KO‘NGLI MEHRGA PAYVASTA BOLALIK

Mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash jamoatchilikning umum ishiga aylanib bormoqda. Joriy yilning Yurtboshimiz tashabbusi va taklifi bilan «Sog‘lom ona va bola» yili deb atalishi ham ana shu ezgu amallarning davomidir.

Bu haqda so‘z borganda yurtimizning barcha go‘shalarida qad rostlagan minglab zamonaviy ta’lim dargohlari, bir-biridan muhtasham sport inshootlari, farzandlarimizni yuksak ma’naviyatga oshno etayotgan musiqa va san’at maktablari, ularda yaratilgan sharoitlar ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi. Ayniqsa, ta’lim tizimida «Ta’lim to‘g‘risidagi qonun» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning hayotga tatbiq etilgani, malakali kadrlar tayyorlash ishlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu yuksalishlarning hammasi istiqlolimiz sharofatidandir.

 Buni yosh avlod tarbiyasining bosh bo‘g‘inlaridan bo‘lmish maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatida ham ko‘rish mumkin. Xususan, Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 171-maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lganimizda bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Ta’lim maskani 560 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, shu paytgacha 337 nafar tarbiyalanuvchini qamrab olgan. Yaqinda muassasa binosi rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

— Yoshlarda intiluvchanlik, qobiliyat va tashabbus bo‘lsa, ertangi kunimiz bugungidan samaraliroq bo‘ladi, — deydi biz bilan suhbatda ta’lim muassasasi rahbari Saodat Ro‘zieva. — Barkamol avlodni tarbiyalash, ma’naviy yuksaklikka erishishi uchun ishtiyoq bilan mehnat qilib kelmoqdamiz. Ayni paytda ta’lim maskanimizda oldimizga qo‘yilgan masalalarni yaxshi tushungan 23 nafar malakali pedagog mehnat qilmoqda. Ulardan 14 nafari tarbiyachilardir. Asosiy vazifamiz maktabgacha ta’lim muassasasiga qo‘yilgan davlat talablarini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida amalga oshirib, oila, maktab, mahalla hamkorligida samarali natijalarga erishishdir. Ta’lim-tarbiya ishlarida «Bolajon» dasturlaridan foydalanayotganimiz  bolajonlarni maktabga tayyorlashga zamin bo‘lmoqda. Ta’lim samaradorligini yanada oshirish uchun to‘garak ishlariga alohida e’tibor qaratganmiz. Misol uchun, kichkintoylarning iqtidorini aniqlash va rivojlantirish uchun barcha guruh tarbiyalanuvchilari raqs, shashka, ingliz tili to‘garaklariga jalb etilgan. Har bir bola fikrlash qobiliyati, nutqi va layoqatiga qarab bir nechta to‘garakda qatnashishi mumkin. Tarbiyachilarimiz maktabgacha ta’lim muassasalari miqyosida o‘tkazilayotgan tanlov va seminarlarda faol qatnashib, orttirgan tajiribalari asosida ochiq mashg‘ulotlar o‘tkazishyapti.

Ularning salomatligini mustahkamlash maqsadida servitamin ozuqa mahsulotlari bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilgan. Masalan, ularning umumiy ovqatlanish ratsionidan sutli mahsulotlar, sabzavotlar, quruq va ho‘l mevalar alohida o‘rin olgan. Ta’lim maskanimizda barcha qulayliklarga ega sog‘lomlashtirish maydonchasi, cho‘milish havzasi mavjud. Niyatimiz, tarbiyalanuvchilarimiz kelgusida barcha jabhalarda faol bo‘lib, o‘z bilimi va iqtidori bilan dunyoga yuzlanishini istaymiz.

 Darhaqiqat, insonning kamoloti faqat fidoyilikdan iborat. Tarbiyachi va murabbiylar o‘z vazifasiga katta mas’uliyat bilan yondoshib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani tahsinga loyiq. Bularning barchasi yurtimizda ta’lim sohasida 12 yillik uzluksiz ta’limning dastlabki va muhim bo‘g‘ini sanalgan boshlang‘ich ta’limni sifat va mazmun jihatdan takomillashtirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish masalasiga ustivor vazifa sifatida e’tibor qaratilayotganidadir. Millat kelajagi uchun qilinayotgan bunday g‘amxo‘rliklar o‘sib kelayotgan avlodni ulkan zafarlar tomon chorlaydi. Bog‘chaning ko‘rkam va shinam hovlisida hilpirab turgan yorqin bayroqchalar xayolimizda yoshlik, baxt va iqbol ramzi bo‘lib muhrlandi. Yurt farzandlarining barkamolligi yo‘lida xizmat qilayotgan jonkuyar tarbiyachilardan biri Dilfuza Mirahmedovaning kichkintoylar bilan olib borayotgan o‘quv mashg‘ulotlari qulog‘imizga chalindi. 

— Qani, bolalar, inglizchada o‘ngacha sanaymiz! Yod olgan she’rlarimizni birgalikda  qaytaramiz. Aytib bergan ertaklarimni doim xayolingizda takrorlab yuring. Yetti yoshga to‘lganingizda, maktabga borasizlar. Odobli, bilimga chanqoq bolalarga Prezidentimiz sovg‘asi — chiroyli sumka, xilma-xil rangli qalam, kitob-daftar, albom, ruchka, sanoqcho‘p va tsirkul berishadi.  Hech qachon bo‘sh kelmanglar. Kelajak sizlarniki!

— Ta’lim muassasamiz qisqa vaqt ichida butunlay yangicha qiyofa kasb etdi, — deydi tarbiyachilardan yana biri Umida Soqieva. — Ochilish marosimida bolajonlarning xursandligini ko‘rsangiz edi. Barcha o‘quv xonalarimiz yangi mebel, choyshab, o‘quv qurollari va ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlandi. Yaqinda ta’lim maskanimizda «Zumradoylar davrasi» uslubiy qo‘llanmasi asosida qizlarga xos fazilatlar sahnalashtirilgan tomosha orqali namoyish etildi. Shu bahonada, uy bekalari orasida talabchan, qizlarining taqdiri bilan qiziqadigan, tadbirlarimizga faol qatnashadigan fidoyilar ko‘pligiga guvoh bo‘ldik. Hayotim bevosita ta’lim sohasi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun har kuni o‘qish va o‘qitish jarayonida biror yangilik olib kirishga harakat qilaman. Ayniqsa, tortinchoq, kamgap bolalarning ko‘ngliga yo‘l topish uchun tunlarni tonglarga ulagan paytlarim ko‘p bo‘ladi. Ba’zan ota-onalardan: «Tarbiyangizni olib, dilbandim shu darajaga yetdi», degan minnatdorlik so‘zlarini eshitganimda, barcha zahmatlarim unutilib ketadi. Shu damda o‘z kasbimga mehrim yanada oshadi.  

Vatanimizda yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib, onalar qalbida ham:

— Men shu yurtning kamoli uchun alpqomat o‘g‘il tarbiyalayapman. Qizim aql-zakovatli, sog‘lom o‘sishi uchun harakat qilaman. Chunki ular kelgusida nasl-nasabimning davomchilari bo‘ladi, — degan ulkan maqsadlar bong urishiga ishonamiz.  

Adiba UMIROVA,

«Hurriyat» muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 12 =