ELEKTR TA’MINOTI: EHTIYOJ VA IMKONIYATLAR

Bugungi zamon kishisi hech bir ehtiyojidan cheklanishni istamaydi. Hozirgidek texnika taraqqiyotiga erishilgan, globallashgan davr esa ehtiyoj va talabni oshirgani-oshirgan. Mana, masalan, turmushimizning biror daqiqasini elektr energiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Har qancha rivojlangan bo‘lmasin, texnologiyalar busiz deyarli keraksiz matohga aylanib qoladi. Lekin shahar sharoitida ayrim hollarda, qishloqlarda esa tez-tez elektr tarmog‘idan uzilishlar bo‘lib turishi yaxshi ma’lum. Xo‘sh, bunga sabab nima? Elektr ta’minotidagi bunday uzilishlarni bartaraf etish uchun soha mutasaddilari tomonidan qanday tadbirlar belgilangan? Bu savollar ayni paytda hammani qiziqtiradi. Ularga javob olish maqsadida “O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati axborot xizmatiga quyidagi savollar bilan murojaat qildik.

 Soha mutasaddilari tomonidan berilgan javoblar asosida tayyorlangan quyidagi muloqotni e’tiboringizga havola etamiz.

– Endilikda mamlakatimiz ham jahon andozalariga mos ravishda taraqqiy topmoqda. Zamonaviy texnologiyalar hayotimizga borgan sari chuqurroq kirib kelayotir. Elektr quvvatiga tobora ortayotgan bunday talabni qondirish uchun qanday choralar ko‘rilyapti?

– Mamlakat energetik xavfsizligi, eksport majburiyatlar va elektr energiyaga tobora ortayotgan ehtiyojni qondirish uchun “O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati tizimidagi elektr stantsiyalarining quvvati yetarli. Jamiyat elektr tarmoqlarining uzunligi 250 ming kilometrdan ziyod bo‘lib, bu barcha iste’molchilarni markazlashtirilgan elektr ta’minot hududini qamrab olish imkoniyatini yaratadi.

O‘tgan yili stantsiyalarimiz 55,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqardi va 8,2 million Gkal issiqlik energiyasini yetkazib berdi.

Respublikamizda kafolatli elektr energiyaning 90 foizgacha bo‘lgan hajmini umumiy quvvati 11,0 million kilovatt soat bo‘lgan issiqlik elektr stantsiyalari ishlab chiqaradi. Mazkur stantsiyalar O‘zbekiston energetikasi tizimining asosi hisoblanadi.

Sohaning 2020 yilgacha bo‘lgan davrdagi rivojlanish bosqichlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 martdagi “2015—2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq belgilangan. Ushbu farmonga ko‘ra, 2015—2020 yillarda investitsiyaviy dasturga kiritilgan issiqlik energetikasiga doir oltita ustuvor loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Keling, ularni sanab o‘tamiz: Toshkent IESda 370 MVt quvvatga ega bo‘lgan bug‘-gaz uskunasini qurish, Tollimarjon IESda ikkita 450 MVt quvvatga ega bo‘lgan bug‘-gaz uskunasini qurish orqali kengaytirish, Navoiy IESda 450 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz uskunasini qurish, Angren IESda kullik darajasi yuqori bo‘lgan ko‘mir yoqish uchun mo‘ljallangan 130-150 MVt quvvatli energoblokni qurish, Taxiatosh IESda ikkita 250-280 MVt quvvatga ega bo‘lgan bug‘-gaz uskunasini o‘rnatish bilan modernizatsiyalash, har biri 450 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz uskunali yangi To‘raqo‘rg‘on IESni qurib bitkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida 450 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz uskunalarini o‘rnatish bilan yangi IES qurish, Farg‘ona IEM 57,7 MVt quvvatli bug‘-gaz uskunalarini qurish, shuningdek, 4-issiqlik markazida umumiy quvvati 108 MVt ega bo‘lgan gaz-turbinali uskunalarini hamda Toshkent IEMda umumiy quvvati 54 MVt ega bo‘lgan ikkita gaz-turbinali uskunalarini qurish belgilangan.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish energobloklarning foydali ish koeffitsienti 55-60 foizdan kam bo‘lmagan yuqori samarali bug‘-gazli va gaz-turbinali uskunalar asosida energiya ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalarini tatbiq etish imkonini beradi.

 

– Ma’lumki, dunyoda muqobil energiyaga talablar muttasil ortib borayotir. O‘zimizda ham shunday. Shamol, quyosh energiyasidan foydalanish borasida izlanishlar davom etmoqda. Mamlakatimizda muqobil energiyani hayotga tatbiq etish qay darajada amalga oshirilmoqda?

– Muqobil energiya manbalaridan keng ko‘lamda foydalanish har qanday mamlakatning ustuvor vazifalaridan biridir. Bu soha jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan yo‘nalishlardan.

