Men “HURRIYAT”NI NIMA UCHUN O‘QIYMAN?

Akmal Saidov, yuridik fanlar doktori, professor

Mana, qariyb yigirma yildan buyon, ya’ni ta’sis etilgan sanasi – 1996 yilning dekabridan boshlab “Hurriyat” gazetasini muntazam ravishda o‘qib kelaman. Nima uchun? Chunki, avvalambor, “Hurriyat” mustaqil mamlakatimizning to‘ng‘ich mus­taqil gazetasidir. 

“Hurriyat” – ne-ne ziyoli ajdodlarimizning ro‘yobga chiqqan azaliy orzu-havaslari, ushalgan o‘y-armonlarining yorqin timsoli.

“Hurriyat” – O‘zbekiston istiqlol yillarida izchil va bosqichma-bosqich, dunyoning rivojlangan davlatlari bilan tengma-teng taraqqiy etayotganining, sodda qilib aytganda, biz hech kimdan kam emasligimizning amaldagi mo‘’jaz bir ifodasi.

“Hurriyat” – demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etayotgan o‘zbek xalqining Konstitutsiya va qonunlarga, xususan, “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi” (Konstitutsiyamizning 12-moddasi) degan konstitutsiyaviy qoidaga qat’iy rioya qilib yashayotganining o‘ziga xos tasdig‘i.

Albatta, “Hurriyat” gazetasini boshqa davriy nashrlar bilan qiyoslagan holda, ularning kamchiliklarini ro‘kach qilib, o‘z navbatida, sevimli gazetamizning farqli ijobiy jihatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish fikridan mutlaqo yiroqman. Eng muhimi, men har gal “Hurriyat” gazetasini varaqlaganimda, o‘zim kutganu kutmagan rang-barang xabar va ma’lumotlarga duch kelaman. Tabiiyki, bundan doimo xursand bo‘laman.

Qolaversa, gazeta maqolalarining tili ravon, saviya­si baland, mavzulari dolzarb va qiziqarli. Ta’bir joiz bo‘lsa, bularning barchasi menga “Hurriyat” degan kalomning o‘zi qadar bir olam zavq va g‘urur bag‘ishlaydi.

“Hurriyat” – jurnalistlarning mustaqil gazetasi, ommaviy axborot vositalari vakillarining erkin minbari. Ya’ni, unga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi muassislik qiladi. Ayni shu jihati bilan ham “Hurriyat” meni o‘ziga ohanrabodek tortib turadi.

Zotan, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, jurnalistlarning mustaqilligimizni mustahkamlash, odamlarimizning ongu tafakkurini yuksaltirish, ularni Vatanimiz oldida turgan ulkan maqsadlar sari safarbar etish yo‘lida qilayotgan ezgu xizmatlarini xalqimiz, jamoatchiligimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

So‘zimni muxtasar etib, shuni komil ishonch bilan aytmoqchimanki, aziz vatandosh, Siz ham albatta:

“Hurriyat”ni o‘qing,

“Hurriyat”ning sodiq muxlisiga aylaning,

“Hurriyat”ga obuna bo‘ling!

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 7 =