BAHS, MUNOZARA, YECHIM

O‘zbekiston milliy matbuot markazi keyingi vaqtlar an’anasiga ko‘ra shanba kuni yana talaba jurnalistlar bilan gavjum bo‘ldi.

Yosh jurnalistlarning amaliy bilim va sohaga oid ko‘nikmalarini shakllantirish, dunyoqarashlarini kengaytirish, yoshlarning o‘zaro tajriba almashuvi, media sohada amaliyot va nazariya uy­g‘unligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi huzurida tashkil qilingan “Yosh jurnalistlar klubi”ning navbatdagi yig‘ilishi ham muhokamalarga boy, qiziqarli o‘tdi.

Muhokama va munozaralar markazida esa media olam yangiliklari,telyevidenieda namoyish etilgan sara ko‘rsatuvlar, gazeta-jurnallar, ayniqsa, internetdagi maqolalar, ularning yutuq-kamchiliklari bo‘lgani tabiiy. Ahir, bo‘lajak jurnalistlar nigohidan bular chetda turishi mumkinmi?

Journalist.uz” veb-sayti qanday bo‘lishi kerak?

Yangi g‘oya, yangi takliflar

Ma’lumki, klubning avvalgi yig‘ilishlarida shartli “Journalist.uz” nomi ostida veb-sayt va gazeta loyi­hasini ishlab chiqish va  taqdimotini o‘tkazish haqida kelishib olingan va taqdimotlar boshlab berilgan edi. Klubning bu galgi yig‘ilishida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari o‘z taqdimotlari bilan chiqishdi..  E’tirof etish kerak, taqdimot o‘z original yondashuvlari, yangiliklari bilan avvalgilaridan ancha mukammal ekani barchaning e’tiborini tortdi. Jumladan, saytni omma­lashtirish uchun uni ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilish, yetakchi veb-nashrlarda havolalarni ko‘paytirish, qidiruv tizimlariga moslashtirish, mobil versiyani yaratish singari takliflar ilgari surildi.    

— Har qanday sayt ommabop bo‘lishi uchun, avvalo, o‘z auditoriyasini aniq belgilab olishi lozim. Xususan, “Jurnalist.uz” saytining maqsadli auditoriyasi OAV xodimlari, yosh jurnalistlar va talabalar hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, sayt kontenti yaratiladi. Jumladan, sayt­da milliy va xorij matbuotining sara maqolalari, jurnalistikaga oid asarlar katalogi, qonun hujjatlari jamlanmasiga bag‘ishlangan bo‘limlarni joriy qilish kerak, — deydi veb-saytni taqdim etgan O‘zDJTU talabasi Mohlar­oyim Qayu­mova.

— Bu saytda necha kishi ishlashi ko‘zda tutilyapti?

Ana xolos, bunisi kutilmagan savol bo‘ldi. Sayt loyihasi mualliflari navbatdagi mashg‘ulotga bu boradagi takliflarini tayyorlab  keladigan bo‘ldilar.

 

Zamonaviy gazeta qanday bo‘lishi kerak?

 Telyevidenie eng ommaviy, radio eng qulay, internet eng tezkor va zamonaviy ommaviy axborot vositasi hisoblanadi. Biroq gazetaning o‘rni baribir boshqa, faqat uni axborot kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda zamonaviylashtirish, bugungi kun talablari darajasiga olib chiqish kerak.

Mashg‘ulot davomida talabalar sohani rivojlantirish uchun o‘z takliflarini bayon qilishdi. Xususan, “Matbuotda qanday yangiliklar qilish kerak?”, “Zamonaviy gazeta tahririyati qanday ish olib borishi lozim?”, “Bugun auditoriyani qanday mavzular qiziqtiryapti?”, “Jurnalistlarning kasbiy mahorati asosan nimalarda namoyon bo‘ladi?” kabi savollarga O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari o‘zlarining “Jurnalist.uz” gazetasi va jurnali loyihalarini taqdim etish orqali javob topishga harakat qildilar.

Demak, O‘zMU jurnalistika fakultetining uchinchi bosqich talabalari tomonidan tayyorlangan “Jurnalist.uz” gazetasi loyihasi.

Talaba Muhamadali Mamadaliyevning fikricha:

— Ushbu gazeta OAVning barcha tarmoqlarini qamrab olishi kerak. U orqali sohada erishilayotgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar aniqlanadi va istiqbol rejalar belgilanadi. Gazeta nafaqat o‘zbek tilida balki, ingliz, rus, nemis, frantsuz, xitoy tillarida chop etiladi va bu orqali biz o‘zbek jurnalistikasining rivojiga katta hissa qo‘shgan bo‘lardik.

