni shunchalik erkalatib yubordimi? Yoki biz, atrofdagi kattalar, mahalla-ko‘y loqaydlik kasaliga chalinganmizmi? Bu masalalarga ham jiddiy e’tibor qaratishimiz shart.

Uchrashuvda ota-onalar ham o‘z fikrlarini bildirdilar. Samimiy ruhda o‘tgan muloqotdan yig‘ilganlar tegishli xulosa chiqarganlariga ishonamiz.

 

Shafoat JO‘RAQULOVA

Navoiy viloyati

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + thirteen =