MANFAATLAR ISKANJASI

Ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash insoniyat tarixidagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Yillar mobaynida bunday kurashlar ko‘lami, darajasi hamda maqsadi o‘zgarib bordi. Xususan, dastlab oddiy qorin to‘ydirish ehtiyoji bilan bog‘liq bo‘lgan turli ziddiyat va to‘qnashuvlar, keyinchalik nisbatan zaif tomonning bevosita hududini (keng yaylovlari, hosildor yerlari va hokazo) egallashga qaratila boshlandi. Boshqacha aytganda, bunday to‘qnashuvlar dastlab siyosiy ahamiyat kasb etmagan va oddiy “tirikchilik manbai” bo‘lib xizmat qilgan. 

Davlatlar vujudga kelishi bilan “manfaat” siyosatning muhim omiliga, ayni paytda turli ziddiyat va to‘qnashuvlar sababchisiga aylandi.

Ma’lumki, agarda biron-bir hududda davlat va jamiyat barqaror rivojlanishi uchun zarur ishlar amalga oshirilmas ekan, bu ishni albatta boshqalar amalga oshiradi. Faqat o‘z manfaatlari, o‘z g‘oyalariga erishish yo‘lida…

Hozir dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar tahlili ayrim davlatlar manfaatlari ko‘lami va uni qondirish istagi tobora ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Buni dunyoning goh u, goh bu hududida ro‘y berayotgan turli to‘qnashuvlarda kuzatish mumkin.

Ayrim mutaxassislarning fikricha, bunga ilm-fan, texnika taraqqiyoti ham sabab bo‘lmoqda. Xususan, taraqqiyotning muayyan mintaqalarda ilgarilab ketishi bir paytning o‘zida ushbu hudud xalqlari turmush tarzida qulaylik tug‘dirishi bilan birga ularning boshqalardan ustunligini keltirib chiqarmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiy, harbiy va boshqa resurslarning nomutanosib ravishda to‘planishi ham bunday ustunlikning asosini tashkil etmoqda. Xususan, kuch va imkoniyatning mavjudligi o‘z navbatida ayrim davlatlarga boshqalar ustidan hukmronlik qilishga jumladan, yer yuzidagi tabiiy resurslarni “nazorat qilish”ga undamoqda. Zero, ularning fikricha, “ular bundan-da ko‘prog‘iga munosibdirlar”.

Boshqacha aytganda, dunyoda “xomashyo” va “bozor” uchun kurash avj olganini kuzatishimiz mumkin. Masalaning jiddiy tomoni shundaki, ayrim holatlarda bunga o‘ta dolzarb, ya’ni “hayotiy muhim” masala sifatida qaralmoqda. Buning oqibatida muayyan davlatlar o‘z nigohlarini tabiiy resurslarga boy hududlarga qaratishmoqda va unga ega chiqish maqsadida turli-tuman siyosiy, iqtisodiy “o‘yinlar” o‘ylab topishmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa bu hududlarda chigal, tarang vaziyatni yuzaga keltirish va bu orqali ularni boshqarishdir.

Turli geosiyosiy tahdidlar, davlatlar o‘rtasidagi ishonchsizlik oqibatida xalqaro huquq me’yorlarining qo‘pol tarzda buzilishi holatlari kuzatilmoqda. Amalda dunyo tinchligi uchun “mas’ul” hisoblangan qudratli davlatlarning o‘zaro munosabatlari tobora “sovuqlashmoqda”. Bu o‘z navbatida dunyo jug‘rofiy-siyosiy muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayrim voqealar jumladan, yirik davlatlarning o‘z manfaatlarini oshkora namoyon yoki “himoya” qilishlari, shuningdek o‘tmish “xato”sini to‘g‘rilash da’vosi ostida amalga oshirilayotgani kishini hushyorlikka chorlaydi.

Mutaxassislar fikricha, aslida bunday tartibsizliklar tagzamirida dunyoni (bevosita va bilvosita) bo‘lib olish yoki qayta taqsimlash istagi mavjud.

Ko‘pchilik mutaxassislarning “mafkuraviy urushlar barham topdi, uning o‘rnini ko‘proq manfaatlar egallamoqda” deyishlariga qaramasdan, bugungi kunda mafkuraviy tahdidlarning mavjudligi va amal qilayotganligini kuzatish mumkin. Zero, har qanday manfaatning “mafkuraviy o‘lchovi” bor. Bu holat, ayniqsa, turli axborot xurujlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Dunyoning ayrim hududlarida, unda yashovchi xalqning urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini hisobga olmasdan “demokratik xalqlar oilasi”ni yaratishga urinish esa xatodan o‘zga narsa emasligini, o‘zbekona lutf bilan aytganda, “qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarishdan” boshqa narsa emasligi amalda bir necha bor o‘z isbotini topgan.

Ayrim G‘arb mutaxassislari esa buni xaspo‘shlash niyatida “dunyoda yangi tartibot” qaror topishi lozimligini uqtirishmoqda. Ajablanarli tomoni shundaki, bunday “g‘oya va mafkuralar” ko‘paygani sayin nizo va mojarolar soni ham ortmoqda. Aksariyat hollarda o‘zaro muloqot, murosa o‘rnini bahs-munozara, kelishmovchilik, o‘z manfaatlarini boshqalar manfaatidan ustun qo‘yish kabi holatlar bunga sabab bo‘lmoqda.

Tinchlik, xavfsizlik masalalariga qaratilgan yirik xalqaro Myunxen xavfsizlik anjumanining joriy yildagi navbatdagi yig‘ilishi jahon siyosatida ana shunday qiyin, murosasizlik, mavhumlik kuzatilayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida

Myunxen xavfsizlik anjumani an’anaviy tarzda 1962 yildan buyon o‘tkazilib kelinadi. Asosiy maqsadi —xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni tashkillashtirish hamda turli nizolarni o‘zaro murosa orqali tartibga solish yo‘llarini izlash. Joriy yil 12-14 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur anjuman tartib bo‘yicha 52-si bo‘lib, unda 30 dan ortiq davlat rahbarlari, 70 dan ortiq tegishli davlatlarning tashqi ishlar hamda mudofaa vazirlari, shuningdek, qator tashkilot vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.

Anjuman doirasida tayyorlangan maxsus ma’ruzada jumladan, hozirda dunyoda kuzatilayotgan 2 ta qarama-qarshi yo‘nalish to‘g‘risida to‘xtab o‘tildi. Ta’kidlanishicha, bunday qarama-qarshilik bir tomondan, turli nizo va to‘qnashuvlarning muayyan bir davlat chegaralaridan tashqarida yuz berayotganligida, boshqa tomondan, davlatlar o‘rtasida turli to‘siqlarning paydo bo‘layotganligida ko‘rinmoqda. Shuningdek, anjumanda ishtirokchilar tomonidan amaldagi xavfsizlik tizimi yangi xuruj va tahdidlarga nisbatan har doim ham samarali bardosh bera olmayotganligi ta’kidlandi.

Buning natijasida ko‘pgina hamkor, ittifoqdosh hisoblangan davlatlar munosabatlariga putur yetmoqda. Xususan, yagona va yaxlit hisoblangan YeI hududida 2015 yilda tashkilotga a’zo davlatlar chegaralarida “qochoqlardan qochib”, 15 ta yangi “devor” qad ko‘tardi. Dunyo bo‘yicha esa jami Berlin devori qulaganidan so‘ng 40 dan oshiq davlatlar o‘zlariga qo‘shni 60 tacha davlatlar bilan o‘zaro chegaralarda turli to‘siqlar bunyod etishdi.

