O‘QISH VA IJODIY IZLANISH — ZARURAT

Gulnora  Bobojonova  1971 yilda Toshkent davlat  universiteti (hozirgi O‘zMU)ning  roman-german  fakultetini  tugatgan. Mehnat  faoliyatini  Toshkent xalqaro radiosida boshlagan. Bosh muharrir, direktor  o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, radiojurnalistika  sohasida  ilmiy-tadqiqot  ishlari bilan ham  shug‘ullangan. 1997 yildan  hozirga  qadar  O‘zbekiston  jurnalistlarni  qayta  tayyorlash  markazi direktori  lavozimida ishlab kelmoqda. U  ommaviy  axborot  vositalari  bo‘yicha  dasturlarning  koordinatori va  eksperti  hisoblanadi. Gulnora  Bobojonova  2010 yildan O‘zbekiston  Respublikasi  Oliy  Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasining, shuningdek Fuqarolik jamiyatini shakllanishini  monitoring qilish mustaqil  institutining  OAV  bo‘yicha  loyihalarining  ekspertidir. Quyida jurnalist-tadqiqotchi Gulnora Bobojonova markaz faoliyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

 — Fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayonida ommaviy axborot vositalari va jurnalistika  asosiy ijtimoiy institut sifatida maydonga chiqib, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning yutuq va kamchiliklarini yoritish orqali  mamlakatimiz hayotini boshqarishda faol ishtirok etmoqda. Jurnalist bu jarayonlarda  xalqning  orzu-umidlari, baxti, kelajagi  yo‘lida  o‘zining  mehnati, bilimi, kasb mahorati, butun  kuch-g‘ayratini sarflaydi, binobarin, ezgu maqsadlar uchun xizmat  qiladi. Demak, uning jamiyatdagi fuqarolik pozitsiyasi  alohida ahamiyat kasb etadi.

“El-yurt manfaati uchun o‘z shaxsiy manfaatidan, huzur-halovatidan voz kechib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib yashaydigan jonkuyar jurnalistlarning ijodiy jasoratini alohida taqdirlagan bo‘lardim, —  deydi davlatimiz rahbari  Islom Karimov. —  Chunki matbuotda keskin mavzularni ko‘tarib chiqish, ularni xolis va haqqoniy yoritib berish uchun avvalo katta yurak, voqelikka faol munosabat, qat’iy hayotiy printsiplar bo‘lishi kerak. Shu yurt meniki, shu  zamindagi yutuq va o‘zgarishlar ham meniki, lekin hayotimiz, tezkor taraqqiyotimiz yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga birinchi navbatda men  daxldor va mas’ulman,  degan ezgu intilish  matbuot ahliga yarashadigan eng  munosib fazilatdir.”

Bugun OAV va jurnalistikaga  e’tibor va g‘amxo‘rlik  davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi, sohani rivojlantirishning huquqiy  kafolati haqida qator  qonunlar  qabul qilindi. Ommaviy axborot vositalarini  erkinlashtirish uchun  qulay sharoitlar  yaratilmoqda.  Xususan, 1997 yilda  O‘zbekiston  jurnalistlarni  qayta  tayyorlash  markazi tashkil  etilganligi ham sohaga e’tiborning yorqin ifodasidir.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi. Uning maqsadi  xalqaro tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatib, xorijiy ommaviy axborot vositalari va mutaxassislari  tajribalari  asosida jurnalistlarning kasbiy malakasini  oshirish  va  ularning ixtisoslashuviga,  zamonaviy  axborot kommunikatsiya texnologiyalarini  o‘zlashtirishlari hamda faoliyatlarida  qo‘llashlariga  yordam berishdan iborat. Markaz  ko‘p  yillar  davomida  BMT Taraqqiyot  dasturi, YuNISYeF, YuNYeSKO, Yevropada Xavfsizlik  va Hamkorlik  tashkiloti, Jahon banki , USAID,  Fridrix Ebert fondi, xorij mamlakatlari  elchixonalari bilan  jamiyat hayotining turli sohalariga doir loyihalarni amalga  oshirishda hamkorlik  qilib kelmoqda. Jurnalistlarni qayta  tayyorlash  markazida  har  yili  ommaviy axborot  vositalarining  mingga  yaqin  xodimlari  va  jurnalistika  fakultetlarining  talabalari  bilim va  malakalarini  oshirmoqdalar.         

Markazimizda  jurnalistlarni  o‘qitish  ishlari  uch  yo‘nalishda  olib borilmoqda.     

Birinchi yo‘nalish  O‘zbekistondagi  OAVda  ishlayotgan ijodiy va texnik kadrlarning ixtisoslashuvi  maqsadlarini nazarda tutadi.  Shuning uchun ham seminar va treninglarimizda  jurnalistlarni muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha  malakasini oshirishga e’tibor berayapmiz.  Masalan, Ebert  fondi, YuNISYeF xalqaro tashkilotlari hamda  Shveytsariyaning  O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlagan loyihalarimiz  asosida jurnalistlarning huquqshunoslik sohasi  bo‘yicha ixtisoslashuviga yordam beradigan mavzularda  mashg‘ulotlar o‘tkazdik. 

Bundan tashqari, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Nodavlat  notijorat  tashkilotlari va  ommaviy axborot  vositalarining o‘zaro aloqasi” mavzuidagi  loyihamiz ham ishlab turibdi. Shuningdek, YuNISYeF va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tibbiyot  jurnalistikasi sohasidagi loyihamiz ham katta ijtimoiy  ahamiyatga egadir. Bolalar  salomatligini muhofaza etish masalalari va uni OAVda yoritish haqidagi loyiha hozirga  qadar  mamlakatimizning to‘rt viloyatida amalga oshirildi. BMT Taraqqiyot dasturi  bilan  hamkorlikda  tayyorlagan   internet  sohasidagi loyihaga  jurnalistlarning  kompyuter savodxonligini oshiradigan bilimlarni  o‘qitish asos  qilib  olingan.

Markazimiz  faoliyatining  ikkinchi yo‘nalishi  jurnalistika fakultetlari  o‘qituvchilarining malakasini oshirishga mo‘ljallangan.  Seminar va treninglarimizda jurnalistika fanidan dars beruvchi o‘qituvchilar hamda nodavlat notijorat tashkilotlar trenerlari mamlakatimizdagi islohotlar va qonunchilikning tub mohiyati, katta yoshdagi jurnalistlarni o‘qitish uslubiyati va uning o‘ziga xos xususiyatlari, sohaga zamon qo‘yayotgan talablar, yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish qoidalari va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha bilim olib, malakalarini oshiradilar.

Markaz faoliyatining uchinchi yo‘nalishi — bu, jurnalistika fakultetlari talabalarini  o‘qitish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish va ularda olib boriladigan mashg‘ulotlarning sifati va samaradorligini  oshirishdan iborat.  Markaz hamda O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston  Davlat jahon tillari  universiteti  o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, bu oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakultetlari talabalari o‘quv mashg‘ulotlarimizda muntazam ravishda  qatnashadilar. Markaz hududiy bosma nashrlar, teleradiokanallar, elektron ommaviy axborot vositalari jurnalistlarining salohiyati va malakasini  oshirish  yuzasidan ham muhim loyihalarni  amalga oshirmoqda. Bu  loyihalarning  mavzusi juda keng bo‘lib, ular OAV qonunchiligi, tahririyatlar muharrirlarining ish tamoyillari va yo‘nalishlari, internet jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, onlayn matnlar tahlili, jurnalist psixologiyasi va axloqi, mediarejalashtirish, zamonaviy  dizayn va veb dizayn, infografik janrlar, axborot dasturlarini tayyorlash jarayonlari, boshlovchi va repartyorlarning muloqot odobi kabi masalalar yuzasidan atroflicha tushuncha va  bilimlar  beradi. Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy  uyushmasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat  fondi, O‘zbekiston  elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi  va boshqa nodavlat notijorat  tashkilotlari  bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.  Xususan, ushbu tashkilotlar bilan birga ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan  bir necha loyihalar amalga oshirildi.

