QO‘SHIQ O‘ZI NADUR?

Shashmaqomning tarkibiga kiruvchi Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh va Iroq maqomlarini tinglamagan, bahra olmagan odam kam bo‘lsa kerak. Ularning har birida insonning qayg‘u-iztiroblari, quvonchlari xos tarzda tarannum etiladi. Qo‘shiqlarning so‘zi, ohangi kishini sehrlab tuyg‘ularni junbushga keltiradi, mulohazaga undaydi. Qalbingizni g‘uborlardan tozalab, ezgu amallarga chorlaydi. Mumtoz kuy-qo‘shiqlarimizning hammasida mana shunday xislatlar mujassam. 

Haqiqatan ham barcha san’at asarlari insonni ma’nan kamolotga yetaklashi kerak. Afsuski, bugun taqdim etilayotgan kuy-qo‘shiqlarning hammasi haqida ham bunday deya olmaymiz. Hatto ayrimlarini qo‘shiq deyishga shubhalanadi, kishi. Xo‘sh, qo‘shiq o‘zi nima? U qanday bo‘lishi kerak? Milliy entsiklopediyada keltirilishicha: «Qo‘shiq — keng ma’noda she’riy musiqiy janr. Vokal musiqaning eng ommalashgan, ko‘proq band shakliga asoslangan turi, shuningdek, kuylashga mo‘ljallangan, to‘qilgan she’riy asarlarning umumiy ifodasi.» Bunga qo‘shimcha qilib yana shuni aytish kerakki, qo‘shiq qalblarga zavq bag‘ishlovchi, yuksak iste’dod bilan ijro etiladigan chog‘roq san’at asari hamdir. Mazmunli so‘z va ohang bovastaligidir.

Demak, ashula uchun avvalo, so‘z birlamchi ekan-da. Ammo bu haqiqatni ayrim xonandalar unutib qo‘yayotganga, hatto umuman his qilmayotganga o‘xshaydi. O‘zini zamonaviy estrada yulduzlari sanayotgan ayrim mayda niyatli «yulduzlar» hatto ona tilimizda yo‘q so‘zlarni ashulaga kiritib, shinavandalarni chalg‘itib yubormoqda. Quyidagi so‘zlarga e’tibor bering:

Tirnama, lova, lova, lova, 

Jonim qiynama…

Tik-tak, yuragim tik-tak…

Hatto tibbiyotda ham yurak urishi «duk-duk» deya ta’riflanadi. Yoki «lova» so‘zi «love» ham, «lava» ham emas. «Yulduz»larimiz o‘zlaricha so‘z yasab, ularni ishqdan yonmoq, kuymoq ma’nosida ishlatgan bo‘lsa ajab emas. Bu albatta bir taxmin, xolos. Chunki hech bir lug‘atda ularning ma’nosini uchratmaysiz. 

Vay, vay, vay

Asal qizligiz bilamiz… 

yoki

Digi-digi, digi-digi

Yoqadi yorimning bilakuzugi…

kabi «qo‘shiq»lardagi so‘zlarning ma’nosini so‘raganimizda, ba’zilari shunchaki, ilhom kelganda yozilgan-da, deb javob berdi. Aslida so‘zning mazmun-mohiyatini tushunadigan odamlar bu so‘zlarni aljirash deb tushunadi. Endi ilhom parisini ro‘kach qilib, o‘zini san’atkor his etib she’r yozib, kuy bastalab, qo‘shiqni o‘zi aytishini qanday oqlab bo‘ladi? Bunday noyob «qobiliyat»ning mahsuli bo‘lgan bo‘tqa qo‘shiqlarning ikki qatorini tinglasangiz, sochingiz tikka bo‘lib ketadi. Bu matnlar na oq she’r, na barmoq vazn qonun-qoidalariga mos keladi. Tashvishlanarlisi shundaki, mana shunday «eg‘jod» namunalaridagi mazmunsiz so‘zlar tilimizga singib bormoqda. Bu muammo aslida nafaqat, jurnalistlar, balki tilshunoslarimizni ham tashvishga solishi kerak. 

