“YOSH JURNALISTLAR KLUBI”DA

amaliy suhbat, munozara va xulosalar

Bugun yurtimizda yosh jurnalistlarga o‘z malakalarini oshirishi uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘quv muassasalarida, talabalar amaliyot o‘taydigan tahririyatlar qoshida “Mahorat maktablari” tashkil etilgan. Bundan maqsad iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularda kasb malakalarini shakllantirishdir.

unisi quvonarliki, bu ishlar biror bir majburiyatsiz, tahririyatlarda xizmat qilayotgan ustoz jurnalistlarning tashabbusi bilan beg‘araz amalga oshirilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida tashkil qilingan “Yosh jurnalistlar klubi”ning faoliyati ham buning yorqin dalilidir. O‘zbekiston Milliy va Jahon tillari universitetlarining jurnalistika fakultetlari talabalari, tahririyatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan yosh jurnalistlar darsdan bo‘sh paytlarida ixtiyoriy ravishda mazkur klubda sohaga oid bahs va munozaralar olib borishadi, sohaning sir-sinoatlaridan xabardor bo‘lishadi.

Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, ushbu klubda faoliyat qizg‘in, bahs-munozaralar qaynoq. Talabalar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalada fikrini baralla aytadi. Mutaxassislar esa munosabat bildiradilar. Hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Kasb sirlarini o‘rgatadi. Natijada esa istiqbolli rejalar tuziladi.

Xususan, to‘rtinchi fevral kuni klubning navbatdagi yig‘ilishiga taklif etilgan O‘zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova jurnalistikaning huquqiy asoslari haqida munozara uyushtirdi.

 

JURNALISTIK FAOLIYAT QONUN HIMOYASIDA

— Jurnalist o‘z huquqini bilishi, shunga monand harakat ham qilishi lozim. Qonun erkin fikr bayon qilish uchun qalqon vazifasini o‘taydi. Agar siz o‘zingizni himoya qila olmasangiz qanday qilib xalqning manfaatlari yo‘lida ishlashingiz mumkin?! — deydi tajribali jurnalist.

Bugungi kunda jurnalistning ezgulik yo‘lidagi har qanday harakati qonun bilan himoya qilinadi. Xususan, Bosh Qomusimiz – Konstitutsiyaning         67-moddasida shunday deyilgan: “Ommaviy axborot vositalari erkin va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”. OAV to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya qoidalari, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida” kabi qonunlarning qabul qilinishi jurnalistlarga qanot bermoqda. Xo‘sh, jurnalistlar bu huquqlarning barchasidan foydalanadimi? Sohaga endi qadam qo‘yayotgan yoshlarning bu haqida bilimi qay darajada? Bu gal “Yosh jurnalistlar klubi”da shu kabi savollar yuzasidan mulohaza yuritildi.

Bir paytlar davlat boshqaruv organlaridan ma’lumot olish juda mushkul edi. Ularning faoliyati iloji boricha oshkor etilmas, yopiq eshiklar ortida nimalar bo‘layotganini ko‘pchilik bilmasdi. Tabiiyki, bunday muhit odamlarda loqaydlikni keltirib chiqarardi. Endi esa “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun” qabul qilinishi munosabati bilan mavjud muammolarni bartaraf etish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Mashg‘ulot davomida — nima deb o‘ylaysiz, jurnalistik faoliyat nega buncha qattiq himoya qilinadi? Nega aynan jurnalistlarni himoya qilish uchun bir qator qonunlar qabul qilingan? kabi savollarga birgalikda javob izlandi. Hamma turli fikrda. Gulnora Bobojonovaning o‘zi bu savollarga javobni oydinlashtirdi:

— “Qachonki, xalqning ovozi bo‘lgan jurnalistlar xolis bo‘lsa, jamiyat hayotini erkin yorita olsa, shundagina haqiqiy fuqarolik jamiyatini qurgan bo‘lamiz. Jinoyatchilik, o‘g‘irligu aldov yo‘li bilan yetkazilayotgan zararlar haqida ochiq-oydin aytilmasa, bu illatlar hech qachon yo‘qolmaydi. Matbuot jamoatchilikni ana shunday illatlarga qarshi kurashishga chorlaydi. Ijtimoiy sheriklik qaror topadi. Shuni chuqur his qilgan holda davlatimiz jurnalistik faoliyatni himoya qiladi”.

Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi jurnalistikada ham odob-axloq qoidalari mujassam. Jurnalist rioya qilishi kerak bo‘lgan talablar qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Bu haqida ham qizg‘in suhbat bo‘ldi. Talabalar o‘zlari tushunmagan qonunlarni, odob qoidalarining sharhini ustozdan so‘rashdi va tegishli javob olishdi.

Yoshlarning qiziqishlari ham, istaklari ham turlicha. Kimdir ekojurnalistikaga, kimdir harbiy jurnalistikaga, kimdir sport jurnalistikasiga, kimdir parlament jurnalistikasiga, yana kimdir teleradio jurnalistikaga, boshqasi esa internet jurnalistikaga qiziqadi. Klubda esa barcha ishlar rejalashtirilgan. U shunchaki faoliyat olib bormaydi. Yosh jurnalistlarning istaklariyu qiziqishlarini avval o‘rganib shunga monand mavzular atrofida fikr almashiniladi. Shuning uchun ham klub yoshlar talpinadigan maskanga aylanib ulgurdi. Xususan, klubda oltinchi fevral kuni o‘tkazilgan yana bir mashg‘ulot harbiy-vatanparvarlik mavzuida material tayyorlashga ixtisoslashgan jurnalistlar faoliyatiga bag‘ishlandi.