Talaba Inobat Ahatova esa o‘z nav­batida quyidagi takliflarni o‘rtaga tashladi:

— Zamon o‘zgargan sayin mushtariylar qisqalikka intilmoqda. Sizningcha, qisqa, lo‘nda, ammo keng ko‘lamli, suratlar bilan boyitilgan, tahlillarga keng o‘rin berilgan materialni bir sahifaga joylashtirish mumkinmi? Bugun axborot texnologiyalari bizga shu imkoniyatni bermoqda. Jurnalistikada bo‘y ko‘rsatayotgan yangi janr — infografika orqali bunga erishish mumkin. Biz o‘z gazetamizda info­grafikaga alohida sahifa ajratmoqchimiz, — dedi u.

O‘zMU jurnalistika fakulteti ikkinchi bosqich talabalari esa “Jurnalist.uz” jurnali loyihasini tayyorlab kelishdi. Bu loyiha ko‘p fikr-munozaralarga, shuningdek, tanqidiy fikrlarga ham sabab bo‘ldi, biroq bundan hech kim xafa bo‘lgani yo‘q, axir, tanqid kelajak myevasi.

Munozaralarning qizg‘in o‘tgani loyihaga bo‘lgan e’tibordan darak. Ayniqsa, jurnal loyihasidan o‘rin olgan karikatura janridan foydalanish masalasida munozaralar qizigandan-qizidi. Kimlar qo‘llab-quvvatladi, yana kimlar “Jurnalist.uz” rasmiy nashr bo‘lgani sababli bunday tipdagi material jurnal sahifalaridan joy olmagani ma’qul, degan fikrni bildirdi.

— Bu janrdagi materiallarda aniq kontseptsiya yo‘q. Auditoriya uni o‘zicha talqin qilishi mumkin. Siz ifodalamoqchi bo‘lgan fikringizning teskarisini tushunadigan mushtariylar ham topiladi va bu holat ayrim muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, — dedi O‘zMU tolibasi Zilola Inoyatova.

 Shundaymikin?

 Jurnalist O‘.Mirzayorov  munozaralarga shunday yakun yasadi:

— Karikatura jurnalistika sohasida alohida janr sifatida qabul qilingan. Demak, biz uni chetlab o‘tolmaymiz. Bu janrda yumor orqali muammolar ko‘rsatib beriladi va eng asosiysi, uning auditoriyaga ta’siri kuchliroq bo‘ladi. Bu janr­dagi asar ma’lum material bilan birgalikda berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, — dedi u.

 

Jurnalistikada ixtisoslashuv kerak(mi)?

Bu mavzu ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ikkinchi bos­qich talabalari jurnalistikada ixtisoslashuv masalasiga alohida e’tibor berish kerak, degan fikrni ilgari surdilar. Auditoriyada esa bunga qarshi fikrlar ham eshitilib qoldi. Buning uchun jurnalist boshqa o‘quv yurtida to‘rt-besh yil o‘qishi kerak bo‘ladi-ku. Shunday ekan, biron soha haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lsa bo‘ldi-da. Jurnalist ma’lum bir sohaga ixtisoslashishi emas, yozayotgan mavzusini obdon o‘rganib, chuqur izlanishlar olib borishi muhim.

Yana bir klub a’zosi jurnalist hamma sohani birdek qamrab ololmaydi, shuning uchun uning aniq bir yo‘nalishga ixtisoslashuvi shu sohadagi materiallarning pishiq-puxtaligini ta’minlaydi, degan ishonch­li mulohazani ilgari surdi. Fikrlar ko‘p, haqiqat esa bahslarda yuzaga chiqadi.

Mashg‘ulot davomida auditoriyada yangragan har bir fikr turli dunyoqarashlar va nuqtai nazarlar bilan to‘qnashib, yanada teranlashdi.

Tengdoshning tengdoshga ta’siri kuchliroq bo‘ladi, deyishadi. Ikki universitet talabalarini birlashtirish, hamjihatlikka erishish maqsadida tashkil qilingan klub bu borada ijobiy natijalarga erishmoqda. Uning ahamiyatli jihati shundaki, navbatdagi yig‘ilish qay tarzda o‘tishi aynan talabalarning nuqtai nazari bilan tanlanadi. Bizningcha, tanlangan bu yo‘l o‘z samarasini ko‘rsatib, soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi.

 

Shohsanam KOMILOVA,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi “Yosh jurnalistlar klubi” a’zosi,

O‘zMU jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 1 =