VOQEALARNING SIRLI TASVIRI

Taniqli jurnalist, shoir, nosir va dramaturg Qo‘chqor Norqobil matbuotda tez-tez ko‘rinib, asarlari nashr etilib, teatrlarda qo‘yilib turadi. Jumladan, o‘tgan yili “O‘zbekiston” NMIUda uning “Osmon ostidagi sir” hikoyalar to‘plami chop etildi. Kitob annotatsiyasida afg‘on urushi mavzusi va Surxon manzaralari o‘z aksini topganligi qayd etilgan. Afg‘on muhoribasi. Har eslanganda yuraklarga sanchiq kiradigan, og‘riqli, armon-anduhli mavzu.

Qo‘chqor Norqobil ikki yil tushda kechganday umrini bu jangohlarda o‘tkazib, o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan, Ollohning marhamati, ota-onasi, jigarbandlari duosi bilan sog‘-salomat qaytganlardan biri. Ko‘rgan, kechirganlari, eshitgan voqealar, iztirobli taassurotlar, shahid ketganlar yodi o‘ngida ham, tushida ham tinchlik bermadi. Yozishga, aytishga da’vat etdi, she’r bo‘lib portladi, maqola bo‘lib, xotira bo‘lib fig‘on chekdi. 200 sahifaga jo bo‘lgan hikoyalarni bir qo‘lga olishda miriqib o‘qib chiqdim, keyin yana bir marta, bu gal ko‘p joylarini tagiga chizib o‘qidim. Shuhrat Rizaevning “Xotira va muhabbat qurshovida” sarlavhali muqaddimasini  ham o‘qib chiqdim.

Sh.Rizaev muallifning “Insoniyatga insonning kimligi haqida ro‘y-rost hikoya qilolmagan asarlarning hammasi yolg‘on” degan nuqtai nazaridan kelib chiqib, jumladan, yozadi: “Qo‘chqor Norqobil hikoyalarining muvaffaqiyatini, avvalo, tuyg‘ularning sofligi, ohorliligi, samimiyati, tasvirlarning bo‘liqligi, majozu ramzlarga to‘yintirilganligida, injaligida”. Bu jihatdan “Qordagi lola”, “Osmon ostidagi sir”, “Nozi… Nozigul”, “Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim”, “Bu yerlarda hayot boshqacha” hikoyalari ilmiy-badiiy-publitsistik yo‘sinda risoladagidek, chuqur tahlil qilingan.

Qo‘chqor Norqobil tasvirda sir saqlash hadisini olayotgan ko‘rinadi. Voqea-hodisalar jarayonida o‘quvchida “Bu yog‘i qanday bo‘larkin, nima bilan tugarkin?” – degan savollar tug‘iladi. “Qordagi lola” hikoyasida Tohirni ishxonasiga Moskvadan bir ayol izlab kelgani, kutayotganini aytishadi. U hayron bo‘ladi: u yoqda biron so‘raydigan odami yo‘q edi-ku. Uchrashgach, boshda ayolni tanimaydi. Irina Mixaylovna 1987 yil Afg‘onistonning Fayzobodida kechgan bir jangni eslatgach: “Miyamga chaqmoq urganday bo‘ldi. Chayqalib ketdim. Ichimda nimadir uzildi, go‘yo. Beixtiyor ihrab yubordim. Tizzalarim qaltirab, madorsizlandim. Qarshimdagi suluv xil­qat, o‘sha…” Keyin Toshkentdagi uchrashuv tafsilotlariga o‘tiladi, o‘quvchi o‘shanda nima bo‘lganini tezroq bilgisi keladi. So‘nggi jangda ham Irina yonida bo‘lgan. Vzvodga qirg‘in solgan sallalilardan birini quvlashadi, u qochib o‘zini bir kulbaga uradi. Eshikni tepib ichkari kirgach yaralangan qochqin hansirab to‘lg‘onayotgani, yosh juvon go‘dagini ko‘ksiga bosib tosh qotib tik turgani, chaqaloqqa ko‘kragini bergani, so‘ng yaradorning qonli yuzlarini silab bag‘riga bosgani ustidan chiqadi. Shu asnoda ikki razvedkachi va Irina bos­tirib kirishadi, Tohir ularga otmanglar deb baqiradi, yaradorni tanasi bilan to‘sib oladi, so‘ng og‘riqning zo‘ridan gupillab yiqiladi, jangchilardan biri uni ko‘tarib chiqadi. Irina og‘riqni qoldiradigan ikki ampula uradi.

