TINCHLIK VA DO‘STLIK TARANNUMI

Dunyo tamaddunining tamal toshi qo‘yilgan va uning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan shaharlar orasida Samarqand alohida ajralib turadi. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan azim shaharning noyob me’morchilik an’analari asosida barpo etilgan inshootlari, zamonaviylik va tarixiylik uyg‘unlashgan bugungi qiyofasi jahon ahlini hayratga solib kelmoqda. Sharq gavhari deya ulug‘lanadigan bu qadim go‘sha UNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Sharq va G‘arb madaniyatlari ushbu zaminda o‘zaro tutashgan va bir-birini boyitgan. Shu bois “G‘arbda – Rim, Sharqda – Samarqand” deb nom qozongani bejiz emas.

 Nodir yodgorliklardan biri Registon maydoni go‘yo shaharning yuragiga o‘xshaydi. Uning yog‘dusi hududni yoritib, hayot chashmasini jilolantirib turadi. Ushbu maydonda har ikki yilda bir marotaba o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali dunyo xalqlarining azaliy qadriyatlari tarannumi bo‘lib yangraydi. Ha, endilikda ushbu muazzam shahar markazida Sharq taronalariga jahon musiqasi jo‘r bo‘layotir. YuNYeSKO shafeligida o‘tkazilib kelinayotgan mazkur festivalning nufuzi yildan-yilga oshib bormoqda. Xalqaro festivallar ko‘p, lekin ularning umri, mavqei bir xil emas. “Sharq taronalari” esa muntazamligi, buyuk maqsadlarni mujassamlashtirgani bilan tobora dunyo xalqlari, jahon jamoatchiligi e’tiborini tortmoqda. Milliy musiqa san’atida erishilgan yutuqlarni keng ommaga tatbiq etish, millatlar madaniyati va an’analarini asrash va rivojlantirish, sozandalik va xonandalik yo‘nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, do‘stlik va o‘zaro bag‘rikeng­lik g‘oyalarini targ‘ib qilish festivalning asosiy maqsadidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur fes­tival Istiqlol bayrami arafasida o‘tkazilishida ham katta ma’no bor.

 1997 yilda birinchi marotaba o‘tkazilgan xalqaro musiqa festivaliga 31 davlatdan guruhlar va ijrochilar tashrif buyurgan bo‘lsa, 2013 yilda to‘qqizinchi bor o‘tkazilgan tadbirda 53 davlat vakillari qatnashdi. Joriy yil 25-30 avgust kunlari o‘ninchi fes­tival o‘tkaziladi va unda 60 dan ziyod mamlakat vakillari qatnashish istagini bildirgan.

 Ha, ushbu xalqaro madaniy tadbir dunyo xalqlari madaniyatini birlashtirgan, san’atkorlarning o‘zaro tajriba almashishiga sharoit yaratgan jahondagi eng nufuzli san’at forumiga aylandi. Uning yana bir ahamiyatli tomoni, festival doirasida ilmiy konferentsiya ham o‘tkazib kelinmoqda. Unda dunyo­ning mashhur san’atkorlari bilan birga, san’atshunos olimlari qatnashadi va fikr, tajriba almashish imkoniga ega bo‘ladi. Bu yilgi ilmiy-nazariy anjuman “Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzuida o‘tkaziladi. Undan maqsad Sharq an’anaviy musiqasi rivoji bosqichlarini har tomonlama o‘rganish, qadimiy Sharq tamaddunining jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini namoyon etishdir. Konferentsiyada 15 davlatdan 20 dan ortiq olim qatnashishi kutilmoqda. Ho­zir­ga qadar Germaniya, Chexiya, Slovakiya, Niderlandiya, Eron, Iroq, O‘mon kabi o‘nlab mamlakatlar mutaxassislari konferentsiya uchun ma’ruzalar matnlarini yubormoqda. Festival boshlanadigan kungacha ma’ruzalarni to‘plab, chop ettirish rejalashtirilgan. 