— Ba’zi hollarda so‘zning quvvati musiqani to‘liq egallay olmaydi. Bunday paytlarda musiqaga qo‘shimcha so‘zlarni qo‘shish mumkin, — deydi filologiya fanlari nomzodi Omonulla Madaev. — Faqat buning ham o‘z qonun-qoidasi bor. Ya’ni bu so‘zlar matnning so‘ziga aylanmasligi, ashulaning umumiy yo‘nalishiga soya solmasligi kerak. Qadim zamonlardan buyon qo‘shiqchilik san’atida ashula so‘zlaridagi bahr tizimidan tashqari holatlarda matnda yo‘q ayrim his-hayajonli, tuyg‘uli so‘zlarni qo‘shib aytishgan. Masalan, «salomat-ey», «omon bo‘laylik-ey», voy-voy-ey» kabi so‘zlarni misol keltirish mumkin. Siz aytayotgan holatlarda esa so‘zlar matn ichiga kiritilgan. Demakki, qoidalarga rioya qilinmagan. Bundan tashqari, bu so‘zlarda ma’no yo‘q. Ma’nisiz so‘zlarni omma e’tiboriga olib chiqish va o‘zbilarmonlarcha so‘z yaratishga hech kimning haqqi yo‘q.

 

SO‘Z LATOFATIDAN BEBAHRA «BAYTLAR»

Qo‘shiq — kuy va she’riy asarning mutanosibligidan hosil bo‘luvchi ijod turi dedik. Taassufki, bugun bu xususiyat yo‘qolib boryapti. Negaki, kuylanayotgan qo‘shiqlarning aksarida shoirlarning qalbi, qalami sezilmaydi. Xuddiki, shoir xalqi o‘zga sayyoraga ko‘chib ketganu, bu ish faqat xonandalarning o‘ziga qolgandek. Yaqinda «Mening yurtim» kanalida bir qo‘shiq berilayotganda, televizorning «ovoz»i chiqmay qoldi. Shunda antiqa holat ro‘y berdi. (Bu holatni tasavvur etmasangiz, his etmaysiz). Ekranda klip ketyapti, titrda esa ashula matni. Unda na vazn, na ohang, qofiya-yu turoqdan darak ham yo‘q. 

Jonga tegdiku 

sho‘xliklaring,

Jonga tegdiku erkaliging,

Jonga tegdiku kaprizliging,

Dir, bidir-bidir 

tufligini qidir.

Bugun aksariyat qo‘shiqlarimizda musiqa yetakchilik qilmoqda. Mazmun esa be’maza.

Liki, liki, lik-lik,

Keling hammamiz,

birga raqsga tushaylik.

Raqsga tushib baralla 

qo‘shiq kuylaylik.

Liki, liki, lik…

Xonanda «Keling, birga likillab, raqsga tushaylik», demoqchi bo‘lyapti shekilli, deb o‘ylab qolasan kishi. Eng achinarlisi, bu ijroga davradagilar raqsga tushadi. Chunki, undagi so‘zlarga deyarli e’tibor bermaydi. Muxlislarni faqat serjilo ohanglar o‘ziga tortadi. Bularni «ijro» etayotganlarni yosh, havaskor desang katta avlod xonandalarning ba’zilari ham «zamon senga boqmasa, sen zamonga boq» qabilida ish tutib, kulguli holatda qolishmoqda.

Mana, shunday «xit» taronalardan biri:

Onlayn men aloqada 

Hattoki «instagramm»da

Ko‘p savollar juda

Tinchlik yo‘q menga.

— Qo‘shiq mazmunli she’r bilan go‘zal. Shuning uchun ham, men qo‘shiqlarimni so‘z ustiga quraman. Undan so‘ng musiqa va ijro paydo bo‘ladi, — deydi taniqli xonanda Farhod Saidov. — Bugun o‘zini san’atkor chog‘laydigan ba’zi xonandalar ijrolarida ikki kishi bir-birining qulog‘iga aytishi mumkin bo‘lgan, uchinchi kishining eshitishi uyat hisoblangan so‘zlarni ham qo‘shiq qilib kuylashyapti. Vaholanki, qo‘shiq insonni tarbiyalovchi ma’naviyat mezonlaridan biri. Xonandaning o‘z qo‘shig‘iga o‘zi so‘z yozishi esa kitob o‘qimaslikdan kelib chiqadi. Yosh ijodkorlar bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlarda yaxshi san’atkor bo‘lish uchun nima qilish kerak, deb bot-bot so‘rashadi. Men ularga qo‘lingizdagi telefon-u, planshetlar o‘rniga kitob oling, ko‘proq kitob o‘qinglar, deb javob beraman. Boisi, so‘zining saviyasi baland bo‘lgan qo‘shiqlarning umri uzoq bo‘ladi.

