TINCHLIK BOR JOYDA BARAKA BO‘LADI

Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi, degan hikmat bor. Bugun dunyoning ayrim mamlakatlarida saqlanib qolayotgan murakkab siyosiy va ijtimoiy vaziyatga nigoh tashlaganda, yuqoridagi hikmatning bejiz aytilmaganini anglaysiz. Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridagi notinchlik va qurolli to‘qnashuvlar bizni doimo ogohlikka va hushyorlikka chorlashi zarur. Bir lahza fursatni boy berish, loqaydlik ham kelajakda og‘ir oqibatlarga olib kelishi hech gap emas.

 O‘zbekiston — tinchlikparvar diyor. Bu yurtimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq davlatimiz tomonidan belgilab olingan tashqi siyosatimiz mohiyatidan ham ma’lum. Xususan, Konstitutsiyamizda davlatimizning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanishi belgilab qo‘yilgan.

Xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, 2012 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosati kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunda ham xavfsizligimiz bilan bog‘liq printsiplar o‘z ifodasini topgan.

Avvalambor, uzoq va yaqin qo‘shni davlatlar bilan til topishib, ular bilan teng huquqli hamkor va hamjihat yashash, eng muhimi, hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik, muqaddas yurtimiz tuprog‘ida chet mamlakatlarning harbiy bazalarini joylashtirmaslik va harbiylarimizni o‘zga mamlakatlar hududiga kiritmaslik printsiplari shular jumlasidandir.

Tinchlik bor joyda taraqqiyot, yuksalish bo‘ladi. Bu fikrning tasdig‘i sifatida ayrim ma’lumotlarga e’tiboringizni qaratsak. O‘zbekistonda mustaqil taraqqiyot yillarida iqtisodiyot qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar 9 barobardan ziyod o‘sdi. Keyingi 11 yilda, jumladan, o‘tgan 2015 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari barqaror ravishda 8 foizdan yuqori bo‘ldi.

2015 yilda iqtisodiyotimizga qariyb 16 milliard dollar qiymatidagi investitsiya kiritildi va bu asosiy fondlar umumiy hajmining salkam 23,3 foizini tashkil etadi.

O‘tgan 5 yil davomida iqtisodiyotimizga jami bo‘lib qariyb 67 milliard dollar investitsiya yo‘naltirildi, buning 21 foizdan ortig‘i xorijiy investitsiyalardir.

2015 yilning 5-6 noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro investitsiya forumida dunyoning rivojlangan 33 ta davlatidan nufuzli firma va kompaniyalarning 560 dan ziyod vakillari, shuningdek, yetakchi xalqaro moliya institutlari rahbarlari ishtirok etib, forum yakuni bo‘yicha umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod investitsiya bitimlari imzolandi.

Bu kabi dalillarni keltirishdan maqsad yutuqlarimizni ko‘z-ko‘z qilish, takror e’tirof etish emas, albatta. Bu, avvalambor, Yaratgan ato etgan bebaho ne’mat — istiqlol, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, xalqimizning birdamligi, mehnatkashligi va albatta, mustaqillikning ilk kunlaridan belgilab olingan tinchlikparvar va taraqqiyparvar siyosatimiz natijasi ekanini ta’kidlashdir.

Yurtimizni, erishilayotgan yutuqlarimizni asrab-avaylash, islohotlarimizni izchil davom ettirish, yoshlarni dinimiz va ma’naviyatimizga yot bo‘lgan mafkuralardan asrab, komil inson qilib tarbiyalash shu aziz Vatanni sevgan har bir ongli fuqaroning — barchamizning burchimizdir.

 

Oybek MAMARAHIMOV, O‘tkir TURSUNOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + five =