«PLASTIK»DAGI MABLAG‘ NAQDGINASI DEGANI

Mamlakatimiz pul muomalasi tizimida plastik kartochkalar muhim vositaga aylandi. Endilikda ishchi va xizmatchilarning ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar plastik kartochka orqali berilmoqda. Biroq bu borada ba’zi muammolar ham uchrayotgani rost. Boisi aholi orasida “Falonchi do‘konda plastikka savdo qilinmas ekan, boshqasida esa narxlar naqdiga qaraganda plastikka qimmatroq sotilarkan” degan gaplarni eshitib qolamiz. Albatta, bu gap-so‘zlar o‘z-o‘zidan tarqamaydi. Buning ortida oz bo‘lsa-da, haqiqat bor.  Biz shu kabi masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Namangan viloyat Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Bahodir HAMIDOV bilan suhbatlashdik. 

— Yurtimizda pul muomalasi tizimini takomillashtirish, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirishni rag‘batlantirish va bankdan tashqari naqd pul aylanmasini qisqartirish, aholining bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda to‘lovlarni amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda, — deydi B.Hamidov. — Jumladan, plastik kartochkalarni va naqd pulsiz hisob-kitoblarni himoya qilishning samarali mexanizmi yaratilgan bo‘lib, har bir plastik kartochka egasi kartochka hisob raqamidagi pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi shaxsiy identifikatsiya raqami(PIN-kod)ga ega. U noto‘g‘ri terilgan taqdirda plastik kartochka avtomatik tarzda blokirovka qilinadi. Bu begona shaxslarning kartochkadagi mablag‘dan ruxsatsiz foydalanishining oldini oladi. Qolaversa, bu bilan fuqarolarning pul mablag‘larini tashishdagi noqulayliklar bartaraf etiladi. Plastik kartochkalardan foydalangan holda mijozlar hisob-raqamidan mablag‘ yechish va unga pul o‘tkazish Umumrespublika yagona protsessing markazi orqali amalga oshiriladi. Bu bilan mijozlar hamda sotuvchilarning turli qalloblik va aldovlardan himoya qilinishi ta’minlanadi.

  Barcha savdo shoxobchalari to‘lov terminalidan foydalanishi shartmi?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 2-ilovasida aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiradigan va bank plastik kartochkalaridan to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari bilan jihozlanishi shart bo‘lgan chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari aniq-ravshan bayon etilgan. Unga ko‘ra, aviatsiya va temir yo‘l chiptalarini sotish, avtovokzallar va avtostantsiyalar kassalari, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar,  kredit tashkilotlari (kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, ya’ni mol-mulk va buyumlarni garovga olib, vaqtincha foydalanish uchun pul qarz berib turuvchi kredit muassasalari), sug‘urta tashkilotlari va moliya bozorining boshqa sub’ektlari, turg‘un savdo shoxobchalari, shu jumladan, dorixonalar (egallangan maydon hajmidan qat’i nazar), umumiy ovqatlanish ob’ektlari, aholidan uy-joy kommunal xizmatlari (telefon, shu jumladan uyali telefon aloqasi xizmatlari) uchun to‘lovlarni qabul qilish punktlari, avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari, aloqa bo‘limlari, maishiy xizmat ko‘rsatish va madaniy-ommaviy hamda tomosha tadbirlarini o‘tkazish ob’ektlari, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar to‘lov terminallari bilan jihozlanishi shart. Qonun hujjatlariga muvofiq aholi bilan pulli hisob-kitoblarni nazorat-kassa mashinalarini qo‘llamasdan amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan ob’ektlar bundan mustasno.

Shu bilan birga yuqoridagi ro‘yxatga kiritilgan xo‘jalik sub’ektlarining to‘lov terminallari bilan jihozlash va ulardan foydalanishga oid talablarga rioya qilmasligi nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlash va ulardan foydalanish tartibini, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishga tenglashtiriladi hamda ular qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

— Bozorlardagi savdo nuqtalarida ham terminallar o‘rnatilishi belgilanganmi?

— Darhaqiqat, respublika dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari) faoliyatini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat turlari va hajmlarini kengaytirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, bozorlar va savdo komplekslarida pul oqimlari to‘liqroq hisobga olinishini ta’minlash, shuningdek, sifati past, qalbaki va kontrabanda mahsulotlari sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Prezidentimizning 2010 yil 26 aprel kuni “Dehqon va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorga asosan, 2011 yilning 1 yanvariga qadar muddatda barcha ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlarini nazorat-kassa mashinalari va to‘lov terminallari bilan jihozlangan turg‘un savdo nuqtalaridan iborat bo‘lgan savdo komplekslari etib qayta tashkil qilish vazifasi yuklatilgan. Iste’molda bo‘lgan mol-mulk savdosi bo‘yicha bozorlar bundan mustasno.

— Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida to‘lov terminalidan foydalanmaganligi uchun qanday qonuniy choralar belgilangan?

— Xo‘jalik sub’ektlarining to‘lov terminallaridan foydalanishga oid talablarga rioya qilmasliklari savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishga tenglashtiriladi hamda ular qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 119-moddasiga asosan terminal o‘rnatilishi lozim bo‘lgan holda haqiqatda terminal o‘rnatilmagan savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa pulli xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga eng kam oylik ish haqining 30 barobaridan 50 barobarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarima, mijozlarning plastik kartochkalariga savdo qilishdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha eng kam oylik ish haqining 100 barobari miqdorida moliyaviy jarima solinishiga asos bo‘ladi. 

Nazorat kassa mashinasini ishlatmasdan savdo qilish yoki xizmat ko‘rsatish, shuningdek, sotib oluvchiga kvitantsiya, talon, chek yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi»ning 164-moddasi tarkibida malakalanib, fuqarolar va mansabdor xodimlarga nisbatan ma’muriy jazo choralari, ushbu qilmishlar ko‘p marotaba sodir etilgan hollarda «Jinoyat kodeksi»ning tegishli moddalarida jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. 

 

Orifjon JO‘RAYEV

suhbatlashdi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + nineteen =