 

“HARBIY JURNALIST BO‘LMOQCHIMAN”

Vatanni sevish qanday bo‘lishini harbiylardan o‘rganish kerak. Ular kunu tun tinmay xalq tinchligi yo‘lida xizmat vazifalarini o‘taydilar. Ular bor ekan, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Qishni qish, yozni yoz demaydigan ko‘ksi qalqon harbiy akalarimiz bilan qancha faxrlansak arziydi. Shu jumladan, ularning hayotini yoritadigan jurnalistlarning ishlari ham tahsinga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining markaziy matbuot organi — “Vatanparvar” gazetasi jamoasi bilan uchrashar ekanmiz, ko‘nglimizda bir ajib havas uyg‘ondi. Ularning egnidagi ko‘rkam liboslarning o‘zi yelkalaridagi mas’uliyatning naqadar zalvorli ekanini anglatadi.

— Harbiy-vatanparvarlik mavzuida material tayyorlashga ixtisoslashgan jurnalist bo‘lish oson emas. U insondan kuchli matonat, jasorat va fidoiylikni talab qiladi. Siz bor bilim va iqtidoringizni Vatan tinchligi yo‘lida xizmat qilayotgan mard o‘g‘lonlarning ibratli ishlarini xalqqa yetkazish uchun sarflaysiz. Bu esa, harbiy taomil va qoidalarni yaxshi bilmasdan amalga oshiriladigan ish emas, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi “Harbiy-vatanparvarlik” Kengashi raisi, gazeta bosh muharriri, podpolkovnik Alijon Safarov, — Masalan, harbiy jurnalist lavha qahramonining jasoratli ishlarini shunday mohirlik bilan ifoda etsinki, unda uning vazifasiga sodiqligi, mahorati va vatanparvarligi to‘la aksini topsin.

Darhaqiqat, vatanparvar bo‘lish kerak, vatanni sevish lozim, xalq uchun xizmat qilish burchimiz, deb bot-bot takrorlashdan ko‘ra, Vatan uchun jon fido qiladigan insonlarning jasorati haqida yozilgan bitta maqola ming chandon ta’sirli bo‘ladi va boshqalarda ham vatanparvarlik hissini uyg‘otadi.

— Ushbu tahririyatga ishga birinchi bor kelganimda yangi bir dunyoga kirib qolgandek bo‘ldim. Bu yerda qat’iy intizom bor. Ushbu gazetaning muxbiriga aylanganimdan keyin o‘zimni harbiylardek his qila boshladim, — deydi gazeta muxbiri sifatida yaqinda ish boshlagan Aziz Norqulov, — Ha, ishimiz shuni talab qiladi. Muhimi, o‘z ishimdan mamnunman.

Bu so‘zlarni eshitib klub a’zolarida harbiy jurnalist bo‘lishdek istak uyg‘ondi. Bugun qurolli kuchlarimizning madaniyati ham, mahorati ham yuqori. Ular har tomonlama bilimga ega. Vatanning mohiyatini, unga xizmat qilishdek saodatni his qila oladilar. Ba’zi yurtlardagi kabi faqat o‘z manfaatlari uchun harakat qilmaydilar. Shu el, shu xalqning tinchligi uchun kerak bo‘lsa jon fido etadilar. Bugunning qahramonlari aynan ulardir. Klubdagi har bir yosh jurnalistning ko‘nglida  shunday fikrlar tug‘ilgan bo‘lsa ajab emas.

Harbiy jurnalist bo‘lishga nafaqat o‘g‘il bolalar, balki qizlar ham katta qiziqish bildirishadi. Bugun sohada shunday ayol jurnalistlar borki, ham oilasi farovon, ham o‘z vazifasini a’lo darajada bajaradi.

— Men harbiy jurnalistikaga doim qiziqib kelganman. Qalbimda vatanning mard o‘g‘lonlarini madh etishdek istak bor edi. Yuragimda jo‘sh urayotgan shijoat meni “Vatanparvar” gazetasiga yetaklab keldi. Bu yerda ish boshlaganim, egnimga mana bu libosni kiyishim, menga o‘zgacha g‘urur bag‘ishlaydi, — deydi muxbir kapitan Gulnora Hojimurodova, — Harbiy jurnalistikaning nozik qirralarini o‘rganganim sayin mahoratim oshib borayapti. Sohaga oid ilmiy adabiyotlarni o‘qib izlanaman. Natijada esa ko‘proq bilimga ega bo‘laman.

Ha, har bir sohaning o‘ziga xos xususiyatlari, qiyinchiliklari bo‘ladi. Kasbini sevgan inson esa hech narsaga qarab o‘tirmay faqat va faqat olg‘a intiladi.

Bu uchrashuv yosh jurnalistlarga shijoatli bo‘lish, ko‘zlangan maqsaddan qaytmaslik kerakligini, harbiy jurnalistikaning sirlarini, vatanga xizmat qilish saodati naqadar lazzatli ekanini o‘rgatdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga munosib va batafsil javob olib bilimlarini oshirishdi. O‘ylaymizki, bunday uchrashuvlar yoshlarning kelajakdagi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Klubning kelgusi mashg‘ulotlari haqida sizni xabardor etib boramiz.

 

Shohsanam KOMILOVA,

klub a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 11 =