USTOZ

Dunyoda necha ming so‘z borligini bilasizmi? Ularni qatorlarga terganingizda ko‘nglingizga o‘rnashib, jonu jahoningizni yoritadigan chiroq so‘zlarni-chi? Qoqilsangiz qo‘lini tutguvchi, ikkilansangiz, dalda bo‘lguvchi, parvozga shaylansangiz, qanot berguvchi — U! 

Harf o‘rgatib, olamga chiqish darchasiga yo‘llaydigan, nimagaki erishsang olamga yoyib quvonchingni o‘zinikiga aylantiradigan zot U! Kasbu kor etagidan tutsang, barini kaftiga jamlab senga ilinadigan daryodil ustoz u!

Ustoz-shogirdlik o‘zbek xalqining go‘zal qadriyatlaridan. Bu sha’nini baland tutgan jurnalist Ra’nojon Zaripovaning mehrida yanada teranroq his qilganman. U kishi qo‘lida chiroq tutib kasb yo‘limni yoritdi, desam arziydi.

Zarifboy aka qizi Ra’noga: «Hayotning oldingi safida bo‘l, qizim» degan so‘zlari opa uchun bir umrlik shiorga aylandi

Opa bilan tanishuv tub burilish yasadi. Yozib kelgan maqolamni topshirar ekanman, uni ko‘zdan kechirayotib:

— Ha bo‘ladi. Ozgina ishlash kerak. Bizga tez-tez yozib turing, — dedi ustoz mehr bilan. U har bir muallifni ana shunday samimiy kutib olardi.

Birinchi uchrashuvdan keyin bu dargohga tez-tez kelib turadigan bo‘ldim. O‘shanda opa yetakchilik qilayotgan «Sog‘lom avlod» gazetasi men uchun qadrdon bo‘lib qoldi. Keyingi yili esa tahririyat jamoasi meni o‘z safiga oldi. Maqolaning eng muhim o‘rinlarini alohida ko‘rsatish, mazmun-mohiyatini ochib berish uchun ajratib ko‘rsatiladigan qisqacha ma’lumot uslubi menga juda ma’qul edi. Ra’no opaning jonkuyarligi o‘ziga xos bo‘lib, har bir muxbirning iste’dodi va qobiliyatiga, intilishlariga qarab yo‘naltirar, bu esa ham jurnalistikaga, ham shaxs kamolotiga xizmat qilardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, nashrimiz tezda el nazariga tushib, adadi ham oshib ketdi.

 Ra’nojon opa talabalik yillaridayoq «Saodat» jurnalida maqolalari bilan qatnashib, o‘sha paytda tahririyatni boshqargan Zulfiya opa Isroilovaning nazariga tushdi. Ushbu jurnalda amaliyot o‘tash davri uning hayotida o‘chmas iz qoldirganini bot-bot ta’kidlaydi.

Ayol, oila, jamiyat mavzusidagi turkum maqolalari uchun O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasining diplomini oldi, laureat bo‘ldi. Qator yillar ozod va obod Vatanimiz hamda millatimiz istiqloli va istiqboliga bag‘ishlangan respublika ijodkorlarining «Eng aziz, eng ulug‘», «Ayol — buyuk zot», «Atirgul» kabi tanlovlarida publitsistik asarlari bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. «Istiqlol: zamonamiz qahramonlari» tanlovida ham «O‘zbekistonning har qarich yeri betakror» publitsistik to‘plami uchun sovrindor bo‘ldi. Va nihoyat, ustozning ijodiy mehnatlari munosib baholanib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga sazovor bo‘ldi.

Ra’nojon opaning «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni amalga oshirish masalalari» nomli to‘plamda huquqiy mavzudagi maqolasi chop etildi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasida ishlagan yillarining mahsuli, desak arziydi. Shuningdek, «El e’zozlagan ayollar», «Boychechak», «Ayolga ehtirom», «Chashma», «Bola — aziz, ona — mo‘’tabar», «Barhayot nomlar» nomli to‘plamlarida ocherk va hikoyalari hamda «Harorat», «Onaginam», «Yurt qo‘shiqlari» nomli kitoblarida o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtiga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari bilan birga mamlakat ijtimoiy-ma’naviy hayotining dolzarb masalalari qalamga olinganiga guvoh bo‘lasiz. 2013–2015 yillarda «Qissasi Rabg‘uziy» asarining birinchi, ikkinchi kitoblarini sharqshunos qizi Nodira Sa’dulleva bilan birgalikda qadimiy o‘zbek tilidan zamonaviy o‘zbek tiliga tabdil qilib, tarixiy asarlarni sevuvchilarga armug‘on etdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ra’nojon Zaripova yosh jurnalistlarga o‘z tajribalarini o‘rgatib, ularni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. U qay bir ishga qo‘l urmasin, astoydil, tirishqoqlik bilan oxiriga yetkazishga harakat qiladi. Izlanadi, hattoki bugungi zamonaviy texnologiyalarni ipidan ignasigacha o‘rganishga, zamondan orqada qolmaslikka harakat qiladi. Kompyuterni yoshlardek, mutaxassislardek boshqarayotganini ko‘rib havasingiz keladi…

 Tahririyatda o‘z faoliyatini boshlayotgan kasbdoshlarimizga o‘zining benazir maslahatlari bilan ustozlik mehrini baxsh etib kelayotgan Ra’nojon Zaripovani xotin-qizlar bayrami bilan qutlab, unga sihat-salomatlik, uzoq umr, nevara-evaralar baxtu iqbolini uzoq yillar ko‘rib yurish nasib etishini tilab qolamiz.

 

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =