XXI ASR AXBOROTI: UNING HAQQONIYLIGI UCHUN KIM MAS’UL?

Jurnalistika olamida hamma davrlarda ham noto‘g‘ri axborot xolis, ob’yektiv, sifatli axborot bilan yonma-yon yashaydi. Ayniqsa, bugungi kundagi noto‘g‘ri axborotning salmoqli qismi internet hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayni paytda milliy jurnalistikada virtual axborot oqimini tartibga soluvchi huquqiy asosning yo‘qligi va tegishli qonunchilik  hujjatlari hali bu sohani yetarlicha qamrab olmagani noto‘g‘ri axborotning tarqalishiga yaxshigina zamin yaratmoqda. 

 Global tarmoq texnologiyalarining iste’molga kirib kelishi tushunchasi  va uni taqdim etish haqidagi ming yillik tasavvurlarni butunlay o‘zgartirib yubordi. Avvallari keng jamoatchilik asosiy axborotni faqat OAV orqali qabul qilgan bo‘lsa, bugun auditoriyaning o‘zi ham axborot yetkazuvchi “xabarchi”larga aylandi. Buni mutaxassislar axborot makonida onlayn muhitining qaror topishi bilan izohlamoqda. Darhaqiqat, global tarmoq zamon va makon tushunchalarini inkor etmoqda. Bugun axborotga egalik qilishga bo‘lgan intilish an’anaviy qoida va talablardan voz kechishni taqozo etmoqda.  Ayniqsa, kiber olamda axborot ishlab chiqaruvchi qatlamning tobora kengayib ketayotgani masalani yanada chigallashtirib yubormoqda.

Virtual makonda axborot tarqatuvchilarni uch turga ajratish mumkin. Bular:  rasmiy saytlarning professional jurnalistlari, o‘z sahifalarida xabarlarni joylab boruvchi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda axborot-tahliliy kundaliklar yurituvchi bloggerlardir. Noto‘g‘ri axborotning tarqalishiga ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari ko‘proq sababchi bo‘ladilar. Chunki ular boshqa sohalar vakillari, internet tarmog‘idan erkin foydalanuvchilardir. Ular axborot uzatish, xabar yozishning xolislik, ob’ektivlik degan tamoyillarini deyarli bilishmaydi. Lekin bu kabi holatlar rasmiy saytlarda faoliyat olib boradigan professional jurnalistlar tomonidan ham tez-tez sodir etilayotgani masalaga jiddiy yondashishni taqozo etadi.

Bugun axborot iste’molchilarining kattagina qismini o‘ziga og‘dirib ulgirgan ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar, ko‘pincha ma’lum guruhlar yoki foydalanuvchilar tomonidan joylashtiriladi. Bunday axborotlarning shakli, mazmuni, hajmi turlicha bo‘lish bilan birga ko‘pincha manba tekshirilmasdan tarmoqqa qo‘yiladi. Ushbu holatni rasmiy  saytlar misolida o‘rganganimizda, ularda birinchi axborot manbalaridan ko‘ra havola(link)li xabarlar ko‘pligiga guvoh bo‘ldik. Misol uchun, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Potrebitel.Uz” guruhi rasmiy saytlarimiz uchun axborot manbai sifatida eng ko‘p marta tilga olingan. Binobarin, axborotning to‘g‘riligini tekshirmay turib ommaga uzatish jurnalistning professional axloq qoidalariga ziddir. Shunday ekan, OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tgan rasmiy saytlarga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini axborot manbai sifatida ko‘rsatish nazarimizda maqsadga muvofiq emas. Chunki ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari voqelikka nihoyatda sub’ektiv yondashadilar. Ular ba’zan turli kayfiyat, holat va sharoitdan kelib chiqib xayoliga kelgan o‘y, fikr, mulohaza va yoxud butunlay o‘ylab topilgan voqelikka asoslangan matnni tarmoqqa joylashtiradilar. Qarabsizki, shu ijtimoiy tarmoqning boshqa foydalanuvchisi mazkur axborotni to‘g‘ri deb qabul qiladi, unga ishonadi. Natijada tushunmovchilik, turli shaxslar, guruhlar, qatlamlarning, pirovardida butun jamiyatning  munosabatlariga ta’sir etadi. Buning qanday salbiy oqibatlariga olib kelishini ro‘yxatdan o‘tgan milliy saytlarimizning so‘nggi yillardagi tajribasi misolida ko‘rish mumkin.

