«SHUNCHA BO‘LURMI HAY-HAY?»

Ovorayu sarsonlikning cheki…

Bir donishmanddan «Inson ko‘proq nimadan zavq oladi?» deb so‘raganlarida, «Foyda olishdan» deb javob bergan ekan. Ha, odam zoti buning uchun nimalarga qo‘l urmaydi, deysiz. Bugun bunga misollar juda ko‘p. Foydali ishning nimasi yomon, deysizmi? Yomoni – hyech qanday mehnatsiz, tama ortidan kelgani.

 Aytaylik, ayrim rahbaru rahbarchalar mansab jilovini qo‘lga olgach, sizdan ugina, bizdan bugina qabilida ish ko‘rishga o‘tadi. Foyda kelmaydigan ishga esa panja ortidan, hafsalasizlik bilan qarashadi. O‘ziga berilgan imkoniyatni go‘yo foyda olish manbai, deb hisoblaydi. Avvaliga kishi bilmas boshlangan olg‘irlik asta-sekin ochiq tamagirlikka aylanadi. Agar orqa tog‘lari suyab tursa bormi, bosar-tusarini bilmay, kattaroq qadam tashlavorishiyam mumkin. Undaylarga hay-haylab turadigan bitta-yarimta so‘zi keskirroq, tartibga chaqirib erinmaydigan odam kerak. Aks holda ko‘plarni qaqshatib, ovorai sarson qilishi turgan gap…

Sirdaryolik Husan Almetov yaxshi veterinar edi. Sohada o‘n yetti yilcha xizmat qildi va kasb kasalligiga chalinib, imkoniyati cheklanib qoldi. Bir necha yil davolanib, ishga chiqolmadi. Sog‘lig‘i yaxshilangach, yana o‘z ishini davom ettirmoqchi edi. Ammo diplomi yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi. Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanida joylashgan qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji (sobiq 4-sonli hunar-texnika bilim yurti)da tahsil olgandi. Diplom dublikatini olish masalasida kollej direktori o‘rinbosariga uchrashganida, buning uchun qanday hujjatlar kerakligini tushuntirdi. U zarur hujjatlarni to‘plab, yana ushbu muassasaga bordi. Ammo ish bitmadi, hali u, hali bu sabab bilan ortga surilaverdi. So‘ng Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i nomiga kollej tomonidan paysalga solib kelinayotgan ish yuzasidan yozma murojaat qildi. Boshqarmaning o‘sha paytdagi (2012 yil) boshlig‘i R.Turdiyevning “1998 yildan eski hunar-texnika bilim yurtining hujjatlari davlat arxiviga topshirilgan”i haqidagi javob xatini olgach, qahramonimiz endi o‘sha tashkilotga qarab yo‘l oladi. Afsuski, davlat arxividan ham bunday hujjat topilmaydi. Xullas, otangga bor, onangga bor, qabilidagi vaj-karsonlar davom etaveradi. Shundan so‘ng H.Almetov “Al-Odil huquqiy xizmat” advokatlik firmasiga murojaat qilishiga to‘g‘ri keldi. Firma advokati S.Abdusamatov tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, diplom dublikatini berish bo‘yicha huquqiy asosni topib topshirgach, kollej direktori Q.Ismoilovdan “Boshqarma boshlig‘i bilan maslahatlashib ko‘raman”, degan javobni oldi. Holbuki, murojaatga binoan ariza pedagogik kengashda ko‘rib chiqilib, diplom dublikatini berish to‘g‘risida kengash qarori qabul qilinishi kerak edi. Boshqarma boshlig‘i bilan maslahatlashish nega zarurligini bilmadigu kollej direktorining bu o‘rindagi vazifasi aynan shundan iborat edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 25 iyuldagi “Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtmanomalar berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi to‘g‘risida”gi 283-sonli, o‘sha yili 16 oktyabrdagi “O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 400-sonli qarorlari asosida ishlab chiqilib, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazining 2008 yil 7 iyundagi 87-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini bitirganlik to‘g‘risidagi diplom namunalarini tayyorlash, hisobga olish, saqlash, topshirish bo‘yicha” Yo‘riqnomasi bor. Ushbu yo‘riq-nomaning “Ta’lim to‘g‘risidagi dublikat hujjatlarini berish tartibi” bo‘limida hammasi aniq-ravshan yozib qo‘yilgan. Nahotki, muassasa rahbarlari bundan bexabar bo‘lsa?! Ushbu hujjat dastak qilib ularning qo‘llariga topshirilgandan keyin ham bunday javob qaytarilishini qanday izohlash mumkin? Chorasiz qolgan bir insonni sarson qilishdan muddao nima, tamagirlik emasmi?! «Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun talablarining buzilishi emasmi bu?!

Xullas, H.Almetovning diplom dublikatini olish uchun 2011 yilda boshlagan harakati to‘rt yil davom etib ham natija chiqmagach, Toshkent shahrida yashovchi huquqshunos akasi Baxtiyor Almetovga murojaat qiladi. B.Almetov «Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga asosan 2014 yil 19 dekabrda ukasi nomidan kollej direktori (Q.Ismoilov) hamda boshqarma boshlig‘i (N.Egamberdiyev) nomiga navbatdagi – uchinchi arizani yozib topshiradi. Javob esa g‘oyat ajablanarli bo‘ldi: “Hozir hunar-texnika bilim yurtlarini tugatgan shaxslarga kasb-hunar kollejlari uchun joriy etilgan diplom namunalaridan dublikat yozib berishning huquqiy asosi mavjud bo‘lmaganligi uchun sizning murojaatingiz qanoatlantirilmasdan qoldirilmoqda”. Vo ajab, qo‘llariga topshirilgan huquqiy asos-chi? Yuqorida qayd etilgan Yo‘riqnomaning tegishli bo‘limi 5.9 punktida: “Ta’lim muassasasi tugatilgan hollarda dublikat akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlari hujjatlarini saqlash bo‘yicha mas’ul bo‘lgan ta’lim muassasasi tomonidan yoki davlat arxiv idoralari tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar asosida hududiy o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tavsiya etgan muassasa orqali beriladi”, deb yozib qo‘yilgan-ku! Ishga bu tarzdagi yondashuvni qanday tushunmoq kerak? Murojaat qilgan fuqarolarni ermak qilishmi bu?! Qonun-qoidani tan olmaydigan har qanday rahbar ham kuchli huquqshunos oldida bir depsinib oladi. Lekin na huquqshunos, na huquqiy asosni tan olmaydigan rahbarlarning ma’naviy qiyofasiyu saviyasini chamalab ko‘ravering. Ularning bu qadar boqibeg‘am-ligidan hayratga tushmay iloj yo‘q.