Markazimizda  ilmiy va tahliliy ishlar ham olib borilmoqda. Mana, bir necha yildirki, markaz faoliyatida ishtirok etayotgan jurnalistika fakultetining o‘qituvchilari  O‘zbekiston ommaviy axborot  vositalarining ahvoli va  rivojiga  doir  ilmiy-tahliliy  materiallarni  tayyorlashda ham  yordam bermoqdalar. Markazda  olib borilgan  ilmiy-tadqiqot  ishlarining   samarasi sifatida Nargiz Qosimovaning “Fuqarolik  jamiyatini  rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy  axborot vositalarining roli” o‘quv-amaliy qo‘llanmasi  nashr  etildi. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi  ko‘magida tayyorlangan  “Axborot  xizmatlari uchun amaliy qo‘llanma:  jamoatchilik  bilan samarali muloqot” kitobi esa  fuqarolarga  joylardagi davlat boshqaruv organlari va mahalliy hokimliklarning faoliyati haqidagi axborotlar bilan tanishish imkonini beradi.

Biz  bu yilgi  dasturimiz  bo‘yicha, islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, hududiy OAV va davlat boshqaruv organlari axborot xizmatlari ishlarini takomillashtirish, huquqiy ma’rifat, xotin-qizlarning fuqarolik  jamiyatini rivojlantirishdagi faolligini oshirish masalalariga qaratilgan loyihalarni  ro‘yobga chiqarish  jarayonida  jurnalistlarga ayni shu sohalarda  ixtisoslashuvi uchun zarur  bilimlarni berishga harakat qilmoqdamiz.  Trener  sifatida  faoliyat olib borayotgan  puxta bilimga ega mutaxassislar N. Qosimova, Yo.Mamatova, S.Sulaymonova, L.Islomova, I.Ismoilova, K.Xidirovlar  bizga bu ishda yaqindan yordam bermoqda.

Markaz  faoliyatining  asosiy  maqsadi  professional jurnalistlarni  tayyorlash,  OAV xodimlariga  o‘z kasblari,  ixtisoslarini  yuksak darajada o‘zlashtirishlari  uchun  ilmiy, amaliy va uslubiy jihatdan yordam  berishdan iborat. Bu ishga  vazirliklar,  davlat va jamoat  tashkilotlari,  xalqaro  tajribaga ega ekspertlar,  oliy  ta’lim muassasalari o‘qituvchilari  va mutaxassislari  keng  jalb  etilmoqda. Jurnalist  mehnatining qadri professionalizm, ijod va mahorat tufayli  yuksak darajaga  ko‘tariladi. O‘z kasbining  nozik  sirlarini puxta  bilgan,  dunyoni anglash iste’dodiga  ega bo‘lgan  qalam ahlining ijodi  samarali  bo‘ladi. Jurnalistning mahorati — uning  izlanishi, ijoddagi ustaligi va mohirligi,  malaka va tajribasi, aqlu zakovati, tafakkuri bilan  belgilanadi. Matbuot va efir orqali aytilgan  so‘z qanday aks-sado  berishi, uning ommaga  ta’siri va  samarasi jurnalistning  ijtimoiy pozitsiyasi,  insoniy va ijodiy  fazilatlari,  mas’uliyat tuyg‘usiga  bog‘liq. Ijodkor  jurnalist  butun umri  davomida  o‘qish, izlanish  va  fikrlashdan to‘xtamasligi kerak, bu uning uchun hayotiy zaruratdir.                               

 Erkin  ZOKIROV tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 7 =