2014 yil 17 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlardan tortib rasmiy saytlargacha poytaxtda yangi ochilgan “Lokomotiv” istirohat bog‘ida halokat yuz bergani to‘g‘risidagi xabar muhokama qilindi. Milliy saytlar “Katapulta” deb ataluvchi attraktsionning nosozlik tufayli baxtsiz hodisa yuz bergani, jabrlanganlar orasida halok bo‘lganlar ham mavjudligi haqidagi axborotni tarqatdi. Biroq 18 aprel kuni “Lokomotiv” istirohat bog‘i ma’muriyati bu axborotning noto‘g‘ri va asossiz ekanini ma’lum qildi. Shundan keyin  rasmiy saytlar birin-ketin halokat xususidagi axborotning noto‘g‘ri ekani haqidagi xabarlarni joylay boshladilar. Ammo axborot tarqab bo‘lgandi! Qarangki, ana shunday sharoitda kiber jurnalistikaga uning interaktiv imkoniyati yordamga kelarkan. Aytaylik, bosma nashrlar biror axborotni e’lon qilsayu keyin uning noto‘g‘riligi ma’lum bo‘lib qolsa, gazetachilarimiz o‘sha noto‘g‘ri axborot chiqib ketgan sonni yo‘q qilib tashlolmaydi. Saytlar-chi? Ular bu muammoni osonlikcha hal qiladi. Ya’ni noto‘g‘ri deb topilgan axborotni sayt lentasidan o‘chirib tashlaydi. Bu to‘g‘ri yechim. Zero, noto‘g‘ri axborotni saqlab qolib, o‘quvchini chalg‘itishdan nima foyda? Biroq bu degani istagan paytda tekshirilmagan axborotni joylash, so‘ng haqiqat oshkor bo‘lgach, uni shunchaki o‘chirib tashlash degani emas. Axir xabar bor yo‘g‘i ikki daqiqa efirda mavjud bo‘lganida ham internetdan foydalanuvchi minglab kishilar uni o‘qib ulguradi. Vaholanki, internetning doimiy auditoriyasi soni an’anaviy media iste’molchilari sonidan bir necha barobar ko‘p. Shunday ekan, uzatilayotgan axborotga yanada  jiddiy yondashish lozim.  

Odatda to‘g‘ri axborotga nisbatan “mish-mish”lar, ya’ni tekshirilmagan axborot ko‘proq shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Bu fikrning to‘g‘riligi milliy internet jurnalistika yana bir karra isbotladi. 2014 yil 6 iyul kuni “Facebook” va “Twitter” ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari tomonidan poytaxtning Yunusobod tumani bilan chegaradosh Toshkent viloyatining Keles qo‘rg‘onida yashovchi kishilar fanga noma’lum mahluqni ko‘rganlari haqida xabarni tarqatdilar. Bu haqda 7 iyul kuni “Anhor.uz” va undan keyin barcha rasmiy saytlar o‘z sahifalarida bergan havolalarda mahluqning qo‘l-oyog‘i uzun, qo‘rqinchli va tajovuzkor ekani ta’riflanadi. Shov-shuvli bu xabar bir zumda internetning o‘zbek segmenti bo‘ylab tarqalib ketdi. Natijada bu xabarga ko‘r-ko‘rona ishongan 200 ga yaqin odam shu kunning o‘zidayoq mahluqni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgani Kelesga borgan. Ular  mo‘’jizaning guvohi bo‘lmoqchi edilar, aslida esa yolg‘on axborotning qurboniga aylandilar. 8 iyul kuni Yunusobod tuman hokimiyati rasmiy vakillari “Anhor.uz” tahririyati bilan bog‘lanib hech qanday mahluqning bo‘lmaganligini ma’lum qildi. Aniqlanishicha, bu mahalla bolalarining do‘konchi amakiga qilgan hazili ekan. Biroq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining shunchaki bo‘rttirib yo hazillashib yozgan ma’lumotiga tayanib, internetning rasmiy saytlari Kelesda mahluq paydo bo‘lgani haqida olamga jar solib bo‘lgandi. Holbuki, saytlarimizda faoliyat olib boradigan jurnalistlar bu xabarni axborot lentaga joylashdan avval, uning to‘g‘riligini  tekshirishlari zarur edi.