Nihoyat, boshlangan ishni oxiriga yetkazishga qaror qilgan B.Almetov Respublika Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi vazirligiga yozma murojaat qiladi. Vazirlik mas’ul xodimi: “Kollej direktori o‘rinbosari Husniddin Rahmonovga uchrashinglar, ishni hal qilib beradi”, deydi. B.Almetov va ukasi joriy yilning 15 iyul kuni soat to‘qqizda kollejga yetib boradi. Soat o‘n birga qadar direktor va o‘rinbosarni kutadi. Kelishavermagach, o‘rinbosar Husniddin Rahmonovning qo‘l telefonini topib, qo‘ng‘iroq qiladi. U esa bugun vaqti yo‘qligi, H.Almetovning o‘zi boshqa kuni kelishi kerakligi, yana turli vajlarni ko‘rsatib chaynaladi. Buni qarangki, vazirlik tomonidan bo‘lgan topshiriqdan so‘ng ham turli bahonalar bilan ish paysalga solinadi. Xunob bo‘lgan B.Almetov so‘raydi: “Besh yillik ovoragarchilik kammidi, yana yuqoriga arz qilishim kerakmi?”. “Xohlagan joyingizga chiqavering”, degan keskin javob bo‘lgach, haqiqatan vazirlikdagi mas’ul xodimga qayta murojaat qilib, uning topshirig‘idan so‘ng ham ahvol o‘nglanmayotgani haqida aytishga majbur bo‘ladi. (Qoyil-ye, bitta diplom dublikati olish uchun shuncha harakat!) Darvoqye, besh yillik ovoragarchilik har qanday odamning jon-jonidan o‘tib ketishi turgan gap. Yuqoridan bo‘lgan navbatdagi topshiriqdan so‘ng o‘rinbosar janoblari “vaqt topib” keladi. Nihoyat, diplom dublikati yozib topshirilgach, H.Rahmonov tomonidan aytilgan gapga e’tibor bering: “Aka, siz ko‘p kishilarga yo‘l ochib berdingiz, ko‘pchilik diplom dublikatini ololmay yuribdi”, deydi-da, bu holatni mobil telefoni kamerasiga muhrlaydi. Demak, xuddi shunday ovorai sarsonlik ko‘plarning boshidan o‘tyapti. Bunday paytda o‘z haq-huquqini bilmagan yoki u eshikdan bu eshikka yuguraverishdan charchagan, huquqshunos yollashga qurbi yetmaydiganlar qanday yo‘l tutishayotgan ekan?

Yanayam qizig‘i, o‘sha kuni dublikatga imzosi zarur bo‘lgan direktor uyida ekani va ular uning uyiga borib, imzo qo‘ydirishlari mumkinligini ma’lum qiladi. Imzo qo‘yib dublikatni topshirgach, o‘rtoq direktor: “Mana, bo‘larkan-ku! Bu kishini shuncha ovora qilishdi”, deydi H.Almetovga ishora qilib. Xo‘sh, kim edi o‘sha ovora qilganlar, nahotki, o‘shalardan biri o‘zi bo‘lmasa?! Bu rahbarlarning o‘zgaruvchanligini qarang, naq xameleon! Nogiron bir bechorani besh yil sarson qilib, nahotki vijdonlari zarracha bo‘lsin qiynalmadi?! Mana, muammoni hal etishning imkoni bor ekan, unda shuncha yillik ovoragarchilikka ne hojat? Kim biladi deysiz, balki qo‘llariga uch-to‘rt so‘m berilsa, ish osonroq ko‘charmidi… “Hama ilm ahli o‘z naf’i uchun har fe’l, har ko‘yda” (Abdulla Avloniy) bo‘lgan ushbu zotlar o‘tirgan o‘rinlariga munosibmikin?! «Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasiga asosan ularga chora ko‘rilishi lozim emasmidi?

Shikoyat fuqarolarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklash to‘g‘risidagi talabi bayon etilgan murojaatidir («Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun, 5-modda). Tahririyatimizga kelgan B. Almetovning shikoyat arizasiga ana shu nuqtai nazardan yondashdik. Xuddi shunday voqyealar haqiqatni qaror toptirish va qonun kuchiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Qolaversa, yuzaga chiqishga fursat topolmay, ko‘pchilikni qiynayotgan muammo edi bu. Kimgadir orqa qilib, manmansiragan rahbarlar uchun yuqoridagi holat oyna bo‘lar, shu oynaga qarab, o‘zlarini tartibga solib olishlariga imkon yaratar balki… 

Umr qisqa, paymonamiz o‘lchovli. Bosayotgan har bir qadamimiz adolat tarozisida tortilib ko‘rilmas ekan, o‘zimizni ham, o‘zgalarni ham muammolar girdobida qoldirishimiz mumkin…

 Xolida FAYZIYEVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + eleven =