“QOG‘OZ KITOB”LARNI QO‘LTIQLAB…

Televidenieda, gazeta-jurnallarda kitob xususida yana intihosiz bahs boshlandi. Kelajagi biznikidan porloq ayrim navqiron  yoshlar: “Qog‘oz kitoblarning umri bugun bo‘lmasa, ertaga tugaydi, kitobxonlik komp­yuter zimmasiga yuklanadi”, degan gapni juda ishonch bilan aytmoqdalar. Katta yoshlilar bu fikrga ko‘pam qo‘shilayotganlari yo‘q. Chunki ularda hayotiy tajriba, kuzatuv bor.

 Insoniyat hayotiga televidenie kirib kelganida, yoshlar tugul kattalarning katta bir qismi ham: “Mana endi teatr san’ati o‘ldi, tamom bo‘ldi deya­vering, har qanaqa spektaklni uyda o‘tirib, ekran orqali bemalol, hatto yonboshlab ham tomosha qilish mumkin”, de­yishgan. Bu gapni odamlar ongi­ga nechog‘li singdirishga urinishmasin, televidenie ham, teatr san’ati ham gurillab o‘sishdan, takomil topishdan to hanuz to‘xtashgani yo‘q, aksincha, bir-birlariga yelkadosh, sirdosh, sahnadosh bo‘lib kelishmoqda.

Kitobning tanazzuli haqi­dagi bahsga kelsak, fikrimcha, “qog‘oz kitob” bilan “internet kitob”ning ikki muhim o‘ziga xosligi bor. Insoniyatning buyuk ixtirosi hisoblanmish qog‘oz kitob odamning (o‘quvchining) ongiga, qalbiga, fikri-zikriga, ma’naviy olami, turmush tarziga ta’sir ko‘rsatadi, internetning beqiyos, aql bovar qilmaydigan  imkoniyatlari esa bizning xabardorligimizni oshiradi, buni inkor etmoqchi emasmiz.

Ikkinchi o‘ziga xoslikni quyidagicha izohlash mumkin. Televidenieda ehtiros bilan qog‘oz kitoblarning umri tugayotganini bashorat qilgan yosh yigitchadan: “Ayting-chi, sevgi-muhabbatda Majnun holiga tushgan yoki shunga yaqinlashgan oshiq uchun mahbubasi visoliga yetish, uning o‘tli nigohlariga to‘yib boqish, yuz-ko‘zlaridan olov yanglig‘ bo‘sa olish yaxshimi yoki ma’shuqani… oyna ortidan ko‘rish, u bilan imo-ishora orqali suhbatlashish, bir-birlariga havo orqali bo‘sa yo‘llash yaxshimi?” deb so‘radim. U birinchi visol tarafini oldi. “Siz aytayotgan o‘sha qog‘oz kitoblar, bilsangiz, yuzni yuzga bosadigan visolning naqd o‘zi” dedim. Buning hech mubolag‘asi yo‘q. Nashrdan yangi chiqqan kitobni “sovutmay” o‘qish, issig‘ida mag‘zini chaqish oshiqlar visoliday lazzatli ekanini tushuntirib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.

Keyingi bir hafta ichida shaxsiy kutubxonam to‘rtta yangi “qog‘oz kitob” bilan boyidi. O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning o‘z muxlislariga “Savob asli samodan tushmas” (G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi) nomli yangi tuhfasi ikkilik va to‘rtliklardan iborat hikmatlar guldastasi bo‘libdi.  O‘qib ko‘ring: “Dil hikmati to‘rtlikda jamdir, To‘rt satriga bir ma’no kamdir, Bir satrida to‘rt ma’no bo‘lsa, Shoir yoqqan eng yorug‘ shamdir”, “Bizdan baxt­li odamlar ko‘pdir, Bizdan baxtsiz odamlar ko‘pdir, Kelgin endi, shukr qilaylik, Dunyo qo‘lda bir langar cho‘pdir”, “Bedil bulog‘idan bir qultum ichdim, Men uni senga ham tutaman, do‘stim, So‘zning saltanati samoda ekan, Zulmat aro go‘yo quyoshni quchdim”.

O‘z ovozi va ohangiga ega shoira Munavvaraning  yangi kitobi “Bunday elni qaydan topasan” (“Yangi asr avlodi”) deb nomlanibdi. Unga kiritilgan, she’rxonlik davralarida o‘qilsa, hayajon va g‘urur bilan tinglanadigan, qo‘shiq qilib kuylanayotgan “Ey, qaldirg‘och” she’rining o‘zi  kitobning  ma’no-mohiyatini ravshan ko‘rsatib turibdi. “Kelib qolsa uyiga mehmon, Joni halak, yugurar har yon, Qush sayrasa, tunda turib non yopgan elni qaydan topasan?”.

Shoiraning baxti — u shunday elning farzandi: “Sen qo‘l ochgan har tilak ulug‘, Sen iz solgan har yo‘lak ulug‘, Sen tosh solgan sumalak ulug‘, Sen har nedan ulug‘san, elim, Suyuklardan suyuksan, elim”. Shoiraning g‘ururi ham shu tuyg‘u bilan bog‘liq:  “Baxtimga boylandi ilohiy rishta, Beshigimda yotar jajji farishta, Mohir kulol O‘zi qo‘llar har ishda, Go‘dagimda seni ko‘raman, Vatan”. Munavvara yuragi tubiga ingan mana bu iqrorni  qog‘oz yuziga mag‘rur ko‘chiradi: “Shul onimni ming zamonga alishmasman…”.