Energiyaning muqobil manbalaridan keng foydalanish har qanday davlatning oliy ustuvorligi va energetik xavfsizligi vazifalariga muvofiqdir. Respublikamizda tabiiy tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda, gidroenergetika imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha ko‘pgina ishlar olib borilmoqda.

Masalan, jamiyat tizimidagi ishlab turgan gidroelektrstantsiyalarni modernizatsiyalash va qayta qurish bo‘yicha investitsion loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. 2015—2021 yillarda Farhod GES, Quyi-Bo‘zsuv, Shahrixon, Chirchiq, Samarqand kaskadlarining elektrostantsiyalarini modernizatsiyalash va qayta qurish, shuningdek, quvvati 8 MVtni tashkil etadigan “Kamolot” GESni qurish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 1 martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xalqaro quyosh energiyasi institutini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarorini  amalga oshirish  doirasida “Quyosh-Fizikasi” IIB asosida va “O‘zbekenergo” AJ ta’sischiligida “Quyosh Energiyasi Instituti” tashkil etildi.

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchan energiya manbalarini issiqlik energiyasi balansiga jalb etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Sanoat ko‘lami ahamiyatida qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish respublikada elektr va issiqlik quvvatini ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz iste’molini sezilarli darajada iqtisod qilish, shu bilan birga, atrof-muhitga yetkaziladigan zararni kamaytirish imkonini yaratadi. Namangan viloyati Pop tumanida 130 MVt quvvatga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr stantsiyasi qurilishi amalga oshirildi. Yaqin muddatlarda Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida ham 100 MVt quvvatga ega bo‘lgan fotoelektr stantsiyalari qurilishi rejalashtirilgan.

Asoslangan texnik-iqtisodiy me’yorlarda markazlashtirilmagan energiya ta’minotiga o‘tish yo‘li bilan qayta tiklanadigan energiya manbalarining har xil turlaridan keng ko‘lamda foydalanish, qishloq joylarida, ayniqsa, yetib borish qiyin bo‘lgan uzoq hududlardagi ob’ektlarning elektr energiya bilan ta’minlanishini oshirish bilan bir qancha muammolarning yechimini topishga erishiladi.

– Sir emaski, ayni paytda aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashda muammolar va shunga yarasha sabablar ham qo‘p. Shu bois tarmoqlarda, ayniqsa, hududlarda uzilish holatlari tez-tez takrorlanadi. Buning kelib chiqish sabablarini qanday izohlash mumkin?

– Avvalo aytish kerakki, barcha viloyatlarning iste’molchilariga Respublika Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan balans asosida elektr energiyasi yetkazib beriladi.

Iste’molchilarning elektr energiyadan samarasiz foydalanishlari oqibatida ushbu ne’mat iste’moli keskin ortib ketayotir. Natijada elektr uskunalarining shikastlanish hollari kuzatilyapti. Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida hududiy elektr tarmoqlari korxonalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 22 avgustdagi 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablariga muvofiq hamda mahalliy hokimiyat bilan kelishilgan cheklash jadvaliga asosan iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib berishda me’yorlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 0,4-6-10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida ekspluatatsiya ishlari va qarzdor iste’molchilarni tarmoqdan uzib qo‘yish singari ishlar amalga oshirilayotgan vaqtlarda siz aytgan yuqorida ta’kidlangan holatlar yuzaga keladi.

– Respublika Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 22 avgustdagi 245-sonli qarori asosida tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga ko‘ra, ikki o‘rtada tuzilgan shartnomaga muvofiq, “iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishning to‘xtatib turilishi va buning sabablari to‘g‘risida ma’lum qilish; joriy etiladigan cheklashlar haqida, cheklashning hajmi va vaqtini ko‘rsatgan holda, o‘z vaqtida xabar qilish; elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlarining rejali ta’mirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi mumkin bo‘lgan uzilishlar to‘g‘risida kamida 3 sutka oldin ogohlantirish” haqida so‘z boradi. Ammo energiya ta’minoti korxonalari har doim ham ushbu qoidalarga amal qilyapti, deb bo‘lmaydi. Yuqori texnologiyalar asosida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ayrim tadbirkorlar tarmoqdan ogohlantirishsiz uzib qo‘yilishi oqibatida texnik jihatdan katta zarar ko‘rayotgani to‘g‘risida shikoyat qilishadi. Holbuki, yuqorida qayd etilgan qoidalarga ko‘ra, “uzluksiz ishlab chiqarish jarayoniga ega bo‘lgan iste’molchilarga belgilangan tartibda elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlash” zarurligi ko‘rsatilgan. Bilishimizcha, “elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha cheklash va uzib qo‘yish jadvallari iste’molchilar tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan birgalikda tuziladi hamda «O‘zbekenergo» davlat aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan tasdiqlanadi va elektr quvvati tanqisligi paydo bo‘lganda joriy etiladi”…

– Elektr tarmoqlarining zo‘riqish bilan ishlab, avariya holatlari yuzaga kelishining oldini olish maqsadida elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish hamda Respublika Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 2 iyuldagi “Energiyani tejaydigan lampalar ishlab chiqarishni tashkil etish va ulardan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan xonadonlardagi cho‘g‘lanma lampalarni zamonaviy tejamkor lampalarga almashtirish, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib borilishini tavsiya etamiz. Bu esa energiya ta’minoti korxonasi tomonidan mahallalardagi elektr qurilmalar va tarmoqlarining o‘z vaqtida joriy, mukammal ta’mirlanishiga, rekonstruktsiya va modernizatsiya ishlari amalga oshirilishiga, umuman, elektr ta’minoti muntazamligining ta’minlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Uzluksiz ishlab chiqarish jarayoniga ega bo‘lgan korxonalar “Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari” (PUE) talablariga muvofiq hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan elektr energiyasi ta’minoti ishonchliligi bo‘yicha 2-toifali iste’molchi sifatida texnik shartlar talablarini bajarishi lozim.

— Ma’lumki, davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 4 martdagi “2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 30 dan ortiq investitsion loyiha ishlab chiqilib, uni 2020 yilga qadar amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu vazifalarni amalga oshirishda, shubhasiz, “O‘zbekenergo” AJning ishtiroki asosiy o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqsak, tizimda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? Ko‘riladigan chora-tadbirlarni misollar bilan ifodalasangiz…

– Darhaqiqat, keyingi yillarda hukumatimiz elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi stantsiyalarni modernizatsiyalash, zamonaviy energiya manbalarini tatbiq etish, elektr energiyasini uzatishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, elektr energiyasini hisobga olish tizimini takomillashtirish va qayta tiklanuvchan energiya manbalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 martdagi mazkur farmoniga asosan 33 ta investitsion loyihani 2020 yilga qadar amalga oshirish mo‘ljallangan. Ushbu loyihalar quyidagilarni ko‘zda tutadi: ishlab chiqarishda zamonaviy energiya samaradorligi yuqori  bug‘-gaz uskunalarini joriy etish; yoqilg‘i-energetik balansini diversifikatsiyalash bilan, tabiiy gaz ulushini kamaytirish; yoqilg‘i-energetik resurslaridan oqilona foydalanish, uni iqtisod qilish hamda energiya sig‘imini kamaytirish borasida tejamkor uskunalarni ishlab chiqarish; magistral va tarqatish elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash va yangilarini barpo etish; muqobil energiya manbalarini tatbiq etishni yanada kengaytirish va boshqalar.

Loyihalarni moliyalashtirish asosan sohaning o‘z mablag‘lari, respublika rivojlantirish jamg‘armasi kreditlari hamda xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobiga amalga oshirish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda Navoiy, Sirdaryo issiqlik elektr stantsiyalarida hamda Toshkent issiqlik elektr markazida zamonaviy texnologiya uskunalari tatbiq etilgan. Natijada ishlab chiqarish quvvati 555 MVtga oshirilib, 455 million metr kubdan ortiq tabiiy gaz yoqilg‘isini tejash imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda xuddi shunday ishlar ko‘lami Toshkent, Tollimarjon, Navoiy, Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyalarida hamda To‘raqo‘rg‘on IESda olib borilmoqda.

2017—2021 yillarda  ushbu farmonga muvofiq “Namangan viloyatida quvvati 130 MVt bo‘lgan fotoelektr stantsiya qurilishi” (2017—2019 yil) va “Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stantsiya qurilishi” (2019—2021 yil) loyihalari amalga oshiriladi.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt ega bo‘lgan quyosh fotoelektr stantsiyasi qurilishi boshlandi. Hozirgi kunda qurilish maydonchasida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda va xalqaro tender savdolari o‘tkazilmoqda. Ushbu stantsiyani foydalanishga topshirish 2017 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga 158,3 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Yuqoridagi ishlarni amalga oshirish natijasida nafaqat bir necha millionlab metr kub tabiiy gaz iqtisod qilishga, balki, iste’molchilarni energiya bilan ta’minlash yanada mustahkamlanib, ularning o‘sib borayotgan talablarini qondirish, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada oshirish imkoniyatiga erishiladi.

Ushbu tadbirlar iste’molchilarning elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanishiga, energetika tizimi faoliyatining yanada mustahkamlanishiga, shu bilan birga, respublikamiz elektr energiyasining eksport salohiyatini oshirishga zamin yaratadi.

 Xolida FAYZIYEVA tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − fourteen =