 – Ayni paytda X xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ishlari reja asosida olib borilyapti, – deydi festival ijrochi direktori To‘rabek Mahmudov yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. – Registon maydonidagi sahnada san’atkorlar va tomoshabinlar uchun yanada qulay sharoit yaratilmoqda. Mehmonlar kutib olinadigan Toshkent va Samarqandda obodonlashtirish ishlari qizg‘in davom etyapti. Ishtirokchilar joylashadigan mehmonxonalar hamda Ulug‘bek madrasasi, muzeylarda festivalga oid fotosuratlar, milliy musiqa asboblari, tarixiy liboslar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. 20 avgustdan boshlab mehmonlar kutib olinadi va ular uchun sayohatlar, madaniy tadbirlar uyushtiriladi. Shu bilan birga, ular viloyat va tumanlarda o‘z dasturlarini namoyish etishlari, yosh ijodkorlar uchun mahorat darslarini o‘tkazishlari mo‘ljallanmoqda.

 Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.

 – Ishtirokchilarni baholashda bir qator mezonlarga amal qilinadi, – deydi festival hay’ati a’zosi, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchieva savollarga javoban. – Avvalo, milliyligi, ovoz diapozoni, ijro mahorati baholanadi. Noyob ovoz va yangi janrlar ham e’tiborga olinadi. Joriy yilda to‘qqiz davlat vakillaridan iborat hay’at a’zolari ish olib borishi kutilmoqda.

 Festivalda turli xal­qaro tashkilot vakillari muntazam ishtirok etib kelayotgani uning nufuzi, dovrug‘i naqadar yuksalganiga yana bir misoldir. 2013 yilda YuNYeSKO Bosh direktori Irina Bokova, Xalq­aro madaniyat va san’at uyushmasi bosh kotibi Kuo Li Min, Xalqaro folklor ijodiyoti tashkiloti bosh kotibi Mun Xyung Suk, Osiyo xalqaro san’at festivallari uyushmasi raisi Chen Shenglay, Koreya Resrublikasi prezidentining madaniyat va san’at siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xyung Van Li ishtirok etdi. Shuningdek, jahonga mashhur san’atkorlar tashrifi ham tadbirga yanada ko‘tarinki ruh va fayz bag‘ishlamoqda. Jumladan, 2011 yilgi tadbirning ochilish marosimida Al Bano Karrizi qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda Raymond Paulos tashrifi kutilayotir.

— Nufuzli anjumanni keng yoritish maqsadida veb-sayt tashkil etilgan va hozircha olti tilda materiallar joylashtirilmoqda, – deydi festival matbuot xizmati rahbari Safar Ostonov. – Bu yil ma’lumotlarni o‘n ikki tilda saytga joylashtirish taklifi kiritilgan. Albatta, keyinchalik buni amalga oshirishni rejalashtirib turibmiz. Samar­qandda bosh matbuot markazi ish olib boradi. Bu yilgi festivalni yoritish ishlarida qatnashadigan jurnalistlarga bir qator qulayliklar yaratishni mo‘ljallab turibmiz. Hamkasblarimiz faqat asosiy jarayonni emas, balki sahna orti faoliyati, turli davlatlar vakillarining o‘zaro munosabatlari, hamkorligi to‘g‘risida ham alohida to‘xtalishlari lozim. Masalan, urush holatidagi mamlakatlar san’atkorlari hamjihatlikda chiqishlar qilishi mumkin. Bu esa festival g‘oyasiga monand tinchlik va do‘stlik tarannumi ekaniga kengroq izoh berib o‘tilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Darvoqe, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, bu festival biz yashayotgan bugungi notinch va o‘ta murakkab zamonda turli millat va xalqlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, hayotbaxsh musiqa ohanglari orqali odamlar qalbida ezgu insoniy tuyg‘ularni uyg‘otish, mushtarak tomirlarni bir-biriga payvand etish kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishi bilan alohida e’tiborga sazovor.

Ha, tinch elga to‘ylar-bayramlar yarashadi, musiqa avj pardalarda kuylanadi. Hademay, yana azim Samar­qand osmonida turli xalqlarning jo‘r ovozi mushaklar misol yog‘du sochib, ko‘zlarni qamashtiradi, dillarni ravshan qiladi.

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − four =