Xotira og‘rig‘i, yaxshi ko‘rib qolgan jangchining diydorini ko‘rish, o‘shanda kulbada uchratgan ayol – Shafiqa va uning go‘dagi – endi katta yigit bo‘lib qolgan Ahmad birga tushgan suratini minnatdorlik va qarzdorlik burchi sifatida xaloskoriga (manzilini kulbada tushib qolgan daftaridan topishgan ekan) berib qo‘yishini iltimos qilishgani tasvirini o‘qish hayajonli. “Dunyo­ning qaysi chekkasida yashashlaridan qati nazar, odamlar urushsiz, tinch-totuv hayot kechirishlari kerak. Urush insonlarni bir-biriga yovuz va shafqatsiz qilib qo‘yadi… odamlar bir-biriga mehribon bo‘lsalar… bir-birini otmasalar… bu hayotda inson bo‘lib yashay biladilar…”. Irina Mixaylovnaning bu so‘zlari hikoya g‘oyasini ochishda muhim rol o‘ynaydi.

“Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim” Sh.Rizaev qayd etishicha, garchi qovushimsizroq boshlansa-da, keyindagi asosiy tafsilotlar qiziq va yoqimli, bunda “muallif va qahramon” birligi muhim o‘rin tutadi. Hikoya dramatizmi nimig‘dor kuchaya borib hech kutilmagan (balki kutilgan, muallif niyatiga mosdir, tasodifiyat zamirida zaruriyat yotadi-ku) yechim bilan yakun topadi: ona-bola yigirma yildan keyin Xorazmga qidirib kelishgan, lekin daragini topishmagan, poezddagi hamroh – yozuvchiga yordam so‘rab iltimos qilgach uni Aqchako‘ldan Urganchga, mehmonxonaga mashinada olib kelgan Kontuj laqabli odam, ko‘ldagi qorovul afg‘on urushida og‘ir yaralanib Moskvadagi gospitalda Irina qo‘lida davolangan, unga uylanib bir qiz ko‘rgan xorazmlik Roma (asli oti Ro‘ziboymi, Reyimboymi bo‘lgandir) bo‘lib chiqadi! Yurtida yolg‘iz onasi, ikki yetim singlisini sog‘inib mung tortib, so‘lib borayotgani, lekin xaloskori – yostiqdoshiga bu haqda og‘iz ochmaganini sezgan, “taqdir qimorida kartasini ochib o‘ynaydigan ayol” mardlik qilib, o‘zi samolyotga chipta olib yurtiga kuzatadi, bir oz turib qaytaman desa ham ichki hissiyot bilan qaytmasligini biladi, lekin qizining otam kim, topib ber degan xarxashasi yil sayin kuchayib boradi. Oting o‘chkur urush, odamlarni ne kuylarga solmaydi, qismatlarni o‘yinchoq qilmaydi.

“Osmon ostidagi sir”, “Yer hali ham dumaloq” hikoyalari bag‘riga mo‘’jaz qissa sig‘dirilgan, deb aytish mumkin. Xotira hadigi, xavotir iskanjasi asosiga qurilgan, Xayriniso, To‘lqin tank, Ro‘zi maxsum hayoti, ruhiy kechinmalari hech bir o‘quvchini befarq qoldirmaydi.

Favqulodda bo‘lmagan voqea, holatlardan ham favqulodda ma’no, xulosa chiqara bilish mahorati Qo‘chqor Norqobil ijodiga ham xosligi quvonarli. “Bu yerlarda hayot boshqacha” hikoyasida saksondan oshgan chol-kampir, uch o‘g‘il, ikki qizni ko‘kaylari qurib, ko‘k tomirlari chirib katta qilishgan, bari uy-joyli, bola-chaqali, ishli-kasb-korli. Chol kun-tun uy, bog‘, mol-hol tashvishlari bilan band, shunga o‘rgangan. Itga tinim bor, qushga tinim bor, sizga tinim yo‘q, deydi kampiri. Toshbuvi qishloq ayollarining kayvonisi, qo‘li ochiq, saxovatli, haqgo‘y, ovozi balandligi uchun Guldurak momo deyishadi, ba’zan choliga ham bosim o‘tkazmoqchi bo‘ladi (“Ukkag‘ar baxshining qizi-ey… Ajinasi otlanib qolsa, dunyoni chirpirak qiladi-ya, ellik yildan oshdi yo‘limni chizib beradi, chizig‘imdan chiqma deydi”, — o‘ylaydi chol, lekin haddini bilmasa, o‘siq qoshini chimirib, peshonasi tirishib, botiq nigohlari bilan yov qarash qiladi, shunda kampir mayin tortib siniq, mushtipar bo‘lib qoladi (uch bolasini tuproqqa qo‘ygan, aytishicha, quruq savlati qolgan, gapirganda o‘zi emas, otasining ovozi guldiraydi). Muallif keksalarning dil torlarini nozik chertadi, kardiogrammasini aniq-tiniq ko‘rsatadi. Onaizor poytaxtda katta ishda ishlaydigan, besh yildan beri qishloqqa dorimagan to‘ng‘ich o‘g‘lini, nevaralarini sog‘inadi, borib ko‘raylik deb ko‘p tiqilinch qiladi. “Telpon quloq bo‘lar, ikki ko‘z bo‘lolmaydi, ko‘ngil bo‘lolmaydi”. Axiri cholini ko‘ndiradi, yo‘lga otlanishadi. Vokzalda katta ulning shoferi kutib oladi, moviy rang qasrmonand hovliga yetib kelishadi. Ancha vaqtdan keyin taraq-turuq eshitilib kichik eshik ochiladi, ko‘z-qovog‘i shishinqirab, oq oralagan sochi to‘zg‘in, maykachan, tizzaishton kiyib olgan o‘g‘il Turdiqul sipogina kutib olib, qizg‘ishtus keramikali yo‘lak bo‘ylab imorat sari boshlaydi (Kampir mag‘rur, chol atrofga olazarak boqadi). Bir vaqt oyna eshigi ochilib kelin chiqadi, “buyam tizza ishtonda, maykasi har holda erinikidan bir navi”… Kampir ko‘zi bilan yer chizadi, chol nigohini olib qochadi. Odatiy so‘rashuv, das­turxon, choy-non. Nevaralar ko‘rinmaydi, deyishganda qizi Germaniyada, o‘g‘li lagerda ekanligi aytiladi. Mezbonlar ota-onani shunchaki qabul qilishadi-yu, televizordan tushmaydigan mashhur aktyor bilan xotinini yugurgilab kutib olishadi, cho‘lpillatib o‘pishib ko‘rishadi, o‘g‘il ota-onasini nomiga tanishtirgan bo‘lgach, aziz mehmonlarini bo‘z ortiga boshlaydi: gangur-gungur, qiyqiriq boshlanadi. Suv shaloplaydi. Qadahlar jarangi eshitiladi, kulgan kim, qiyqirgan kim… “Bu yerlarda hayot boshqacha ekan, bovosi, — dedi kampir. – Boshqacha. Hamma narsa boshqacha, — dedi chol ham. – Xo‘sh, endi nima qilamiz, bovosi? – Ertalab tongda ketamiz. Yo, qolasanmi? – Sizniki ma’qul. Siz nima desangiz shu…

Kampir bir nuqtaga ko‘z qadab jimib qoldi. U qarog‘ida aylanayotgan ko‘zlarini choli ko‘rishni istamasdi.