Shu o‘rinda ayrim raqamlarga diqqat qaratsak. BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha jami qochoqlar soni o‘tgan yili 244 million nafarni tashkil etgan va bu ko‘rsatkich 2000 yilga nisbatan 41 foizga o‘sgan. Mutaxassislar fikricha, so‘nggi yillarda dunyoda ro‘y berayotgan turli mojarolar, to‘qnashuvlar bunga sabab bo‘lmoqda. Zotan, qochoqlarning aksariyati Afg‘oniston, Suriya va Somali davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘layotganlar soni 4 milliondan oshib ketgan. Mamlakat ichkarisida esa 8 million odam insonparvarlik yordamiga muhtoj.  Ushbu mamlakatda ro‘y berayotgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida qurbonlar soni turli manbalarda 250-470 minggacha deb qayd etiladi. 2011 yildan beri mamlakat aholisining 11,5 foizi u yoki bu tarzda ushbu urushdan jabr ko‘rgan.

Afg‘oniston hududida ro‘y berayotgan urush qurbonlari statistikasi yanada achinarli. Ma’lumotlarga ko‘ra, faqatgina 2015 yilning o‘zida 3,5 mingdan oshiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, 7,5 mingdan oshig‘i turli darajada jabr ko‘rishgan. Qurbon bo‘lgan va jabrlanganlar orasida ayollar va bolalarning borligi urushning naqadar jirkanchligini aks ettiradi va kishini yanada hushyor torttiradi.

YuNISYeF ma’lumotlariga ko‘ra, “qaynoq nuqtalar”da yashovchi maktab yoshidagi bolalarning har 4 nafaridan biri maktabga bormaydi.

Xullas, hozirda dunyoda yuz berayotgan jarayonlar tahlili amalda dunyo ma’naviy qiyofasining yakdil emasligini, zimdan bo‘linib ketganligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Hattoki umumplanetar hisoblangan ekologik muammolar ham dunyo davlatlarini amalda birlashtira olmayotganligi achinarli hol, albatta.

Kishilik jamiyati murakkab siyosiy, iqtisodiy o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Bunday o‘zgarishlar ortida taassufki, “dunyoni bo‘lib olish” istagi hukmronlik qilmoqda.

Bugunga kelib, Yaqin Sharq mintaqasida “urush o‘chog‘i” yaqin vaqt ichida so‘nishiga ishonuvchilar kam va aynan shu ishonchning kamligi ham ko‘p hollarda turli nizo va kelishmovchiliklarga olib kelmoqda. Ayni paytda, ta’kidlash lozimki, nihoyat qandaydir murosaga kelindi. Shoir aytganidek, nihoyat burqsib ketgan dunyoning oynalarini ochib, biroz shamollatish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.

Go‘yoki yer yuzida qandaydir yovuz ruh kezib yurgandek, ig‘vo, tarafkashlik, irq, din, iymon talashishlaru barcha-barcha yomonliklarni faqat u keltirib chiqarayotgandek. Albatta, bu o‘ziga xos tashbehda qandaydir haqiqat bordek, zero, o‘zaro urushayotgan tomonlarning barchasi o‘zicha haq.

O‘zbekiston xalqi azaldan tinchlik, ezgulik, bunyodkorlik tarafdori bo‘lgan. Bu tushunchalar aytish mumkinki, xalqimiz ongiga singib ketgan va kundalik turmush tarziga aylangan. O‘zbekiston xalqining yagona manfaati bu — TINChLIK va bu mamlakatimiz Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan.

Ayni paytda, dunyoda yuz berayotgan tahlikali vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston o‘zi belgilab olgan yo‘ldan og‘ishmay borayotganligi alohida e’tirofga loyiq. Xususan, yuqorida ta’kidlanganidek, dunyoning ayrim davlatlarida maktab yoshidagi bolalar ta’lim olish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘layotgan bir paytda so‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy sohaga davlat byudjetining qariyb 60 foizga yaqin mablag‘i ajratilayotganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimizning “farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli elning farzandlari sog‘lom bo‘lur” degan tamoyili va uning asosida mamlakatimizda izchil tarzda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami shubhasiz, muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunday ishlar zamirida, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligi, eng asosiysi, odamlarimizning hayotdan roziligini, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlash omili yotganligini ham alohida ta’kidlash lozim.

 Sanjar MAQSUDOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 1 =