SAVDO PESHTAXTASIDAGI «SENATOR»

Tushlik payti. Oshxonaga tamaddi qilish uchun kelganlar turnaqator bo‘lib navbatga turishardi. Men ham xo‘randalar qatoridan joy oldim. Bunday paytda istasangiz ham, istamasangiz ham yoningizda turgan odamlarning suhbati qulog‘ingizga chalinadi. Shu payt oldinroqda turgan ikki xo‘randaning suhbatidan ajablanib, hushyor tortdim. Ulardan biri ikkinchisiga “men ham uyimni ta’mirlashda o‘sha siz aytgan “senator”ni ishlatdim, yomonmas”, — dedi.

  Men avvaliga gap nimadaligini tushunolmadim. Senatorning uy ta’mirlashga nima aloqasi bo‘lishi mumkin?, — degan savol miyamda g‘ujg‘on o‘ynay boshladi. Suhbatning davomiga beixtiyor e’tibor berar ekanman, gapning qandaydir qurilish mahsuloti to‘g‘risida borayotganini angladim. 

 Hozirgi kunda bozorlarimiz o‘z yurtimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, to‘qimachilik hamda qurilish mollari, umuman xalq xo‘jaligining deyarli barcha mahsulotlari bilan to‘la. Albatta, ularni ishlab chiqarish oson ish emas. Birgina qurilish mollari ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirish jarayonini ko‘z oldimizga keltirsak, bu ish uncha-muncha odamning ham qo‘lidan kelmasligiga amin bo‘lamiz. Zarur texnologiyalar xorijdan katta sarmoya evaziga olib kelinishi, kerakli xomashyolarni sotib olish va hokazo jarayonlar tadbirkordan katta mehnat, matonat talab qiladi. Mana shunday sa’y-harakatlar hamda katta mablag‘ evaziga aholi ehtiyoji uchun kerakli mahsulotlar etkazib berilmoqda. Biroq, ularni nomlashga jiddiy e’tibor berishimiz kerakka o‘xshaydi. Sezib turganingizdek, yuqorida aytib o‘tilgan oshxonadagi ikki xo‘randa suhbatidagi “Senator” bu xonalarning ichini, gulqog‘oz, marmar hamda shu kabi  yuzalarni oqlashda foydalaniladigan bo‘yoq bo‘lib chiqdi. Shu o‘rinda “Senator” so‘zining lug‘aviy ma’nosiga ahamiyat bersak. Bu so‘z turli davlatlarda, har bir tilda bir xil ma’no va martabani bildiradi. Umumiy qaralganda esa, Davlat Parlamentining yuqori palatasi a’zosi hisoblanadi. Bizning mamlakatimizda senator — bu Parlamentning yuqori palatasi a’zosi. Mulohaza qiladigan bo‘lsak, oddiy bo‘yoqning aynan shu nom bilan atalishini qanday tushunish kerak? Nahotki ishlab chiqarilayotgan mahsulotini xaridorgir bo‘lishi yoki tanilishi uchun shunday nom bilan atash shart bo‘lsa?

 Dunyoga mashhur bir nechta kompaniya va korxonalarning jahon maydonida nom qozonishi aynan ularning ishlab chiqarayotgan tovarlari, uning sifati va o‘z o‘rnida unga berilayotgan nomi bilan bog‘liq. Shunday ekan, ishlab chiqarish korxonalari mutasaddilari o‘z mahsulotlarini nomlashda yuzaki emas, balki jiddiyroq yondashsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

Ulug‘bek RAHMONOV,

jurnalist

 

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + one =