Minhojiddin Mirzoning “Gullash payti keldi, bog‘larim” kitobiga (“Tafakkur” nashriyoti) kirgan she’rlarning aksariyati  mantiqan ming zamonga alishib bo‘lmaydigan bugungi munavvar kunlar madhiga bag‘ishlangan. Kitobga so‘ngso‘z yozgan she’rshunos Qozoqboy Yo‘ldoshev Minhojiddin ijodining o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, uning lirik qahramoni favqulodda faol, kuyunchak, intilib, kurashib, mashaqqatlarni yengib o‘tishga shayligini, bundan bosh­qacha kechgan umrda ma’no qolmaganini, shoir oshiq ko‘ngliga ko‘klamiy ishq  olovi tushib, uning haroratidan chekilgan ohlar ezgulik kapalaklariga aylanayotganini, yonayotgan yurakdan chiqqan otash tuyg‘ular qalblarga kurtak kabi joylanishini e’tirof etadi. Shoirning o‘z ko‘ngli, vijdoni oldida yuzi yorug‘: “Bekor sovurmadim munis yillarni, Taskin bor: ertamdan sal ko‘ngil to‘qdir. Tongga oshno etdim qancha dillarni, Yillarning oldida gunohim yo‘qdir”.

She’riyat bo‘stoniga yoshlikka xos shijoat bilan qadam qo‘yayotgan shoir Nosirjon Jo‘raev ishq-muhabbatni serjilo natyurmortga o‘xshatib, “Illo, yaralganda ishq degan kalom, dunyo qutulgandi oq-qora rangdan”, deydi. Uning “Men ummon bo‘lishga kelganman, axir, men tomchi bo‘lishdan or qilaman, or”, “G‘irrom hayot fursat sayin kutar yengilishingni, Lek nomardga ko‘rsatmagin qonayotgan tishingni” degan  satrlari bugungi she’riyatimizning yangicha maqomini ko‘rsatib turibdi. Uning “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyatida chop etilgan “Sharh” kitobi she’riyat muxlislariga yaxshi sovg‘a bo‘ldi.

Albatta, adabiyotshunos olimlar, she’riyat ixlosmandlari, muxlislar bu to‘rt shoirimiz qalamiga mansub kitob­larga baho beradilar, yutuq-kamchiliklarini ko‘rsatadilar. Men esa, oddiy bir o‘quvchi sifatida bu tuhfalarni varaqlab, “qog‘oz kitob”larning umri poyoniga yetmoqda deya donishmandlik qilayotgan yosh do‘stlarimiz yanglishayotganlariga yana bir bor amin bo‘ldim. Bu yorug‘ jahonda tafakkur, o‘zlikni anglash, idrok etish, bir-birimizni tushunish ehtiyoji mavjud va bu oqsoch dunyoning taqdiri ayni shu ehtiyoj bilan bog‘liq ekan, kitob degan mo‘’jiza o‘lmaydi. Chunki zamon talato‘plari, murakkab insoniy evrilishlar, iqtisodiy past-balandliklarga qaramay, fikr hamisha tiniqlashib, o‘sib-ulg‘ayib boraveradi, ijtimoiy yuki ortaveradi. Qog‘ozlarga ko‘chgan fikrlar yog‘dusi taraqqiyot yo‘llarini nurafshon yoritaveradi. Adabiyot ixlosmandlaridan biri bundan ancha yillar avval: “Insoniyat yigirmanchi asrga ot minib, gurillab kirib kelgan edi, undan piyoda, boshini egib chiqib ketmoqda”, deb yozgani yodimda. Biz yangi asrning yangi o‘n yilliklariga, bizdan keyingi avlodlar esa yangi-yangi asrlarga boshni baland tutib, hazrat Alisher Navoiy bobomizdan qolgan she’riyat deb atalmish ma’naviy xazinani qog‘oz kitoblar holida qo‘ltiqqa qistirib, ulardan taralayotgan yog‘du jilolaridan ruhlanib  kirib boramiz. Eshiting: “Tog‘laring ko‘nglimda tikladi g‘urur, Suvlaring qalbimning yuvdi zangini. Hatto chumolilar tilida shukr, Men shunday angladim Vatan rangini…”. Yana: “Derlar, tog‘ o‘sishin sezmaydi inson, Il­g‘olmas cho‘qqilar yuksalgan chog‘in. Ammo butun olam guvohdir bu kun, Qanday o‘sganligin ozodlik tog‘in” (Min­hojiddin Mirzo). Munavvara “Kaftda bug‘doy undirgan, ayozni ham tindirgan, jonim ichra yashagan shu el uchun, shu Vatan, shu qalam uchun yashashim kerak”, deydi, shunga chog‘lanadi, sizu bizni  shu tuyg‘uga oshnolikka chorlaydi.  Mahmud Toir bugungi farovon kunlarga shukronalik satrlarini bitmoqchi bo‘lsang, qalaming  yayrab, balqib ketadi, deydi. Nosirjon bugun Vatanni anglamoqchi bo‘lganlarga  kitobdan,  “Kitob javonidan  yaqinroq do‘st yo‘q”ligini uqdiradi. “Kitob butun” deydi, butun narsalarga esa ehtiyoj hamisha mavjud.

Bugungi she’riyatimizning mavqei, shiddati, baland ruhi, ijtimoiy faolligi haqida yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ammo, shu keltirilganlarning o‘zi ham ijodkorlarimiz “zangi yuvilgan, g‘uborlari ketgan, poklangan” qalblar bilan tog‘lardan oppoq nur tilab, milliy tafakkur chashmalarining ko‘zlariga mavj va shiddat ato etayotganlaridan dalolat beradi. Shunday emasmi?!

 Ahmadjon MELIBOYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − three =