MEN “HURRIYAT”NI NIMA UCHUN O‘QIYMAN?

Tavakkal TOPVOLDIYEV,

«Nuroniy» jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni

Matbuot bilan “oshno”lashganimga 60 yildan oshdi. Ulug‘nor, keyinchalik, Jalaquduq tumanini boshqarish, viloyatimizdagi bir qator nufuzli tashkilotlarga rahbarlik qilish davomida ko‘pgina tajribali qalam sohiblari bilan do‘stlashish nasib etdi.

Mana 19 yildirki, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari sifatidagi kundalik faoliyatimni ham gazeta va jurnallarsiz tasavvur etolmayman. Respublikamiz, viloyatimizda nashr etilayotgan gazetalarni muntazam o‘qishga, shahar va tumanlarda chiqadigan gazetalarning taxlamini esa, har oyda bir varaqlab tanishishga albatta vaqt topaman. Chunki men ulardan foydalanaman, joylardagi ahvol haqidagi ma’lumotlarni ulardan olaman, ularga suyanaman.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, muhtaram Yurtboshimiz yuksak ma’naviyatga e’tibor berish barobarida avvalo qalam ahliga chinakam ro‘shnolik bag‘ishladilar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz — qariyalar sobiq tuzum davridagi matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bo‘lgan zug‘umlar, tazyiqlarning tirik guvohimiz. O‘shanda doim “partiyaning dastyori” deb kamsitilgan jurnalistlar bugun jamiyatimizning fidokor jonkuyarlari sifatida e’zozlarga loyiq. Mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalarining soni mustaqillik yillarida salkam 4 karra ko‘paygani bu sohaga qilinayotgan e’tiborning yaqqol dalolatidir.

Bugun qalam ahliga berilgan erkinlik boisidan davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari o‘rtasida beg‘araz ijodiy bellashuv tobora yaxshi samara berayotir. Bu esa, nozikta’b xalqimizning bosma va elektron OAVni tanlab o‘qish, eshitish va tomosha qilish imkoniyatlarini tobora kengaytirib yubordi. Ko‘pchilik davriy nashrlar tomonidan jamiyatimiz hayoti to‘laqonli va izlanib yoritilayotganini ham ta’kidlash joiz.

Gapning rosti, ular orasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi muassisligidagi “Hurriyat” mustaqil gazetasi xalqimiz dilida va tilining uchida turgan fikr-mulohazalarni dadil ko‘tarib chiqishi bilan menga ko‘proq yoqadi. U o‘z qiyofasi, mazmun-mundarijasi boshqa nashrlarnikidan tubdan farq qilishi bilan ham “mustaqil gazeta” deb atashga loyiqdir.

Gazetaning har bir sahifasi ma’lum bir maqsad yoki yo‘nalishni ilgari surishi bilan xarakterlanadi. Ayniqsa, ular orasida “Vatan siyrati”, “Jarayon” sahifalarida kelajagi buyuk yurtimizda mustaqillik yillarida ro‘y berayotgan misli ko‘rilmagan o‘sish-ulg‘ayishlar, hamyurtlarimizning yaxshi niyatlar yo‘lidagi sa’y-harakatlari to‘laqonli ochib berilayotir.

Gazetxonlarni qiziqtirgan ko‘pgina savollarga “Biz va dunyo” sahifasida javob olyapmiz. Shuningdek, bu sahifada O‘zbekistonimizning  xorijiy mamlakatlar bilan aloqalari haqida ham yaxshi maqolalar chop etil­yapti.

“Nigoh”, “Ko‘ngil gulshani” sahifalari ko‘proq gazetxonlar tomonidan yo‘llangan xat-xabarlar asosida yoritilayotgani diqqatga sazovordir. “Qadriyatlarimiz” sahifasi esa, ko‘proq tarixiy manbalarga asoslangan o‘qishli maqolalardan iborat bo‘layotgani bizga juda ma’qul tushyapti.

Keyingi paytda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan tahliliy-tanqidiy materiallar haqida “Jurnalist so‘zi — jamoatchilik e’tiborida” sarlavhasi ostida “To‘rtinchi hokimiyat” sahifasida hisobotlar yoritilayotgani “Hurriyat”ga xos va mos maqbul ish bo‘lyapti, deb baholash o‘rinlidir.

Gazeta yilning bosh mavzusi hisoblangan “2015 yil — Keksalarni e’zozlash yili” rukni ostidagi biri-biridan sermazmun maqolalar, suratlar e’lon qilayotgani esa — biz qariyalarni mamnun etayotir. Buning uchun  ijodiy jamoaga o‘z  minnatdorligimizni izhor etamiz.

Xullas, “Hurriyat”ning har bir sonini biz — qariyalar orziqib kutamiz. Kelgusi yil uchun gazetaga obuna bo‘luvchilar safini kengaytirish esa,  jamg‘armamiz faollarining ezgu niyatidir.

Zero, o‘zini hurmat qilgan inson uchun mag‘zi shirin va to‘q maqolalarni o‘qishdan yoqimliroq mashg‘ulot bormikan? Bu savolning javobini “Hurriyat”ni muntazam o‘qib boradigan zukko mushtariylarimiz yaxshi biladilar degan umiddaman.

 Men “Hurriyat”ni nima uchun o‘qiyman?

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + 8 =