Internet cheksiz-chegarasiz axborot manbaidir. Ammo bu axborotlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini qanday farqlash mumkin? Qanday axborotlardan ehtiyot bo‘lish, qandaylariga ishonish kerak? Umuman internetdagi axborotning to‘g‘riligiga kim mas’ul? Bu kabi savollar juda ko‘p va ular sohaning rivojiga jiddiy yondashuvni taqozo qilyapti.

Bugungi kunda kiber olamda noto‘g‘ri axborotning ko‘payishi, ayniqsa internetda tobora ommalashayotgan bloglardagi asosiy xabar va ma’lumotlarning sub’ektiv qarashlardan iboratligi bilan ham bog‘liq. Sub’ektivlik esa axborot noto‘g‘riligining muhim omili bo‘ladi. Bloglar hozir internet olamida ommaviy axborot vositasi vazifasini bajarmoqda. Bunday jonli kundaliklarning doimiy o‘quvchilari soni ayrim ro‘yxatdan o‘tgan milliy saytlarimiz auditoriyasidan-da ko‘proq. Shunday ekan, bloglarda e’lon qilingan har qanaqa fikr, qarash undan foydalanuvchilar tomonidan axborot sifatida qabul qilinishi va o‘zlashtirilishini unutmaslik kerak. Shu nuqtai nazardan shaxsiy qarashlarni ifodalashga berilib ketgan ayrim bloggerlar internetda noto‘g‘ri axborot tarqalishiga sababchi bo‘lmoqdalar. 

Yuqoridagi misollar onlayn muhit uchun ahloqiy me’yorlarni tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarni qabul qilish naqadar zarur ekanligidan dalolat beradi. Ko‘plab milliy saytlar o‘z axborot lentalarida butkul tekshirilmagan xabarlarni joylashda, bloggerlar esa kundaliklariga sub’ektiv xulosalarni yozishda davom etarkan, internetning noto‘g‘ri axborotlar makoniga aylanib qolishi turgan gap. Axborotning to‘g‘riligi va xolisligini ta’minlash va bu borada huquqiy hujjatning qabul qilinishi axborot maydonidagi mavhumlikning, boshboshdoqlikning oldini olishga xizmat qiladi.

Bunday hujjat milliy saytlar oldiga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi yoki u yerdagi muayyan guruhlarda chop etilgan “post”ni xabar sifatida haqqoniylik printsiplariga asoslanmay, hech qanaqa tekshiruvciz e’lon qilishni ta’qiqlashi zarur. Shuningdek, jurnalistikaning ob’ektivlik printsipini blog muhitiga joriy etilishi ham dolzarb masaladir. Axir blogging ham internet jurnalistikasining ajralmas qismiga aylangan ekan, unda inson sha’ni va qadr-qimmatini toptaydigan, real voqelikni noxolis aks ettiradigan “post”lar faoliyatini tartibga solish lozim. Odatda tartibsizlikning yechimi muqobil qonun-qoida o‘rnatish orqali topiladi.  

Globallashuv asrida ommaviy axborot vositalari va, ayniqsa, auditoriyasining soni jihatidan ular orasida yetakchilik qilayotgan internet jurnalistikasi imkon qadar noto‘g‘ri axborot tarqatishdan holi bo‘lmog‘i zarur.

 

Mohlaroyim QAYUMOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + fourteen =