Muallif voqealar jarayoni qanday kechsa shunday, xolis tasvirlashga, munosabatini ochiq bildirmaslikka harakat qiladi (garchi portret, nutq detallari, plastik tasvirlar kimga yon bosayotganiga ishora qilib tursa-da), baho, hukmni ziyrak o‘quvchi zimmasiga yuklaydi. Moddiy boylik bilan ma’naviy qadriyat o‘rtasida uzoqlashishga daxldor lavhalar “Yer hali ham dumaloq”, “Nozi… Nozigul”, “Yangi yil kechasida” hikoyalarida ham ko‘zga tashlanadi.

Qo‘chqor Norqobil inson ruhiyati va tabiat manzaralarini bir-biriga vobasta, aloqador chizishda, portret, peyzaj, nutq detallaridan xarakter yaratishda, til, so‘z imkoniyatlaridan foydalanishda ko‘p izlanayotgani, ancha tajriba orttirgani ko‘rinib turibdi. Quyidagi bir chimdim nutqlardan ularni qaysi personaj, qay holatda aytganiyu jinsi, yoshigacha sezilib turadi: “Enang tengilarning hammasi qiltanglaydi, qirqqa kirib-kirmay ko‘taram bo‘p qolgan… Ikki bola tug‘ib-tug‘may uv-uvlaydi, o‘rni o‘rib, qirni qiradigan payti, go‘r bo‘lama, o‘zimizdi eski ovqatlarni qilishga bo‘yni yor bermaydi… erinadi, bilgani piyova, shildir sho‘rva… Qozonda moyni jirillatganim hisob deydi”; “Botirboydi bilasiz. Yolg‘iz bolam… Ko‘ngli o‘ksimasin, oltin medal olmoqchi bo‘lib turibdi. Shu o‘ris tilingizni o‘rganib olar… Bahosini qo‘yib bering… Keyin Govto‘da tomondan o‘n besh sotix yer beraman, hovli-povli tiklab oling, malim! Shuyting, buytib bolani xapa qilmang”. Kitobdagi “He, otangni jiligiga…”, “to‘xli”, “gapning bo‘lari”, “uzangi yo‘ldosh oshnachilik”, “iyagi o‘mgagida”, “dim-dirs”, “jon uhmida”, “gartakkina”, “korsan”, “agaram”, “ilkis”, “yo‘g‘asam”, “gerra­yishiga o‘lasanmi”, “orbonglab”, “undaychakin”, “checha”, “ena”, “momo”, “boybicha”, “tus tog‘a”, “tos manglay”, “elanish”, “o‘tirik”, “o‘yiq taqdir”, “jondorga jola qilsang ham nomardga nola qilma” kabi so‘z, iboralar, “otali olti to‘ydi, enali yetti to‘ydi”, “allada aziz, to‘rvada mayiz”, “tilim qulf, qulog‘im tosh”, “o‘ttizga kirgan o‘g‘lonning o‘tin teradigan uli bo‘lsin” kabi maqol, matallarni ko‘proq qishloqda eshitish mumkin. Biroq “jon uhmida”, “Havoga bolta otsang, muzlab qoladi”, “quruq govora”, “bid-bidloq hamshira”, “azza-bazza odamlar” kabi so‘z-iboralar o‘rniga tushmaganday, hazm qilish qiyinroqday tuyuladi.

Shu o‘rinda, ba’zi mulohazalarni aytib o‘tish joiz. “Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim” hikoyasida ayolining xohishi, da’vati bilan yurtiga kelgan Romaning keyingi hayoti, yolg‘iz onasi, ikki yetim singlisinig taqdiri, nega biron joyda ro‘yxatlarda yo‘qligi (nahotki?), o‘zini bildirmay chekka ko‘lda qorovul bo‘lib, Kontuj laqabida yurishi mantiqiy asoslashni taqozo etadi, chamasi. Nozigulni jonidan ham yaxshi ko‘radigan, “seni menga ravo ko‘rmagan bu dunyoda toq o‘tganim bo‘lsin!” deb qasam ichgan Sarvarning so‘zida turib qirqqa kirgancha uylanmay yurishi fazilati, lafziga sadoqati, lekin yozuvchi bo‘laturib eri o‘lib qizi bilan yolg‘iz qolganini bilgani holda uning keyingi taqdiriga, qiynalib yashayotganiga qiziqmaganligi, buni sinfdoshi Norsuluvdan eshitgani bir qadar ishonarsiz. To‘g‘ri, oxirida el-yurtining ichiga kirolmay, uzoqlashib ketganini sezib jur’atli, qat’iyatli odamga aylanadi, yurak sirini ochib, Nozigulga uylanajagini baralla e’lon qiladi.

