BOQIY QADRIYATLAR E’ZOZI

Vatanimiz tarixining hech bir davrida bu xalq o‘zligini yo‘qotmagan, istibdod va mustabidlik, qashshoqlik va qahatchilik zamonlarida ham bolasini odob-axloqqa, mehr-muhabbatga, yaxshilikka o‘rgatgan. Sabr-qanoatdan ulg‘ayib metin bo‘lgan bu xalq. O‘ziga yomonlik qilganga ham yaxshilikni ravo ko‘rgan bu xalq. Shuning uchun ajdodlar qanoati, mehr-muruvvati asrlar osha bizni ildizlari teran  qadriyatlarimizga qaytardi. 

Prezidentimiz tomonidan 2015 yil 18 fevralda qabul qilingan «Keksalarni e’zozlash yili davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarorda shu munosabat bilan yurtimizda yashayotgan otaxonu onaxonlarning turmush tarzini yanada yaxshilashga, «…oila va jamiyatda yashayotgan yoshi ulug‘ insonlarning o‘rni va obro‘sini oshirish, bolalar va yoshlarni ota-onalarni, har bir nuroniyni chuqur hurmat qilish, e’zozlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tuyg‘usi ruhida tarbiyalash bo‘yicha aniq tadbirlarni amalga oshirish»ga alohida urg‘u berilgan.

Xalqimizda azaldan har bir xonadonda, mahalla-ko‘yda yoshi ulug‘ insonlar e’zozlanib kelingan. Shuning uchun bizga ajdodlarimizdan yetib kelgan, dunyo xalqlarini tafakkur ziyosi bilan bahramand qilgan buyuk va benazir ilmiy-ma’naviy meros bilan birga har tomonlama mukammal va mazmunli bo‘lgan qadriyat va urf-odatlarimiz xonadonlarimizni fayzu barakali qilmoqda.

Bu so‘zlar ustida chuqurroq o‘ylasang, yoshi ulug‘larimizga bo‘lgan mehrimiz, hurmatimiz yanada oshadi. 

Hikmat shuki, har qanday hayotiy tushuncha va tasavvurlar, tajriba va ko‘nikmalar oila muhitida paydo bo‘ladi, shakllanadi va mukammallashadi. 

 – Bir palakda har xil qovun, – deb xalqimiz bejiz aytmaydi, – deydi iqtisod fanlari doktori, professor Mamayunus Pardaev. – Jamiyat tiynati toza, bag‘rikeng, mehr-muruvvatli insonlar bilan rivoj topadi. Lekin inson hayotda har xil voqealarga duch kelarkan. Yaqinda Saxovat uyida umrguzaronlik qilayotgan otaxonu onaxonlar bilan suhbatlashdim. 

Ularga Prezidentimiz tomonidan 2015 yil «Keksalarni e’zozlash yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan yurtimizda yoshi ulug‘ insonlarga ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tibor, yaratilayotgan imtiyozlar haqida gapirib berdim. Shunda otaxonlardan biri: «Mening o‘g‘lim ham olim», – dedi faxr bilan. Men undan o‘g‘lining ism-sharifini surishtirdim, «Olim bo‘lsa, hoynahoy tanisam kerak», – dedim. Otaxonning boshi beixtiyor yerga egildi, o‘g‘lining ism-sharifini aytmadi…

Xo‘rligi kelib, boshi egilgan bu otaxon o‘z xonadoni to‘rida, nevara-chevaralarini bag‘riga bosib, o‘tgan hayotidan mamnun, shukronalikda o‘tirsa bo‘lmasmidi? Hayotning nima qasdi bor ekanki, bu inson tirikligida yaqinlaridan, aziz nevara-chevaralari diydoridan mosuvo qilgan bo‘lsa? Ha, azizlar, kaltakning ikki uchi bo‘lganidek, bu sharoitda masalaning mohiyatiga yetmay turib, biror xulosa chiqarish qiyin. Lekin bir narsa aniq: bu dunyoda har kim ekkanini o‘radi.

Bizning jamiyatimizda o‘tmishda ham, hozir ham o‘zini bilgan farzand hech qachon keksa otasini yoki onasini yolg‘iz tashlab qo‘ymagan. Buyuk yunon allomasi Vergiliy «Keksalik inson hayotining gultoji bo‘lmog‘i kerak» deganiday, keksalarimiz shu oliy maqomotga munosibdir. 

– Otamning bir so‘zlarini hali-hanuzgacha eslayman. U paytlar men Samarqandda yashayman, padari buzrukvorimdan, volidai muhtaramimdan xabar olish uchun farzandlarim, oilam bilan har hafta Baxmalga boraman, – deydi Mamayunus aka. – Arzimagan sovg‘a-salomlar olib boramiz, ularning ko‘nglini olamiz. Shunda otam xizmatlarimdan rozi bo‘lib, har gal: «Rahmat o‘g‘lim, ilohim bolangdan top», – derdilar. U paytlarda otamning bu gaplariga unchalik e’tibor bermasdim. Mana hozir farzandlar, nevara-chevaralar ulg‘ayganidan keyin uning mohiyatini anglab yetdim. Shuning uchun men ham farzandlarimni otam aytgan gapni aytib, alqayman…

Chunki oilada ota o‘zini tutishni bilmasa, har xil axloqsiz gaplarni gapirib, yolg‘on-yashiq ishlataversa, ona g‘iybat va fisqu fasoddan bo‘shamasa, farzand ham ulardan o‘rnak oladi va bu muhit uni tarbiyasiz, xudbin, mehr-oqibatsiz qilib qo‘yadi.

Farzand ulg‘ayar ekan, yaxshi-yomonni taniydi, yon-atrofidagi barcha voqea-hodisalarni idrok qiladi, oiladagi ma’naviy muhit va tarbiya tufayli yo odob-axloqli, yoki berahm va battol bo‘lib voyaga yetadi. Bolaning qornini to‘q, ustini but, barcha xohish-istagini muhayyo qilib, uning tarbiyasiga e’tibor bermaslik nafaqat ota-ona uchun, balki butun jamiyat uchun ham juda qimmatga tushishi mumkinligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Shoir do‘stim bor — G‘ulom Fat¬hiddin. Birga o‘qiganmiz, birga Toshkent metropolitenida ishlaganmiz. Teran tafakkurli, solim iste’dod sohibi. Volidai muhtaramalari 80 yoshga kirganlarida og‘ir kasal bo‘lib qoldilar. Barcha o‘g‘il-qiz, nevara-chevara ona qoshida parvona. «Ana ketadi, mana ketadi», degan bir paytda ona G‘ulomjonni yoniga chaqirdi, hammani xonadan chiqarib yubordi. 

— Bolam, safarim qariganga o‘xshaydi, bitta armonim ushalmasdan qoladigan bo‘ldi. Hech bo‘lmasa, senga aytay deb yolg‘iz o‘zingni chaqirdim…

— Nima armoningiz bo‘lsa, bosh ustiga onajon, buyuring. 

— Yakka-yu yagona niyatim Hajga borib payg‘ambarimizning muborak ravzalarini ziyorat qilib kelsam, devdim… Nasib qilmaganga o‘xshaydi… 

— Onajon, niyat qilgan bo‘lsangiz, inshoollo ijobat bo‘lishini Yaratgandan so‘raymiz. Umid qilaylik, noumid shayton…

– Onajonimni umid shafoati oyoqqa turg‘azdi, – deydi do‘stim. – Haj ziyoratiga hujjat tayyorlab, volidamni Makkai munavvaraga aravachada olib bordim. Onam haj ziyoratlarini ado qilib, sovg‘a-salomlar olib qadrdon yurtimizga o‘z oyoqlari bilan yurib qaytdilar. U kishi hali ham o‘g‘il-qiz, nevara-chevaralari davrasida piri badavlat bo‘lib, keksalik gashtini suryaptilar. 

Lojaram, buyuk alloma Xoja Ubaydulloh Ahrori Vali hazratlari aytganlaridek, inson hatto olgan har bir nafasi uchun ham javob berishi kerak. Har bir a’molning, har bir amalning hisob-kitobi bor bu dunyoda. 

Mustaqillik yillarida o‘zini-o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida mahallaning huquq va vakolatlari kengaytirildi, davlatchiligimiz tarixida birinchi marta «mahalla» tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi. Mahalla boshqaruviga bu darajadagi e’tiborning sababi bitta: u ham bo‘lsa, insonning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, uni e’zozlash, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi ezgu maqsadlarni o‘ziga jamlagan bu maskan tom ma’noda hayotbaxsh qadriyatlarimiz negizidir.

Ajdodlarimizning, ota-bobolarimizning bag‘rikengligi, yuksak ma’naviy fazilatlari tufayli ezgu maqsadlar, muqaddas va ulug‘ tushunchalar yurtimizda ustuvor va barqarordir. 

Yurtimizda ota-onani e’zozlash, farzandlarning kamolini ko‘rish xalq¬imizning hayot mazmunidir. Faqat bugina emas, asrlar davomida ahillik va totuvlik, milliy qadriyatlar hayotimizga singib ketgan. Keksa, nogiron, muhtoj insonlarning og‘irini yengil qilish, voyaga yetmagan, boquvchisini yo‘qotgan yoshlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, yaxshi-yomon kunlarda yelkama-elka turish kabi xalqimizga xos urf-odat va an’analar o‘zbekona hayotimizning mezonidir.

Gapni muxtasar qiladigan bo‘lsak, ulug‘ ishlar kichik ezguliklardan boshlanadi. Xalqimizga qarang, tanimasa ham ko‘cha-ko‘yda bir-biriga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berib o‘tadi, mehr-muruvvat ko‘rsatadi, yoshlarning odob-axloqiga havas qilasan kishi. Shuning uchun ham bizdagi hurmat-ehtirom, mehr-oqibat zamirida boqiy qadriyatlar mujassam.

 

Nurullo OSTONOV,

jurnalist

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + 6 =