 

MASHHURLIKNING TOVONI

Xalqimizda ajoyib naql bor: Shahar bedarvoza emas! Ammo yuqoridagi kabi «ijod namunalari»ni eshitib, san’at maydoni darvozabonlari nima qilyapti ekan, deb o‘ylab qolasan. Nega bu kabi bodringcha ham ma’zasi bo‘lmagan yasama qo‘shiqlar teleekranlarni mavh etmoqda. Ularga shu «qo‘shiq»lar yoqsa, marhamat, ijrochilarni uylariga taklif etib eshitishsin. Ekranga, omma oldiga olib chiqish shartmi? Darvoza ochiq bo‘lgach, tabiiyki, o‘g‘ri ham, to‘g‘ri ham kirib chiqaveradi-da! 

«Minbarga chiqayotgan inson o‘zining shaxsiy huquqlarini o‘zi chegaralaydi. Siyosiy arbob hayoti kaftdagidek oydin, shaffof bo‘lishi kerak».

San’atkorlik ham shunday. Mashhurlikka erishgan san’atkor ham endi o‘zi uchungina yashamaydi (ma’lum ma’noda san’at qurbonlik talab qiladi, degan gap mazmuni ham mana shu). Endi uning xohishlari va amallari xalq bilan mushtarak bo‘lishi kerak. Endi u «menga nima yoqsa shuni kiyaman, nimani xohlasam shuni aytaman» deyishga haqqi yo‘q! Chunki, u butun bir xalqning ko‘zgusiga aylandi! 

 

ESKI YARA

Maqolani yozish davomida ba’zi san’atkorlarimizdan e’tiroz eshitishimizga ham to‘g‘ri keldi. Hatto, ulardan biri «menga ayting-chi, siz jurnalistlarning ashulachilardan boshqa ishingiz ham bormi, yo‘qmi?», — dedi iddao bilan. To‘g‘ri bu mavzu OAV da ko‘p yoritilmoqda. Xo‘sh, chindan ham jurnalist boshqa mavzu topolmay qolganidan bu holat yuzaga kelyaptimi? Yoki xorij musiqalari ta’sirida gap egalarining quloqlari batang bo‘lib qolgani uchunmi? Muxlislarning olqishidan bosar-tusarini bilmay, to‘ylarda bir-biri bilan jiqqamusht bo‘layotgan, bir san’atkor ta’biri bilan aytganda, ahvoliga o‘tirib olib yig‘lasa bo‘ladigan, san’atkor deyishdan avval qo‘shtirnoqqa olib, keyin gapiriladigan soxta xonandalarning urchib borayotgani uchunmi? Aslida, san’atni sanoat, deb tushunayotgan bunday xonandalar xayolining bir burchiga kelmaydigan azaliy haqiqat — xalq ma’naviyatini o‘ylash natijasida qayta-qayta qo‘l urilayapti bu mavzuga! Haqiqiy san’atni «jaholatga qarshi ma’rifat bilan» kurash mezonida qo‘llash mumkinligi, biroq bugun bu xususiyat teskari tarzda amalga oshayotgani uchun xavflanib gapirilyapti. Yanayam aniqroq qilib aytganda, atomning kuchi o‘tin yorishga sarflanyapti! Qo‘shiq, undagi jarang topgan so‘z shunchalik qudratga egaki, nega bundan to‘g‘ri foydalanmaslik kerak? Shu jihatlar jurnalistni qayta-qayta bu mavzuga murojaat qilishiga sabab bo‘lyapti! Balki, bu borada hali o‘zida ma’naviyat, madaniyat shakllanib ulgurmagan yosh «qo‘shiqchi»dan xafa bo‘lish kerak emasdir? Zero, ma’naviyat haqida gap ketganda, bunga barchamiz birdek javobgarmiz. Gap xalq ma’naviyati, didi haqida borarkan, ommaviy madaniyatsizlik eshik qoqib turgan bir paytda, uni ichkaridan ochib berish shartmi? 

So‘z, musiqa va mahoratli ijro mushtarak bo‘lganda, qo‘shiq asl san’at darajasiga ko‘tariladi. «Qo‘shiqchi»larimiz bizdan xafa bo‘lmay, astoydil bu haqiqatni anglashlari zarurat. Toki, «Munojot», «Omon yor», «Shashmaqom»ga o‘xshagan nodir san’at namunalarining yaratilishi haqidagi orzularimiz armonga aylanmasin.

 Feruza XAYRULLAYEVA

«Hurriyat» muxbiri

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − four =