Qozonning qaeridan quloq chiqarish qozonchining ixtiyorida degandek, badiiy asarni qanday nomlash, personajlarga nima nomni, qay kasb-korni ravo ko‘rish ijodkorning inon-ixtiyorida. Bunda asar g‘oyasi, mazmunidan, estetika, mantiq talablaridan kelib chiqiladi, shu ma’noda hikoyalarga topib, mos, xos, ko‘rkam nomlar qo‘yilganini qayd etmoq joiz. Hayotdagidek badiiy asarda ham o‘xshashliklar, takroriy vaziyatlar bo‘lishi, aks ettirilishi mumkin, faqat me’yor, muvofiqlik talablaridan kelib chiqqan ma’qul. “Osmon ostidagi sir” to‘plamining to‘rt hikoyasida yozuvchi obrazi bor, bular Tohir, Nodir, Sarvar, birida faqat yozuvchi, ikki hikoyada voqea yozuvchi “men”i tilidan olib boriladi, uch hikoyada jurnalist ishtirok etadi – Nik Adams, To‘ra Qora, Tahririyat rahbari. Voqea-hodisalarni batafsil tasvirlash, portret, peyzajlar chizish, ruhiy kolliziya­larni berishni adib, jurnalistlar durust uddalaydi, albatta. Lekin, masalan, Xorazm­ga boryotgan ona-bolaga biror olim, geolog, idora xodimi hamroh bo‘lishi, Qamchiq dovonidagi savob ishini, aytaylik, biror tabiatshunos yo yo‘lsoz ham eslashi, hikoya qilishi mumkin edi. Ikki hikoyada yarador jang­chi xaloskori ikki Irina bo‘lib chiqadi, biri Nikolaevna, biri Mixaylovna. Ikki hikoyada ikki shifokor yarador jangchidan snaryad parchasini olib tashlaydi. Afg‘on muhorabasidan sog‘­ligini yo‘qotib qaytgan ikki sho‘rpeshonaga odamlar Kontuj laqabi berishadi, ikkisi ham o‘zini osib o‘ldiradi, joniga qasd qilishning boshqa yo‘llari ham bor edi-ku, degan savol tug‘iladi. Faqat Xayriniso Ro‘zi maxsumdan orttirgan qiziga Yodgoroy, Sora Alievna eri nomardlarcha tashlab ketgan o‘g‘liga Yodgor ismini berishi mantiqan to‘g‘ri, asosli. Kuzatishlarim o‘tkir, pishiq, ta’sirli hikoyalarning nuqsoni deb emas, ke­yingi nashrlarda, muallif xohlasa, e’tiborga olsa, o‘zgartirsa, degan fikrlar, deb qabul qilinsa. Sh.Rizaev ham birovning narsasiga daxl qilishga ma’naviy haqqi yo‘qligini pisanda qilgan holda, “Yangi yil kechasida” hikoyasiga “Chaqirtikan zahmi” deb nom qo‘yishni taklif etadi.

Jangchi, yozuvchi Qo‘chqor Norqobilning”Osmon ostidagi sir” nomli  kitobi Vatan himoyachilari kuni arafasida o‘quvchilar qo‘liga tekkanligi ayni muddao bo‘ldi. Uni o‘qib, ta’sirlanib, urushning nomi o‘chsin, deysiz, jonini fido etgan aziz insonlar xotirasini yana bir yodga olasiz, omon qaytganlarga tasannolar aytasiz, jahonning bir qancha puchmoqlarida kechayotgan nizo-janjallardan afsus chekasiz, qochoqlar holiga achinasiz, mustaqil yurtimiz osmoni musaffoligi, tinch-osuda hayotimiz bilan cheksiz faxrlanamiz.

Saydi Umirov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar

murabbiysi, yozuvchi, jurnalist

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =